
So‘nggi bir necha yilda sun’iy intellekt (AI) texnologiyalarining ta’lim sohasiga kirib kelishi zamonaviy maktab hayotini tubdan o‘zgartirmoqda. Endilikda darslarda AI yordamida insho yozish, murakkab masalalarni yechish va hatto o‘qituvchining dars rejalarini avtomatlashtirish ham odatiy holga aylandi. Ammo bu texnologik yuksalish faqat qulaylik yoki zamonaviylik masalasi emas — u maktab o‘quvchilarining psixologik rivojlanishi, ta’limni qabul qilish uslubi va insoniy ko‘nikmalari bilan chambarchas bog‘liq. Bugun AI ta’limdagi eng dolzarb savollardan biriga aylangan: texnologiya bola ongi va shaxsiyatini qanday shakllantirmoqda?
Psixologik ta’sirlar
So‘nggi yillarda sun’iy intellekt vositalari o‘quvchilar hayotiga kirib kelib, ularning psixologik holatiga ham kuchli ta’sir ko‘rsata boshladi. Bu ta’sir bir tomondan yangi imkoniyatlar yaratsa, ikkinchi tomondan ayrim xavotirli holatlarni ham keltirib chiqarmoqda.
Ijobiy jihatdan, AI o‘quvchilarning mustaqil ishlashiga, darsda faolroq bo‘lishiga va o‘ziga ishonchini oshirishga yordam beradi. Ayrim tadqiqotlarda uning o‘quvchilarda bilimni yaxshiroq o‘zlashtirishiga, muammolarni yengilroq hal qilishiga va stress darajasini kamaytirishga xizmat qilgani aniqlangan. Masalan, Garvard tadqiqotchisi Ying Xu aytishicha, agar AI to‘g‘ri metodlarga asoslangan bo‘lsa, bola bu texnologiyani inson bilan suhbatlashgandek qabul qiladi va darsga jiddiyroq yondashadi.
Shu bilan birga, AI’dan haddan tashqari ko‘p foydalanish muammolarni ham yuzaga keltirishi mumkin. Bolalar unga keragidan ortiq tayanib qolsa, ularda mustaqil fikrlash, diqqatni jamlash va eslab qolish ko‘nikmalari zaiflashadi. MIT va Pensilvaniya universitetlari tadqiqotlariga ko‘ra, AI’dan muntazam foydalanuvchi o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash pasayib, fikrni chuqur tahlil qilish odati kamaymoqda. Qolaversa, AI’ning noto‘g‘ri ishlatilishi ma’lumotlar xavfsizligi, onlayn zo‘ravonlik va axloqiy muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin.
Pedagogik yondashuvlar va metodlar. AI tyutorlar va adaptiv ta’lim tizimlari
AI pedagogik metodlarda tub burilish yasadi. Xususan, AI tyutorlar yordamida ta’limning individuallashtirilgan modeli paydo bo‘ldi. Xitoyda ishlab chiqilgan Squirrel AI tizimi 10 000 dan ortiq kognitiv bloklar orqali har bir o‘quvchining bilim darajasini tahlil qiladi va unga individual topshiriqlar taklif etadi. Bu yondashuv akademik natijalarni sezilarli darajada oshirgani kuzatilgan.
Shuningdek, UniDistance Suisse’da olib borilgan tajriba shuni ko‘rsatdiki, LLM-tyutor yordamida o‘qigan talabalarning imtihon baholari o‘rtacha 15 foizga oshgan. Bu shuni anglatadiki, sun’iy intellekt o‘quvchilarga nafaqat bilim beradi, balki ularning o‘quv strategiyalarini ham optimallashtiradi.
AI va o‘qituvchi hamkorligi
AI o‘qituvchini almashtirmaydi, aksincha, u bilan samarali hamkorlik qiladi. San Diego’dagi Sage Creek High School’da o‘qituvchi Jeff Simon algebra darslarida AI’ni qo‘llab, o‘quvchilarga masalalarni bosqichma-bosqich yechishni o‘rgatmoqda. O‘quvchilar AI yordamida yechim yo‘lini tushunib, keyin uni tahlil qilish orqali bilimni chuqurroq o‘zlashtirishmoqda.
Nyu Yorkdagi maktablarda esa 6-sinf o‘qituvchilari ChatGPT yordamida dars rejalari tuzmoqda. AI ularning mavzuga doir savollar, o‘yinlar, muhokama mavzulari va guruhli ishlarga mos g‘oyalar topishiga yordam bermoqda. Natijada, darslar yanada qiziqarli, jonli va o‘quvchilar faol ishtirok etadigan shaklga kirgan. Bu esa o‘qituvchilarga ko‘proq vaqt tejash, har bir o‘quvchiga individual yondashish imkonini bermoqda.
AI’ni o‘qituvchi yordamchisi sifatida ishlatish
Bugun AI nafaqat qo‘shimcha vosita, balki ba’zi maktablarda dars jarayonining faol ishtirokchisiga aylanmoqda. O‘qituvchilar uni o‘zlariga sherik sifatida qabul qilib, kundalik ishlarida undan samarali foydalanmoqda.
AP News’ning xabariga ko‘ra, AQShdagi boshlang‘ich va o‘rta maktablarning (K–12) 60 foizi allaqachon AI’dan foydalanmoqda. O‘qituvchilarning fikricha, bu texnologiya dars mavzularini tuzish, savol-javoblar tayyorlash, o‘quvchilarga izoh berish kabi ishlarda katta yordam beradi. Natijada ular haftasiga o‘rtacha 6 soat vaqt tejaydi. Bu ham o‘z o‘rnida o‘quvchilar bilan ko‘proq shug‘ullanish imkonini beradi.
AI amalda qanday ishlatilmoqda?
Alpha School (Texas, AQSH) – bu maktab har kuni o‘quvchilarga ikki soat AI tyutor bilan ishlash imkoniyatini beradi. Qolgan vaqt esa hayotiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga bag‘ishlanadi. Maktab ma’muriyati AI yordamida o‘quvchilarning universitet testlarida yuqori natijalarga erishganini bildirgan, biroq mustaqil baholashlar hali yetarli emas.
Repton School (Buyuk Britaniya) — bu maktabda 9-sinfdan boshlab o‘quvchilarning ruhiy holatini kuzatish uchun sun’iy intellekt asosidagi monitoring tizimi joriy etilgan. Tizim o‘quvchilarning kundalik faoliyati, so‘zlashuv uslubi va ijtimoiy xatti-harakatlaridagi mayda o‘zgarishlarni tahlil qiladi. Masalan, o‘quvchining yozma topshiriqlarida yoki onlayn muloqotlarida tushkunlik, xavotir yoki tajovuzkorlik alomatlari paydo bo‘lsa, tizim bu haqida maktab psixologiga ogohlantirish yuboradi.
Bu yondashuv maktabdagi ruhiy muammolarni erta bosqichda aniqlashga, xususan bulling (zo‘ravonlikning masxara qilish shakli) va o‘ziga zarar yetkazish xavfini oldindan sezishga yordam bermoqda. Tizim bolalar bilan bevosita aloqa o‘rnatmaydi, faqat mavjud ma’lumotlar orqali xavfli belgilarni tahlil qiladi. Natijada, maktab psixologlari muammoga vaqtida aralasha oladi va o‘quvchiga kerakli yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu usul maktabdagi umumiy ruhiy salomatlik muhitini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Houston ISD (Texas) — bu ta’lim okrugi Prof Jim Inc nomli texnologik kompaniya bilan hamkorlikda 2200 dan ortiq o‘quv materiallarini yaratgan. Bu materiallar sun’iy intellekt asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, har bir o‘quvchining bilim darajasi, o‘rganish sur’ati va qiziqishlariga moslashtirilgan. Bunda o‘quvchining oldingi javoblari va faoliyati asosida AI unga eng samarali mashg‘ulotlar va mavzularni taklif qiladi.
Bu yondashuv sinfda barcha o‘quvchilar uchun bir xil dars berish o‘rniga, har bir o‘quvchiga individual ta’lim olish imkonini yaratadi. Maktab rahbariyati bu loyihani innovatsion va umidli yechim sifatida qabul qilgan. Biroq ba’zi ota-onalarda materiallar mazmunining aniqligi va sifati bo‘yicha savollar bo‘lgan. Ular sun’iy intellekt tomonidan tayyorlangan ba’zi topshiriqlar yetarlicha aniq yoki mantiqan izchil emasligini ta’kidlagan. Loyiha sinov bosqichida bo‘lgani uchun bu fikrlar kelgusida uni takomillashtirish uchun muhim mulohaza sifatida ko‘rilmoqda.
Connecticut shtatidagi sinflar (East Hartford va Lebanon hududlari) — bu maktablarda MagicSchool nomli sun’iy intellekt platformasi joriy etilgan. Ushbu AI tizimi o‘qituvchilarga dars mazmunini ishlab chiqish, savol-javoblar yaratish va o‘quvchilarni baholashda yordam beradi. Asosiy maqsad — ta’limni demokratlashtirish, ya’ni barcha o‘quvchilar uchun teng imkoniyat yaratish va ta’lim sifatini bir xil darajada ushlab turish.
Platforma nafaqat tezlik va samaradorlikni oshiradi, balki o‘qituvchilarning javobgarligini ham kuchaytiradi. Har bir o‘qituvchi AI taklif qilgan materiallarni qanday ishlatgani, qanday baholagani va o‘quvchilarga qay tarzda taqdim etgani bo‘yicha nazorat qilinadi. Shu sababli, maktablar MagicSchool platformasini faqat o‘z bilganicha ishlatmay, o‘qituvchilarga maxsus treninglar o‘tmoqda. Unda AI bilan qanday ishlash, qanday savollar berish va baholash kerakligi o‘rgatilmoqda.
Ushbu yondashuv darslarni avtomatlashtirish emas, AI’ni mas’uliyat bilan ishlatish madaniyatini shakllantirishni maqsad qilgan. Loyihaning dastlabki natijalari o‘qituvchilarning ish yukini kamaytirgani, dars sifati esa yaxshilangani ko‘rsatmoqda.
Xulosa qilib aytish mumkinki, AI texnologiyalari maktabdagi ta’lim manzarasini tubdan o‘zgartirmoqda. Pedagogik metodlar, o‘quvchining o‘rganish strategiyasi, hatto psixologik holati ham bu inqilobdan chetda qolmayapti. Shunday bo‘lsa-da, AI imkoniyatlaridan oqilona va mas’uliyatli foydalanish muhim. AI bolalar uchun o‘rganishni osonlashtiruvchi vosita bo‘lishi kerak, lekin o‘rniga fikrlaydigan qurilmaga aylanmasligi shart.
Oyina.uz,
Navroʻza Boʻriyeva
San’at
Ma’naviyat
Jarayon
San’at
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q