Jo‘rayev Husanjon
Sog‘inchli salom maktubi. 02.05.44.
Samarqand shahrida sog‘ va salomat yashab yuruvchi mehribonlarimizga farzandingiz bo‘lmish Husanjondan ko‘pdan ko‘p tuganmas sog‘inchli salom.
Sog‘indim
O‘ynab yursam qo‘lga berdi povestka,
Gaplashtirmay haydab chiqdi poyezdga,
Xudo qildi, tan beraylik bu ishga,
Yig‘lab qolgan enam, sizni sog‘indim.
Bulbul bo‘lib gul shoxiga qo‘nmadim,
Yoshligimda o‘z shahrimda yurmadim.
Akam, sizning xizmatingiz qilmadim
Mehribonim akam, sizni sog‘indim.
Ko‘p sutkalar bizlar yurdik yo‘llarda,
Aqlim ozdi uzoq manzil cho‘llarda.
Joningiz sog‘ bo‘lsin o‘shal joylarda,
Shirin bo‘lgan ukalarim, sog‘indim.
Biz bosmagan hech bir shahar qolmadi,
Xudo bergan oyog‘imiz tolmadi,
Orqamizdan hech kim xabar olmadi,
Tashna bo‘lgan xolamlarni sog‘indim.
Gaplashay deb kirolmadim uyimga,
Meni izlab chiqdingizlar yo‘limga,
Shuncha o‘ylab xat olmadim qo‘limga,
Birga o‘sgan o‘rtoqlarim, sog‘indim.
Qirq kishidan komandirni sayladi,
Hammamizni bir komandir haydadi.
Olib borib shaharlarga jayladi,
Erkin o‘sgan qishlog‘imni sog‘indim.
Shuni bilan yozish voqeam tamom. Men bu ashulani sizlardan hech bir xat olmaganimga tashna bo‘lib, ko‘p sog‘inish to‘g‘risida yodgorlik uchun yozdim. Asosiy so‘z namanganlik o‘rtog‘im Muhiddinovniki, eng so‘nggi kotibi xorazmlik o‘rtog‘im Qalandarov.
Endi sizlardan shunisini qattiq iltimos qilaman. U ham bo‘lsa, mana shu sog‘inishliq to‘g‘risida yozgan maktubimni yo‘qotmasdan o‘qib yurishlaringizni iltimos qilib so‘rayman.
Ona, men sizlarga yodgorlik uchun ikki dona suratimni yubordim.
Endi mendan ahvol so‘rasangizlar, mening jonim sog‘, dimog‘im chog‘. Men hali Qapqozdagi g‘ospitalda butun o‘zbek va tojik yigitlari bilan o‘ynab-kulib yuribman. To‘lka sizlardan hech bir xat olmayman, shunisi alam qiladi.
Ona, shuning uchun hech shoshilmasdan bizlar uchun tilakda bo‘lib tursangiz, Xudo xohlasa, tezda borib qolarmiz.
Shuning bilan, hayr, omon-eson bo‘linglar deb xat yozuvchi o‘g‘lingiz Jo‘rayev Husainjon.
***
Vali Qayumxon xoinmi?
Vali Qayumxon 1904-yil Toshkentning Chig‘atoy dahasida yirik chorva savdogari Qayumqori Olimboyev (1865–1948) xonadonida kenja farzand bo‘lib dunyoga kelgan. U bolaligidan cheksiz g‘ayrati, ilmga muhabbati va shijoati bilan tengdoshlaridan ajralib turar edi. Avval boshlang‘ich “Xoniya” jadid maktabida, so‘ng Munavvar qori Abdurashidxonovning “Namuna” maktabida o‘qidi.
Fitratning “Chig‘atoy gurungi”da faol ishtirok etdi. 1920-yil Salimxon Tillaxonov, Qayum Ramazonlar bilan Ozarboyjon orqali Turkiyaga o‘qishga yo‘l oldi. Biroq, bolsheviklar tomonidan chegaradan qaytariladi. Ular bir muddat Bokuda ziroat bilim yurtida tahsil oladi. Ozarboyjonda ahvolning og‘irlashishi tufayli Toshkentga qaytishga majbur bo‘ladilar. Toshkentdagi Narimonov nomidagi pedagogika bilim yurtida o‘qib yurgan vaqtida olmon tilini o‘rgangan edi.
1922-yil o‘zbek yoshlari tashabbusi bilan talabalarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ko‘mak” jamiyati tashkil etiladi. Buxoro Xalq Respublikasi hukumati rahbari Fayzulla Xo‘jayev toshkentlik iqtidorli yoshlardan Sayyid Ali Xo‘ja, Sattor Jabbor, To‘lagan Mo‘minlar bilan birga Vali Qayumxon uchun ham Buxoro pasportini berib, Germaniyaga yo‘llaydi. Ularning moddiy xarajatlari hukumat tomonidan qoplanishini kafolatlaydi. Vali Qayumxon Germaniyada qisqa muddatda katta yutuqlarni qo‘lga kiritadi. U Berlin oliy qishloq xo‘jaligi akademiyasiga o‘qishga kiradi. Vali Qayumxon jisman Olmoniyada bo‘lsa-da, qalban Vatanda edi. U Toshkentga Munavvar qori Abdurashidov, Saidnosir Mirjalilovlarga ko‘rgan kechirganlari haqida tinimsiz xatlar yozadi. MGU iqtisodiyot fakultetida o‘qiyotgan Botu va Leningradda grafika san’ati yo‘nalishida tahsil olayotgan Iskandar Ikrom kabi yaqin do‘stlari bilan muntazam yozishmalar olib boradi.
Vali Qayumxonning Toshkent bilan aloqada bo‘lib turishida akasi tadbirkor inson Abdulhay Qayumqorining xizmati katta bo‘lgan. U Germaniyada tahsil olayotgan ukasi Vali Qayumxon bilan aloqaga o‘ta ehtiyotkorlik bilan yondashadi. Avvalo o‘z familiyasini almashtirib, Abdulhay Qoriyev tarzida xatlar almashadi. Abdulhay Qoriyev Vali Qayumxonga xatlar bilan birga 1931-yilgacha “Mehrobdan chayon” va boshqa yangi asarlar hamda muntazam ravishda O‘zbekiston matbuoti gazetalaridan namunalar yuborib turgan edi. Abdulhay Qoriyevning jinoyat ishida uning 1930-yil 23-dekabr kuni ukasi Vali Qayumxonga yozgan xatida: “... Botuni so‘rabsan. Uning anchadan beri qayerdaligi noma’lum. Toshkentda ham, ish joyida ham yo‘q”. Demak, shu narsa ma’lum bo‘ladiki, yozda qamoqqa olingan O‘zbekistonning Maorif xalq komissari Botuning taqdiri hamon ko‘pchilikdan sir tutilgan. Bu esa qatag‘on aynan Markaz tomonidan rejali amalga oshirilganligini isbotlaydi. Shundan so‘ng Abdulhay ukasiga Toshkentdagi holat haqida ma’lumot berib, “... mana sovuq tushdi o‘tin 90 so‘m, go‘sht qadog‘i bir so‘m, un 40 so‘m. Sovuqdan odamlar qotib o‘lmoqdalar. Ularning hammasi o‘zbeklar. O‘rislar o‘zlariga uy va issiqlik ta’minoti masalalarini allaqachon hal etib qo‘yishganlar” deb xat so‘ngida “so‘ragan gazetalaringni yuborayapman” deb fikrini tugatadi.
Xullas, 1930-yilga kelib GPU ayg‘oqchilari tomonidan Germaniyadagi talabalar orasida stipendiya belgilashda, shuningdek, ijtimoiy kelib chiqishi, yo‘nalishlari, millati, qaysi hududdanligiga qarab turli fitnalar uyushtiriladi. Natijada talabalar uzil-kesil ikkiga bo‘linadi. Bunda O‘zbekiston hukumati bilan yaqin aloqada bo‘lgan Sattor Jabbor, Sulton Matqul, To‘lagan Mo‘min kabi Vatanga qaytadiganlar va Ovro‘poda yoki Turkiyada qolib butun umr Turkiston istiqloli uchun kurashib yashashga qaror qilganlar. Vali Qayumxon, Said Ali Xo‘ja, Ahmadjon Ibrohim, buxorolik Ahmad Naim, Afzal Abusaidlar ikkinchi guruhni tanlaydi.
Vali Qayumxon Toshkentda Bashorat Umarqoriyeva (1904) ismli qiz bilan oila qurgan edi. Akasining xotiniga qarindosh bo‘lgan bu ayol Vali Qayumxonni bir necha yil kutadi. Biroq, Vali Qayumxon Vatanga qaytish o‘zi uchun xatarli ekanligini bilgani holda qaytmaydi. Boisi, qaytib kelgan bir necha talabalar turli bahona bilan Vatanda tutib qolinib, Germaniyaga qaytib o‘qishini davom ettirishiga ruxsat bermay qo‘yilgan edi.
1931-yildayoq Vatanga qaytishdan deyarli umidini uzgan Vali Qayumxon turmush o‘rtog‘iga oltin soat va boshqa bir necha qimmatbaho buyumlar yo‘llab, kechirim so‘raydi va boshqa oila qurishiga rozilik beradi. Shundan so‘ng Bashorat Umarqoriyeva Vali Qayumxondan umidini uzib boshqa insonga turmushga chiqadi. Vali Qayumxon rassom Voytex va xotini frau Yelizabetlarning uyida ijarada turgan.
Uch farzandi bo‘lgan bu olmon oilasi Vali Qayumxon uchun ko‘p yillar haqiqiy qo‘rg‘on vazifasini o‘tadi. Vaziyat yil sayin murakkablashib bordi. U o‘zini ham, Toshkentdagi qarindoshlarini ham himoya qilishi zarur edi. Abdulhay Qoriyev endi xatlarni uy bekasi madam Yelizavet nomiga jo‘natar edi.
1937-yil boshlangan, tarixda “Katta qirg‘in” kampaniyasi deb nom olgan sho‘ro qatag‘onidan Vali Qayumxon Vatanga qaytmagani uchungina omon qoladi. 1922-yil Turkistondan Germaniyaga tahsil olishga ketgan 70 dan ortiq yoshlarning 30 nafari vatanga qaytarilgan edi. 1937-1938-yillar davomida ularning 24 nafari qamoqqa olinib, aksari Vatan xoini, nemis josusi kabi ayblovlar bilan otib tashlangan edi.
1951-yil 29-aprel kuni Vali Qayumxonning akasi Abdulhay Qoriyev qamoqqa olindi. Uyida tintuv o‘tkazilib, barcha hujjatlar, suratlar, kitoblar olib ketildi. So‘roq paytida nima sababdan familiyasi o‘zgartirganligi surishtirildi. So‘ng Vali Qayumxonni surishtirishdi. Abdulhay Vali Qayumxonning taxminan 1935–1937-yillarda bir olmon qiziga uylanganligi haqida eshitgani, biroq 1941-yildan buyon butunlay aloqasi uzulganligini, Gitler hukumati bilan qanchalik aloqasi bor yo‘qligini bilmayman, deydi.
Abdulhay Qoriyev 1946-1947-yillar “Pichoqchi” mahallasi choyxonasida o‘tirganida bir kishi kelib, uni chetga olib, Validan salom, deydi. U “tur yo‘qol! Sen kimsan o‘zi, mening unaqa odam bilan aloqam yo‘q” deb chiqib ketadi.
Abdulhay Qoriyev tergov chog‘ida qiynoqlar bilan 1951-yil 11-iyulda o‘ldirib yuborildi...
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Dilshoda
14:05 / 09.05.2024
Juda ayanchli holat ekan. Ayniqsa oʻz xotiniga "boshqa turmushga chiqaver,meni kutma "deyish juda oʻgʻir. Bizning vazifamiz faqat shu insonlarni xotirlab duo qilish hisoblanadi.