Shu kunlarda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy koʻrgazmalar zalida erkinlik va ijod nafasi hukmron. Xalqaro tasviriy va amaliy sanʼat festivali doirasida taniqli haykaltarosh va grafik rassom Azamat Hotamovning shaxsiy koʻrgazmasi ham oʻtkazilmoqda.
Koʻrgazmada koʻzimiz koʻnikkan silliq sipoyi, balanddan-baland yoki qaysidir mashhur shaxs siymosi aks etgan haykallar emas, balki asovlik, teranlik va erkinlik ufurib turgan asarlarni koʻrish mumkin.
“Toʻmaris”, “Anhor boʻyida”, “Qariyalar”, “Xayol”, “Oila”, “Toʻyga”, “Mayramxon” haykallari tomoshabinni voqelikka boshqacha qarashga undaydi. Mana shu asarlar markaziy koʻchalarimiz, xiyobonlarimizga oʻrnatilsa, oʻzbek shaharsozligida yangi bir yoʻnalish ochilgan boʻlardi, bizningcha.
Koʻrgazmada Azamat Hotamov chizgan suvratlar ham namoyish etilmoqda. Kartinalarning baʼzilarida zamonaviylik va anʼanaviylik qorishuvi kishini oʻziga tortsa, ayrimlarida esa grafik chizgilarning oʻynoqiligi hayratga soladi.
Suvratlar orasida “Onamga” asari yaqqol ajralib turibdi. Noilojlik sabab “Mehribonlik uyi”da qoldirilgan bolakayning onasi haqidagi tasavvurlari, orzulari, armonlari, soʻrovlari, ogʻriqlari ifoda etilgan.
– Azamat Hotamov ijodida ayol (ona) va tulporlar obrazi birlamchi oʻrin egallaydi. Rassomning suvratlarida onasi haqidagi xotiralar, asablari titrab turgan plastik chiziqlar (yechimlar) va Sharq miniatyurasidagi teskari perspektiv kompozitsiyalardan ilhomlanish belgilari yaqqol koʻzga tashlanadi. Baʼzi kartinalari abstrakt-ekspressionistlik kayfiyatga, yaʼni Jekson Pollock kabi betartib sochilgan ranglar kompozitsiyalariga hamohangdir. Bir soʻz bilan aytganda, Azamat Hotamov ijodiy erkinlik, ijodkorga xos ruhiy ozodlik kuychisi, – deydi sanʼatshunos Samandar Egamberdiyev.
Chindan ham, rassomning suvratlarida chizgilar, holatlar, ranglar shu qadar erkinki, bu erkinlik oldida soatlab qolishingiz mumkin. Ijodkor oʻzini cheklamaydi, yolgʻon gapirmaydi, qoliplarni tan olmaydi. Azamat Hotamovning ushbu koʻrgazmasi va butun ijodi yolgʻonsiz asarlardan iborat...
Feruza XAYRULLAYEVA
oyina.uz
Abdumannon MUHAMMAD (foto)
Haykaltarosh va grafik rassom Azamat Hotamov 1952-yili Surxondaryo viloyati Sherobod shahrida tugʻilgan. Avvaliga Toshkent pedagogika bilim yurtining fizika-matematika fakultetini tamomlab, maktabda dars berib yuradi. Sanʼatga kuchli ishtiyoqi uni I.Ye.Repin nomidagi rangtasvir, haykaltaroshlik va meʼmorlik institutiga yetaklaydi. Leningradda pedagog V.B. Pinchuk rahbarligida tahsil oladi.
1983-yili Toshkentga qaytib, ijodga shoʻngʻib ketadi. 1984-yili Oʻzbekiston Rassomlar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilinadi. Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining kumush (2002) va oltin (2012) medallari bilan taqdirlangan. “Azamat va Azamatlar” yosh haykaltaroshlar guruhi bilan mahorat darslari olib boradi.
Azamat Hotamov XIX asr oxiri – XX boshidagi Yevropa haykaltaroshligi anʼanalarini oʻzlashtirib, milliy ruh singdirgan holda emotsional, oʻziga xos plastik kompozitsiyalar yaratib kelmoqda. Qator asarlari Oʻzbekiston muzeylari va xorijdagi shaxsiy kolleksiyalarda saqlanadi.
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q