Yetakchi – ertakchi emas, real maqsadlar sari boshlovchi sardordir


Saqlash
11:04 / 22.04.2022 1150 0

 

Yetakchi – ertakchi emas, real maqsadlar sari boshlovchi sardordir

 

Har qaysi davlatning o‘z ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy yo‘li bor. Shuning uchun ham, muayyan kishilik jamiyati o‘z maqsad-muddaolarini yo‘l-yo‘lakay amalga oshirmaydi, balki o‘zi tanlagan yo‘lda sobit davom etib, ko‘zlagan manziliga dadil intiladi. Shu ma’noda ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar natijasida taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga o‘tildi. Xususan, keyingi 4-5 yilda yoshlarga oid davlat siyosatida ham tarixiy, ham olamshumul o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Chunki Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning islohotlar dasturining eng birinchi va ustuvor yo‘nalishi yoshlar masalasi etib belgilangan.

 

Chunonchi, Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan  yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi davlat tashkiloti bo‘lgan Yoshlar ishlari agentligi tashkil etilishi, nihoyat, chin ma’noda jamiyatda yoshlarning manfaatlarini ifodalaydigan va himoya qiladigan yangi sog‘lom oqimni yuzaga keltirdi. Ijtimoiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlash, ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida “Yoshlar daftari” tizimi joriy etildi.

 

Shuningdek, yoshlarni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ular ong-u shuurida axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni mutolaa madaniyati va kitobxonlikka keng jalb etish hamda xotin-qizlar bandligini ta’minlashga qaratilgan “Beshta muhim tashabbus” loyihasi ishga tushirildi. Yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish maqsadida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tashkil etildi va o‘tgan yillar davomida jamg‘arma hisobidan katta loyihalar amalga oshirildi. Shu bilan birga, “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari” tashkil etilishi esa yoshlarning sanoat va tadbirkorlik sohalaridagi tashabbuslarini amalga oshirish va qo‘llab-quvvatlashda qo‘l kelishi muqarrar.

 

Kezi kelganda, Prezidentimizning “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan ham joylarda tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini qayd etish lozim. Avvalo, Markaz tomonidan Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda mahallalardagi yoshlar yetakchilari uchun o‘quv qo‘llanma tayyorlangani o‘ziga xos ma’naviy hodisa bo‘ldi. Bundan tashqari, hamkor tashkilotlar bilan 13 banddan iborat “Mahallalardagi yoshlar o‘rtasida ma’naviyat va kitobxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqilib, tasdiqlangani va ijroga yo‘naltirilgani – yangi tizim harakat yo‘nalishini belgilaydi.

 

Xo‘sh, yangi joriy etilgan Mahalla yoshlari yetakchilari o‘zlariga katta ishonch bildirilgan ayni paytda qaysi ishlar bilan band? Ular mutlaqo yangicha yo‘nalish sardorlari – ilk qaldirg‘ochlar sifatida birgina o‘quv qo‘llanma bilan biz kutgan yangi-yangi yuksak marralar sari parvoz eta oladilarmi? Albatta, buning uchun shakllangan malaka, sinovli mashg‘ulotlarda orttirilgan tajriba va ishonchli ko‘nikmalar zarur. Aynan shu maqsadda, ya’ni yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni ta’minlash, ularni beparvolik, loqaydlik boqimandalik, jinoyatga moyillik kabi salbiy illatlardan asrab, ilm-fan, san’at va sportga keng jalb qilish, ularga tadbirkorlik sir-sinoatlarini o‘rgatish borasida Markaz mart oyi ish reja loyihasini ishlab chiqdi va Yoshlar ishlari agentligiga taqdim etdi. Demak, ramzan, katta maqsadlar manzillariga ishonchli eltuvchi “temir yo‘llar” yotqizildi va “poyezd” yo‘lga tushdi.

 

Endi zabt etilgan dastlabki umidbaxsh manzillar tafsilotiga to‘xtalsak bo‘lar. Masalan, poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi “Iqbol” mahallasida yoshlar yetakchilari va mahalla yoshlari ishtirokida “Mahalla – ma’naviyat qo‘rg‘oni” dasturi doirasida turkum ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, 200 ga yaqin yoshlar qamrab olingani, ma’naviyat va kitobxonlikni targ‘ib qilish borasida “Zakovat” intellektual o‘yinlar musobaqasi hamda turkum ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilgani hali ibrat namunasini bera olmasdi. Shuning uchun ham, avvaliga yoshlar yetakchilarining bilim-saviyalarini oshirish maqsadida tumandagi yoshlar yetakchilari uchun interfaol seminar-treninglar o‘tkazilishi uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilishida juda qo‘l keldi.  Ayniqsa, “Mahalladagi ma’rifatli ayol”, “Mahalladagi odobli qiz”, “Mahalla kelini” nominatsiyalari milliy qadriyatlarimiz va turmush tarzimizga juda mos voqelik sifatida e’zoz topishi, ya’ni an’anaviylik tusini olishi joiz. Chunki o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalashda ma’rifatli ayol, odobli qiz va ibratli kelinlarning ta’sir va qamrov doirasi muhim ahamiyat kasb etishi kunday ravshan.

 

Yana bir misol. Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar davomida 3125 dona turli badiiy adabiyot hududlardagi umumta’lim muassasalariga yetkazib berildi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Hikmatli” mahallasida joylashgan 30-sonli umumta’lim maktabining kutubxonasiga 500 dona kitob beminnat sovg‘a qilindi.

 

Mahalladagi yoshlarni kitobxonlikka keng jalb qilish maqsadida mahallada “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Tanlovda mahallaning 13 ta ko‘chasidan 200 nafardan ziyod yoshlar ishtirok etdi. Tanlovda qatnashgan har bir yigit-qiz o‘z uyiga badiiy kitoblar bilan qaytdi – oila bag‘riga mashhur shoir-yozuvchilar kirib bordi, jamiyatning kichik qo‘rg‘onida shu’lavor ziyo taraladigan bo‘ldi. Shuningdek, homiylar tomonidan taqdim etilgan 5 dona so‘nggi rusumli uyali aloqa telefonlari 5 nafar zukko kitobxonga “Mushoira” shartida g‘olib bo‘lganligi uchun sovg‘a qilingani nafaqat g‘oliblarning, boshqa qatnashchilarning ham ruhiyatini ko‘tardi.

 

Shirin shahrida esa “Men seni sevaman, ona Vatanim” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, jumladan, “Salomatlik uchun 5000 qadam”, “O‘zbek o‘g‘loniman” harbiy-vatanparvarlik  loyihalari yaxshi samara berdi: 170 nafar ishtirokchi o‘ziga yangi kuch topa oldi. Albatta, bu raqamlar uncha katta emas. Biroq xalqimizda “Birniki – mingga, mingniki – tumanga (ya’ni cheksizga)” degan purma’no naql borki, unga ko‘ra, bu tashabbuslar kelgusida keng quloch yoyishiga umid uyg‘otadi kishida.

 

Mamlakatimizning vodiy mintaqasidan misol keltirsak, Farg‘ona viloyatida ma’naviyat, mutolaa madaniyati va kitobxonlikni targ‘ib qilish borasida “Zakovat” intellektual o‘yinlar musobaqasi, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Zukko kitobxon”, “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila”, “Xorijiy tillar bilimdoni”, “Munozara”, “Battle” jamoaviy, “Onlayn kitobxon”, “Eng namunali ziyo do‘koni” ko‘rik-tanlovlar, milliy xalq o‘yinlari o‘tkazildi, shuningdek, 29 ta davra suhbati, 68 ta uchrashuv, 43 ta seminar tashkil etildi. Tadbirlarga jami 102 ming nafar yoshlar qamrab olingan bo‘lib, shundan 1350 nafarini bandligi ta’minlanmagan mahalla yoshlari tashkil etdi.

 

Namangan viloyatidagi 126 dan ortiq mahallalarda va 245 ta ta’lim muassasalarida “Zakovat” intellektual o‘yinlar musobaqasi, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Zukko kitobxon”, “Yosh kitobxon”, “Yosh kitobxon oila”, “Xorijiy tillar bilimdoni” kabi ko‘rik-tanlovlar hamda “Munozara” intellektual va milliy xalq o‘yinlari o‘tkazildi va reja asosida davom ettirilmoqda. 

 

Andijon viloyatida esa mahallalardagi uyushmagan yoshlar bilan ishlashda individual yondashish va tizimli ish tashkil etish, ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlarida joriy etilgan yoshlar yetakchilarining kasb-mahoratini oshirish maqsadida Andijon shahar, Asaka, Qo‘rg‘ontepa, Bo‘ston, Marhamat, Ulug‘nor va Paxtaobod tumanlarida “Mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni to‘g‘ri tashkil etishning asosiy tamoyillari” mavzuida seminar-treninglar o‘tkazildi. “Jaholatga qarshi ma’rifat” bosh g‘oyasi ostida 72 dan ziyod mahalla fuqarolar yig‘inlarida, jamoat tashkilotlari va korxonalarda “Ma’naviyatga tahdid – kelajakka tahdid”, “Islomda terrorizmga va diniy ekstremizmga o‘rin yo‘q”, “Yoshlarda virtual mafkuraviy immunitetni shakllantirish”, “Ommaviy madaniyat”, “Diniy ekstremizmga qarshi kurash”, “Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish” kabi dolzarb mavzularda 100 ga yaqin davra suhbatlari, turkum uchrashuvlar, targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.

 

Shuningdek, milliy iftixor va yuksak madaniyatimiz, ma’naviyatimiz ramzi bo‘lgan atlas, adras, do‘ppi, dutor, katta ashula, askiya, yor-yor, alla, aytishuvlarni keng targ‘ib qilish maqsadida “Milliy qadriyatlar qadr topgan yurt” shiori ostida 37 dan ziyod ta’lim muassasalarida, 30 dan ziyod mahalla fuqarolar yig‘inlarida aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida milliy qadriyatlarga asoslangan jami 70 dan ziyod ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Umumiy hisobot natijalariga ko‘ra, barcha o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar hamda davra suhbatlarida 73 820 nafardan ziyod yoshlar qatnashgan.

 

Muqoyasa tarzida eslatib o‘tish joizki, O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 2022-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, 35 271 276 kishini tashkil etgan. Shundan 17,5 million nafari ayollar, 17,7 million nafari erkaklar hisoblansa-da, ularning aksariyatini yoshlar tashkil etishi hech kimga sir emas. Demak, bundan buyon yangi joriy etilgan Mahalla yoshlari yetakchilari o‘zlariga katta ishonch bildirilgan ayni tarixiy jarayonlarda faoliyat doiralarini yanada kengaytirishlari zarurligini tezkor zamonning o‘zi talab qilayotir. Endilikda ular mutlaqo yangicha yo‘nalish sardorlari – ilk qaldirg‘ochlar sifatida yangi-yangi yuksak marralar sari dadil parvoz eta olishlari uchun, avvalo, o‘zlariga, o‘z kuchlariga va o‘z imkoniyatlariga to‘la ishonch hosil qilgan holda harakatlanmog‘i lozim. Zero, buning uchun ularga barcha kerakli haq-huquqlar taqdim etilgan, qolgani esa, bizningcha, ko‘proq  o‘zlariga va ularni qanday tarzda qabul qiladigan yoshlar auditoriyasiga bog‘liq. Eng muhimi, jamiyatimizda shakllangan milliy g‘oyalar, hazrati Vaqt sinovidan o‘tgan azaliy milliy qadriyatlarimizning barqaror o‘zanlari sobitlik va sodiqlik uchun juda o‘ng‘ay ma’naviy-intellektual muhit hozirlab qo‘yibdi.

 

Safar OLLOYOR

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19260
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16137
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi