Adabiyot
Xayollarga bir umr osilib yashashing uchun olomon shovqini yetadigan joydan ancha olisda, koʻngil arshida qoʻnim topgan Botir Zokirov nolasining oʻzi kifoya... Sanʼatkor kundaligidagi fikrlar tugʻyoni esa nega doʻstlari Vladimir Visoskiy va Iosif Kobzon singari isyon ramzi yo saroy qoʻshiqchisi boʻlmasdan faqat “Qaydasan baxt, qayda sening yorugʻ qiyofang?” deya Insonning shikasta orzusi va faryodidan oʻrtanganini aytadi... Suratu Siyrat uygʻunligining noyob timsoli boʻlmish bu bebaho SHAXS, shubhasiz, oʻzbek madaniyati tarixidagi chinakam HODISAdir...
I
Botir Navoiy va uning asarlari haqida bilganlarini, otasidan eshitganlarini koʻp gapirar, doim qoʻlida SHOIRning biror asari boʻlardi. U Majnun obraziga yoshligidan cheksiz muhabbat qoʻygan edi. Oʻn toʻrt yoshida “Majnun” deb atalgan kartina chizdi... Majnunning siniq chehrasi, hasratli koʻzlari yurakni ezib yuboradi... Bu kartinani Botirning ilk “Avtoportret”i deyish mumkin.
Anvar Maqsudov
1. Teatr! Bu kalom men uchun koʻp narsani anglatadi. Butun bolaligim, oʻsmirligim bu goʻzal sanʼat bilan uzviy bogʻlangan. Men uni sevgan holda tugʻilgan boʻlsam kerak. Chunki hayotimning qaysi davrida bu sevgi uygʻonganini bilmayman. Murgʻakligimizda singlim ikkimiz onamiz ishlagan Muqimiy teatrining spektakllaridan nusxa olib, oʻzimizcha spektaklchalar qoʻyardik. Oyimizning xonasiga kirib, uning upa-eliklarini quritardik, oʻzimizga liboslar oʻylab topardik. Hatto qoʻgʻirchoq spektakllari qoʻyishga uringanmiz. Qoʻgʻirchoqlardan tortib sahna bezaklarigacha hammasini oʻz qoʻlimiz bilan yasardik.
2. Qoʻshiqlarimda oʻz ifodasini topolmagan fikrlarimni, tuygʻularimni boʻyoqlarda aks ettirishga urinaman… Koʻpchilik “Manzara”lar betobligimda qogʻozga tushgan.
3. Ayrilishni istamaganim “bolalik” tugadi. Yigirma sakkizdaman — na feʼl xislat, na maʼlum bir nuqtayi nazar va na bilim orttirdim. Oddiy havasmand, ichi poʻk vaysaqi. Yoqimtoy vaysaqi. Qachonki oʻzimga koʻzguni tutsam bularning hammasi aniq koʻzga tashlanadi. Mana, oʻz oʻzingdan soʻraydigan fursat yetib keldi Man Haq taoloning huzuriga nima bilan boraman? Hech vaqom yoʻq. Nafaqat jismoniy, maʼnaviy jihatdan ham zaifman...
II
U mayda-chuyda gaplarga parvo ham qilmas, ulugʻ-ulugʻ minbarlardan eshitadigan maqtovlarga ham beparvo edi. Ammo bir jihati barcha fazilatu oʻziga xosliklardan ustun turardi: eng chigal muammolar haqida gapirayotganida ham qandaydir parishon ekani sezilib turardi... Bir emas — bir necha odamga oʻxshar, bir necha isteʼdodlarga nasib etishi mumkin boʻlgan qobiliyatga ega shaxs ediki, koʻngli tusagan tomonga nazarini qaratar — bu yoʻrigʻda bagʻoyat erkin-ozod inson edi.
Shukur Xolmirzayev
1.Sharq tarixini oʻqib, uning mohiyatiga kirib boryapman. Bir narsa aniq: koʻp masalalarda savodsiz va johil ekanman. Arzimagan bilimimni oshirishim shart.
2.Men tuzalmayman. Bu xastalikni davolab boʻlmaydi. Toʻxtashga haqqim yoʻq. Mening vaqtim chegaralangan...
3.Tasviriy sanʼatga qiziqishim tufayli aytishni istardim. “Sharq klassiklari merosidan” deb nomlangan kitoblardagi rasmlar Sharq miniatyurasiga sira oʻxshamaydi. Kitob mazmuniga toʻgʻri kelmaydi. Miniatyura nozik tuygʻular sanʼati. Uni tasviriy sanʼatning oliy choʻqqisi deb bilaman.
4. ...“Toshkent oqshomi” koʻrsatuvini tomosha qildik. Men “Sening ovozing” qoʻshigʻini aytdim. Taassurot yomon. Ekrandagi yuz maʼyuslikni emas, oshqozondagi ogʻriqni ifodalab turibdi. Lekin bu taʼsir menga qaysi toʻgʻri, qaysi soxtaligini aniqlashimga imkon beryapti. Hammasi kurakda turmaydigan darajada soxta.
5. Qoshlarning uch burchakligi, yuzdagi fojiali niqob, zabun va taassufli. Luiza hammmada ajoyib taassurot qoldirdi. U maftunkorlik va soddalik timsoli.
6.Navoiy, Ulugʻbek, Pushkin, Lermontovlarning zamondoshlari qanchalar omadli edi. Menga esa Xachaturyan, Shostakovich, Pliseskayalar bilan bir zamonda yashash nasib etdi. Bu — baxt! Hay-hay, toʻxtang, oʻrtoq Zokirov. Siz kimsiz oʻzi? Oʻzingizni kim deb chogʻlayapsiz? Bor yoʻgʻi toʻliqsiz oʻrta maʼlumotli xizmat koʻrsatgan artist. Naqadar kulgili?
III
U siymoga xayolan boqsam — boqqim kelaveradi: ha, unday ulugʻlarning, hatto sifatlari haqida ham muhokama yuritish ortiqchadek tuyuladi. Ularni kuzatish lozim, hamsuhbat boʻlish lozim, sevish lozim va Alloh taolo shunday saralarni-da yaratib qoʻyganiga shukrona demak lozim.
Shukur Xolmirzayev
1. Agar yurakda ishtiyoq boʻlsa, qilayotgan ishingga ishonsang, sanʼatning barcha turlarida (isteʼdod hisodiga, albatta) oʻz kuchingni sinab koʻrsang boʻladi.
2. Buning uchun bilimli, haqiqatgoʻy, eʼtiqodli, eng muhimi imonli boʻlish kerak.
3. Agar odam tabiatan isteʼdodli boʻlsa, u bilan har qanday ishda til topishish oson. Isteʼdodlarni osongina qiziqtirish, jalb etish yoki hafsalasini tez pir qilish ham mumkin. Unga sal-pal yordam bersang, qalovini topsang uning oʻzi oʻz ovozi, iqtidorining barcha goʻzalligini sezib qoladi. Yo isteʼdodining bir qirrasini ochadiki, shuning oʻzi ham yetarli.
4-5.Ey, xudoyim, naqadar yovvoyilik, madaniyatsizlik. Uch soat nomerlarni tomosha qilib, baribir, bir yil, besh yil, oʻn yil oldingi hukumat tadbirlarida koʻrsatilgan qoʻshiqlarni tanlab olishdi. Bir qadam siljish yoʻq. OʻZIng insof ber bu notavonlarga. Mabodo Unga yoqmay qolsa-chi? Xullas, daqqiyunusdan qolgan qaqir-ququrlarni ortmoqlagan bu arava shu alfozda ketaveradi...
6. Rejissyorlar qoʻyishga hech vaqo yoʻq deyishadi. Nega hanuzgacha Brext pyesasi oʻzbek sahnasida qoʻyilmagan? Yo unda koʻtarilayotgan mavzular oʻzbekka yotmi? Muammo shuki, institutda faqat Hamza va Muqimiy teatrlari uchun aktyorlar tayyorlashadi. Bu teatrlar ancha milliy. Aktyorlar tushunchasi esa milliy dramaturgiya bilan cheklanib qolishgan.
7...Zalga qaramaslikka tirishib, qoʻshiqqa singib ketaman... Yer yuzida mendan baxtiyorroq kimsa yoʻq. Shunday daqiqalar haqqi hurmati yashasang arziydi.
IV
U oʻziga yoqmagan, yuragini jizillatmagan qoʻshiqni aytmasdi. Agar qoʻshiq yomon chiqsa, “hoshim” boʻlib qolibdi-ku, Ikrom aka”, derdi kulib... Botirni Moskvada juda sevishar, orziqib kutishar va unga katta sanʼatkor deb qarashardi. Afsuski, uni oʻzimizda tushundiganlar, koʻngliga, dardiga quloq soladiganlar yoʻq hisobi edi. U hech qachon sanʼatni tushunmagan maʼnan sayoz amaldorlar oldida egilmadi. Botir havas qilar darajada har jihatdan mard edi...
Ikrom Akbarov
1.Sanʼat saroyida Oʻzbekiston madaniyat arboblarining xorij jurnalistlari bilan uchrashuvi boʻldi. Madaniyat vaziri “Oʻzbekiston madaniyati qirq yil ichida” mavzuida, ensa qotirarli “afsonaviy yutuqlar”ning zerikarli hisobotini oʻqidi. Maʼruza yarmiga yetmay, deyarli barcha jurnalistlar zalni namoyishkorona tark etishdi. Gʻoyat kulgili va alamli manzara.
2-3-4. I.Akbarov qoʻngʻiroq qildi. Achchiqlanyapti. Tixomirov hali ham “Sovetskaya kultura” uchun spektaklimiz haqida Toshkentdan maqola kutayotgan ekan... Xullas, Ikrom mendan nimadir qilishga urinishimni iltimos qildi. Men unga “musiqashunoslardan taqriz soʻrab yalinib yurishga hech xohishim yoʻq”deb javob berdim. Faqat men Ikromdan farqli ravishda Oʻzbekistondan ketish niyatim yoʻq. Kuchim, sabr-toqatim, asablarim dosh berguncha yoʻlimda ketaverman...
5. Men loqaydlikning oʻtib boʻlmas devoriga oʻzimni behuda uryapman...
6. ...Bir necha qoʻshiqni kuylab, sahnaga Volodya(Visoskiy)ni taklif etdim. Hammasi chiroyli oʻtdi. Konsertdan soʻng Volodya bilan Shalaginovnikiga bordik. Ikki soatlarcha oʻtirdik, ketayotganimizda Shalaginov Volodyaga kichik konsertdan yigʻilgan pullarni topshirishga urindi. Ammo u mening mehmonim ekanini aytib, keskin rad etdi. Rahmat, Volodya!
V
B.Zokirov muvaffaqiyatining oʻziga xos siri: u soxta qahramonlikni oʻylamagan. Hech qachon partiya va komsomolni, “xalqlar dohiysi”ni madh etuvchi madhiyalar kuylamagan, saroy qoʻshiqchisi boʻlmagan. Uning sanʼati shaxsi kabi siyosiy yuklardan ozod edi. Botirning qoʻshiqlaridagi mazmun, ohang, ijro yagona maqsad — eng ezgu tuygʻular va fikrlarni uygʻotishga qaratilgandi. ...“Maro-bibus”da qatlga olib ketilayotgan qahramon sevgilisidan soʻnggi boʻsani soʻrayapti... zohiran fojiali. Ammo Botirning ijrosida umidsizlik yoʻq, uni tinglay turib, inson ruhining manguligiga yana bir bor imon keltirasiz.
Fotima Sharipova
1. Nihoyat bugun men oʻzimning haqiqiy oʻrnimni bildim. Tushuntirib qoʻyishdi. Teatr direktori ishimdagi eng muhim narsa moliyaviy ishlab chiqarish rejasi ekaniga meni “ishontirdi”. Nimani kuylashingdan qatʼiy nazar, rejani bajar! Boshqa yoʻl yoʻq. Hech tushunolmayman — axir, bular bir-biriga mutlaq oʻgay tushuncha-ku!
2. ...Tilimning soqovligi doʻzax oʻtidan yomon,
U menga shivirlaydi: yashamagin yaxshisi...
3-4-5 Madaniyat vaziridan jamoani yigʻib, hukumat dala hovlisiga bor, degan buyruq oldim. Hammamizni katalakdek xonaga tiqishdi. Idish-tovoqlarning taraqlashi va chalpillashlar orasida Navoiy, Pushkin sheʼrlariga bastalangan musiqa oqardi. Qabul tugashi bilan xonaga vazirning oʻzi hammamizni lutf bilan stolga taklif etdi. Bu tavozedan oʻzimni “baxtiyor”sezib zalga chiqdim. Mehmonlar tarqalib ketishyapti. Qaysidir arbobning aytishicha, zodagonlarning sarqitini yeyish imkoniyati tugʻilganidan xursand boʻlishimiz kerak ekan. Shu paytgacha oʻzimni bu qadar haqoratlangan his qilmagan edim.
6. Bu amaldorlar sanʼatni lavozimi vajidan mulohaza qilmaganda u qadar xavfli emas. Dahshatlisi, ularning kaltabinligi, daqqi didi maʼlumbir darajaga koʻtariladi, mezonga aylanadi. Shu uchun ham ularni hurmat qilmayman, hatto salom-alik qilishni xohlamayman.
VI
Bolamning sal oʻjarroq va tortinchoq feʼli bor edi. Oxirgi kasal boʻlganida dori olishga puli qolmabdi. Tortinib, hech qaysimizga aytmagan. Sezib qolib pensiyamni eltib berdim. Oʻshanda juda xijolt boʻldi bolaginam... Men Botirjonimning konsertlariga kirolmasdim. Uning nolasiga yuragim dosh berolmaydi...
Shohista aya
1-2-3…Otamning ahvoli ogʻirligini bilsam-da, bu bizning soʻnggi uchrashuvimiz, bu oʻychan boqib turgan koʻzlarni endi koʻrmayman, uning vazmin ovozini eshitmayman, degan fikr xayolimda yoʻq edi. Ketayotganimda u kulimsiragancha tashvishlanmasligimni soʻradi. Ammo... Hatto tong ham otamning begʻubor va sodda koʻnglini ifodalayotganday... Musibatli kun. “Chidash zarur, chidash zarur...” deb oʻzimga qayta-qayta taʼkidlayman...
4.Ey, Alloh! Odam bolasi qancha rasmu odatlaru nodonliklarni oʻylab chiqaradi. Otamning chiroyli va nuroniy chehrasidagi nur hamma riyokorligu ikkiyuzlamachiliklar uchun barchamizdan uzr soʻrayotganday...
5. Har qanday sanʼat asari oʻz milliy, tarixiy zamini bilan chatishib ketmas ekan, u professional boʻla olmaydi. Shu jihatdan “Yalla”ning izlanishlarini qoʻllab-quvvatlasa arziydi.
6. Azonda Navfalning mozoriga bordim. Uning choʻkib qolgan koʻrimsiz qabri hashamatli yodgorliklardan chekkada mungʻayib turibdi. Hatto qabri ham ukamning feʼli va hayotini aks ettirib turganday. Bosh tomoniga qoʻyilgan mitti kulrang tosh sal tegsang qimirlab ketadigandek. Zero, uning oʻzi ham zaminda mana shunday omonatgina turardi.
7.Haqiqiy sanʼatkorlik isteʼdod va mehnatni vijdon bilan uygʻunlashtirgan kishigagina nasib qiladi.
8. Boshni qotirasan. Falsafaga murojaat etasan— “Insoniyatga foydang tegishi uchun oʻqi”, “Insoniyat uchun ijod qil”... Ammo birovning dardini oʻz dardi deb biladigan oddiy odam boʻlish har kimga nasib etmaydi. Afsus buni oʻqitishmaydi.
VII
Botirda sahnaga chiqishi bilan zalni oʻziga sehrlab olish qobiliyati kuchli edi. U qoʻshiqni obrazga kirib kuylardi. Uning oʻrtamiyona, sayoz qoʻshiqlari yoʻq hisob. Botir chinakam buyuk sanʼatkor. Bunaqasi qaytib tugʻilmaydi. U oʻzbek xalqining katta qalbli farzandi, yuksak isteʼdod va madaniyat egasi edi. Botir ketib goʻyo Toshkent ham, Oʻzbekiston ham huvillab qolganga oʻxshaydi...
Tamaraxonim
1. Yillar boʻyi oʻzligingni yoʻqotmay qolish uchun qanday koʻngilga, qanday begʻubor, kuyinchak yurakka ega boʻlish kerak?
2. Menimcha, samimiy yumorni, kulgini tushungan odamning dili pok boʻladi.
3. Har doim har bir sanʼatkorning yomon ishidan xulosa chiqaraman, yaxshi ishidan quvonaman. Iloji boricha hasaddan uzoq yuraman. Hasadchi odam yuziga qora kuya surtib olganga oʻxshaydi.
4. Halol, imonli, menga hamfikr kishilar borligini bilaman, ammo ular menga nima ham yordam bera olardi? Ularning ahvoli ham durust emas. Baʼzilari mendan-da abgor. Buni Shekspir xoʻp kelishtirib aytgan-da: “Fazilat illatdan uzr soʻrabdi”.
5. ...Koʻnglim bezovta. Galyaga achinyapman, chunki u turmushning turfa muammolariga hali oʻrganolmagan.
6.Bemaʼni xastalik meni holdan toydirdi. Oʻtgan yillar ichida tuzalib ketaman deb oʻyladimmi?Omad menga kuldi, taniqli xonanda boʻldim, ammo endi qarzlarni toʻlash fursati keldi.
7.Sehrli musiqani tinglab oʻzingni yettinchi osmonda his etasan. Alamu ogʻriqlardan nishon yoʻq, faqat ohanglar, ohanglar... Ohanglar erkin qush misol seni yuksaklarga eltadi. Koʻnglingdagi barcha gʻuborlar yuvilib ketgan. Koʻzlaringdan sizayotgan yoshni sezasan...
8. Bu dunyoda boshqa hech narsa yoʻq! Bari roʻyo! Faqat, faqat musiqa qoldi. ...Yoʻtal ohangga aralashib ketdi. Hechqisi yoʻq. Axir, musiqa yangrayapti! Borliq qanchalar goʻzal...
Loyiha muallifi: Iqbol QO'SHSHAYEVA
“Jannatmakon” jurnali arxividan
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q