Xotira va qadrlash kuni arafasida ikki ustozni yodga oldim. 2019-yilda yozilgan xotira-lavhani e’tiboringizga havola qilmoqdaman. Har ikki ustozni Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin!
Mahmud Sa’diy xotirasi va Asil Rashidovning 90 yillik yubileyiga bag‘ishlanadi.
2017-yil 23-sentabr, shanba. Soat 13:33. Asil Rashidov uyga qo‘ng‘iroq qilib, “Ertaroq kelaqolinglar, Mahmud Sa’dinov bilan”, deb qoldi. Bir necha kun oldin kelishib olganimizdek, bugun soat 15 da Asil akanikiga bormoqchi edik. “Ha, soat uchda yetib boramiz oldingizga”, dedim. Shundan so‘ng kiyimlarimni tezda almashtirib, yo‘lga chiqdim. Choshgoh mahalida Mahmud Sa’diyga qo‘ng‘iroq qilib, bugungi rejamizni eslatgandim. 58-avtobusda Vestminster universitetiga yaqinlashib qolganimda, soat 14:50 da Asil aka yana qo‘ng‘iroq qilib, qayerga yetib kelganimizni so‘radi. 5 daqiqada yetib borishimni aytdim. Respublika bolalar kutubxonasi yaqinidagi bekatda avtobusdan tushgan zahotim, soat 14:53 da ustoz Mahmud Sa’diyga qo‘ng‘iroq qildim. Qo‘l telefoniga tusholmadim. Asil akaning ko‘p qavatli uyi oldiga yetib borganimda soat millari 14:55 ni ko‘rsatayotgan edi, ustoz podyezd eshigidan chiqib kelayotgan ekan. Salom-alik qildik. Tartibga qat’iy rioya qiladigan inson bo‘lgani uchun uchrashuvga kechikkanimizdan jahli chiqayotganini sezib turardim. “Qani Mahmud?” deb so‘radi. “Hozir kep qoladi”, dedim ikkilanib. “Qo‘ng‘iroq qil”. Qo‘ng‘iroq qildim, biroq u “xizmat doirasidan tashqarida” edi. Telefoniga tusholmayotganimni bildirdim. “Telefoni ham lanj ekan-da”, dedi ustoz.
Asil akaga yaqin oradagi o‘rindiqqa o‘tirib turishini, men Mahmud Sa’diyni topib kelishimni, adashib, bizni topa olmayotgan bo‘lishi mumkinligini aytdim. Asil aka o‘rindiqqa joylashgach, Ma’mud Sa’diy kelib tushadigan bekatni kuzata boshladim. Bu orada qo‘l telefoniga qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilaverdim. Telefon apparatimga qarasam, 13 marta qo‘ng‘iroq qilibman. 14-marta qo‘ng‘iroq qilganimda soat 15:18 edi. Nihoyat go‘shakning narigi tomonidan ovoz keldi: “Qayerda turibsan?” Men turgan joyimni aytdim. Aytgan zahoti ustozning o‘ziga ham ko‘zim tushdi. Metroning Amir Temur bekatidan chiqib, “Ipotekabank” tomondan kelayotgandi. Salomlashdik. “Asil akaning jig‘ibiyroni chiqib, meni koyib berdi, hozir sizni ham ayab o‘tirmaydi, tayyor turing”, dedim. Ustoz jilmaygancha “Qani, ko‘ramiz”, deb qo‘ydi. Asil aka o‘tirgan joyga yetib keldik. Mahmud Sa’diy salom berib, qo‘lini uzatdi. Ustoz o‘tirgan joyida bir og‘iz ham gapirmay, qo‘lini tutdi. Bir muddat jimlikdan so‘ng “Nega kechikib yuribsiz?” – so‘radi Mahmud Sa’diydan. Mahmud Sa’diy ham bo‘sh kelmasdan, “Sizning G‘aybulla Salom haqidagi kitobingizni o‘qib tugatib chiqdim. ikki bet qolgandi”, dedi vaziyatni yumshatish uchun. Shundan so‘ng Asil aka sal yumshadi. Hol-ahvol so‘rashgach, Asil aka Mahmud Sa’diyga “Asil Rashidov zamondoshlari nigohida” kitobini akasi Sharof Rashidovning 100 yillik yubileyi marosimlari o‘tgandan so‘ng to‘ldirib, qayta nashrga berishni maslahatlashish uchun uni chaqirganini aytdi.
Shundan so‘ng Asil aka Oloy bozorining asosiy kirish darvozasi tomonga borishimiz kerakligini aytdi. U juda sekin qadam tashlayotgandi. “Mening yurishim shu. Taksiga o‘tira qolaylik”, dedi so‘ngra. Shu paytda oldimizga bir “Neksiya” kelib to‘xtadi. Haydovchi semiz bir kishi, yonidagi o‘g‘li bo‘lsa kerak. “Oloy bozorining asosiy kirish eshigi ro‘parasiga”, dedim qanchaga olib borishini ham so‘ramay. “Siz orqaga o‘tasizmi, manavi keksa kishi o‘tirsa bo‘lardi oldingi o‘rindiqqa”, degandim 13-14 yoshlardagi bolaga, u eshitmaslikka oldi. Mahmud Sa’diy va Asil Rashidov o‘ng orqa eshikdan, men yugurib borib, orqa chap tomondagi eshikdan mashinaga o‘tirdik. Joylashib olganimizdan keyin haydovchiga 2000 so‘m uzatgandim, yana 1000 so‘m berishimni so‘radi. Manzilimizgacha bor-yo‘g‘i 400 yoki 500 metr masofa ekanini aytib o‘tirmay, yana 1000 so‘m berdim. Men pulni uzatayotgan paytda Asil aka cho‘ntagini kovlayotgan edi. Haydovchiga pul berganimni ko‘rib, menga yana tanbeh berdi.
Ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas manzilda tushib qoldik. Asil aka bizni Oloy bozori asosiy kirish darvozasiga yondosh chap tarafdagi podvalda joylashgan suratxonaga olib tushdi. U yerda uchovimiz rasmga tushdik. “Esdalikka-da, balki yaxshi chiqsa, kitobga ham kiritamiz”, dedi ustoz. Suratga tushib bo‘lganimizdan keyin Asil aka rasmchiga “yarim soatdan so‘ng mana bu yigit kelib, suratimizni olib ketadi”, deya unga har bir rasm uchun 2 mingdan jami 6000 so‘m berdi.
Podvaldan ko‘tarilganimizdan so‘ng ustoz “Mana bu tomonda yaxshi bir o‘tiradigan joy bor, yaqinda Jizzaxdan uch-to‘rtta qadrdonlar kelganda ham shu yerda o‘tirgandik”, deya yo‘l boshladi. Yo‘l-yo‘lakay Asil akadan: “Siz Toshkentga birinchi bor kelganda, akangiz Oloy bozori yaqinidagi Finkelshteyn ko‘chasida yashashini aytgandingiz, hozir o‘sha ko‘chaning nomi nima bo‘lgan”, deb so‘radim. “Hozir borib o‘tiradigan joyimizning orqa tomonidagi ko‘cha edi, nomi nima deb o‘zgartirilganini bilmayman”, dedi ustoz. Har ikki ustoz sekin-sekin qadam tashlab, o‘zaro gurunglashib borar, goho yo‘lda to‘xtab olib, yana davom etishardi. 10 daqiqalardan so‘ng yemakxonaga yetib bordik. Oloy bozorining o‘ng tomonidagi bu kafe o‘zbekona bezakdagi, ayvonli, oynavand edi. Ichkariga kirib, o‘tirganimizdan so‘ng bir yigit menyuni oldimizga qo‘ydi. “Tanlanglar, men esa mampar aytaman”, dedi Asil aka. Men ham Mahmud Sa’diy tanlagan taomdan buyurdim.
Dasturxon atrofida har ikki ustozning gurungi avjiga chiqdi. “1960-yillarda kursdoshim bilan Jizzaxdagi uyingizga borganman” degan gapdan so‘ng Asil akaning ko‘ngli yanada yorishdi. Uchrashgan mahaldagi kechikkanimiz tufayli tundlashgan kayfiyatlarining yana piligi ko‘tarildi.
Ustozlarning gurungi rosa qizidi. Men ularning 1960-yillardan keyingi voqealar, 1980-yillardagi Rashidovlar oilasi uchun qora bulut soya solgan davrlar haqidagi gurungini maza qilib eshitib o‘tirdim. Ayniqsa, Asil aka 1980-yillar o‘rtalarida ko‘cha-ko‘yda ko‘plab eski tanishlari ularni ko‘rib-ko‘rmaslikka olib ketish holatlari kunda-kunora uchrab turgani, biroq o‘g‘li bilan bir joyda muzqaymoq yeb o‘tirganida, Mahmud Sa’diy ularning oldiga kelib, hol-ahvol so‘rashib o‘tgani haqidagi xotiralarni tilga olganida, Mahmud Sa’diy hamisha, har qaysi zamonda yuzi bir, tili bir, dili bir inson bo‘lib yashaganini angladim.
Bu orada men uchalamiz tushgan suratni olib keldim.
Soat 18 ga yaqinlashib qolgandi. Ofitsiant yigit bir parcha qog‘ozni oldimizga tashlab ketdi. Asil aka yana cho‘ntagini qarmaladi. Men plastik kartochkamni chiqarib, qo‘limda ushlab turdim. Buni ko‘rgan Asil aka, “Mana bu pulni ol-da, plastigingdan to‘layver, yaqinda jizzaxlik tanishlarim kelganda ham shunday qiluvdik”, deb qo‘ydi. Plastik kartochkadagi pulni 5–10 foiz “haq” evaziga naqdlashtirib yurganim uchun bu holat ham meni quvontirgandi.
Tashqariga chiqqanimizdan so‘ng Asil aka “Huv anavi burchakda qovoqli somsa sotiladi, o‘shandan 6 ta olib kel. Mana bu tomondan esa makkayi olamiz”, deya menga pul tutqazdi. Men borib somsa olib keldim. Pishirilgan (qaynatilgan) makkajo‘xori tugab ketgan ekan.
“Uyga mana shu tomondan piyoda o‘tsak bo‘ladi”, dedi Asil aka. Bu paytda soat 18:09 bo‘lib, biz Glavpochtamtning chap tomonidagi ko‘p qavatli uylarga yaqinlashib qolgandik. “Mana bu 4 ta chinor Asil boboning chinori bo‘ladi. 1970-yillarning boshida ekkanman” deya zabardast chinorlarni ko‘rsatdi ustoz.
Podyezdiga yaqinlashib qolganimizda, “Uyga kiringlar, yana biroz suhbatlashamiz. Mahmudjonga bir kitob ham beraman, foydalanish uchun”, deb qoldi. Liftda 5-qavatga ko‘tarildik. Asil akaning xonadoni eshigidagi “69” raqamini ko‘rgan Mahmud Sa’diy “Bizning avtobusning raqami ekan”, deb qo‘ydi. Asil akaning tartib-taomili bo‘yicha: tuflini tashqarida yechib, qo‘lga olib, ichkariga shippakni kiyib kirdik. Uy kutubxonasida ikki ustozning gurungi avjiga chiqdi. Chingiz Aytmatovning kitoblari yuzasidan fikr almashishdi. Men esa bu jarayonlarni qo‘l telefonimda suratga olib, u yerdagi boshqa suratlarga bir-bir qarab chiqdim.
Birpasdan so‘ng oshxonaga o‘tdik. Gurung o‘sha yerda davom etdi.
Soat 20 ga yaqinlashganda Asil aka “Charchadim. Endi sizlarga ruxsat”, dedi. Hamisha ro‘y-rost gapiradigan odamning bu gapi hech kimni og‘rintirgani yo‘q. Ustoz bilan xayrlashib, pastga tushganimizdan so‘ng, har galgidek 5-qavatga ko‘z yugurtirdim. Asil aka doimgidek qo‘l silkib turardi.
Bekat tomon yurarkanmiz, Mahmud Sa’diydan “Asil aka koyiganida ko‘nglingizga olmadingizmi?”, deb so‘radim. Ustoz jilmaygancha: “1965-yildan beri ishlayman. Shu paytgacha, 52 yildan buyon hech qayerga deyarli o‘z vaqtida bormaganman. Erkin odamman, Asil aka o‘zgartira olarmidi bu turishimni”, dedi.
Mahmud Sa’diyni taniydigan katta-yu kichik uni aynan shu “kamchiligi” bilan qadrlardi, ardoqlardi...
Men ustozga “Asil aka haqidagi maqolani “Asil aka tartibga qat’iy rioya qiladigan odam. Men esa teskarisi” deb boshlang”, dedim. U kishi esa “Yo‘q, men erkin odamman”, deb boshlayman, dedi. Kulishgancha xayr-xo‘shlashib, Mahmud Sa’diy Amir Temur metrosi bekati tomon, men Sergeliga ketadigan 58-avtobus bekati tarafga yo‘naldik.
Darvoqe, sarlavhani nega “78 va 87 orasida” deb nomlaganimni qisqacha izohlab beray. Mahmud Sa’diy ayni paytda 78 yoshda bo‘lsa, Asil Rashidov 87 yoshda. Men esa, ularning orasida. Ustozlarning izini bersin!
Aytgancha, joriy yil iyul oyida 80 yoshini nishonlagan ustozim Mahmud Sa’diy hayotdan ko‘z yumganiga bugun 20 kun bo‘ldi. Yana bir ustozim Asil Rashidov 18 kundan so‘ng – 2020-yil 1-yanvar kuni qutlug‘ 90 yoshini nishonlaydi. Ustozning umri uzoq bo‘lsin!
Asil Rashidovning hayoti va faoliyati haqidagi kitob 2018-yilda to‘ldirilgan holatda qayta chop etildi. Unga mening ustoz bilan qilgan suhbatim ham kiritildi. Mahmud Sa’diyning esa... Asil Rashidov haqidagi maqolasi yozilguncha, kitob nashr qilinib bo‘lgandi... Mahmud Sa’diy o‘zining ko‘ngli to‘lmagunicha biror bir maqolani hech qachon aytilgan muddatda yozgan emas. Bu ham ustozning o‘ziga xos xislatlaridan edi. Mahmud Sa’diyning oxirati obod bo‘lsin!
Sherali KARVONLI,
xalq ta’limi a’lochisi
14.12.2019 yil.
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q