Matonat bilan egiz tug‘ilgan


Saqlash
20:04 / 28.04.2022 1046 0

Manzura Adilbayevna Yerniyazovaning nomini qoraqalpog‘istonliklar katta hurmat bilan tilga olishadi. Sababi oddiy: hayotga intilish hissining kuchliligi, jismoniy qiyinchiliklarni ruhiy sabot-matonat bilan yengib o‘ta olgani, muntazam ravishda o‘z ustida tinimsiz ishlab, yuqori natijalarga erishgani uchun.

 

Manzura Yerniyazova I-guruh nogironi. Lekin unga nisbatan “imkoniyati cheklangan” degan iborani ishlatish nojoiz. Ha, ishonavering, uni to‘rt muchasi sog‘ odamdan kamquvvat yoki sustroq harakatli deb bo‘lmaydi. Chunki u bajarayotgan ishlar tani-joni soppa-sog‘ bo‘lsa-da, loqaydlik botqog‘iga botib qolgan, boqimandalik, noshukurlik kabi illatlarni o‘ziga “kasb” qilib olgan yigitlarning qo‘lidan kelmasligi aniq.

 

Manzura Mo‘ynoq tumanidagi "Qaraqalpaq sheberi – Manzura" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, shu bilan birga o‘zi istiqomat qilayotgan tumanda yana 15 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlagan tadbirkor ayol sifatida obro‘-e’tibor qozongan.

 

Ayrimlar uni qoraqalpoqlarning “Tengiz” kinokartinasi qahramonining prototipi, deb bilishadi. Mazkur film qahramoni tasodif tufayli nogironga aylanib qolsa-da, tushkunlikka tushmaydi, birovlar muruvvatiga ko‘z tikib o‘tirmaydi. Tirishqoqlik bilan tikuvchilik sir-sinoatlarini o‘rganib, muayyan ko‘nikma va qulayliklarga ega bo‘lgach, mustaqil ravishda tadbirkorlik faoliyatini boshlaydi.

 

Shunga o‘xshash: bundan bir necha yillar ilgari Manzura ham fojia oqibatida o‘ng qo‘li va oyog‘ini yo‘qotgan. Biroq matonatli bo‘lishga o‘zida kuch topa oldi. Urindi, izlandi, talpindi. Mana, huzur-halovatidan kechib, qilgan sa’y-harakatlari besamar ketmadi. Oddiygina zaifa – kimsan Manzura Yerniyazova degan taniqli tadbirkorga aylandi. U garchand Orol dengizi fojiasi oqibatida katta zarar ko‘rgan Mo‘ynoqda istiqomat qilsa-da, asosiy shiori yuksak darajada: “Sharoit insonni emas, balki inson sharoitni yaratadi!”. Manzura Yerniyazovaning moʻjaz milliy kiyim va buyumlar tikuv syexida 15 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlangani ham yuqoridagi so‘zimizni tasdiqlaydi. 

 

Manzurani har doimgidek ishxonasidan topdik. Ikki qo‘ltiqtayoqqa suyanib yurishiga qaramay, u tikuvchi qizlar yoniga birma-bir borib, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdan charchamaydi.

 

– Boshimga bu ko‘rgulik tushganida avvaliga karaxt holatiga tushdim. Yashashdan umidimni uzgandim, ammo  farzandim meni hayotga qaytardi, – deydi biz bilan suhbatda Manzura. – Bolam uchun yashashim zarurligini his qildim. “Men kuchli ayolman, bardoshliman, hamma qiyinchiliklarni yenga olaman!” deb  o‘zimni ishontirdim. “Mikrokreditbank”dan 600 ming so‘m kredit olib, unga sog‘in sigir oldim va sut-qatig‘ini sotib, kreditimni yopdim. Qolgan pulga tikuv mashinasi sotib oldim. Xudoyimning qo‘llaganini qarangki, sog‘ paytim qilolmagan ishimni nogironligimda bemalol bajara boshladim. Bir qo‘l bilan tikkan choklarim ham to‘g‘ri chiqdi. Bir kunda bitta quroq ko‘rpacha tikkanimga o‘zim ham hayron qoldim. Yaqin qarindoshlarimga ko‘ylak tika boshladim. Mijozlar paydo bo‘lib,  ishlarim ham, daromadim ham ko‘paydi. Otam uyimiz yonidan kichik syex qurib berdi. Nogiron mahalladoshim Muhabbatxonni  yordamga chaqirdim. Ikkalamiz kiyim tika boshladik. Mo‘ynoqqa o‘sha paytdagi BMT TD  vakili Ayzada Nurimbetova kelib, ishimni ko‘rib, meni  qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir nechta tikuv mashinalari hadya etdi. Keyin AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasiga loyiha topshirib, undan 12 ming 800 dollar grant yutdim va ishni kengaytirdim. Hukumatimizning tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlayotganidan juda ham xursandman. Mo‘ynoq tumaniga yangi ish o‘rinlari judayam zarur. Ayni paytda tikilgan kiyimlar, kashtalar, sumkalar, karmonlar, do‘ppilarni Nukus, Qo‘ng‘irot tumanlariga jo‘nataman. Chunki eng ko‘p buyurtmalar ulardan tushadi. Men o‘zimni hayotda eng omadli, baxtli va hech narsaga muhtoj bo‘lmagan inson, deb hisoblayman.  Odam har qanday qiyinchiliklarga qaramay hayotidan xursand bo‘lib yursa, unga omad doimo kulib boqarkan! Yurtboshimizning yaqinda tumanimizga tashrifidan keyin hukumatning Mo‘ynoqda turizmni rivojlantirish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Bu xalqimizga katta umid  va madad berdi. Chunki sayyohlar kelib tursa kasanachilik, xizmat ko‘rsatishning boshqa turlari, albatta, rivojlanadi.

 

Bugungi kunda Manzura Yerniyazova bir nechta ta’lim muassasalari, davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. Uning tikuv syexida tayyorlangan buyumlar ancha xaridorgir. “Men har doim g‘olibman”, deydi faxr bilan u. Aynan ana shu g‘oliblik hissi uni olg‘a undaydi. 2018 yil 26 noyabr kuni Manzuraning hayotida yana bir quvonchli voqea sodir bo‘ldi. “Qaraqalpaq Sheberi Manzura”  mas’uliyati cheklangan jamiyat – yangi ijtimoiy korxona ochildi. Ushbu korxona Mo‘ynoq tuman hokimligi va O‘zbekistondagi BMT TD, Mo‘ynoq tuman xotin-qizlar qo‘mitasi hamda “Keuil nuri” nodavlat-notijorat tashkilotining hamkorligi mahsulidir. «Qaraqalpaq Sheberi Manzura»ning ta’sischilari nogironligi bor insonlar – Manzura Yerniyazova va Marat Tuksanbayevlar bo‘lishdi. Ayni paytda korxonada 21 nafar ishchi faoliyat yuritsa, ularning 19 nafari ayollardir. Shulardan 11 nafarining turli darajada nogironligi bor.

 

– Mo‘ynoq tumanida bunday ijtimoiy loyihalarning amalga oshirilayotgani quvonarli hol, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza  qilish vaziri Rashid Allabergenov. – Biz O‘zbekistondagi BMT TDga hamkorlik uchun minnatdorlik bildiramiz. Korxona tashkilotchilari bu yerga 40 nafargacha ishchi olishni rejalashtirishgan. Albatta, ularning ravnaqi uchun qo‘limizdan kelgan yordamimizni ayamaymiz.

 

 – Manzura Yerniyazova va Marat Tuksanbayevlar Mo‘ynoqda yashashadi. Ularning ikkalasi ham nogiron bo‘lishiga qaramasdan faol ravishda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelishmoqda, – deydi biz bilan muloqotda “Keuil nuri» NNT direktori Ayzada Nurumbetova. – Ular nafaqat o‘z oilalarini ta’minlab kelishmoqda, balki nogironligi bor boshqa insonlar uchun ham yangi ish o‘rinlari yaratishayotir. Albatta, faqatgina topayotgan daromadlariga bunday korxona qurib bo‘lmaydi. Ammo ular o‘z g‘oyalarini amalga oshirish uchun davlat va nodavlat, xalqaro tashkilotlarni ana shunday ijtimoiy korxonalar kerakligiga ishontira olishdi.  «Keuil nuri» NNT g‘oyani amalga oshirish uchun ijtimoiy loyihani tayyorlashga yaqindan yordam berdi.

 

Kech tushganiga qaramay, syexda mashinalarning shovqin-suroni tingani yo‘q.  Zero, hali oldinda amalga oshiriladigan rejalar, orzular talay. Manzura Yerniyazova o‘z taqdiridan nolimay, olg‘a intiladi: hayot dengizining qirg‘oqlariga sig‘may yanada jo‘shadi, ojizlikni tan olmasligi – bukilmas irodasi, orkash g‘ururi kuchiga kuch qo‘shadi va imkoniyatlarini yanada oshiradi.

 

Nariman SHЫNNAZAROV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

Qoraqalpog‘iston bo‘limi bosh mutaxassisi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19263
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16200
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi