Adabiyot
O‘zbek xalqi ming yillar davomida shakllanib, sayqallanib kelayotgan boy madaniyatga ega. Madaniyat o‘zida moddiy va ma’naviy boyliklarni mujassam etadi. Moddiy madaniyat inson hayot faoliyatining barcha jabhalarini qamrab olgan holda, uning qobiliyatlari va ijodkorligining natijasi sifatida inson tomonidan yaratilgan moddiy ne’matlarni o‘zida namoyon etadi. Ma’naviy madaniyat esa bilim, estetik qadriyatlar, xulq-atvor normalari, dunyoqarash, axloq, diniy e’tiqodimiz, an’analarimizni qamrab oladi. Moddiy va ma’naviy madaniyatning bir ko‘rinishi sifatida milliy liboslar shu qadar ko‘p qirrali va noyob hodisa bo‘lib, u xalqning etnik tarixi va madaniyatini, o‘ziga xos estetik qarashlari, didi va an’analarini o‘zida aks ettiradi. Til madaniyati, xalq og‘zaki ijodi, an’ana va urf-odatlar bilan birga milliy liboslar ma’lum bir millatning muayyan hayot tarzi haqida e’tiborli ma’lumotlar beradi.
An’anaviy milliy liboslar o‘ziga xos belgi, timsol sifatida ma’lum bir ma’noga ega bo‘lishi mumkin. Bular amaliy, utilitar, estetik, yosh, ijtimoiy-jins (turmushga chiqqan ayol libosi) va u bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan axloqiy funksiya, shuningdek, bayramona libos, marosimlar uchun, kasbiga bog‘liq bo‘lgan, diniy liboslarni ajratib ko‘rsatadi (Богатырев П.Г. Вопросы теории народного искусства. М.: Искусство, 1971. 544 с.). Liboslarda inson yashagan joy va zamon, uning hayoti, turmushidagi quvonchli yoxud qayg‘uli kunlari aks etadi. Milliy liboslar muayyan madaniyatning o‘ziga xos xususiyatlarini ifodalovchi ijtimoiy belgi sifatida madaniyatlarning o‘zaro ta’siri va moslashuvchanligini ta’minlaydi, va shu bilan birga, turli davrlarda turli etnik guruhlarning madaniyatlar muloqotini amalga oshiruvida vositachi bo‘lib, ushbu madaniyat uchun muhim bo‘lgan muayyan axborot assimilyatsiyasini tashkil qiladi.
Kiyim va libos tushunchalari mazmun-mohiyati jihatdan bir-biri bilan mushtarak ko‘rinsa-da, ushbu tushunchalar o‘rtasida birmuncha farqlar ham mavjud. Kiyim deganda, avvalo, inson tanasining turli qismlarini berkitish uchun zarur bo‘lgan, uni tashqi muhitning turli ta’sirlaridan himoyalaydigan buyumlar tushuniladi. Kiyimning qator turlari mavjud. Bular: ichki kiyim, ustki kiyim, turli uzunlikdagi paypoqlar, poyabzal, bosh kiyimlari. Mana shu predmetlar turli vazifalarni bajaruvchi aksessurarlar, bezaklar, soch turmagi, pardoz bilan birga libosni tashkil etadi. Libos yaxlit kompozitsiyadir. Aynan libos insonning ijtimoiy kelib chiqishi, uning o‘ziga xos xususiyatlari, yoshi, jinsi, xarakteri va estetik didini namoyon etadi (Liboslar tarixi. D.Rahmatullayeva, U.Xodjayeva, F.Ataxanova// http://milliycha.uz/kr/liboslar-tarixi/).
Xalqimizning yorqin va o‘ziga xos urf-odatlari asrlar davomida shakllanib kelgan, shu bilan birga an’anaviy liboslarimiz ham uzoq davrlardan beri rivojlanish bosqichini o‘tagan. Liboslarning tarkibi o‘zgargan, unga kiritilgan buyumlardan tortib, ularning shakli, kesimi, matolari va ranglari, kiyinish uslubi o‘zgarib borgan. Aytish joizki, qadimdan liboslar uchun matolarni asosan ayollar ishlab chiqarganlar. Avvalo jundan, keyinchalik esa boylik ramzi hisoblangan ipak, paxta, zig‘ir tolalaridan matolar to‘qilgan.
O‘zbek milliy liboslarining birinchi o‘ziga xos xususiyati, hokimiyat va badavlatlik belgisi bo‘lmish oltin kashtachiligidir. Arxeologlar Toshkent viloyatidagi qazishmalar paytida oltin kashta izlarini topganlar: kiyimning bunday bezagi ipak paydo bo‘lishidan oldin ham ma’lum bo‘lgan degan faraz mavjud. Asl matolar gulli, ayrim hollarda geometrik bezaklar bilan bezatilgan. Bunday liboslar ijtimoiy mavqe’ning yorqin belgisi bo‘lgan. Masalan, hukmdor va saroylardagi mulozimlar oltin naqshinkor liboslar kiyishi urf bo‘lgan, ushbu qimmatbaho qiyimlarni hukmdorlar o‘z mulozimlariga sovg‘a qilganlar. Lekin qadimdan oddiy kishilarning kiyimi ham oddiy bo‘lgan. “An’anaviy o‘zbek libosi asosan, ustki ko‘ylak, ishton va chopondan, boshga do‘ppi, oyoqqa mahsi-kalish yoki etikdan iborat bo‘lgan. Erkaklar, ayollar va bolalar kiyimlari bichimining deyarli bir xilligi ularning qadimiyligidan darak beradi. Bunday liboslar oddiy usulda, ba’zan qaychisiz va ulgusiz, yaxlit matodan yirtib tikilgan. Bir parcha gazlamani ikkiga buklab, yelka tomonga ko‘ndalangiga ikki yeng bilan bir parcha to‘rt burchak xishtak (qo‘ltig‘iga solingan) tikib kiyilavergan” (J.S.Ergashev O.B. Mamadaliyeva M.A.Nazarova. Kostyum tarixi. O’quv qo’llanma. Namangan Muhandislik-texnologiya instituti, 2020.). Erkaklarning ko‘ylak-ishtoni, odatda, bir rangda, asosan, oq rangda, ayollarniki rang-barang matolardan tikilgan. Ayollarning milliy liboslari ichki, ustki va kishilik kiyimdan iborat bo‘lgan. Ustki kiyimlar – kamzul, yengil xalat (mursak, kaltacha), yengsiz nimchalardir. Ayollarning o‘ziga xos chopon shaklida bichib tikilgan ust kiyimi – mursak ilgari juda keng tarqalgan. Ular Buxoro, Xorazm va Qashqadaryoda yengi tirsakkacha kalta va kengligi bilan, Samarqand va Toshkentda uzun, yengsiz, bilakkacha yengi bo‘lgani bilan farqlangan. Mursak astarli qavima qilib tikilgan, qishki mursakka esa paxta solingan.
Bugungi kunda ham xalqimiz katta bayramlarda va ayniqsa muhim tadbirli kunlarda milliy liboslarni afzal ko‘radilar. Masalan, kuyov to‘yda oltin naqshli choponlar, ayollar esa atlas-u adraslar, tilla naqshli baxmal choponlarni xush ko‘radilar. Albatta, bunday hashamat uchun boy matolar – ipak, baxmal ishlatiladi. Kiyim nafaqat tabiiy ehtiyojni ta’minlovchi bir vosita, shu bilan birga u amaliy san’at namunasi hamdir. U amaliy san’atning barcha namunalari singari go‘zallik hamda ma’lum bir maqsadga yo‘naltirganlik bilan ajralib turadi.
Bugun zamon shiddat bilan rivojlanmoqda. Buni nafaqat kiyinishda, yurish-turishimizdan tortib muomalamizda, balki zamonaviy texnikalardan foydalana olish, mehnat samaradorligini oshirish maqsadida eng so‘nggi uskunalarni ishlatishga bo‘lgan ishtiyoqda sezishimiz mumkin. Zamonaviy kiyimlarda milliy an’analar bilan Yevropa uslubi qo‘shilib ketgan. Milliy matolardan zamonaviy ruhdagi turli bichimlardagi ko‘ylak va kostyumlar xotin-qizlar o‘rtasida urf bo‘lgan. Albatta, o‘zbek ayollarini iffatli sharq ayoli timsolida ko‘rsatadigan muhim belgilaridan biri – ularning milliy kiyimlaridir. Azal-azaldan milliyligimiz jozibasiga aylangan o‘zbek ayollarining kiyinish madaniyati, boshlariga ro‘mol o‘rashlari sharq xalklariga xos yuksak ma’naviyat ifodasi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugungi kunda chet ellik sayyohlar ham egnida bizning milliy atlas va adraslarni, boshlarida o‘zbekcha do‘ppilarni ko‘rib, ko‘ngillarda g‘urur tuyg‘usi uyg‘onadi. Atlas va adrasdan tikilgan zamonaviy liboslar Yevropa podiumlarida ham jilolanib, ko‘zni qamashtirgancha milliy liboslarimiz butun dunyoga tanilmoqda va bu juda quvochli holat.
Xulosa qilib shuni ta’kidlash mumkinki, ko‘p asrlar davomida yaratilgan xalq liboslari moddiy va ma’naviy madaniyatning ajralmas qismidir. Xalq ijodiyoti namunalarini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, liboslarda maqsadga muvofiq tarzda funksional va estetik fazilatlar birlashtirilgan. Xalq san’ati uzoq tarix davomida shakllanar ekan, mavjud ijod namunalarining eng qimmatli va hayot bilan oqlangan zaruriylari saqlangan. Tasodifiylari inkor etilgan, natijada o‘zida barcha zaruriy xususiyatlarni mujassam etgan milliy liboslargina olib qolingan. Zamonaviy kiyinishda sharm-hayo me’yorlariga amal qilib, o‘zbekona kiyinish madaniyatini targ‘ib qilish, shu orqali urf-odat va qadriyatlarimizni saqlash, albatta milliy madaniyatimizni, milliy o‘zligimizni asrashga xizmat qiladi.
Nodira ALIMUHAMEDOVA,
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot
universiteti katta o‘qituvchisi
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q