Eski turkiylarda “yomg‘irpush” madaniyati


Saqlash
12:03 / 08.07.2025 91 0

Oltoy, Kungay Sibir, O‘rxun (Mo‘g‘uliston) va Volgabo‘yi kabi seryog‘in o‘lkalarda yashagan turkiylar o‘ziga xos madaniyat yaratib, noqulay iqlim sharoitlariga moslashgan. O‘n kunlab yoqqan qor-yomg‘irda uy va qo‘ralarini saqlab qolish bilan birga yomg‘ir o‘tmas turli kiyim-kechaklar – “kepanak” (kigizdan qilingan cho‘ponlar to‘ni), “yog‘qu” (yomg‘irpush) va boshqa o‘nlab vositalar “ijod” qilishgan. Buni eski turklar bilan bog‘liq  turli tillardagi yozma manbalarda keltirilgan “yomg‘irpush” madaniyatiga tegishli bir necha o‘nlab so‘z va atamalar ko‘rsatib turibdi.

 

Bugungi turkiylarning ko‘pchiligi “yomg‘irpush”ning o‘rniga arab yoki forschadan o‘zlashgan so‘zlarni ishlatadi. Masalan, “zontik” rus tilidan, “shamsiya” arabcha, “soyabon” esa forschadan o‘zlashgan. Shu o‘rinda o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: Yuqorida eski turklarda “yomg‘irpush” bilan bog‘liq o‘nlab so‘zlar uchraydi deyildi, qani o‘sha so‘z va atamalar, nega o‘z so‘zlarimiz bo‘la turib, ular o‘rniga forscha, arabcha, ruscha so‘zlarni qo‘llaymiz?

 

Quyida Mahmud Koshg‘ariy so‘zligida o‘rin olgan “yomg‘irpush” bilan bog‘liq so‘zlarni keltirib o‘tsak:

 

1.                          yaptach – kichik kigiz. Yomg‘irdan, qordan saqlanish uchun cho‘ponlar yopinadigan yopinchiq” [Koshg‘ariy 1963: 45; DLT 2014: 365].

 

2.                          yaŋalduruq – yomg‘irdan, quyosh issig‘idan boshini saqlash uchun qo‘llaniladigan yopinchiq. U namat (kigiz)dan tikiladi” [Koshg‘ariy 1963: 398; DLT 2014: 508]. Mahmud Koshg‘ariy “yangalduruq” deb keltirgan kiyim “Devon”ning Onado‘li turkchasiga qilingan o‘girmasida “kepeneğin omuzlarına dikilen, tipi ve yağmurdan korunmak için başa örtülen keçe parçası”, ya’ni “kepanakning yelkalariga tikilgan, bo‘ron va yomg‘irdan saqlash uchun boshni yopib turadigan kigiz bo‘lagi” deb berilgan [DLT 2014: 508].

 

3.                          yaqu – yomg‘irlik kiyim. Bu so‘zning asli yag‘qu edi, yengillatilgandir” [Koshg‘ariy 1963: 31].  “Devon”ni ilk bor o‘zbek tiliga o‘girgan (1960) S.Mutallibov birmuncha anglashmovchilikka yo‘l qo‘ygani ko‘zga tashlanadi: “yaqu – yomg‘irli joy” [Koshg‘ariy 1963: 31]. Asarning 1967-yilgi indeks-so‘zligida esa “yaqu” so‘ziga quyidagicha ochiqlama berilgani ushbu anglashmovchilikning tuzatilganini ko‘rsatadi: “yomg‘irli to‘n” – дождевик (одежда)” [Koshg‘ariy 1963: 122]. Boshqa tomondan esa “Devon” o‘girmasining boshqa bir yerida “suqu” (hovoncha, suqqi) so‘ziga ochiqlama berilar ekan “suqu – hovoncha. Bu so‘z ikki q li edi, yengillatilgan, balandlik ma’nosidagi baqu so‘zi ham ikki q li edi, uni ham yengillatib olingan. Shuningdek, yomg‘ir yopinchig‘i ma’nosidagi yaqu so‘zining asli ham yag‘qu edi, qisqartirilgan” deb yozadiki [Koshg‘ariy 1963: 246], bu S.Mutallibov “yaqu” so‘zini ochiqlaganda biroz anglashmovchilikka yo‘l qo‘ygan, deb qarashga undaydi. “Devon”ning Onado‘li turkchasiga qilingan o‘girmalarida bu so‘z “yağmurluk” (yomg‘irpush) deb o‘girilgan [DLT 2014: 358].

 

4.                          keduklik kidiz – yomg‘irda yoping‘ich qilish uchun tayyorlangan namat” [Koshg‘ariy 1960: 466; DLT 2014: 223]. Shu o‘rinda boshqa turkiy tillarda “kigiz”, “kiyiz” ko‘rinishlarida uchraydigan bu so‘zning eng eski turkchasi “kidiz” bo‘lgan, keyinchalik “d” tovushining “z”, “y”, “j” tovushlariga o‘zgarishi so‘ngida shunday holat yuz bergan.

 

5. “yalma – paxtali to‘n, forslar buni turkiy xalqlardan olib yalmä shaklida ham talaffuz qiladilar. Arablar forslardan olib yalmaq shaklida qo‘llaydilar. ... Hech kim bu so‘zni turklar forslardan olganlar deb da’vo qila olmaydi. Chunki men bu so‘zni eng qirg‘oq chegaralarda yashovchi oddiy turk xalqlaridan eshitganman. Bular boshqa xalqlardan ko‘ra, bu xil yomg‘ir yopinchig‘iga muhtojroqdir. Chunki bularning yurtlarida qor, yomg‘ir ko‘pdir” [Koshg‘ariy 1963: 41-42; DLT 2014: 363].

 

6. “chaydam – uyga solinadigan, yomg‘irga qarshi yopinchiq qilinadigan bir turli yengil namat (kigiz)” [Koshg‘ariy 1963: 191; DLT 2014: 522/422]. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, “Devon”ning Onado‘li turkchasiga o‘girmasida “yağmurluk yapmaya ve yatak doldurmaya yarayan ince bir keçe” (“yomg‘irpush qilish va to‘shak to‘ldirishga yaraydigan ingichka kigiz) ko‘rinishida ochiqlama berilgan [DLT 2014: 522/422].

 

7. “kemak – paxta ipidan to‘qilgan uzun-uzun oq yo‘lli, yupqa kiyimlik, undan ust kiyim qilinadi. Qipchoqlar undan yomg‘irda kiyiladigan (yopinchiq) qiladilar” [Koshg‘ariy 1960: 372-373; [DLT 2014: 169].

 

 

8. “kiduk – yomg‘irda kiyiladigan yopinchiq” [Koshg‘ariy 1960: 371]. Eski turkcha “kid- “kiymoq” fe’lidan yasalgan bu so‘zdan turkiy tillarning ko‘pchiligida uchraydigan “kiyim” so‘zi bilan birga o‘zbek tili shevalarida “kiyit – kelin-kuyovga atalgan kiyim-kechak” degan so‘z ham saqlanib qolgan [O‘XShL 1971: 145].

 

Ushbu ma’lumotlardan bilish mumkinki,  turkiy ellar yashagan muhitidan kelib chiqib yomg‘irdan saqlanish, uy-o‘tovlari tomidan ho‘l-nam o‘tishining oldini olish uchun o‘ziga xos yechimlarni o‘ylab topgan. Ayniqsa, ko‘chmanchi chorvadorlari turar-joylarinigina emas, balki ko‘cha-ko‘yda, ish vaqtida kiyish uchun yomg‘ir o‘tmas turli kiyim-kechaklar yaratgan.

 

Eski turklarda “yaqu” (yomg‘irda kiyiladigan kiyim), “kiduk” (yomg‘irda kiyiladigan yopinchiq) deb keltirilgan kiyim turlari esa “Devon”da qaysi matodan – jundan yo paxtadan qilingani aytilmagan. Chamasi, “Devon”da keltirilgan “yomg‘irlik kiyim”larning aynan qanday ko‘rinishda bo‘lgani, ularning qay biri ust kiyim, qay biri esa bosh kiyimligi haqida aniqroq tushunchaga ega bo‘lish uchun turkiy tillarning bugun ishlatayotgan kiyim-kechakni bildiruvchi atamalari bilan tanishib chiqish kerak. Shu o‘rinda, “Devon”da “tulfir – parda. Xotinlar (uy) pardasi. U ipak gazmollardan ishlanadi” deb ochiqlangan parda turi [Koshg‘ariy 1960: 425; DLT 2014: 199] ozarboyjon turkchasida va ayrim Onado‘li turk shevalarida biroz o‘zgargan ko‘rinishda saqlanib qolgan: “talvar – quyosh va yomg‘irdan saqlanish yoki boshqa maqsadlar uchun qilingan ayvon” (ozarb.), talvar ~ talbar ~ talfar ~ talpar – 1. Bog‘ va polizlarda o‘t-xashakdan qilingan usti yopiq chordoq (chayla, ayvon) turi; 2. Yozgi ayvon. 3. Ayvon [DLT 2014: 199].

 

Yuqorida “o‘n kunlab tinmay yoqqan yomg‘ir-u qor” to‘g‘risida aytib o‘tildi. Turkiylar yashagan ayrim o‘lkalarda “erkin yog‘mur” deb atalgan yog‘in turi bo‘lgani “Devonu lug‘atit turk”da keltirilgan: “erkin yag‘mur – kunlarcha davom etuvchi yomg‘ir; bir necha kun to‘xtamay yog‘adigan yomg‘ir” [Koshg‘ariy 1960: 132]. Bundan ko‘rinadiki, ko‘pchiligi sovuq va seryog‘in o‘lkalarda, sezilarli bir bo‘lagi esa eskidan beri Sirdaryo qirg‘oqlari, Sharqiy Turkiston singari issiq va birmuncha quruq o‘lkalarda yashab kelgan turkiy ellar yashayotgan iqlimidan kelib chiqib o‘ziga xos yetuk madaniyat yarata olganlar.

 

G‘aybulla BOBOYOROV,

tarix fanlari doktori, professor

 

Qo‘llanilgan adabiyotlar:

1. Mahmud Koshg‘ariy. Turkiy so‘zlar devoni (Devonu-lug‘at it-turk) / Tarjimon va nashrga tayyorlovchi S.M.Mutallibov. 3‑tom. Toshkent, 1963.

2. O‘XShL 1971 – O‘zbek xalq shevalari lug‘ati. Mas’ul muharrir Sh.Sh.Shoabdurahmonov. Toshkent: Fan, 1971.

3. Kaşgarlı Mahmud. Divänü Lugati't-Türk. Hazırlayanlar: Ahmet B. Ercilasun Ziyat Akkoyunlu. Ankara: TDK, 2014.

4. Mahmūd al-Kāšγarī. Compendium of The Turkic Dialects (Dīwān Luγāt at-Turk) / Edited and translated with introduction and indices by R. Dankoff in collaboration with J. Kelly. Part I. Harvard University, 1982.

5. Mahmūd al-Kāšγarī. Compendium of The Turkic Dialects (Dīwān Luγāt at-Turk) / Edited and translated with introduction and indices by R. Dankoff in collaboration with J. Kelly. Part II. Harvard University, 1984.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ta’lim-tarbiya

14:07 / 07.07.2025 0 111
AI bolalar fikrlash tarzini qanday o‘zgartirmoqda?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//