Elomon Otajonov 1978-yil 17-sentabr kuni Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanining Taraqqiyot mahallasida, oddiy dehqon oilasida dunyoga kelgan.
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safida shartnoma asosida xizmat burchini o‘tayotgan, katta serjant Elomon Otajonov 2000-yilning 11-avgust kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumanida bo‘lgan jangovar harakatlarda dushman o‘qidan yaralanib, halok bo‘lgan. “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.
Elomonning otasi Xolmurod aka Otajonov bir umr sovxozda ishchi, mexanizator, mustaqillikdan so‘ng fermer bo‘lib ishlab, nafaqaga chiqdi.
Onasi Yanglish opa Otajonova sovxozda avval ishchi, so‘ngra maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyachi bo‘lib, 30 yildan ziyod mehnat qildi va ayni chog‘da nafaqada.
Otajonovlar Elomondan tashqari yana 2 o‘g‘il, 2 qizni voyaga yetkazib, uyli-joyli qildi. Hozir 9 nabiraning bobo va buvisi.
Elomon Otajonov 1996-yilda Sirdaryo tumanidagi 2-umumta’lim maktabini namunali xulq, yaxshi va a’lo baholarga tamomladi.
– Elomon sinfidagi eng tez fikrlay oladigan, eng suyukli o‘quvchilarimdan edi, – deya xotirlaydi ustozi, mehnat faxriysi Anora opa Xo‘jaqulova. – Barcha fanlarni juda yaxshi o‘zlashtirardi.
Ertalab maktabga kela-kelguncha barcha o‘rtoqlariga uyma-uy kirib, hammasini yig‘ib, birgalikda kelishardi. Ustozlari, sinfdosh o‘rtoqlariga juda mehribon edi. O‘qituvchilarimizdan yoki sinfdosh do‘stlaridan birortasi betob bo‘lib qolsa, barcha do‘stlarini yig‘ib, albatta uning holidan xabar olgani yetib borardi.
Adabiyot fanini qiziqish bilan tinglab, uy vazifasini gapirib berayotganda zavq bilan hikoya qilar, kitob mutolaa qilishni, she’r o‘qishni xush ko‘rardi. U she’rni his-hayajon bilan o‘qir ediki, hamma Elomonning intonatsiya bilan o‘qishiga maftun bo‘lib qolardi.
– U ayniqsa, boshqa fanlardan ham jismoniy tarbiyani ayro yaxshi ko‘rardi, – deydi Elomonning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Botir aka Tursunqulov. – Elomon do‘sti Farhod ikkisi sinfdagi eng bo‘ychan bolalar edi. Voleybolni juda yaxshi o‘ynashardi. Elomon 9-sinfdaligidayoq maktab terma jamoasi safida o‘ynab 2-razryadni egallagandi. 11-sinf bo‘lganida birinchi marta maktabimiz viloyatda 2-o‘rinni egallagandi. Qaysi sport turidan bellashuvlar bo‘lmasin, maktab terma jamoasi safida Elomonni ko‘rardik. Usiz jamoani tasavvvur qilish qiyin edi.
Barcha ustozlariga hurmati juda baland edi. Maktabni tamomlagandan keyin ham, uyga kelgan chog‘ida albatta ustozlaridan xabar olib, maktabga birov bo‘lsa-da kirib ketardi.
Elomon o‘rta maktabni tamomlab, oliy o‘quv yurtiga imtihon topshirdi. Biroz ball yetmay, qishlog‘iga qaytdi. Mexanik haydovchilar tayyorlash kursiga kirib, uni bitirdi va bir yarim yil sovxozda mexanizator bo‘lib ishladi. 1997-yil uydagilariga bildirmay, tuman mudofaa ishlari bo‘limiga borib, Qurolli Kuchlar safiga jo‘natishini so‘rab ariza yozdi.
Bundan Yanglish opaning ko‘ngli xavotirga tushib, biroz ranjidi. Turmush o‘rtog‘i Xolmurod aka: “Xafa bo‘lma, onasi, axir har bir yigit Vatan oldidagi burchini o‘tashi shart. Bundan xafa emas, xursand bo‘lishing kerak”, deya yupatdi.
Elomon Otajonov milliy armiyamiz safida o‘sha davrdagi bir yarim yillik xizmatni o‘tagach, Qurolli Kuchlar safida qolishga qaror qildi. Serjantlar tayyorlash maktabini tugatish arafasida Mudofaa vazirligiga qarashli maxsus bo‘linmaga qabul uchun tanlov o‘tkazildi. Elomon bu tanlovda ishtirok etib, barcha ko‘rsatgichlar bo‘yicha a’lo natijalar ko‘rsatdi.
– Xizmati Chirchiq shahrida payti 2000-yilning 22-iyulida 2 kunga uyga keldi, – deya eslaydi Elomonning onasi Yanglish opa. – Otasi bilan oldimizga o‘tirg‘izib: “Qachongacha bo‘ydoq yurasan, endi uylantiraman. Do‘stlaring allaqachon farzandli bo‘ldi. Tanlaganing bo‘lsa ayt, sovchilikka borib bitiray. Bo‘lmasa ko‘z ostimga olib qo‘yganlarim bor. Shularni pishitay”, dedim. “Onajon, bizni boshqa joyga xizmat safariga jo‘natishmoqda. O‘sha yerdan qaytay, bu masalaga keyin qaytamiz, xo‘pmi?”, deb bizni ko‘ndirdi. O‘shanda u so‘nggi bor uyga kelganini, o‘g‘lim Elomonjonni so‘nggi bor ko‘rayotganimni bilmagan edim...
– Maxsus guruhimizga Surxondaryoning Uzun tumani hududidagi Kishtut tog‘ oralarida yashirinib olgan qurollangan dushmanni topib, bartaraf etish topshirig‘i yuklandi, – deya xotirlaydi Elomonning xizmatdoshi, kichik serjant Rashid Shomurodov. – Qo‘shinlarimiz tomonidan mamlakatimiz hududiga yashirin yo‘llar bilan kirib joylashib olgan terrorchilar qarorgohi vayron qilingach, ular tog‘dagi turli archa-yu butalar orasiga yashirinib olishgan edi. Biz tog‘ tepasidan Hamidarcha qishlog‘igacha bo‘lgan hududdan mustaqilligimizga tahdid solmoqchi bo‘lgan dushmanlarni topib, hududni ulardan tozalashimiz kerak edi.
Guruh komondiri kapitan Abduvali Hamroyev, uch kishi – serjant Elomon Otajonov, men va serjant Doniyor Tojiboyevlarga asosiy guruhdan 15–20 metr oldinda borib, dushman yashiringan joyini aniqlash va asosiy guruhga ishora orqali xabar berish topshirig‘ini buyurdi…
Oldinda Elomon, o‘rtada Rashid, oxirida Doniyor borardi. Ular tizzalarini bukkan holda, yerga yuzlari tekkudek engashib, navbatma-navbat juda tez harakat qilishar, oldinda borayotgani sheriklariga, ortdagisi asosiy guruhdagilarga qo‘l imo-ishorasi bilan o‘zlari ham asosiy guruh ham harakatlanardi.
Birdan “paq” etib yangragan o‘q tovushidan qushlar “pir” etib osmonga ko‘tarildi, tog‘dan o‘qning aks sadosi yangradi. Elomon “gurs” etib tizzasi bilan yerga tushdi-da, old tomoniga yiqila turib, chap tarafdagi buta orasiga qarata avtomatidan o‘q uzdi va yuztuban yerga quladi. Oradan bir-ikki soniya o‘tar-o‘tmay boshqa tomondan otilgan dushman o‘qidan Doniyor ham yiqildi.
Ucholovidan 10–15 metrlar ortda, asosiy guruhning boshida kelayotgan guruh granatomyotchisi Yunus Oxunov Elomonning o‘q uzgan joyidagi dushmanni aniqlab u tomonga qarata o‘t ochdi. Shu paytning o‘zida uchinchi tomondan otilgan dushman o‘qi Yunusni ham yuztuban yerga yiqitdi.
– Guruhda eng yosh bo‘lganim uchunmi, o‘sha paytda otishni ham, kimga yordam ko‘rsatishni ham bilmay biroz esankirib qoldim, – deya hikoya qiladi 2000-yilning 11-avgust kunini xotirlab kichik serjant Rashid Shomurodov. – Guruh komandiri kapitan Abduvali Hamroyevning “Yerga yot!” degan buyrug‘i qulog‘imga ham kirmabdi. Ko‘zim Elomon akada edi. U chap qo‘li bilan yuragini changallab olgan, panjalari orasidan qon sizib oqayotgani hamon ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Elomon aka menga qarab avtomat tutgan qo‘li bilan “Tez yerga yot!” ishorasini qildi. O‘zi esa yarador bo‘lsa-da pastga qarab sudrala boshladi. Buni ko‘rgan komandirimiz: “Katta serjant Otajonov, buyuraman joyingdan qimirlama-a!” deya bor ovozi bilan baqirdi. Lekin Elomon aka harakatni davom ettirardi. Eshitmayapti shekilli, deb men ham “Qimirlamang, Elomon aka, hozir yordamga boraman, joyingizda yoting, bu komandirning buyrug‘i!” deya baqirardim. Lekin u go‘yo hech narsani eshitmagandek, sudralishda davom etardi. U og‘ir yarador holicha to‘xtamay harakatlanayotganidan hayron edim. Hadeganda Elomon akaga dushmanlar boshqa o‘q uzishmasdi. Keyin bilsak u dushmanlar joyini aniqlash uchun shunday yo‘l tutgan ekan. U mendan biroz olislagach, suv solingan idishni tepaga ko‘tardi. Elomon aka ko‘targan nishon uch tomondan o‘qqa tutildi. Men Elomon akani otgan mal’unni aniq ko‘rdim va o‘sha tomonga qarata o‘q uzdim. Bir pasda tasir-tusur boshlanib ketdi. Dushmanni men otdimmi yoki snayperchimiz Sherali Esonov otdimi, bilmadim.
Jang tugaguncha, biz yaralangan uch nafar safdoshimizni vertolyot tomon ko‘tardik. Chiqarish qiyin kechayotganini ko‘rib, uchuvchi tepamizga uchib kelib pastladi.
Elomon akani vertolyotga ortishimiz oldidan, bizga o‘ng qo‘li bilan “To‘xtanglar!” ishorasini qildi. O‘shanda aytgan so‘ngi so‘zlari hamon quloqlarim ostidan ketgani yo‘q.
“Sizlardan so‘nggi iltimosim, ota-onam, uka-singillarimdan tez-tez xabar olib turinglar!” deya ko‘zlarini yumdi. Og‘ir yaralangan Elomon aka juda ko‘p qon yo‘qotganidan vertolyot kabinasiga ham yetmay joni uzildi.
– O‘sha kuni g‘o‘zani chilpish uchun hasharchilarni chaqirtirgan edim, – deya xotirlaydi Xolmurod aka Otajonov. – O‘sha paytdagi mahalla raisi Ikrom aka hamda hamqishlog‘im Abdurahim oldimga kelib, “Xolmurod, uyingga yur, senda zarur ishimiz bor!” deya qo‘yarda qo‘ymay uyga olib kelishdi. Uyga kirar-kirmasimizdan ikki nafar harbiy ortimizdan kirib keldi. Ofitserlarning biri Surxondaryodan Elomonning oldidan kelibdi, ikkinchisi tuman mudofaa ishlari bo‘limidan ekan. “O‘g‘lingiz, katta serjant Elomon Otajonov yaralanib, Termizdagi gospitalga tushib qoldi. Biz sizni uning oldiga olib ketgani keldik”, dedi u.
Mahalla raisi Ikrom Alimatov “Bularni umidvor qilib nima qilasizlar. Bor gapni aytaveringlar!”, dedi qat’iy ohangda. Ikki ofitser ham indamay yerga qaradi.
Ikrom aka “Xolmurod bardam bo‘l! Elomondan ayrilib qoldik”, degani qulog‘imga kirdi. Keyin nima bo‘lganini umuman eslay olmayman, – deya Xodmurod aka yig‘lagancha, xonadan chiqib ketdi...
El osoyishtaligi, yurt tinchligi, mamlakat mustaqilligi uchun jon fido qilgan, go‘shangaga qadam qo‘ymay, kuyovlik gashtini surmay, olam-olam orzularini o‘zi bilan olib ketgan, navniholligida umri poyoniga yetgan o‘g‘lingiz Elomon uchun ko‘z yosh to‘kayotgan bo‘lsangiz, bu ko‘z yoshlaringizni bizdan yashirmang, Xolmurod aka. Buning hech ham uyati yo‘q. Siz yig‘lashga haqlisiz.
Siz va Yanglish opa Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtini bitirgan, akasi Elomonning izidan borib, harbiylikni kasb qilgan ikkinchi o‘g‘lingiz mayor Yusuf Otajonovdek, ota yo‘lidan borib, sizdan qabul qilgan fermer xo‘jaligini bekam-ko‘st boshqarayotgan kenja o‘g‘lingiz Alisherdek, ikkisi ikki oilani baxtli qilib o‘tirgan qizlaringiz Sanobar-u Klaradek farzandlarni kamolga yetkazgan insonlar sifatida boshingizni tik tuting. Chunki biringiz xalq qahramoniga loyiq, eli tinch-u omonligi, yurti mustaqilligi uchun jonini fido qilgan Elomon Otajonovning padari buzrukvori, ikkinchingiz volidai muhtaramasisiz. Xalq esa o‘z qahramonlarini hech qachon unutmaydi.
Abdujalol QAYUMOV,
O‘zA muxbiri
2018-yil.
“Vatan omon bo‘lsin!” kitobidan olindi
Ta’lim-tarbiya
Til
Til
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q