1943-yil... Nemis fashistlarining ulkan o‘lim pechi (krematoriya) kechasi-yu kunduzi ovozsiz “gurillardi”. Bu badmakonga tutash binolar – tirikligicha yoqishga hukm qilinganlar ombori, ularga qamalgan minglab asirlar – erkag-u ayol, yosh-u qari, bolalar ochlik, kasallik, qo‘rquv so‘zi bilan ifodalab bo‘lmas tuyg‘ular iskanjasida yorug‘ dunyoning jahannamiga o‘tin bo‘lishlarini kutib tonglarni, yo‘-o‘q, og‘ir-u uzun lahzalarni qarshilardilar, kuzatardilar.
Aqlini tanigandan buyon otasi diniy ulamo bo‘lgani sababidan hayoti sho‘rolar tazyiqidan qochib yurtning chekka-chekka qishloqlarida kechgan oila farzandi Najmiddin Hamidov ham polki bilan nemisga asir tushib, bu yerga haydab keltirilgan. Yigirma besh yoshida o‘lim iskanjasini his etish qanchalar dahshat, ammo atrofidagi sarg‘aygan, qoraygan, ko‘zlari ichiga botib ketgan, qoq suyakka aylangan odamlar orasidagi o‘z yurtdoshlari, millatdoshlariga ko‘zi tushganda najotdan umid uzgan bu abgor-u afgorlarga “Qanday yordam berishim mumkin? Nima qilsam ularning holati ozgina bo‘lsa-da, yengillashadi?” degan savol xayoliga yopishib oldi. Nihoyat, bir chora topgandek bo‘ldi: qondosh, dindoshlarning ko‘kragiga osilgan raqamli taxtachaning orqasiga “La-a ilaha illalloh” deb yozib bera boshladi. Ha, kimlarningdir yuziga xotirjamlik, taskin tuyg‘usi yugurgandek bo‘ldi va!.. kutilmaganda yakka-yu yolg‘iz Qodir Allohning marhamati o‘limxonaning tosh-temir darvozalarini ochib tashladi – nemislar chekinayotganini ovoza qilib ozodlik askarlari kirib kelishdi.
G‘alabadan keyin ona yurtga – Qashqadaryo viloyatining Kitob tumani Sariosiyo qishlog‘idagi oilasi bag‘riga qaytgan Najmiddin Hamidovni ko‘p o‘tmay yana hibsga oldilar, uni o‘z ixtiyori bilan dushmanga asirga tushgan deb, vatan xoinligida aybladilar. To‘qqiz yillik umri Qozog‘istonning Jezqozg‘onidagi ko‘mir konida mahkumlikda o‘tdi. Insonlarni ham jismonan, ham ma’nan sindirishga xizmat qilgan o‘sha zulmxonada ham Najmiddin adolatsiz tuzumning o‘zi kabi qurbonlari – qamoqdoshlarining ko‘nglini ko‘tarishga, noumidlikda qutqarishga tinmay harakat qildi. Yoshligidan sevib yod olgan Navoiy g‘azallarini, o‘zining Asiriy taxallusi bilan yozgan she’rlarini o‘qib berardi.
O‘ksima, g‘amgin yurak, o‘lkang guliston o‘lg‘usi,
Ochilib har yon chechaklar misli bo‘ston o‘lg‘usi.
Shonli kuch, erkin hayot birdek shioring yarqirab,
Milliy bayrog‘ing buyuklikda namoyon o‘lg‘usi.
Shahr-u qishloq, kent aro ochilib dorilfunun,
Ilm o‘qib, anda qari yoshlar bilimdon o‘lg‘usi.
Haq nasib etsa rivoj olgay dini Islomimiz,
Ham shahidlar ruhiga ko‘p xatmi Qur’on o‘lg‘usi.
Bu hama boshdan kechirgan kulfat-u ranj-u alam
Yozilur zarhal bilan tarixda doston o‘lg‘usi.
Tangri yor o‘lsa ko‘rarmiz, komil imonim mening,
Ey Asiriy, dushmaning yer birla yakson o‘lg‘usi.
Najmiddin Hamidov 1954-yilda ozodlikka chiqdi, oila qurib olti farzandli bo‘ldi, 1978-yilda boqiy dunyoga ketdi. Najmiddin bobodan yorqin xotiralar, xayrli va ibratli ishlar, erk-u ozodlikka sog‘inch – intizorlig-u ishonch tuyg‘ulariga yo‘g‘rilgan g‘azallar, el-u yurtning xizmat-u izzatida bo‘lgan avlod qoldi.
Tarix sahifalarida “Falon urush, jang-u jadalda falonchining jasorati, qattiqqo‘lligi, harbiy (yoki muzokara) mahorati g‘olib bo‘ldi” qabilidagi gaplarni ko‘p o‘qiganmiz. Nazarimda, ayni fikrni “...xalqning, xalqparvar insonlarning Haqqa ishonch bilan qilgan ezgu niyatlari, tilaklari, intilishlari ham g‘alabaga poydevor bo‘ldi” degan ibora bilan to‘ldirish o‘rinli bo‘ladi.
Alloh o‘tgan azizlarimizni rahmatlarga g‘arq aylasin.
Muhtarama ULUG‘OVA
Ta’lim-tarbiya
Til
Til
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q