Vatanni tinch qo‘ying, undan siz tama qilmagan nima qoldi, o‘zi? – shoir Nasrullo Ergash iste’dod va e’tiqod haqida


Saqlash
11:55 / 16.05.2022 1669 1

1

Odam bu yorug‘ dunyoda albatta nimagadir ishonib yashaydi. Ana shu ishonch uning hayotiga ma’no-mazmun bag‘ishlaydi. Agar inonch-e’timod bo‘lmasa, inson umri bema’nilikka yuz tutadi.

 

Texnologik taraqqiyot insonga aksar ehtiyojlarni tez va soz qondirish imkonini berdi. Ne tongki, bizning asrda odam bolasi nafsini cheklashdan emas, uni qondirishdan ko‘proq lazzat olayotir. Bu esa uni Yaratuvchidan mislsiz darajada uzoqlashtirib yubormoqda. Ammo hayot davom etaveradi. Xo‘sh, kim yo nima tufayli? Yodingizda bo‘lsa, fransuz adibi Aleksandr Dyuma abbat Faria tilidan “Bu dunyoda yovuzlik ustidan g‘alaba qozonib bo‘lmaydi, ammo u bilan kurashmoqning o‘zi – hayotdir”, deydi. Ana shu ezgulik kurashchilari, yiqilsa ham kurashga to‘ymaydigan, e’tiqodiga sodiq, tolmas qahramonlar tufayli ona zaminimiz o‘z o‘qi atrofida barqaror aylanib turibdi.

 

2

Sobiq Ittifoq dahriylar davlati o‘laroq chorak kam bir asr hukmronlik qilgach, tanazzulga yuz tutadi. Qizil imperiyaning qulashiga faqat xudosizlik mafkurasigina sabab bo‘lmagan. Zero, sho‘ro davlati samoviy dinlardan tashqari, insonning erki, muqaddas deb bilgan tutumlari, shaxsiy e’tiqodiga ham qarshi boradi. Birgina san’atni olaylik: siyosiy hokimiyat tomonidan ijodning bosh tamoyili bo‘lmish erkinlik surbetlarcha tortib olinib, “San’at – omma uchun” qabilidagi soxta shior sayozlik va jo‘nlikka dast bergan. “Oltin qafas”ga kirishni istamagan ahli ijod esa birin-ketin mahv etiladi. Jorj Oruell, Aleksandr Soljinitsin kabi adiblar shafqatsiz fosh etgan sho‘rocha mislsiz qabohat-u razolat dunyo afkor ommasini hali-hanuz larzaga solmoqda...

 

San’atkor ahliga, jaholat uning vatanida sodir bo‘ladimi, xorijdami – ahamiyati yo‘q; u hech qachon yovuzlikka befarq bo‘lolmaydi. Kundaligida “Men, albatta, Lenin portretini yarataman. U qo‘lidagi chaqaloqqa dahshat ila boqib turgan bo‘ladi. Chaqaloq esa – men bo‘laman”, deb yozgan Salvador Dali go‘dak deya o‘zini, ya’ni san’atni ramzlantiradi. Chaqaloq asli kelajak timsoli, biroq Lenin qo‘lidagi chaqaloq istiqboli – Moris Meterlink “So‘qirlar”i qo‘lidagi go‘dakniki singari – noma’lum. Musavvirning shu ruhdagi yana bir kartinasi bor: unda royalga yaqinlasholmay turgan pianinochi tasvirlangan; klavishlar ortidan Lenin dahshatli nigoh ila san’atkorni ta’qib etayotir...

 

Har qanday davrda ham e’tiqodida sobit tura bilgan shaxs o‘z nomini abadiyatga muhrlaydi. Masalan, Tolstoy hamda Dostoyevskiy umrining so‘ngiga qadar tinmay yozgan. Mutaxassislar “kumush asr” atagan davrni, menga qolsa, “rus she’riyatining oltin asri” degan bo‘lur edim. Chunki Vladimir Mayakovskiy, Sergey Yesenin, Marina Svetayevalar nafaqat jahonda urush va yovuzlikka qarshi kurashadi, ayni choqda, e’tiqod yo‘lida o‘zini qurbon qiladi. Ular o‘t oldirgan she’riyat mayog‘ini esa maslakdoshlari Iosif Brodskiy, Boris Pasternak, Nikolay Zaboloskiy, Robert Rojdestvenskiy, Bella Axmadulina, Andrey Voznesenskiy hamda Yevgeniy Yevtushenko mangu yoqib ketdilar.

 

3

“San’atkor hayoti shunisi bilan fojialiki, u sizdan butun borlig‘ingizni tortib oladi”, deganda Frans Kafka e’tiqodni nazarda tutgan. Vinsent van Gogning “Men Parvardigorsiz yashamog‘im mumkin, ammo rangtasvirsiz yashayolmayman” degan gapi bor. Musavvir so‘zlarini zohiran tushunib, uni dahriylikda ayblashga shoshilmaylik. Rassom iste’dod unga Parvardigor tomonidan in’om etilganini hech qachon inkor qilmagan.“Bunorasodunyogaboqib, Yaratgangabaho beribbo‘lmaydi”deganso‘zlari esauningimoniga shahodatberadi.

 

Van Gog hayot degandaaynansan’atnianglagan. Uumriningso‘nggisakson kunidasaksontakartina yaratadi. Rassomdan ukasi Teodorga sakkiz yuzta kartina meros qolgan. Teo keyinchalik ularni sotib, o‘z davrining badavlat odamiga aylanadi. Musavvirning o‘zi esa butun umri mobaynida bor-yo‘g‘i bitta kartinasini sotishga erishgan, xolos. U nihoyatda qashshoq yashar, hatto uylanishga ham qurbi yetmagan ekan. “Suyug‘oyoq” sevgilisining tug‘ilgan kunida unga sovg‘a qilmoqqa hech vaqosi bo‘lmagan telba rassom quloqlaridan birini shartta kesib, qizga yuboradi. Xo‘sh, uni bunday yashamoqqa nima majbur etgan? Nega chizgan rasmlari chang bosib yotsa-da, ijoddan ko‘ngli sovib ketmagan?..

 

Yoki yana bir buyuk musavvir Pol Gogenni olaylik. O‘ttiz yetti yoshda qo‘liga ilk bor mo‘yqalam olishga, hali taraqqiyot qadami yetmagan Taiti oroliga borib, rangtasvir bilan shug‘ullanish uchun maishiy turmush botqog‘iga botgan oilasini tashlab ketishga uni nima majbur qiladi? San’atga e’tiqod emasmi? Qay bir ijodkor insoniyat nigohidan nihon mo‘jizaviy diyor tabiati va odamlarini chorcho‘pga tortilgan mato orqali abadiyatga muhrlamog‘i kerak edi – shu vazifa Gogenning chekiga tushgan va u buni savqi tabiiy ila anglagan. U hatto o‘sha orollarda o‘lib ketishdan ham qo‘rqmaydi. Somerset Moyem “Oy va chaqa” romanida asar bosh qahramoni Charlz Striklend timsolida Gogen taqdiridan hikoya qilgan: shifokor Charlzni davosiz dardga chalinganidan ogohlantiradi. U esa doktordan qancha umri qolganini so‘raydi, xolos. Chunki buyuk musavvir o‘ziga yuklangan ilohiy vazifani oxirigacha halol bajarishni istaydi va o‘limni qo‘lida mo‘yqalam bilan mag‘rur qiyofada kutib oladi.

 

Tarixda bunday misollar bisyor. Alisher Navoiyning uylanmagani boisi ham e’tiqod tufayli deb bilaman. Bir yoqda saltanat va xalq dardi, ikkinchi yoqda ijod ohanrabosi! Mutafakkir shoir biri deya ikkinchisidan voz kechmagan.

 

4

E’tiqodning tub mohiyati insoniylikda aks etadi. O‘zligini izlagan har bir kishi – insoniyatga xizmat qilishni asosiy maslak deb bilmog‘i lozim. Shu ezgu niyat zuhur topmasa, e’tiqodni komil va shomil sanab bo‘lmaydi.

 

Farang adibi Alber Kamyu san’at va hayotni ikki bo‘lakdan iborat birbutun deb bilgan. U hayot deganda inson umrini, san’at deganda esa uni aks ettirmoqni tushungan. Adibning do‘sti va hammaslagi Jan-Pol Sartr esa inson hayoti mazmunini ko‘proq san’atdan izlagan. Ularning qarashlari aynan mana shu nuqtada farqlanadi.

 

Ba’zan Kamyu e’tiqodi savol ostiga olinadi, menga esa bu xil yondashuv – begunoh insonni Merso kabi otuvga hukm etmoq bilan barobar tuyuladi. Alber Kamyu, shubhasiz, ulkan e’tiqod egasi. Bunga uning qalamidan to‘kilgan adabiyotdan ortiq isbot topish amrimahol. Adib – aynan insonga bo‘lgan o‘lmas e’tiqodi tarannum etilgan ijodi uchun Nobel mukofotini halollab olgan kamsonli yozuvchilardan biri. U, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘z qahramonlari va g‘oyalariga “parchalanib” ketgan. Ularni birlashtirsak, ko‘z o‘ngimizda fidoyi va jasoratli mutafakkir ijodkor qiyofasi gavdalanadi.

 

E’tiqod vijdondan o‘sib chiqib, hayotiy maslakka aylansa-da, unga nisbatan faol. E’tiqodli inson noravo voqelik qarshisida shunchaki vijdoni o‘rtanib turmaydi, balki e’tiqodiga to‘g‘ri kelmagan neki bor   – tuzatishga kirishadi, unga qarshi isyon qiladi. Kamyu va uning qahramonlari – ana shunday odamlar. U bejiz “Yevropa vijdoni” deb atalmagan, axir.

 

“Vabo” romani asosiy g‘oyasi ham e’tiqodga daxldor. Asar bosh qahramoni doktor Riyening prototipi – yozuvchining o‘zi, vabo esa urush ramzidir. Adibning “Olmon do‘stimga maktublar” va so‘nggi essesi – “Birinchi odam” ham fashizm va fransuzlar Jazoirda yuritgan g‘ayriinsoniy siyosatga qarshi ruhda yozilgan. (Shu bois men Kamyuning avtomobil halokati tufayli tasodifan vafot etganiga ishonmayman.) Kamyu urushni bashariyatga nisbatan eng yovuz jinoyat deb hisoblaydi va “Ayni vaziyatda inson qanday yo‘l tutmog‘i kerak?” degan savolga javob izlaydi. Vabo, ya’ni urush boshlanishi bilan ko‘pchilik vatanini tark etadi. Faqat ba’zi insonlargina o‘z xohishi bilan vatanda qolib vaboga, ya’ni fashizmga qarshi kurashni davom ettiradi.

 

Romanda yozuvchilik “kasal”i bilan og‘rigan qahramon ham bor. U shifokor bo‘lmasa-da, xastalarni davolashda doktor Riyega yordam beradi. Oddiy bir tashkilotning kamsuqum xizmatchisi kunduzlari shaharda qarovsiz qolgan o‘liklarni tashib-ko‘mib, kechalari yozuvchilik bilan shug‘ullanadi. Mana, sizga haqiqiy e’tiqod namunasi!

 

5

Katta avlod tengdoshlarimga havas qiladi, men esa tanqidiy nazar bilan boqaman. Chunki ular orasida o‘zim ham borman. Biz aynan e’tiqod masalasida oqsayotgan, tobora maydalashib borayotgandekmiz. Nazarimda, salaflar e’tiqodda ancha sobit bo‘lgan, o‘z oldiga ulkan vazifa qo‘ya olgan va maqsad yo‘lida chekinmagan.

 

Yaqinda bir ustozim yoshligida ro‘y bergan voqeani so‘zlab berdi. U kishi uylanayotganda bo‘lajak kelinga jiddiy tarzda “sizga oldindan aytib qo‘yay, men birinchi o‘rinda Vatanimni yaxshi ko‘raman va hamisha shunday bo‘lib qolaman” degan ekan. Odamzod o‘zidan tobora uzoqlashib borayotgan bizning kunlarda bu so‘zlar juda balandparvoz, hatto kulgili tuyulishi mumkin, ammo ular o‘sha choqda astoydil aytilganiga shubham yo‘q. Mening avlodim ham, afsuski, ildizlaridan uzoqlashayotgan o‘sha odamzodning bir bo‘lagi.

 

Tengdoshlarimning internet tarmoqlariga qo‘ygan ijod namunalarini o‘qib, o‘ylab qolaman: biz olqishga har doimgidan ham ko‘proq o‘ch bo‘lib qolmadikmi? Albatta, internetning afzal tomonlari ko‘p: tezkor, fikr almashish oson... Bu – yaxshi. Lekin meni o‘ylantirayotgani – saviya. She’r, hikoya, surat bo‘ladimi va yoki bir og‘iz so‘zmi – hatto faqat o‘zi uchun yozganda ham – ijodkor barchasiga birdek jiddiy yondashmog‘i lozim.

 

Tasavvur qiling: hali maromiga yetmagan, shosha-pisha yozilib, tahrir etmay tarmoqqa joylangan qoralama yoki mashqqa omma tomonidan “Bunday asar dunyoda yo‘q, ofarin!” qabilida sanoxonlik boshlab yuboriladi. Hash-pash deguncha ancha-muncha “a’lo baho” yig‘ib olgan sodda qalamkash “men yaxshi yozyapman”, degan xato xulosaga kelib, endi faqat olqish hamda qarsak uchun qalam tebratadi. Oradan yillar o‘tadi. Bolafaqir eski “qo‘shiq”ni xirgoyi qilishdan charchamaydi. Kun kelib bu yakranglik didsiz ommaning ham joniga tegadi; asta-sekin qarsak va olqish tinadi. Bir paytlar puflab shishirilgan “daho” endi hech kimga kerak bo‘lmay qoladi...

 

Faqat iste’dod bilan uzoqqa borib bo‘lmasligi – kundek ravshan; ijodkor tinmay o‘qib-izlanish, muttasil mehnat bilan kamolga yetadi. Ammo bu ham hali hammasi emas. Uning yonida yana bir tayanch – e’tiqod turmog‘i kerak. Shu uch ustundan biri omonat bo‘lsa, iste’dod binosi qulaydi.

 

6

Bugun yana bir hol – butun bir avlodni nazar-pisand qilmaslik, uni e’tibordan atay chetda qoldirib, yolg‘izlatib qo‘yish kuzatilmoqda. Bu – yanada zararliroq. Oqibatda qishlog‘idan ne-ne orzular bilan kelgan iste’dod tosh shahardan o‘ziga tirgak topolmay, chor-nochor ortiga qaytib ketmoqda. Qishlog‘ida esa uni ketmoni va qo‘rasi yoki, nari borsa, o‘qituvchilik kasbi kutyapti. U shuning bilan adabiy orzularini tark etadi. Chunki muhit yo‘q joyda iste’dodning tiriklayin tuproqqa ko‘milishi – achchiq haqiqat.

 

Men ba’zan katta avlod vakillaridan “bizning davrimizda falonchi ijodkor bir yosh shoirga uy olib berishga ko‘maklashgan edi” qabilidagi gaplarni eshitib, quloqlarimga ishonmay qolaman. Nahotki, deyman o‘zimga-o‘zim. Axir, hozir vaziyat butunlay boshqacha-ku. Ayrim “ustoz”lar boshpanali bo‘lishga yordam berish u yoqda tursin, “bu bola amalkursimni tortib olmasin” degan xavotirda yoshlarning tezroq tagiga suv quyish payida bo‘lsa. Xo‘sh, buning e’tiqodga qanchalik aloqasi bor? Gap shundaki, e’tiqodli inson boshqalarga ham odil munosabat ko‘rsatadi. Kattami-kichikmi, qo‘lidan kelganicha yordam beradi. Hamqavmi ko‘makka muhtoj bo‘lib turganda bemalol davrini surib yuravermaydi.

 

Hozir yana bir illat – xushomad ayniqsa tomir otgan. Bu chin ijodkorga haqorat! Chunki u buning uchun tug‘ilmagan! Shu bois “Saroyning so‘nggi shoiri” novellasini yozgan Nikolay Gumilyov xato qilgan ko‘rinadi. Chunki ular hamon tirik...

 

Negadir, har ikki hodisa bizga azaliy “meros”dek tuyuladi. Chunki bir paytlar Usmon Nosirni ajal komidan qaytarib olish imkoni bo‘laturib, qalam ahli shoirga yordam qo‘lini cho‘zmagan ekan. Bu voqea ayol boshi bilan Iosif Brodskiyni qamoq va surgundan olib qolgan Anna Axmatova jasoratini yodga soladi...

 

7

Zamonaviy she’riyatimizning salmoqli qismini vatan mavzusidagi she’rlar tashkil etadi. Ularni o‘qirkanman, “Vatanni tinch qo‘ying, undan siz tama qilmagan nima qoldi, o‘zi?” degim keladi. “Yurtim, seni faqat boyliklaring-chun / Sevgan farzand bo‘lsa, kechirma, aslo!” deyman pichirlab. Sevgan odam tama qilishi mumkinmi, axir? Jaloliddin Manguberdi onasi, ayoli va o‘g‘illarini Amudaryoga cho‘ktirayotganda bu haqda o‘ylaganmikan? Navoiy yoki Boburning xayoliga kelganmikan bu? Madaminbek bo‘g‘ziga pichoq tiralganda, Cho‘lpon, Qodiriy va Fitrat otilayotganda, Usmon Nosir aqldan ozganda nimalarni o‘ylagan ekan? Rauf Parfi-chi?!.

 

8

Alqissa, men insonda Xudoga bo‘lgan ishonchdan boshqa yana bir e’tiqod bo‘lmog‘i zarur, deb hisoblayman. Uning negizida san’at yoki oddiy kasb-kor; Vatan, oila yo sevimli inson turishi mumkin. Ne bo‘lsa-da, o‘sha e’tiqod tiriklikka ma’no bag‘ishlaydi. “Men dunyoga nima uchun keldim?” degan savolning javobi ham o‘sha. Tamasiz fidoyilikka chorlab, Yer yuzidagi hayotni munavvar aylaguvchi jasorat...

 

Ilohim, e’tiqodimizga hamisha sodiq bo‘laylik!

 

Nasrullo ERGASH

 

“Tafakkur” jurnali, 2019-yil 3-son.

“Avlod va e’tiqod” maqolasi

1 Izoh

Elmira Alimova

06:01 / 01.01.1970

Juda chiroyli maqola boʻlibdi,ishlaringizga rivoj tilayman

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

09:10 / 01.10.2024 0 508
Olimlik va odamiylik uyg‘un ustozlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20435
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//