Muzeylarda yoki internetda mashhur san’at asarlarini soatlab kuzatayotganlarni ko‘rib qolamiz. Qanday qilib, deylik, “Yig‘layotgan ayol” yoki “Bir kosa sho‘rva”ni soatlab tomosha qilish mumkin va bu rasmlar yuz minglab odamlarni hayratga soladi? Ba’zilar soatlab surat qarshisida jim turadi, ko‘ziga yosh oladi; ba’zilar esa shunchaki “bu nimasi bilan buyuk?” degan savolni o‘ziga berib ko‘radi. San’at go‘yoki hammaga bir xil ko‘rinadi, lekin har kim unda o‘zini ko‘radi yoki yo‘qotadi.
Maqolada dunyo bo‘ylab eng mashhur deb topilgan 8 ta suratga kichik sayohat uyushtiramiz. Har birining ortida qanday voqea, ruhiy iztirob yoki davr hayqirig‘i yotganini ochishga harakat qilamiz. Bu rasmlar faqat chiroyli bo‘yoqlar va musavvirlik qobiliyati emas, balki zamonlarning ovozi, inson ruhining jim hayqirig‘idir. Ularni tushunish uchun rassom ko‘rgan, ammo biz ilg‘amaydigan detallarni ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi. Shunda biz ham surat qarshisida uzoq turib qolgan odamlarni tushuna boshlarmiz.
Bu ayolning tabassumi 500 yildan beri odamlarni rom etib keladi. Oddiy portretdek tuyuladi, lekin har qayerdan qarasangiz ham, u sizga qarab jilmayayotgandek ko‘rinadi. Bu ta’sir Leonardo da Vinchining maxsus texnikasi – sfumato, ya’ni ranglar orasidagi o‘tishlarni tutunday nozik qilish usuli bilan erishilgan. Natijada, ayol yuzi ham sokin, ham sirli ko‘rinadi. Uning yuzida yengil tabassum bordek, ko‘zlari esa butunlay boshqa tuyg‘ularni aytadi – bu tomoshabinni o‘z his-tuyg‘ulariga yuzlantiradi.
Lekin eng qiziq fakt shundaki, mazkur rasm ilk bor mashhurlikka erishishiga san’at ahli emas, jinoyatchi sababchi bo‘lgan. 1911-yilda Luvr muzeyining sobiq qorovuli rasmni o‘g‘irlab ketgan, natijada butun dunyo ommaviy axborot vositalari “sirli tabassum” haqida yozib chiqdi. Millionlab odamlar ilk bor Mona Lizani aynan yo‘qolgach tanidi. Shundan so‘ng portret shunchaki rasm emas, balki butun insoniyat ruhiyati va qadriyatlarining timsoliga aylandi. Mona Liza endi bir ayol surati ema, bir savol, bir sir va bizga o‘xshagan bir insonga aylandi.
Van Gog hayoti davomida bittagina rasmini sotgan bo‘lsa-da, hozir shu – “Yulduzli tun”ning o‘zi 100 million dollardan ortiqga baholanadi. Bu rasmni Van Gog ruhiy kasallar shifoxonasida yotganida chizgan. Ammo “Yulduzli tun” u derazadan ko‘rgan manzara emas, balki ijodkorning ichki dunyosi aks etuvchi asardir. Osmon g‘aroyib girdoblar ichida, yulduzlar haroratli, oy xayoliy, daraxtlar esa qorong‘i va chuqur. Har bir chizgida tuyg‘u bor, har bir rangda tebranish.
Menimcha, bu asar bizga shuni ko‘rsatadiki, qiyinchiliklar ichida ham go‘zallikni ko‘rish mumkin. Van Gog og‘riq ichida bo‘lsa ham, dunyoni ajoyib ko‘ra olgan va ranglar orqali o‘z his-tuyg‘ularini ifodalagan. Shu boisdan ham mazkur asar zamonaviy odamning ruhiy holatini aks ettiruvchi eng kuchli asarlardan biri hisoblansa kerak.