
Yurtimizda koʻplab togʻ, daryo, anhor, shahar va qishloq nomlariga ranglar qoʻshimcha tarzida qoʻshilgan. Biroq, Oqtov, Qoratov, Oqchayla, Oqtepa, Koʻktepa, Qiziltepa, Oqsuv-Koʻksuv kabi geografik joylarning holati nomlaridagi ranglarga mos kelmaydi, odatda. Masalan, tugʻilgan qishlogʻim – Sarigʻul nomining kelib chiqishini ham rangga bogʻlovchi “Sarigul”, “Sorikoʻl” bilan bogʻliq rivoyatlar boʻlsa-da, aslida butunlay boshqa mazmun sabab qoʻyilgan.
Germaniyalik mashhur tarixchi, turkiyshunos olim 1962-yili Vengriyada chop etilgan “Ranglarning ramziy maʼnolari” kitobida qadimgi turkiy xalqlar dunyo tomonlarini ranglar bilan ataganini yozadi. Yaʼni, ularda Sharq – koʻk, Janub – qizil, Gʻarb – oq, Shimol – qora rang deb ifodalangan. Eng muhimi va qiziqarlisi ajdodlarimizda markaz – sariq rang bilan atalgan. Turk olimi Ziyo Koʻkalp Turkiya atrofidagi dengizlarning nomlanishi ham shundan kelib chiqqanini taʼkidlagan. Yaʼni, Qoradengiz – shimoldagi dengiz, Oq dengiz – gʻarbdagi dengiz, Qizildengiz – janubdagi dengiz boʻlgani uchun shunday nomlangan. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, Oltin Oʻrda davlatining sharqiy qismi Koʻk Oʻrda, gʻarbiy qismi Oq Oʻrda deb nomlangan. Oltin Oʻrda esa davlatning markazi boʻlgani sababli sariq-tilla rangga nisbat berilib Oltin Oʻrda deyilgan.
Qadimgi turkiy xalqlar geografik tegralarga tegishli ranglarga juda eʼtiborli boʻlishgan. Xitoy manbalarida yozilishicha, buyuk ajdodimiz Metexon Xitoy qoʻshinini qamal qilish maqsadida barcha oq otli suvoriy qoʻshinlarini Xitoy qoʻshinining gʻarb tarafiga, koʻk otlilarni sharq tarafiga, qora otlilarni shimolga, qizil otli suvoriylarni janub tarafiga joylashtirgan va shu taktika bilan magʻlub qilgan. Vengriyalik tarixchi olim Andreas Alfeldining yozishicha Metexon, doim Gʻarbga oq otlar bilan, shimolga qora otlar bilan sharqqa koʻk, janubga qizil otlar bilan yurish qilishga odatlangan.
Demak, qishlogʻimiz nomining bosh boʻgʻini “Sari”– bu rangni emas, balki, “asosiy, markaziy hudud, joy, qism” degan maʼnoni anglatyapti. Bu mazmun qishlogʻimizning oʻtmishi, tarixiy shaxslari haqidagi faktlarga judayam yaqin. Chunki qishloq Oqtov bagʻrida joylashgan boʻlib, oʻtmishi jangovor polvonlar, botirlar bilan bogʻliq. Keksalarimiz bizning ota ajdodlarimiz Oybotir, Qosabotir, Sarabotir, Qorabotir degan botirlar ekanini aytib kelishadi. Aytishlaricha, botirlar zarur paytda davlatni himoyalashda koʻmaklashgan, xonlar va amirlar janglarga harbiy yordam kerak boʻlganda albatta ularni chaqirgan.
Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasida keltirilishicha, “Gʻul” soʻzi, harbiy qanot, asosiy harbiy qoʻriqchilar guruhi maʼnosini anglatadi. Oʻrta asrlarda turkiy xalqlar va moʻgʻullar qoʻshinining markazida va qanot (flang)lar oldida, podshoh, xon huzurida turuvchi maxsus harbiy qism. Arabcha qalb deyilgan.
Markazda turuvchi Gʻul, ulugʻ Gʻul, qanotlardagisi esa kichik Gʻul deb atalgan. Harbiy yurish vaqtida qorovul oldiga ham Gʻul qoʻyilgan. Katta Gʻulga xonning oʻzi yoki tajribali amirlaridan biri qoʻmondonlik qilgan. Taniqli tarixchi olim professor Boʻriboy Ahmedov oʻzining “Ulugʻbek” nomli kitobida “Xalil Sulton raqibining gʻuliga kuchli zarba berdi”, deb yozadi. Yaʼni dushmanning markaziy harbiy qoʻshiniga hamla qilganini tasvirlaydi.
“Sariq” – “markaz, asosiy”, “gʻul” – “jangovor harbiy guruh, asosiy qoʻriqchilar, jangchilar korpusi”ni anglatishidan kelib chiqadigan boʻlsak, Sarigʻul bu – markaziy harbiy guruh, ishonchli mudofaachilar, davlatga sodiq jangovar botirlar yashaydigan qishloq maʼnosini bildiradi deyish mumkin.
Husan SHODIYEV,
Toshkent amaliy fanlar
universiteti talabasi
Adabiyot
Tarix
San’at
Ta’lim-tarbiya
Ma’naviyat
Jarayon
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Din
Tarix
Til
//
Izoh yo‘q