Seriallar, ommaviy tomoshalar uzoq muddatli vaqtga sozlangan bombaga o‘xshaydi – Nazar Eshonqul


Saqlash
12:19 / 04.07.2025 48 0

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli yozuvchi Nazar Eshonqul bilan suhbat.

 

– Haqiqiy ijodkor faqat o‘z davri va davrasi uchun yozmaydi. Asarlari asrlar davomida yashashini, millionlab qalblarni zabt etishini istamagan yozuvchi bo‘lmasa kerak. Nazar aka, bu istakning ijobati siri nimada?

 

– To‘g‘ri aytdingiz, har bir yozuvchi umid bilan yozadi. Yozish asnosida shu ko‘hna olam, o‘zaro munosabatlar, “qayerdan keldik, qayerga ketamiz, vazifamiz nima?” degan bashariy savollarga o‘z zamonida turib javob izlaydi.

 

Masalan, adabiyotni insonshunoslik deydigan bo‘lsak, yozayotgan kitobimiz inson haqida qandaydir xulosa berishi kerak. O‘quvchi mutolaa so‘ngida nimanidir anglab yetsa, mana shunda asarning umri uzayadi.

 

Odatda, odamlar ko‘nglidagi savollarga javob bera oladigan asarlarni tez va oson qabul qiladi. Yozganimiz kimnidir ta’sirlantirsa, hayajonga solsa yoki o‘ylantirsa, ana o‘shanda vazifamizni bajaribmiz. Agar fikrlarimiz Vaqt elagidan o‘tmasa shunga rozi bo‘lamiz-da.

 

– Vazifani munosib bajarayotgan ekansizki, 2024-yilda AQShning “Mundus Artium Press” nashriyoti tomonidan “Yil yozuvchisi” deb e’tirof etildingiz. Ana shu muvaffaqiyat tarixi haqida so‘zlab bersangiz.

 

– Texas universitetida “Jahon adabiyoti” jurnali chiqadi. Tahririyatning o‘z nashriyoti bor. Ular dunyodagi yozuvchilar ijodini kuzatib boradi. Hatto, birorta asari ingliz tiliga tarjima qilinmagan adiblarni ham o‘qishadi. Imkoniyati bo‘lsa kerak-da.

 

O‘sha tashkilot vakili ijtimoiy tarmoq orqali meni topib, bog‘landi va mukofotga nomzodim qo‘yilishini aytdi. Hikoyalarimni gugl tarjima yordamida inglizchada yubordim. Bilasizmi qanday javob keldi? “Siz asl variantini jo‘natavering, o‘zimiz tarjima qilib olamiz”, deyishdi. Hakamlar hay’ati mukofotlash sababini “umuminsoniy madaniy autentligi hamda universal kodlarni milliy voqelikda aks ettirgani uchun” deb ko‘rsatishdi.

 

E’tirofdan ko‘ra kitobimni inglizchaga o‘girib, elektron shaklda onlayn kutubxonalarga joylashtirilishi men uchun quvonchli bo‘ldi. Bu orqali inglizzabon kitobxonlar zamonaviy o‘zbek adabiyoti namunalari bilan tanishadi, tasavvuri kengayadi. Ajabmas, ular orasidan milliy adabiyotimizga qiziquvchi tarjimonlar chiqsa.

 

Ijodkorning yaqin va uzoq davlatlardagi katta-kichik muvaffaqiyati har birimizni xursand etishi kerak. Chunki uning ismi bilan birga jahonda O‘zbekiston nomi ham yangraydi. Buyam bir targ‘ibot. Bugungi imkoniyatlar zamonida “ikki daryo oralig‘ida qolib ketdi mening o‘shal ovozim”, deb o‘tirish vaqti emas.

 

– Kitobingiz ummonortida elektron shaklda tarqatilishini ta’kidladingiz. Bu jarayon bizda ham odat tusiga kirdi. “ZiyoNET” tarmog‘i, “Ziyouz.uz” portali, “Mutolaa” ilovasi va boshqalar buning yorqin misoli. Badiiy adabiyotlar yuz minglab nusxada chop etilgan davrni ko‘rgan avlod vakili sifatida axborot-kommunikatsion texnologiyalari kitobxonlik darajasiga qanday ta’sir ko‘rsatadi deb o‘ylaysiz?

 

– Mening qarashimcha, salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Biz zamon shiddati va globallashuv ta’sirini his qilishimiz kerak.

 

Kitob yozuvdan ham qadimiyroq tushuncha. Muqaddas kitoblar, xalq dostonlari va boshqalar qog‘ozga tushirilmasdan oldin ham mavjud edi. Ularni ham kitob der edik. Keyin og‘zaki nutq yozma nutqqa evrildi. Yozuvlar tosh, sopol va suyaklardan teri, ipak, qog‘ozga o‘tgandan beri odamlar bosma manbalarga o‘rganib qoldi. Endi ularning o‘rnini elektron kitoblar egallayapti. Demak, kitob hech qachon yo‘q bo‘lib ketmaydi. Shunchaki vaqt o‘tib shaklini o‘zgartiradi. Tarix takrorlanish xususiyatiga ega. Davrlar o‘tib odamizod yana og‘zaki nutq bilan kifoyalanishi mumkin.

 

Bizni kitob shaklining o‘zgarishi emas, elektron kutubxona bazasining qanday adabiyotlar bilan to‘ldirilayotgani o‘ylantirishi kerak.

 

Avvallari kitobni qo‘ltiqlab yurardik. Bugun esa hammaning qo‘lida telefon. Bu degani zamondoshlarimiz mutolaadan uzoqlashdi degani emas. Yoshligimda kutubxonama-kutubxona yurib, kitob izlardim. Hozir esa izlagan kitobimning 95 foizini internetdan topaman.

 

Bunday mutolaa bizning yoshdagilar uchun biroz qiyin: ko‘z charchaydi. Lekin yangi avlod shunga ko‘nikib ulg‘aymoqda.

 

Taraqqiyot shu bilan to‘xtaydimi? Yo‘q! Kino san’ati adabiyotning o‘rnini sekin-asta egallab boryapti. Intellektual kinolar, modern kinolar paydo bo‘ldi. Qarab tursangiz, adabiyot vizual ko‘rinishga ko‘chib o‘tayotgandek tuyuladi. Biz buni qanchalik devor qo‘yib to‘sib olmaylik, baribir vaqti kelib shunga o‘tamiz.

 

Shu darajada keng imkoniyatga egamiz. Faqat dangasa bo‘lib qolyapmiz.

 

Muammo boshqa narsada: shakli qanday bo‘lishidan qat’i nazar adabiyot o‘qilyaptimi? Kimlar o‘qiyapti? Kim qanday bahra olyapti? Qanday xulosa qilyapti? Masala shunda. Kitob haqida ham, yozuvchi haqida ham informatsiya bilan cheklanyapmiz. Uning ichidagi estetikasi, ichidagi so‘zning og‘riqlarini, poetikasini his qilish yo‘q. Bu narsalarni his qilmasa, odamning ko‘ngli tarbiyalanmaydi. Miyamiz faqat informatsiya yig‘uvchi “xard” bo‘lib qoladi, xolos. ITning, temirning bir bo‘lagiga aylanib qolishi mumkin.

 

– Sizdan “O‘zbektelefilm” davlat muassasi direktori o‘rinbosari va bosh muharriri sifatida ko‘plab mushtariylarimizni qiynayotgan savollarga javob olish niyatidamiz. Bugun nega milliy mentalitetimizga, hatto, eng oddiy kasb etikasiga zid bo‘lgan ko‘rsatuvlar va seriallar televideniyeda yetakchilik qilmoqda? Boshlovchilarning bemalol o‘z shevasida gapirishiga ko‘nikib qolgandaymiz. Bu holda televideniyening yaqin va uzoq kelajagini qanday ko‘rasiz?

 

– Davlat telekanallarida urf-odatlarimizga, nutq madaniyatiga va millatimizga xos ichki jarayonlarning barchasi joy-joyida ketyapti. Kinolar ham, ko‘rsatuvlar ham. Lekin xususiy telekanallarda o‘zbek hayotini aks ettiradigan ko‘rsatuvlar kamroq. Buning asosiy sababi – tijorat mo‘ljalining ruhiy qadriyatlardan ustun qo‘yilishi.

 

Seriallar masalasi esa ko‘p chaynalgan, chaynalmoqda. Bunga har bir kishining haqi bor. Chunki ommaga havola etiladigan tomosha bilan ko‘rpa ostiga kirib olib tomosha qiladigan tomoshaning farqi bor.

 

Televideniyedagi mas’ullar, eng avvalo nimani ko‘rsatish yoki ko‘rsatmaslik kerak degan aniq mezonga ega bo‘lish kerak. Bugun “reyting” degan ko‘satkich go‘yo TVning asosiy mezoni sanalyapti. Shaxsan men uchun bu xato. Seriallardagi voqelikdan tortib, oddiy kiyinishgacha bu psixologik jarayon: uni tomosha qilayotganning ong ostiga bevosita bo‘lmasa-da, bilvosita ta’sir qiladi.

 

Sizga bir misol aytay. Amerikalik tamakifurushlar tamaki bozori o‘zlari kutgan natijani beravermagach, buyuk psixolog Freyddan katta pul evaziga maslahat olishgan. Pulga muhtoj psixolog juda oddiy maslahatni bergan. Ya’ni, kinolardagi odamlar yaxshi ko‘rib qoladigan yoki bugungi til bilan aytganda “krutoy” qahramonlarga tamakingizni chektiring, deydi. Shundan so‘ng Amerika kinolarida bosh va asosiy qahramonlar tamaki chekib rol o‘ynashadi. Bu o‘z natijasini beradi. Ikki-uch yilda tamakifurushlik eng foydali biznesga aylanadi.

 

Siz aytayotgan seriallar qaysidir ma’noda “tamaki targ‘ibi” vazifasini o‘tayapti. Seriallar, ommaviy tomoshalar uzoq muddatli vaqtga sozlangan bombaga o‘xshaydi, u birdan portlamaydi. Seriallarning ta’siri yillar o‘tgach o‘z natijasini beradi. Unda balki juda kech bo‘lishi mumkin.

 

“Reyting” bu bozor mezoni. Ammo u ma’naviy mezonlar ustiga qurilishi kerak.

 

Televideniye bugungi biz ko‘nikkan ko‘rinishda qolmaydi. Taraqqiyot halitdan uning o‘rniga variantlar taklif qila boshladi. Xuddi kitob kabi TV ham o‘z shaklini va ifoda usulini o‘zgartirishga majbur. Bugun bo‘lmasa ertaga majbur bo‘ladi.

 

Unutmaslik kerakki, televideniye – adabiy til maktabi. Bu yerda so‘z, talaffuz, ifoda tarzi qat’iy qoidalarga asoslangan bo‘lishi shart. Boshlovchi shevaxon bo‘lsa, yosh avlod uni shunday qabul qiladi.

 

Televideniyening kelajagiga keladigan bo‘lsak, umidlarimiz katta. Islohotlar natijasi yaqin kelajakda bo‘y ko‘rsatadi. Biz kelajakda “odamni raqam emas, ruh deb biladigan” televizion muhitni tiklashimiz shart. Bu, albatta, bizning mas’uliyatimiz.

 

– Samimiy va kuyunchak suhbatingiz uchun, Sizga gazetamiz o‘quvchilari nomidan minnatdorlik bildirib qolamiz.

 

Zarnigor Ibrohimova

suhbatlashdi.

 

“Jadid” gazetasi 2025-yil 4-iyul, 27-son.

“Adabiy til maktabi qayerda” suhbati

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//