Loydan yaratilgan odamzodga jon kiritish ifoda etilgan “Lazgi” yoxud Xivada o‘tkazilayotgan xalqaro raqs festivali haqida


Saqlash
20:11 / 28.04.2022 2349 0

...Muqaddas kitoblardan biri: “Avvalida so‘z bor edi”, deb boshlanadi. Biz esa avvalida ohang – tovush bor edi, deymiz!

 

Qadim Xorazmshohlar saltanatining boshkenti – Tuproqqal’a xarobalaridan topilgan osori-atiqalar orasida olimlarni hayratga solgani tilla tangalar, devoriy suratlar emas, musiqa asbobi chalayotgan ayol haykalchasi bo‘lgan. Olimlar bu terrakota miloddan taxminan ming yillar muqaddam yasalgan, degan xulosaga kelishgan. Demak, “sozanda”ning yoshi taqriban uch ming yilga teng!

 

 

Davr talotumlaridan omon-eson o‘tib, zamonamizga yetib kelgan haykalchada tasvirlangan ayol qaysi musiqani ijro qilayotgan ekan? Uning yuz ifodalari jiddiy. Shuni e’tiborda tutsak, qandaydir maqom yo‘lidagi kuy bo‘lishi mumkin, degan fikrga boramiz. Ammo...

 

Ko‘zlaringizni bir lahza yumsangiz, quloqlaringizga olis moziy qatlaridan tanish ohanglar oqib kela boshlaydi.

 

 

Go‘yo yuzlab otlar tuyoqlari ostidan chiqayotgan sadolar. Avvalida og‘ir-saldomli musiqa – tulporlar dupuri lahza sayin tezlasha boradi va beixtiyor qo‘l-u oyoqlaringiz ixtiyoringizga bo‘yin egmay, harakatga tushadi. Yonboshlab yotgan bo‘lsangiz, qad rostlab o‘tirasiz. O‘tirgan bo‘lsangiz, o‘rningizdan turganingizni sezmaysiz. Oyoqda bo‘lsangiz... yo‘rg‘alab ketasiz.

 

Demak, “Lazgi” yangrayapti!

 

* * *

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, bastakor Qadamboy aka Rahmonov aytadi: “Lazgi” musiqasi va unga mos raqs yaratilganiga necha asr bo‘ldi – buni bilmaymiz. Raqsda otashparastlikka xos unsurlar borligini inobatga olsak... o‘h-ho‘, shundayam kamida to‘rt ming yillardan kam emas.

 

 

O‘tgan asrning birinchi yarmi oxirlariga kelib avval Xorazmda, keyinchalik butun yurtimiz va dunyoda “Lazgi” yangi ko‘rinishi bilan mashhur bo‘lishi sababi qadim musiqaga afsonaviy san’atkor Komiljon Otaniyozov yangi matnda qo‘shiq yaratgani bo‘ldi. Faqat qo‘shiq yaratib qolmasdan, ohanglarga shiddat va tezoblik ham bag‘ishladi. Xon zamonlarida saroydagi go‘yandalar guruhida qatnashgan keksa san’atkorlar o‘sha vaqtda Komiljon ustozni “Lazgi” musiqasini asliyatdan uzoqlashtirgan, ya’ni tezlashtirib yuborganlikda ayblagan. Qadim musiqalarga quloqqondi bo‘lgan keksalarning aytishicha, “Lazgi” musiqasi g‘oyatda og‘ir-bosiq bo‘lgan. Unda matn, ya’ni qo‘shiq bo‘lmagan. Yana rivoyat qilardilarki, bu raqs Alloh taolo odamzodni loydan yaratganida unga jon kiritish jarayonini o‘zida ifoda etgan. Raqsning boshlamasi va davomida bu holat yashiringan.

 

Unutmaslik kerak, Xorazmda qadimdan “Lazgi”ning yetti turi bo‘lgan. Keksa san’atkorlar e’tirof etayotgan og‘ir-bosiq musiqali raqs ana shulardan birisi bo‘lsa ajabmas!

 

* * *

Xiva xonligining so‘ngi davrlarida Enash xalfa otliq ayol jozibador raqslari va laparlari bilan taxt egalarini hayratga solgani haqida tarixiy bitiklar guvohlik beradi. Uning shuhratiga hasad qilgan kimsalar saroy yo‘lagidagi zinapoya yog‘ochlarini yashirincha arralab-kesib qo‘yishadi. Saroyga chaqirilgan Enash xalfa shoshilib kelayotganida arralangan zina qulab tushadi va raqqosa yiqilib, oyog‘ini sindiradi...

 

 

Oyoqlar – raqqosa uchun jonining ozig‘i. Sozanda uchun qo‘llari va har bir barmog‘i kabi qadrli. Enash xalfa oyog‘i cho‘loq bo‘lib qolgach ham, raqs tushishni tark etmaydi va jismoniy holatiga mos tarzda “Chanoq lazgi”sini o‘ylab topadi. Ya’ni, ovqat suziladigan chanoq – mis lagan ichida turib raqs ijro qiladi. Bunda raqqosaning butun jismi – to‘rt yuz oltmish suyaklari harakatga keladi. Faqat mayib oyoqlari bir joyda – chanoq ichida harakatsiz turadi. Chetdan qaraganda chanoq, yo‘q, tuvakda o‘sgan gul buralib, eshilib ko‘kka o‘rlayotganday.

 

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-sentabrdagi “Lazgi” xalqaro raqs festivalini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida “Mamlakatimizning boy raqs san’ati tarixida alohida o‘rin egallagan “Xorazm “Lazgi” raqsi” o‘ziga xos ijro uslubi va jozibasi bilan nafaqat O‘zbekistonda, balki chet davlatlarda ham mashhurdir.

 

 

YUNESKO tomonidan “Xorazm “Lazgi” raqsi” insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilganligi ham uning betakror san’at ekanligidan dalolat beradi”, deya alohida qayd qilingan. Mazkur qarorda “Xorazm “Lazgi” raqsi” san’atining asriy an’analarini saqlash va rivojlantirish, raqs san’ati orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik rishtalarini mustahkamlash, xalqaro miqyosda ijodiy hamkorlik ko‘lamini va madaniy aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida 2020-yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba Xiva shahrida 25–30-aprel kunlari “Lazgi” xalqaro raqs festivali va uning doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish belgilangandi.

 

 

Tarixi qadim qal’alardan ham qadimroq bo‘lgan mashhur raqs yurtboshimiz tashabbusi bilan tom ma’noda yangi umrini boshlamoqda.

 

* * *

O‘zbekiston xalq artisti Gavharxonim Matyoqubova: “Bu raqsni o‘rganib, ilk bora sahnada – tomoshabinlar qarshisida ijro qilganimga oltmish yillarcha bo‘ldi. Rahmatli ustoz Komiljon Otaniyozov rahbarligidagi ansamblga raqqosa bo‘lib ishga kelganimda 18 yashar qiz edim. Ustoz qatida bu raqsni biror ming marta ijro qilgandirman. “Lazgi”ni targ‘ib qilish uchun vaqt kelib qit’alar oshdim. Ilmiy-ommabop kitob yaratdim. Bugun yuzlab shogirdlarim sahnada. Ularning barchasi uchun “Lazgi” tashrif qog‘oziga aylangan.

 

 

Shogirdlarim orasida eng iqtidorlisi Dilnoza Ortiqova “Lazgi”ga raqsga tushganida olislarda qolgan yoshligimni ko‘raman. Aslida, Prezidentimiz e’tiboridan keyin yana bir bora yoshligimga qaytdim. Necha haftaki qadim Xivada o‘tadigan xalqaro raqs festivali tadorigi asnosida shogirdlarimga hayotiy tajribamdan kelib chiqib kerakli maslahatlarni berdim. Axir, ilk bora tashkil etilayotgan festivalga dunyoning deyarli barcha qit’alaridan san’atkorlar, soha mutaxassislari kelishadi. Biz ularga o‘lmas raqsimizni bor bo‘yi, butun jozibasi bilan namoyish qilishimiz kerak!”

 

* * *

Xalqaro raqs festivalini o‘tkazishga mas’ul Madaniyat vazirligi, Xorazm viloyat hokimligi hamda bir qator boshqarma va idoralar xodimlari yurtimizning tajribali rejissor, bastakor, raqqosalarini taklif qilishgan.

 

 

Xalqaro raqs festivali ish boshladi. Xorij davlatlaridan tashrif buyurgan mehmonlarga avvalida “Ichon qal’a” majmuasi hududida raqs san’ati tarixiga oid, shuningdek, milliy liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, haykaltaroshlik namunalaridan iborat rang-barang ko‘rgazmalar namoyish qilindi.

 

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi, badiiy ijodkorlar uyushmasi viloyat rahbari, taniqli rassom Masharif Madaminov mamnuniyat bilan qayd qilishicha, arafada vohalik rassomlar qadim Xiva me’moriy obidalari, go‘zal tabiatimiz, ayniqsa, raqs san’ati jilolari aks etgan tasviriy san’at asarlari yaratishdi.

 

 

Xalqaro raqs festivali doirasida “O‘zbek milliy raqsining jahon raqs san’atidagi o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjumanda qator xorijiy mamlakatlardan kelgan san’atshunos olimlar, musiqashunoslar, raqs ustalar dunyoning boshqa biror xalqida o‘xshashi yo‘q “Lazgi” raqsi ijrosi borasida fikr-mulohazalarini bildirishdi.

 

...Bugun qadim Xivaning har bir sahni, har bir ko‘chasi bayramona libosda. Ko‘hna obidalarga yondosh sahnlarda milliy liboslardagi raqqosalar jozibador “Lazgi”ni ijro qilishmoqda. Raqs boshlamasida sahnada faqat raqqos-u raqqosalar bo‘lsa, o‘ynoqi ohanglar avjga chiqishi bilan sahnalarni tomoshabinlar ham ishg‘ol qilishlari odatiy holga aylanib ulgurgan. Ular orasida qadim shaharni tomosha qilish uchun dunyoning turli burchaklaridan kelgan yuzlab, minglab sayyohlarning borligi quvonarli.

 

 

Bugun betakror ohanglar lol etib, beixtiyor bag‘riga tortgan, mahoratli raqqosalarga muqallidlik qilib turli muqomlarga o‘zini solayotgan sayyohlar bu nomoddiy boyligimiz – asrlarki boqiy raqs musiqasini quloqlarida, sehrli jozibasini jismlarida olib ketishadi.

 

“Lazgi” dunyo kezaveradi!

 

* * *

...O‘n yillar muqaddam hamfikr birodarimiz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi, vohalik taniqli rassom Otaxon Ollaberganov kuyingandi: “Lazgi” raqsi bo‘yicha hujjatli film suratga olinayotgan ekan. Menga raqsning eskizlarini chizishni buyurtma qilishdi. “Lazgi”ning barcha turlarini qayta va qayta ko‘rdim va biror yigirmaga yaqin eskizlar chizdim, ammo hech qaysi ko‘nglimga o‘tirmadi. Nimadir yetishmayotganday, nimadir nazardan chetda qolayotganday tuyulaverdi. Qancha eskizlarni yiritib tashladim. Boshim qotib qolgan. “Lazgi” ilohiy raqs deguvchilar haqdir. Ilohdan berilmish narsa oldida bandalari ojizmiz...”

 

Ro‘zimboy HASAN

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 122
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22033
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//