Nega sen qo‘zg‘olmaysan, Millatim?! – Sho‘rolar mamlakatini larzaga solgan opa-singil Muhammedovalar


Saqlash
14:05 / 18.05.2022 1371 0

Azizlar, bu gal Moskvada o‘qib, Sho‘rolar mamlakatini larzaga solgan opa-singil Mahbuba va Matluba Muhammedovalarning Vatan va millat ishqida kechgan yorqin hayoti, ayni paytda ayanchli qismatlari haqida hikoya qilaman.

 

Asli toshkentlik muallim Nurmuhammad Dadamuhammedov taqdir taqozosi bilan Marg‘ilonga borib jadid maktabi ochadi va bolalarga xat-savod, ilm-fan sirlarini o‘rgata boshlaydi. Uning turmush o‘rtog‘i Marhamatxonim ham savodxon, oqila ayollardan edi. Nurmuhammad Dadamuhammedov xonadonida birin-ketin Mahbubaxon (1908), Matlubaxon (1911), Fatxulla (1914) va Maqsudaxon (1918)lar dunyoga keldi. Marg‘ilonning mashhur jadid muallimi bo‘lgan Nurmuhammad Dadamuhammedov farzandlarining tarbiyasiga alohida e’tibor bilan qaradi. Ilk savodni uyida o‘zlashtirgan qizlar jadid maktabining eng oldi o‘quvchilari bo‘lib ta’lim oldilar.

 

Mahbuba Muhammedova avval Toshkentdagi xotin-qizlar bilim yurtida tahsil oldi. 1925-yil Moskva shahriga borib o‘zbek maorif institutiga o‘qishga kiradi. 1930-yil Toshkentga qaytgan Mahbuba Muhammedova 1931-yil Germaniyada tahsil olib qaytgan taniqli kimyogar olim Sattor Jabbor bilan oila quradi. Bu xonadonda ham birin-ketin farzandlar O‘rxon, O‘zxon va Dilbarxonlar dunyoga keladi. Mahbubaxon Sattor Jabborning taklifi bilan Texnika institutiga o‘qishga kirib, ilmiy izlanishlarni ham boshlab yuboradi. Oila mehnatidan xushvaqt, baxtidan sarmast yashayotgan bir vaqtda sho‘ro tuzumining mash’um “Katta qirg‘in” kampaniyasi eshik qoqadi. 1937-yil 8-yanvar kuni ToshMI dotsenti Sattor Jabbor qamoqqa olinib, uzoq davom etgan qiynoq va tahqirlardan so‘ng 1938-yil 9-oktabr kuni otib tashlanadi. Turmush o‘rtog‘i Mahbuba Muhammedova ham 1938-1939-yillarni biror aybini anglamagan holda qamoqda o‘tkazdi. Mahbuba Muhammedova turmadan chiqishi bilan farzandlarini topib, tarbiyasiga kirishdi. Hatto, urush yillarida Toshkent tekstil kombinatida direktor o‘rinbosari darajasiga qadar ko‘tarildi. Tunni tun, kunni kun demay mehnat qildi. Ammo insoniy qiyofasini yo‘qotgan mundirli mal’unlar tez-tez mushtipar onani bezovta qilib turishar edi. Hatto, 1959-yil, Sattor Jabbor oqlanganidan keyin ham Mahbuba Muhammedova sho‘ro tuzumining ishonchini qozona olmadi. U turmush qiyinchiliklari tufayli kasallikka chalinib, 1978-yil 28-sentabrda vafot etdi. Shunga qaramay u o‘zbek millatiga professor O‘zxon Jabbordek, texnika fanlari nomzodi O‘rxon Jabbordek zabardast olimlarni tarbiyalab, kamolga yetkazib berdi. Ularning xizmatlari, ixtirolari esa keyingi maqolalarimizga mavzu bo‘larlik...

 

Mahbuba Muhammedovaning singlisi Matluba ham o‘z zamonasining iqtidorli yoshlaridan edi. Matluba 1926-yilgacha Qo‘qon bilim yurtida tahsil oldi. 1927-yil o‘qishini Toshkentdagi ayollar bilim yurtiga ko‘chirib, so‘ng opasining izidan Moskva shahriga o‘qishga yo‘l oldi. Matluba Moskvadagi o‘zbek maorif institutiga o‘qishga kirdi. U yerda mashhur shoir Cho‘lpon, Botu, Shokir Sulaymonlardan she’riyat sirlarini o‘rgandi. Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon, Abdulhay Tojiyevlar muloqotidan bahramand bo‘ldi. Matluba, ayniqsa, o‘zbek talabalarning ma’rifiy kechalarida Cho‘lponning vatanparvarlik mavzusidagi otashin she’rlarini o‘qib, o‘zi ham shu mavzuda she’rlar yozib juda mashhur bo‘lib ketadi. Uning bu shuhrati SSSR chegaralaridan chiqib Yevropa matbuotigacha borib yetadi. Berlinda tahsil olgan o‘zbek talabasi Sattor Jabbor 1929-yil yozgan “Kurtulish yo‘lunda” asarida “... yoshlarning Cho‘lpon ta’siridi ekanligini va Moskva tarbiyasining muvaffaqiyatsizligini 17 yoshli yosh kommunist Matluba Muhammad xonimning shu she’rindan o‘qib bilamiz:

 

Xalqimga!

Mudom Chorning qo‘l ostida ko‘p ezilgan, Millatim!

Ozodlik yo‘linda vayron bo‘lgan, Millatim!

Chor bilan qonli urushda yiqqan, Millatim!

Chor o‘rniga boshqa zulmlar kelgani chog‘da,

Nega sen qo‘zg‘olmaysan, Millatim?!...

Qo‘zg‘ol, hozir, marhamatsiz qo‘l ostida ezilma!

Qoningni zahar qilib soch! Bosh ko‘tar, Millatim!

Rusiyadan surulib kelgan chet ruslar

Qachongacha bizni ezar, MILLATIM!....

 

Matluba Muhammad Xonimning, bu qahramon turk qizining bu go‘zal she’ri Ovro‘poda bir necha karra qayta-qayta bosildi… Bu voqea sovet davlatini shu qadar qizdirdi-ki, bir necha hafta o‘tib Moskvadagi O‘zbek o‘rta maktabini yopdilar!

 

Ko‘rilmoqdaki, bu kun Turk adabiyoti Cho‘lponlar yetishtirmoqtadir...” deb iftixorlanadi. Darhaqiqat, uning bu ishi komsomol tomonidan ko‘rilib, millatchilik deb baholanadi va uni o‘qishdan haydashadilar. Hatto, Moskvada “Комсомолская правда” gazetasida unga qarshi maxsus maqola chop etildi. Ko‘p o‘tmay Matluba ariza yozib, o‘ziga qo‘yilgan ayblarning tuhmat ekanligini isbotlab, o‘qishiga tiklanadi. Bunga bir tomondan O‘zbekiston hukumatining aralashuvi, ikkinchi tomondan Matlubaning Italiya elchixonasiga fuqarolik so‘rab murojaat etishi ham sabab bo‘lgan edi.

 

Sovet hukumati o‘zbek maorif institutini yopib muammoga yechim topgan bo‘ladi. Matlubaxon esa Toshkentga qaytmasdan Moskvadagi musiqa texnikumiga kirib o‘qishini davom ettiradi. 1929-yil o‘zbek talabalarining yetakchisi Said Ahmad Nazirov Matlubaxonni Leningrad arxitektura instituti talabasi bo‘lgan do‘sti Vosiq Muhammedov bilan tanishtiradi.

 

1933-yil Toshkentga kelgan Vosiq Muhammedov Matlubaga uylanadi. Vosiq Muhammedov (19051938) o‘z vaqtida Munavvar qorining “Namuna” maktabi iftixori, Fitratning “Chig‘atoy gurungi” ishtirokchisi, “Ko‘mak” uyushmasining faollaridan bo‘lgan. U 1922–1924-yillar Moskvadagi Sharq mehnatkashlari kommunistik universitetini bitirib kelib, 1924–1928-yillarda O‘zbekiston hukumatida mas’ul lavozimlarda ishlagan. 1928–1932-yillarda Leningrad Arxitektura institutining arxitektor-injener yo‘nalishida o‘qib qaygach, 1933-1934-yillarda Xalq komissarlar soveti qurilish komissiyasiga rais bo‘lgan bo‘lsa, 1934–1937-yillar davomida Toshkent akademik teatri qurilishiga boshchilik qilgan. Darhaqiqat, Vosiq Muhammedov ham o‘z zamonasining tengsiz yigitlaridan edi. Vosiq Muhammedov va go‘zal Matlubaxon hayotlarining eng shirin damlariga ham Stalin boshliq totalitar tuzum o‘zining jirkanch panjasini soldi. 1937-yil 17-dekabr kuni qamoqqa olingan Vosiq Muhammedov 1938-yil 5-oktabr kuni otib tashlandi.

 

1938-yil 17-yanvar kuni Toshkent tibbiyot institutining 3-bosqich talabasi Matluba Muhammedova ham qamoqqa olinadi. 19-yanvar kuni ilk so‘roqda u turmush o‘rtog‘ining davlat va xalqning oldida hech qanday aybi yo‘qligini bayon qiladi. 1938-yil 21-fevralda, ikkinchi so‘roqda opasi Mahbuba va uning turmush o‘rtog‘i, Germaniyada tahsil olib qaytgan kimyogar olim Sattor Jabborlarning ham aybsiz ekanligini ta’kidlaydi. Biroq, qo‘yilgan birorta ayblovning isbotlanmaganiga qaramay 1938-yil 17-may kuni Toshkent viloyat sudi tomonidan Matluba Muhammedova 10 yilga qamoqqa hukm etiladi. U nohaq jazoni sovuq Sibirning Usolskiy lagerida ijro etdi. Chidab bo‘lmas darajadagi og‘ir mehnat sharoitida tahqir va azoblar ostida daraxt kesdi, qora ish qildi. 1940-yil 26-fevralda Matluba Muhammedovaning arizasi qayta ko‘rilib, u oqlanishga erishadi. Vatanga qaytgach, urush yillarida Tibbiyot institutini tugatdi. Urushdan so‘ng 1937-yil arxitektura institutida talabalik yillarida qamalib ketgan ukasi Fatxulla Vorkutadagi qamoqxonadan og‘ir ahvolda qaytadi. Matluba ukasini o‘zi parvarish qilish, davolash uchun Namanganga boradi. Faqat Stalin vafotidan so‘nggina ular Toshkentga qaytib keladilar. Matluba Muhammedova ko‘p yillar xalqning sihat-salomatligi yo‘lida halol mehnat qilib, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘ldi. Bir paytlar Vatan ishqida, istiqlol orzusida otashin she’rlar bitgan Matluba Muhammedova O‘zbekistonning mustaqillikka erishganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi. Jiyanlarining xotirasiga ko‘ra, millat hurligi, mamlakat mustaqilligi e’lon qilingan kunlarda u cheksiz quvonch yoshlarini to‘kkan ekan. Matluba Muhammedova 1998-yili Toshkent shahrida vafot etadi...

 

Bahrom IRZAYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19247
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16107
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi