Olx.uzdagi olg‘ir 24 nafar e’lon beruvchini qay tarzda 300 millionga “uxlatdi”?


Saqlash
16:04 / 29.04.2022 1217 0

Qarmoq

 

Bekorchining xayollariga nimalar kelmaydi, deysiz. Ayniqsa, u tekinxo‘rlikni, odamlarni laqillatib, borini o‘zlashtirishni, ularning hisobiga kun ko‘rishni afzal bilsa.

 

Sodiq Diyorov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) uzzu-kun yotaverib zerikdi, nimadir “yangilik” qilishni istadi. Telefonini titkiladi, turli saytlarga kirdi, bo‘lar-bo‘lmas videolarni tomosha qildi. Yana titkiladi. Olx.uz! Shu saytga ko‘zi tushishi bilan labining bir cheti irshaydi. Hatto ertadan beri cho‘zilib yotgan joyidan sakrab turdi. O‘zicha xirgoyi qilib, bir eshilib o‘ynadi-yey. Va shu ondayoq xayoliga kelgan maqsad sari ilk qadamini tashladi. Mahsulotini sotmoqchi bo‘lib, saytda e’lon qo‘yganlardan birining raqamini bosdi. Narigi tomondan labbay, degan javob olgach so‘z boshladi:

 

– Yaxshimisiz, tikuv mashinalaringizni sotmoqchi ekansiz?

 

– Ha, xuddi shunday, turli rusumdagi 15 ta mashinkam bor, pul zarur edi, hammasini birdan olganga arzon narxda sotaman, – dedi Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida istiqomat qiluvchi Dilobar Niyozova.

 

– Yaqinda tikuv sexi ochgandim, agar ularni Toshkent shahriga olib kelsangiz, o‘zim hammasini sotib olardim.

 

Taklif sotuvchiga ma’qul keldi. Ertasi kuniyoq tovarlarini mashinaga yuklab poytaxtga olib keldi.

 

– Singlim, ming bor uzr, oldingizda xijolatdaman, sizniyam ovora qildim... – uyalgan bo‘ldi Sodiq. – Bir tanishimda anchagina pullarim bor edi, sal muammosi chiqib qolibdi, shunga...

 

Qo‘njim pulga to‘lib qaytaman degan umidda bir viloyat naridan ovora-yu sarson bo‘lib kelgan juvongina hayron edi. Qolaversa shuncha manzilga shuncha mashinalarni yana qaytarib olib ketish xarajatlari chakkimas.

 

– Agar rozi bo‘lsangiz, bir haftada pullaringizni qilib beraman, – uning xayolini bo‘ldi olar man. – Ishonmasangiz tilxat ham yozib beraman.

 

Ayol noiloj rozi bo‘ldi, 41,5 million so‘mlik qiymatdagi tikuv mashinalarini tilxatga almashib, Sirdaryoga qaytdi.

 

– Buncha sodda bo‘lmasa-ya, bu odamlarimiz, – qo‘liga osongina kiritilgan yuklarni “Yandeks” xizmati ko‘magida olib qaytarkan miyig‘ida kuldi u. – Shuncha tovarini bitta tilxatga almashib ketdi.

 

U o‘zida namoyon bo‘lgan “qobiliyat”idan mag‘rurlanar, hademay, mana bularni sotsa, qo‘liga tushadigan mablag‘lardan quvonchi ichiga sig‘masdi.

 

– Davring keldi sur, begim, – dedi o‘ziga o‘zi mashina suyanchig‘iga boshini tashlab va yana darhol olx.uzga sho‘ng‘idi.

 

Xayriya niqobi ostida...

 

Yana bir e’longa ko‘zi tushib, darhol qo‘ng‘iroq qildi. O‘zaro suhbatdan so‘ng, mashinkalarni tegishli joyda qoldirdi-yu, ikkinchi manzil Yunusobod tumani Otchopar mahallasi Bo‘zsuv bo‘yi ko‘chasidagi xonadonlardan biriga yo‘l tortdi.

 

– Bir odatim bor, opajon, mol so‘yib, yetimlarga xayriya tariqasida tarqatib turaman, – dedi uni kutib olgan uy bekasi bilan molxonaga ketayotib. – Bu qoramolingizni ham o‘zim qimmat narxda sotib olaman, faqat bitta iltimos, pulini 10 kunda beraman. Savobimizga siz ham sherik bo‘ling, duoda qolasiz.

 

Taklifni rad etmoqqa endigina og‘iz juftlagan ayol savob so‘zidan so‘ng eridi-qoldi. Qo‘liga tutqazilgan pasport nusxa va tilxat evaziga 14 million so‘mlik bir bosh qoramolining arqonini unga tutqazdi...

 

Ishlari besh bo‘layotganidan havolangan Sodiq saytdan chiqolmay qoldi. O‘zibop mijozlar axtarar, ular bilan savdolashar, telefonda ularning soddaliklariga ishongach, aniq maqsadga o‘tardi.

 

Baxtiyor Mo‘minov ham unga qanday chuv tushganini bilmay qoldi, rosti. Uning 6 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgani 2 ta “Redmi note 9 t” telefon apparati uchun oldindan 800 ming so‘m, qolganini 4 oy davomida har oyda 1 300 000 so‘mdan berib borishini aytib, oxiri ko‘ndirdi. Yunusobodlik Husan Rahimov-chi? Pulini bir hafta ichida olishiga ishonib, oylab boqqani, 36 million so‘mlik 2 bosh ho‘kizini “xayriya”chiga qo‘shqo‘llab berib yubordi...

 

Firibgarning qilmishi shu bilan yakun topgan bo‘lsa qaniydi. U o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, takroran firibgarlik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida yana ko‘plab sodda va ishonuvchan kishilarni qarmog‘iga ilintirdi. Parkentlik Erkin Raimovning turli rusumdagi 8 ta tikuv mashinasini 10 kunda pulini olib kelib berishga ishontirib, shu mazmunda tilxat yozib berib, aldab ketib, uni 18 934 038 so‘mga “uxlatgan”. Shuningdek, bektemirlik Vasila Zulfiqorovaning 2 ta (9 475 000 so‘mlik), olmazorlik Dinara Utanovaning 12 ta (33 760 481 so‘mlik), yunusobodlik Xolmat Asfandiyorovning 1 ta ( 6 839 095 so‘mlik), Rashid Sobirjonovning 2 ta (8 345 436 so‘mlik), yangihayotlik Doniyor Malikovning 10 ta (60 million so‘m lik), uchtepalik Maqsuda To‘rayevaning 1 ta (6 million  so‘mlik), o‘rtachirchiqlik Mahfuza Mirzayevaning 1 ta (3 million so‘mlik), Dilshod Sobirovning 1 ta (8 million so‘mlik), olmazorlik Dildora Soliyevaning 4 ta (2 100 AQSh dollarilik), bektemirlik Nazira Turopovaning 1 ta (3,5 million so‘mlik), Said Toshtemirovning 7 ta (2 250 AQSh dollarilik) tikuv mashinasini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan. Ularni sotib, o‘z maqsadlari uchun sarflab yuborgan. Bulardan tashqari, u yana shu saytdagi e’lonlar orqali ko‘plab kishilarning sotuvga qo‘ygan mobil telefonlari, kompyuter jamlanmalari va boshqa ashyolarini yuqoridagi yaxlitda aldab-suldab qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

 

Totalizatorga yutqazib qo‘ygandim”

 

Sudlanuvchi Sodiq Diyorov sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi. Qayerdan buncha “iqtidor” deyayotgan bo‘lsangiz, u oldinlari tikuv mashinasi olib sotish faoliyati bilan shug‘ullangan ekan. O‘zining aytishicha, firibgarlikka qo‘l urishiga esa 2021-yil boshlarida totalizator o‘yiniga qiziqib qolib, futbol jamoalariga pul tika boshlagani, ammo uning jamoasi yutqazib qo‘ygani sababli, u ham pullarini boy bergani sabab emish. O‘yinga berilib ketganidan o‘zi bilmagan holda ko‘p miqdorda pul tikib, yutqazib, qarz bo‘la boshlagani, qarzlaridan qutilish maqsadida fuqarolarning olx.uz sayti orqali sotuvga chiqargan tikuv mashinalari pulini 10 kun ichida olib kelib berishini aytib olib, ularni qayta sotib, pullarini yana totalizator o‘yiniga tikib, yutqazishda davom etgan.

 

Sud Sodiq Diyorovni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi b bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga uzil-kesil o‘tash uchun 7 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, Sodiq Diyorovdan 20 nafar jabrlanuvchi hisobiga jami 225 609 906 so‘m undirish ko‘rsatildi (7 nafariga 14 650 000 so‘m va 1 850 AQSh dollari hamda bir nafariga qiymati 2 000 AQSh dollari bo‘lgan 2 ta tikuv mashinasi shu paytgacha qaytarilgan).

 

Fojia to‘ri

 

Jinoyatchiga jazo tayinlandi, ma’lum muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar qachonlardir qoplanar ham. Ammo boshqa xavotir ko‘ngilga tinchlik bermaydi.

 

Birinchi hadik shuki, odamlardagi soddalik, hanuzgacha birovlarga ishonib, chuv tushib, keyin uni bartaraf etaman deb yillab sarson-u sargardon bo‘lib yurishi, huquqlarini yaxshi bilmasligi. E’tibor bergan bo‘lsangiz bir firibgar 24 kishini chuv tushirgan. 24 nafar! Bu kichkina raqam emas! Bu shuncha xonadonda xotirjamlik ketgani, asabbuzarlik, oilaviy kelishmovchilik va janjal urchiganidan darak emasmi?!

 

Ikkinchidan. Sudlanuvchi mazkur xatolariga sabab – internet o‘yinlariga mukkasidan ketgani, oddiy qilib aytganda, qimorga pul tikkani va yutqazib qo‘yganini sabab qilib ko‘rsatmoqda. Qimorning harom ekani haqida muqaddas kitoblarimizda, hadislarimizda ham bir necha bor keltirilgan. Buning oldini olish joizligi, unga yaqinlashmaslik, aks holda xunuk oqibatlarga olib kelishi haqida ommaviy axborot vositalarida bot-bot chiqishlar bo‘lib turibdi. Biroq... ahvol o‘sha-o‘sha.

 

Hozirgi paytda internetsiz hayotni tasavvur qilish qiyin. Hamma gap undan to‘g‘ri va oqilona foydalanishda. Lekin hammada ham bunday himoya immuniteti shakllanmagan, ayniqsa yoshlarning internetda soatlab o‘yin o‘ynayotgani barchasidan xavotirli. Aholi orasida aynan internetdagi totalizator o‘yiniga qiziqish ortayotgani sir emas. Hatto tez-tez quloqqa chalinyapti, qaysidir hamyurtimizning bu kabi o‘yinlarga katta miqdorda pulini tikib, boy berib qo‘ygani, hatto o‘z joniga qasd qilayotgani haqida ham eshityapmiz.

 

Yoki kontrakt to‘lovi uchun ota-onasi yuborgan pullarni unga tikib, o‘qishidan mosuvo bo‘layotgan talabalar ham yo‘q emas. Eshityapmiz-u, lekin ming afsuski, jiddiy saboq chiqarmayapmiz. To‘g‘ri, internetdan foydalanish uchun cheklov yoki taqiq yo‘q. Hamma muammo mana shunda!

 

Demak, istagan odam internet orqali bu o‘yinni o‘ynashi mumkin. Shu bois bunday illatlarga qarshi har birimiz kurashishimiz, hushyor bo‘lishimiz, farzandlarimizga bu qing‘ir va harom yo‘l ekani, undan uzoq bo‘lishini ta’kidlab turishimiz joiz. Zero, tavakkalchilikka asoslangan har qanday o‘yinning oxiri fojiali tugaydi.

 

Ikrom RAJABOV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Yangihayot tumani sudi sudyasi

 

Nurxon ELMIRZAYEVA,

“XXI asr” muxbiri

 

XXI asr gazetasi, 2022-yil 28-aprel

17 (963)-son

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19276
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16342
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi