“Kitobxonlik haftaligi”da eng ko‘p sotilgan asarlar, bonuslar va bepul kitoblar loyihasi


Saqlash
10:12 / 21.04.2022 1517 0

Yurtimizda “Kitobsevar millat” shiori ostida o‘tkazilayotgan II Respublika “Kitobxonlik haftaligi” davom etmoqda. Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona hamda poytaxtimizdagi "Magic city" bog‘ida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar kitobxonlar, ijodkorlar va noshirlar bilan gavjum.

 

Mazkur haftalik doirasida bir qancha adabiy, madaniy-ma’rifiy, musiqiy tadbirlar, xususan, “Ochiq osmon ostidagi kutubxona” marafoni, San’at va madaniyat instituti talabalari, Yosh tomoshabinlar teatri aktyorlari ishtirokida “Afandining kitoblar olamiga sayohati” mavzusida teatr tomoshalari tashkillashtilgan.  Haftalik davomida “Sahna ko‘rgan asarlar” ruknida teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, “Kitobsiz kelajak yo‘q” shiori ostida yangi nashrdan chiqqan eng sara adabiyotlarning bevosita o‘z muallifi ishtirokida taqdimoti, “Mehr kutubxonasi” loyihasi doirasida sayyor tadbirlar, noshirlar va kutubxonachilar hamkorligidagi davra suhbatlari, turli xalqaro memorandumlarning imzolanish marosimlari hamda “Eng yaxshi yosh kitobxon” tanlovi barcha yosh toifasidagi kitobxonlarni qamrab olmoqda.

 

 

Oyina.uz muxbirlari "Magic city" bog‘ida bo‘lib, kitobxonlar, nashriyot xodimlari va ijodkorlar bilan suhbatlashdi.

 

 

Abbos Serobov, “Akademnashr” xodimi:

 

– Kitobxonlik haftaligi ko‘tarinki ruhda o‘tyapti. Kitob yarmarkalarining istirohat bog‘larida tashkil etilishi quvonarli hol. "Magic city"da o‘tayotgan kitobxonlik haftaligida “Akademnashr” jamoasi kitobxonlar uchun chegirmali narxlar, aksiyalar, tekin kitoblar va premyera tarzida yangi kitoblarni taqdim etmoqda.

 

Kechagi yomg‘irda ham yigit-qizlar kelib, kitoblarimizdan xarid qilishdi. Shuningdek, dizaynerlarimiz tomonidan tayyorlangan «Kitob o‘qi, parvoz qil!» shioridagi qanotlar tasviri tushirilgan bannerimiz ko‘pchilik kitobsevarlarni e’tiborini tortdi.

 

“Kitobxonlik haftaligi”da biz bonus sifatida bepul kitoblar ulashishni boshladik. “Akademnashr”dan 50 ming so‘mlik miqdorda kitob xarid qilsangiz, 6 xil nomdagi diniy-ma’rifiy kitoblardan birini tekinga tanlab olishingiz mumkin bo‘ladi.

 

 

Madina Qurbonova, “Yangi asr avlodi” nashriyoti xodimi:

 

– “Kitobxonlik haftaligi” davomida nashriyotimiz bir nechta yangi kitoblarning taqdimotini o‘tkazmoqda. Jumladan, yozuvchi va tarjimonlar Abduqayum Yo‘ldosh, Qo‘chqor Norqobil, Ulug‘bek Hamdam, Sherzod Ortiqov, Rustam Jabborov, Gulnora Rahmon, Nodirabegim Ibrohimova, Komila Nosirova tadbir mehmonlari sifatida taklif qilingan.

 

Haftalik davomida nashriyotning 200 xildan oshiq kitoblariga 25%gacha chegirmalar e’lon qilingan. Hozircha eng ko‘p sotilgan kitoblar uchligi sifatida “Baqirmaydigan onalar”, “Oy va sariq chaqa”, “Ichindagi ichindadir” asarlarini aytishimiz mumkin. Dushanbadan buyon ertalabdan kechgacha kitobxonlar rastalardan arigani yo‘q, qo‘limiz qo‘limizga tegmay savdo qilyapmiz.   

 

 

 

Sohibjamol Kattayeva, “Faktor press” nashriyoti direktori:

 

– Yurtimizda kitobxonlikka berilgan bu e’tibordan bag‘oyatda shod bo‘ldik. Tadbir rejasi ancha puxta tayyorlangan – ham kitobxonlar bundan manfaat oladi, ham ishtirokchi soha vakillari. Kitob savdosi uchun tanlangan joy ham juda o‘rinli.

 

Haftalik doirasida boshqa nashriyotlar bilan ham yaqindan tanishish, tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldik. Qolaversa, yangi – faoliyatiga endi bir yil to‘lgan nashriyot sifatida bizdan yoshi va tajribasi katta "ustoz" nashriyotlardan o‘rganadiganlarimiz ko‘pligini tushundik.

 

Shuning bilan birga, kitobxonlar va noshirlar uchun tadbirning taqdimot qismlari bog‘ning "Registon" maydonida emas, balki, yopiq, ovoz yaxshi eshitiladigan va tinglovchi to‘liq diqqat qiladigan boshqa joyda o‘tkazish ham ancha foydali va tartibli bo‘lar edi, deb o‘ylayman. Tadbirning dastur asosida borishi va auditoriyani faol jalb etishda, shu bilan birga, kattaroq miqyosda interaktiv o‘yinlar, viktorinalarni o‘tkazishda tashkilotchilar tomonidan bundan ham a’loroq tashabbuslar o‘ylab chiqilsa, o‘ylaymizki, barchaga manzur bo‘lar edi.

 

 

Komila Nosirova, tarjimon:

 

– “Kitobsevar millat” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Kitobxonlik haftaligi” noshirlar, tarjimon va yozuvchilar, shoirlar bilan kitobxonlarning tanishuvi, muloqoti uchun ajoyib imkoniyat deb o‘ylayman. Bunday tadbirlar noshirlar va ijodkorlarning zahmatli mehnatini kitobxonlarga taqdim etishiga, yangiliklaridan boxabar qilishiga, ijodkorlar va kitobxonlar o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik bo‘lishiga zamin yaratadi.

 

Haftalik doirasida tashkillashtirilgan kitob yarmarkalari kitobxonlar uchun respublikamizdagi turli nashriyotlarda nashr etilgan yangi kitoblarni arzonlashtirilgan narxlarda sotib olish imkonini beradi.

 

Shaxsan o‘zim haftalik doirasida "Yangi asr avlodi" nashriyotida chop etilgan tarjima kitobim bilan birinchi marta kitob taqdimotida qatnashdim. Aytishim joizki, bunday tadbirlar ijodkorga mehnati besamar emasligiga ishonch, yanada ko‘proq ijod qilishga rag‘bat uyg‘otadi.

 

 

Abbos Abduqodirov, Bookclub.uz loyihasi asoschisi:

 

– Bookclub.uz kitob almashib o‘qishga asoslangan kutubxona bo‘lib, biz o‘zimizda bo‘lgan asarlarni kitobxonlarga bepul o‘qishi uchun bir oy muddatga beramiz. Kutubxonaga kelolmaydiganlar uchun Ramazon oyida Toshkent shahri bo‘ylab yetkazib berish xizmatimiz bepul. Boshqa viloyatdagi kitobxonlarga esa “Fargo” pochtasi orqali bepul kitob yetkazib beryapmiz. Kutubxonamizda 400 dan ortiq kitoblar mavjud bo‘lib, shu vaqtgacha 500 dan ziyod kitobxonlarga ming martadan ortiq kitob berganmiz. 

 

Hozirda bo‘lib o‘tayotgan II Respublika Kitobxonlik haftaligida Bookclub.uz kutubxonasi ham faol ishtirok etmoqda. Birinchi kundayoq 70 dan ortiq kitoblarni o‘qish uchun topshirdik. Bepul kutubxonamizga qiziquvchi kitobxonlar ko‘pligi va resurslarimiz chegaralanganligi sababli hozirda kutubxonamizda kitob taqchilligi boshlandi. Uni bartaraf etish uchun homiylar ko‘magida yangi kitoblar sotib olib, ularni ham bepul o‘qish uchun bermoqdamiz.

 

 

O‘g‘iljon Toxirova, kitobxon:

 

– Kuni kecha poytaxtimizda joylashgan "Magic city" bog‘ida tashkil qilingan kitobxonlik festivalida ishtirok etdim. Kitoblar, adabiy uchrashuvlar, kitob taqdimotlari o‘zgacha ruhda o‘tdi. Avvallari kitob taqdimotida ishtirok etmaganim uchun bu imkoniyatdan juda quvondim.

 

Xususan, Rustam Jabborovning “Ayol qismatidan qissalar” tarjima kitobi haqidagi fikrlarini tinglab maroq oldim. Ayniqsa, tarjimon va yozuvchining farqi haqidagi mulohazalari hammaga birdek manzur bo‘ldi: “Yozuvchi mustaqil asar yaratarkan xuddi shaxsiy avtomobil haydovchisiga o‘xshaydi. Ya’ni u rulni qaysi tarafga burishi, voqeliklarni bayon etishi o‘z ixtiyorida. Tarjimon esa poyezd haydovchisiga o‘xshaydi. Oldindan belgilangan yo‘lda yurganidek, yozuvchining bitiklarini o‘quvchiga to‘g‘ri va aniq yetkazmog‘i zarur”.

 

Ushbu taqdimotdan so‘ng “Yangi asr avlodi” nashriyoti tomonidan sotuvga chiqarilgan sevimli kitoblarimni chegirmali narxda xarid qildim. Bu yerda kitobsevar tengdoshlarim ko‘pligidan juda xursand bo‘ldim.

 

 

 

“Kitobxonlik haftaligi” doirasida “Mehr kutubxonasi” loyihasi ham amalga oshirildi. Loyiha doirasida Yangihayot tumani “Gulshanobod” mahalla fuqarolar yig‘inida sayyor tadbir o‘tkazildi.  Sayyor tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi Shodmonov Hakimjon, Yangihayot tumani Bosh otinoyisi Sijoat Sharipova, tuman Xotin-qizlar masalalari buyicha rais o‘rinbosari Zoira Yuldashova ishtirok etdi.  O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori U.Teshabayeva va kutubxona mutaxassislari mahalladagi 11 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga kitob va esdalik sovg‘alari ulashdi.

 

Eslatib o‘tamiz, “Kitobxonlik haftaligi” 23-aprelga qadar davom etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

09:10 / 01.10.2024 0 507
Olimlik va odamiylik uyg‘un ustozlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20435
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//