Hazrati Insonlar haqida: yig‘lash uyat bo‘lmagan uchrashuv


Saqlash
09:04 / 22.04.2022 1301 0

Sizda qanday bo‘ladi bilmadimu, men yig‘layotgan odamni ko‘rsam o‘zim ham yig‘lab yuboraman. Bugun ertalab Ko‘kdala tumanida Prezident bilan uchrashishni kutib turgan, bo‘yi-basti, yoshi, sochining va ko‘zining rangi turlicha, taqdirlari turfa xil, lekin orzulari bir-biriga juda yaqin bo‘lgan bolajonlarni ko‘rganimdayoq shu yig‘i bo‘g‘zimga tiqildi. Lekin bolalarning kayfiyati zo‘r. “Opa, Prezidentga bunday desam-chi, unday desam-chi” deb maslahat solib o‘tirishibdi.

 

– Qani, aka-ukalaringning ismini aytib ber-chi! – so‘rayman quvgina, qoramag‘izgina, shirin tabassumli bolakaydan.

 

– Onamning ismi Gulbahor opa, otamning ismi Husan aka. Dilorom opam bor, u 17 yosh. Aziza opam, ular 16 ga kirganlar. Dilmurod, Sherdor, Boboxon, Amal, Eldor, Fotima va Katya, eng kichigi Dadaxon, – deydi bir-biriga gap bermay Sherdor va Eldor.

 

Bu bolalar turli yillar davomida Qashqadaryodagi mehribonlik uyida yashashgan. Husan Xolliyev va Gulbahor Xonimovalar mana shu 10 nafar bolani o‘z qaramog‘lariga olishgan va bitta hovlida katta oila bo‘lib yashashyapti. Buni yozish va aytish oson.

 

– Gulbahor opa, o‘zingiz mehribonlik uyida ishlagan ekansiz. Davlat tasarrufidagi bolalar uyi va oilaviy bolalar uyida farq nimada o‘zi? To‘garagi, darsi, tartibi aniq bo‘lgan o‘sha joyda yashash qulay emasmidi bolalarga? – deb so‘rayman o‘smoqchilab.

 

 

– Qizim, men 38 yil bolalar uyida ishladim. Davlat uyida bolalarga hamma narsa beriladi, ammo bolalar kelajagiga xalaqit beradigan nimadir bor edi-da. O‘sha nimadirni axtarardim, topolmasdim. Uyga olib kelganimda tushundimki, bolalar mehribonlik uyida tayyor sharoitga ko‘nikkan bo‘ladi va tashqariga chiqqanda eng oddiy narsalarga uquvi bo‘lmaydi. Ular oila muhitida yashaca, odamlarga qo‘shila oladi, do‘kondan tortishib kartoshka-piyoz ololadi, to‘y-ma’rakada birlasha oladi, hayotda dovdirab qolmaydi. Hozir qizlarim bitta oilani eplaydi: Katya chuchvara tugyapti, Aziza non yopyati, hamma bolalar yaxshi o‘qishyapti.

 

Bugun Prezident uchta oila bilan: 10 nafar bolani boqib olgan Xolliyevlar, 8 nafarni qaramog‘iga olgan Suyunovlar va 5 bolani o‘z farzandlari qatoriga qo‘shgan To‘rayevlar oilasi bilan uchrashdi. Bolalar Prezidentni ko‘riboq ko‘zlarida yosh qalqa boshladi.

 

– Har bir farzandimiz ota-ona – oila bag‘rida bo‘lishi uchun qabul qilgan qarorlarimiz sekin-asta o‘z natijasini beryapti. Butun respublika bo‘yicha 16 ta mehribonlik uyidan 10 tasi yopilibdi. Sizlarga o‘xshagan (ota-onalarga qarata) mana shunday bag‘rikeng, og‘ir yukni bo‘yniga olgan odamlarimiz ko‘p. Davlat bolalar uchun ko‘p narsa qilishi mumkin, qiladi ham, lekin farzand tarbiyasini berish, unga mehr berish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Sizlar o‘zingizga tirik haykal yaratdingiz. Bu o‘zbek ma’naviyatining haykali, ma’rifat haykali! Sizlarga men mana shu farzandlarimiz nomidan, o‘zim nomimdan, xalqimiz nomidan minnatdorlik bildiraman.

 

Shavkat Mirziyoyev suhbat davomida mehribonlik uylarini qisqartirib, farzand asrab olish niyatida yurgan oilalarga berish, oilaviy mehribonlik uylarini ochish bo‘yicha qaror qabul qilganida ko‘pchilik bunga qarshi bo‘lganini esladi. Qashqadaryodagi mehribonlik uyi ham yopilib, tashabbuskor ota-onalar tomonidan 10 ta oilaviy mehribonlik uyi tashkil qilingan.

 

 

  21-mehribonlik uyiga birinchi borib, shu qarorga kelganimda ko‘pchilik qarshi bo‘lgan. Chet eldagi ekspertlar ham bunga ishonmagan. Nima uchun? Chunki ular bizda Sizlarga o‘xshagan fidoyi fuqarolarimiz borligini bilmasdi. Qizlarimning, o‘g‘illarimning ko‘ziga qarab turibmanki, bu ish to‘g‘ri bo‘lgan. Ko‘pmillatli xalqmiz. Turli millat vakili bo‘lsa ham uylaringizga olib kirib, «o‘zimning qizim, o‘zimning o‘g‘lim, o‘zimning kelajagim» deganingiz uchun men sizlarga yana bir marta rahmat demoqchiman. Mana shu bolajonlarning kelajagini ko‘rish Sizlarga ham, Xudo xohlasa, menga ham nasib qilsin. Sizlar bolani sevish, uning qadriga yetishda namunasiz, o‘zbek millati barcha millatlarga bag‘rikenglik va bolajonlikda ibrat ekanini ko‘rsatib beryapsiz. Milliy gvardiya xizmati va rahbariyati –  men va sizlar o‘rtangizda ko‘prik. Butun jamiyatimiz sizlarga yelkadosh bo‘lishi kerak. Butun jamiyatimiz bugun ko‘zi nurga bo‘lgan bolalarimga mehr berishi kerak. Shu narsa aniq, dunyoda har bir ishning ajri bor. Bunday ishlarning ajri cheksiz bo‘ladi. Ulug‘ ayyom kunlari sizlarga va’da beraman, meni va xalqimizning e’tiboridan chetda qolmaysiz. Axir bolalarimiz – eng katta boyligimiz. Ayrimlar o‘z bolasiga e’tibor bermaydi, o‘qishiga, yurish-turishiga befarq. Buning qadriga yetib, boshqa odamlarning bolalarini bag‘ringizga olganingiz uchun ham Sizlar tarixda qolasizlar, chunki mana shu farzandlar Sizlarning tarixingizni yaratadi, ular siz haqingizda yozadi, – dedi davlat rahbari.

 

Shavkat Mirziyoyev mehribonlik uyi bolalari qayerda o‘qishni istasa, bepul o‘qitilishini, mavjud qarorga o‘zgartirish kiritilib, bolalarni asrab olgan oilaning o‘z farzandlari uchun ham imtiyoz berilishini aytdi. Prezidentning bolajonlarga atalgan gaplari juda ta’sirli edi.

 

– Ko‘nglingiz o‘ksimasin, taqdir sizga hozir sinov berdi. Lekin kelajakda sizlarni ko‘p yaxshiliklar kutib turibdi, tengdoshlaringizga o‘rnak bo‘ladigan insonlarga aylanasiz. Men bunga ishonaman. Sizlar ikki karra ko‘p mehr olasiz. Bu mehr sizlarga baxt olib kelsin, calomatlik olib kelsin. Men sizlarning baxtingiz, cog‘lig‘ingiz haqida eshitib yuray, har safar Qashqadaryoga kelganda uchrashish nasib qilsin.

 

Bo‘g‘zimga tiqilgan yig‘idan uyalib turganimda ko‘rdimki, menga aka-ukalarini sanab bergan Sherdor Prezidentdan sovg‘a olayotib, rahmatini aytayotganda titrab ketib, yig‘lab gapirdi va hammani yig‘latdi. Yig‘laganini berkitib burun tortish uyat bo‘lmadi. Prezidentning oldida hamma baravar yig‘laganini men birinchi marta ko‘rdim.

 

Davlat rahbari va uning atrofidagi arkoni davlat keyingi manzilga vertolyotda uchib ketgach, yana hammamiz bolalar bilan gaplashishga urindik. Bolalarning qo‘lida telefon, planshet – og‘zida yo‘q xursand.

 

 

Aslida ko‘pchilikning o‘z biologik otasi yoki onasi hayot, biri bolasidan xabar oladi, biri esa yo‘q. Ertalabdan beri kuzatganim – bir qizning tarixini o‘qigandim. U intervyu berayotganda ham, rasmga olishayotganda ham hech kulmagandi. Bo‘yi yetib qolgan bu qizning o‘z ota-onasi vafot etgan. U Prezident bilan uchrashuvdan keyin kuldi. Kulimsirab yurdi.

 

  Uchta hayotim bor meni, – dedi yana bir qiz Shahnoza. – Biri o‘zim tug‘ilgan joy (uni sog‘ingim kelmaydi), keyin “detdom”imizdagi hayot va endi oiladagi hayotimiz. Menga hozirgi hayotim ko‘proq yoqadi.


  Prezident “ayfon” telefonlar sovg‘a qilibdi-da. To‘ylaringizni videoga olib tashanglar menga ham, – dedim hazillashib opa-singillarga.


– Voy hali vaqtli-ku! Lekin-chi, meni to‘rtta bolam bo‘lishini istayman, ularni tashlab ketmayman, – dedi va jim turib... meni mahkam quchoqlab oldi Mohinur...

 

20-30 soniya bir-birimizni mahkam quchoqlagancha yig‘lashib turdik...

 

Aziza QURBONOVA,

jurnalist

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19237
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16084
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi