“Men aybdor emasman” – Usmon Nosirning qora kunlariga guvohlar xotiralari


Saqlash
18:37 / 20.04.2022 3236 0

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha (10.02.2022) e’lon qilingan “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori o‘zbek xalqining sodiq farzandi, o‘zbek adabiyotining yorqin yulduzlaridan biri, qatag‘on davrining azob-uqubatlarini boshidan kechirgan iste’dodli shoir va jabrdiyda inson Usmon Nosir nomini ardoqlash, uning Rossiya qamoqxonalari arxivida mog‘or bosib yotgan, biz uchun aziz asarlarini topib o‘rganish, nashr etish va xotirasini abadiylashtirishga bag‘ishlangan. Bunday qarorning chiqishi bilan men ijod va ilm ahlini, qolaversa, butun o‘zbek xalqini chin qalbimdan tabriklayman.

 

Madaniy mamlakatlardagi qamoqxonalarda, odatda, jinoyat qilgan kishilargina yotadi. Cho‘lpon ham, Fitrat ham, Usmon Nosir ham sovet davlatini portlatib yuboradigan birorta qurolni o‘ylab topgan emas. Ammo sovet davlati nazarida yozuvchilar sovet davlatining hatto g‘ayrimilliy va g‘ayriinsoniy siyosatini ham qo‘llab-quvvatlaydigan asarlar yozishi lozim edi. Jumladan, Usmon Nosir ham. Ammo sovet davlati bunday ishga rozi bo‘lmagan, kitobsevar xalq o‘rtasida katta hurmat va shuhrat qozongan har bir yozuvchini shubha ostiga oldi va ularni turli yo‘llar bilan yo‘qotishga astoydil bel bog‘ladi.

 

1937-yil 31-avgust... O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining navbatdagi plenumi... Plenumda ko‘riladigan masalalar ikkita. Birinchisi – “Troskiychi-buxarinchi va millatchi xalq dushmanlari bilan kurash hamda sovet yozuvchilarining vazifasi. Ikkinchisi esa – tashkiliy masalalar.

 

Plenum shu kuni kechqurun boshlanib, ertasiga – 1-sentabr kuni ertalab davom etdi. Kun tartibidagi birinchi masala bo‘yicha Y. ma’ruza qildi. U 3 soat davom etgan ma’ruzasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida troskiychi-buxarinchi va millatchi dushmanlarga qarshi kurash qanday kechayotganini sharhlab, yozuvchilar tomonidan qilingan xatolarni birma-bir ko‘rsatib berdi.

 

– Imperialistik davlatlarga sotilgan, fashizmning malayiga aylangan... xoinlarning fosh etilgani, – deb boshladi nutqini Y. va davom etib dedi: – faqat sovet xalqi emas, balki butun dunyo mehnatkashlarini ham g‘azablantirdi. O‘zbek yozuvchilari jamoatchiligining g‘ayrati bilan hozir fosh bo‘ldiki, Elbek, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Usmon Nosir, Ziyo Said, Anqaboy, Otajon Hoshim kabi ashaddiy dushmanlar turli niqoblar ostida to so‘nggi kunlargacha adabiy harakatchiligimizga va umuman sotsialistik qurilishga rahna urishga tirishib ko‘rganlar... Ashaddiy millatchi Usmon Nosir rus proletariati bilan o‘zbek xalqining ittifoqiga qarshi, kommunizmga qarshi she’rlar yozib, yoshlarni va o‘quvchilarni zaharlamoqchi bo‘ldi...

 

Keyin notiq Oybekka o‘tib, uni ham savalab, so‘ng dedi:

– ...Oybekning nazariya sohasida ham zararli fikrlari ko‘p. Masalan, bir maqolasida SSSRdagi proletar adabiyoti emas, balki Sharqdagi adabiy meros o‘zbek sovet adabiyotiga oziq, manba bo‘ladi, deydi. Oybek Usmon Nosirni oqlashga, mudofaa qilishga tirishdi...

 

Yozuvchilar uyushmasining shu plenumi o‘tayotgan kunlarda Oybek va Abdulla Qodiriydan boshqa nomi yuqorida tilga olingan yozuvchi va adabiyotshunoslarning barchasi Toshkent turmasida azob-uqubat chekib yotgan edi...

 

 

Rauf Boyjonov xotirasidan

 

1938-yili boshimga katta tashvish tushib qamaldim. Oloy bozorining yonida shahar turmasi bo‘lar edi. Mart oyida meni o‘sha qamoqning kichkina bir xonasiga olib kirib tashlashdi. Qorong‘i, iflos, og‘ir havoli xona edi. Keyinchalik bilsam, bu kichik xonada to‘rt qavat qilib so‘rilar o‘rnatilgan va ularda 150 nafar ariston bor edi. Bu aristonlardan chiqqan achchiq havo xonaga kirish bilan dimoqqa urilmay iloj yo‘q. Men: “Qanday do‘zaxga tushib qoldim”, deb o‘yladim, albatta. Ammo oradan xiyla vaqt o‘tgach, olisdan, qorong‘ilikdan: “Keling, domla”, degan ovoz eshitildi. Men yerda o‘tirgan va yotgan odamlar orasidan qiynala-qiynala o‘tib, o‘sha ovoz sari bordim. Usmon Nosir ekan. Usmon Nosirning “ish”i yakunlanay deb qolgan ekan. U: “Men bir ish qilib qo‘ydim. Tergovchi menga hadeb: “Sen biror narsani bo‘yningga ol. Bo‘lmasa, shu yerda yotaverasan. Agar bo‘yningga olsang, ishingni tugataman. Sen yo butunlay ozod bo‘lasan, yo biroz yotib chiqasan. Boshqa ilojing yo‘q!”, deb qo‘ymadi. Shundan keyin men tergovchining: “Mast bo‘lib, tramvayda Stalinni so‘kdim”, degan versiyasiga rozi bo‘ldim va imzo chekdim”, dedi. Bu modda bo‘yicha kesilishni anglatar edi.

 

Biz 8 oy davomida bir kamerada, hatto bir so‘rida yotdik. Usmon menga o‘z so‘risidan joy berdi. U uxlaganda men o‘tirar, men uxlaganimda u o‘tirib turar edi. Hamma yoq aristonlar bilan to‘la edi. Hatto zich bo‘lib yotishning ham iloji yo‘q, kimdir oyoqlar yonida qisilib o‘tirishi kerak bo‘lardi...

Oradan 8 oy o‘tgach, Usmon Nosirni olib ketishdi...

 

* * *

Usmon Nosir shu kuni shod va quvnoq hayot kechirib yurgan kunlarini eslab, qachon, qayerda, kimni xafa qilganini o‘ylab, tong ottirdi. O‘sha yig‘ilishda bir emas, bir necha ustoz va tengdoshlarining unga qarshi nutq so‘zlaganlari sababini anglamoqchi bo‘ldi. Kim xato qilmaydi, kim bexosdan boshqani xafa qilmaydi... Axir, “tug‘ilish”, “o‘lish” degandek “kechirish” degan so‘z ham bor-ku, tilimizda! “Kechirish”... bu oddiy so‘z emas, insonning olijanobligini ko‘rsatadigan so‘z-ku!..

 

Xayol uni ruhiy azobning turli ko‘chalariga olib kirdi.

U bundan bir-ikki oy avval troskiychi-buxarinchilar ustidan bo‘lib o‘tgan sud munosabati bilan yozgan she’rida ularga g‘azab va nafratning so‘laqmonday-so‘laqmonday toshlarini otgan edi. Endi shoirlar uning o‘ziga, shoir Usmon Nosirga ham nafrat tuyg‘ulari qaynab-toshib turgan she’rlar yozishadi.

 

Namanganning o‘zi tug‘ilgan Tanhogo‘r mahallasidagi bolalik do‘stlari-chi? “Agar palakat bosib, ularga xat yozmaganimda olam guliston edi: men ularni, ular meni eslashmagan bo‘lishardi. Endi ular ham menga la’nat toshlarini otishadi... Qo‘qon-chi?.. Toshkent-chi? U yerlardagi shoirlar ham tinch turishmasa kerak...”

 

 

Ibrohim Naziriy xotirasidan

 

Usmon Nosir 1937-yili, men 1938-yili qamoqqa olinganmiz. Oradagi shu farqqa qaramay, Toshkent qamoqxonasida yonma-yon xonalarda turganmiz. U 6-kamera, men 7-kamerada... Usmon Nosir qamoqxonada boshqa mahbuslarga qaraganda ko‘proq azob chekdi. Bilishimcha, u qiynoq paytlarida uni azoblayotgan odamlarni ham, Stalinni ham bolaxonador qilib so‘kavergan. Bunga o‘chakishgan organ xodimlari unga haddan tashqari azob berishgan. U shu yerning o‘zidayoq ruhan va jismonan nogiron bo‘lib qoldi. Butun ichak-chavoqlari ishdan chiqdi. Uning qay tarzda Kolimaga yetib borganiga aqlim bovar qilmaydi...

 

* * *

Usmon Nosir qamoqqa tushgan dastlabki kunlarda o‘ziga nisbatan ko‘rsatilgan zulm va nohaqlikni qoralab, Stalinga ariza yozmoqchi bo‘ldi. Uning arizasi qamoqxonadan bir qadam ham nariga chiqmasligini aytganlaridan keyinmi, Stalin to‘g‘risida she’riy roman yoza boshladi. Lekin bu dostonning yozilishiga ham imkon berishmadi. Turma arxivida qolgan arizada bunday so‘zlar yozilgan edi:

 

“Buyuk Stalin! Senga ariza yozishimga yo‘l qo‘yishmayapti. Men aybdor emasman. Ular meni uzil-kesil yo‘q qilmoqchi bo‘lishdi. Qadrdon dohiy, kechir meni. Ular meni seni so‘kishga majbur etishdi. Ming marta kechirim so‘rayman. Alvido! Alvido, Vatan! Alvido, qadrdonlarim!..

Usmon Nosirov. 21/XI 38-y.”

 

Usmon Nosir shu kuni turma komendanti Shishkinni ham bo‘ralab so‘kkani uchun unga ham kechirishini so‘rab ariza yozdi...

 

...U hayotining so‘nggi yillarida tomoshabinlar talabi bilan “Yurak” she’rini baland va yoqimli ovozi bilan o‘qiganida zal qandillari tantanavor kuyni chalib yuborgandek bo‘lardi. O‘sha kuni ham shunday bo‘ldi. U sevgan she’rini zavq-shavq bilan yod o‘qidi:

 

Yurak, sensan mening sozim,

Tilimni nayga jo‘r etding.

Ko‘zimga oyni berkitding,

Yurak, sensan ishqibozim.

 

Senga tor keldi bu ko‘krak,

Sevinching toshdi qirg‘oqdan.

Tilim charchar, ajab, gohi

Seni tarjima qilmoqdan...

 

...Itoat et! Agar sendan

Vatan rozi emas bo‘lsa,

Yoril, chaqmoqqa aylan sen,

Yoril! Mayli tamom o‘lsam!..

 

Usmon Nosirning shogirdlaridan biri – Shukrullo bu she’rning so‘nggi satrlarini Usmon Nosirning qasami deb aytgan.

 

 

Shukrullo xotirasidan

 

Bu satrlar buyuk shoir Usmon Nosirning qo‘lga qalam olib, oldiga qog‘oz qo‘yib, she’rga qo‘l urishi oldidan yurak-yuragidan ichgan qasami edi.

 

Qachon va qayerda bo‘lmasin, hatto shu kunlarda ham she’riyat haqida gap ochilgudek bo‘lsa, albatta, yodimga G‘afur G‘ulom va Usmon Nosir she’rlari quyilib kelaveradi. Juda bo‘lmaganda, bir-ikkitasini yoddan o‘qiyman. Bu she’rlar ko‘ngilga yaqinligi bilan suhbatingga hamdard bo‘lib kirishib ketadi.

 

1936–1938-yillari Toshkent pedagogika bilim yurtida o‘qib yurgan vaqtimda Usmon Nosirning yangi chiqqan “Mehrim” degan she’rlar to‘plami talabalar orasida qo‘ldan-qo‘lga o‘tib, o‘qimagan o‘quvchi qolmagan edi. Usmon Nosir kitobxonlar orasida shu qadar mashhur bo‘lib ketgan edi. Uning she’rlari o‘sha vaqtda boshqalarnikiga o‘xshamagan, go‘yo qora bulutlar orasidan chaqmoq chaqqandek she’riyatda paydo bo‘lgan yangilik edi.

 

Usmon Nosir she’rlaridagi yangicha fikrlash mudroq qalblarni larzaga keltirib, uyg‘otgan edi. Sehri bilan yosh qalblarga nur bo‘lib kirgandi. Uning she’rlarida tengdosh shoirlar aytmagan yoki aytolmagan, kishini quvontiradigan dard bor edi...

 

* * *

Usmon Nosir to‘g‘risida so‘z borganda, nafaqat Shukrullo, balki uning boshqa tengdoshlari ham bulbuligo‘yo bo‘lib ketishadi. Buning sababi shundaki, Usmon Nosirning shoir bo‘lib yetilgan paytida yozgan qariyb har bir she’ridan katta shoirning nafasi ufurib turardi. Tabiat Usmon Nosirni noyob iste’dod bilan siylagan edi. U bu haqiqatni yaxshi bilardi. Hayoti millari 25 raqamini ko‘rsatgan paytda 2 ta doston, o‘zbek adabiyoti xazinasini boyitgan 20 dan ziyod she’rlar yozgan, yana Pushkin va Lermontov dostonlarini o‘zbek tiliga qoyilmaqom qilib tarjima etgan edi. U shu she’rlari va tarjimalari bilan yosh avlodning muhabbatini qozongan tom ma’nodagi katta Shoir edi.

 

 

Ayblov xulosasi

 

Usmon Nosir taqdirini belgilagan “Ayblov xulosasi” 1937-yil 30-dekabrda tuzilib, shu kuni O‘zbekiston NKVD boshlig‘i Apresyan tomonidan tasdiqlangan. Ammo shunga qaramay, oradan qariyb bir yil o‘tganidan keyin 1938-yil 3-oktabrda Moskvadan SSSR prokuraturasi vakili Shuls-Ann “Ayblov xulosasi”ni imzosi bilan tasdiqlanganidan keyingina Usmon Nosir “ish”i NKVD “uchligi” ixtiyoriga uzatildi.

 

Bu “Ayblov xulosasi”da Usmon Nosir quyidagi masalalar bo‘yicha aybdor deb topilgan edi:

 

1. U go‘yo 1935-yildan boshlab yashirin aksilinqilobiy troskiychi-millatchilik tashkilotining a’zosi bo‘lgan va shu tashkilot topshirig‘i bilan o‘z asarlarida aksilinqilobiy, millatchilik ruhidagi targ‘ibotni olib borgan.

 

2. U ruslarni o‘zbek tuprog‘idan haydab chiqarish borasidagi fikr va mulohazalarini bildirgan hamda O‘zbekistonning Sovet Ittifoqidan ajralib chiqishiga katta umid bilan qaragan.

 

3. U yosh yozuvchi va artistlar ongiga aksilinqilobiy millatchilik ruhini singdirishga uringan.

 

4. A.S.Pushkinning ulug‘ rus yozuvchisi sifatidagi ahamiyatini pasaytirish niyatida uning asarlari tarjimasini qasddan buzgan.

 

Bu ayblar biror dalilga asoslanmagan, ammo hibsga olingan ayrim yozuvchilarning qiynoq ostida bergan ko‘rsatmalari asosida shakllantirilgan edi. Bu ayblarning qora tuhmatdan iboratligi yaqqol ko‘rinib turgan bo‘lsa ham, ular mahbus yozuvchilardan qiynoq ostida olingani uchun sovet davlatining 19371938-yillardagi prokurorlari, NKVD qoshidagi “uchlik” a’zolari shu ayblar asosida minglab aybsiz kishilarni jahannamga yuborishga ham tayyor edilar. Vaziyat shunday tus olgani sababli begunoh mahbuslarga qo‘yilgan ayblarni rad etish foydasiz edi.

 

NKVD “uchligi” Usmon Nosirga 10 yillik qamoq jazosini berishni lozim topdi va o‘zbek yoshlarining sevimli shoiri Usmon Nosir 1939-yil 14-yanvarda jazo muddatini o‘tash uchun Zlatoust shahridagi qamoqxonaga yuborildi.

 

 

Sergey Rozenfeld xotirasidan

 

Kolimaga boradigan suv yo‘li hali ochilmagan edi. Shuning uchun bizni dastlab Chelyabinsk viloyatidagi Zlatoust shahri turmasiga olib borib tashlashgan. Men Usmon Nosir bilan birga mahbusxonaning 3-korpusidagi 8-kamerada yotganman. Usmon Nosir 2-koykada, men 4-koykada yotdik. (Oradan bir necha yil o‘tib, Usmon Nosir izidan Kemerovo shahriga borib, u yerdagi mahbus shoirga oid hujjatlar bilan tanishganimizda Usmon Nosir bilan Rozenfeldning 1-korpusdagi 10-kamerada yotgani, Usmon Nosirga dastlab 1-koykani berishgani, ma’lum vaqtdan keyin esa uni 3-koykaga o‘tkazishgani ma’lum bo‘lgan.)

 

Toshkent mahbusxonasidagi qiynoq va haqoratlar oqibatida Usmon Nosir es-hushini yo‘qotgan edi. U uzzukun koyka ustida o‘tirib, boshqa mahbuslar bilan so‘zlashmas, nazoratchilarning basharasini ko‘rishi bilanoq: “Yo‘qol, fashist!” deb qichqirar edi. Shunday paytlarda Usmonning nazariga tushib qolgudek bo‘lsak, bizni ham “fashistlar”, deb so‘kardi.

 

Mahbusxonada har kim o‘z puliga konfet-ponfet degandek narsalarni sotib olar edi. Usmon Nosir konfet sotib olib, ular o‘ralgan guldor qog‘ozlardan shaxmat donalarini yasab, qorong‘i tushgunga qadar o‘zi bilan o‘zi shaxmat o‘ynar yoki mahbusxonadan so‘rab olgan qog‘ozlarga she’rlar yozardi...

 

 * * *

1939-yilning yoz oylari yaqinlashganda, mahbuslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkaza boshladilar. Boshqa mahbuslar qatori Usmon Nosir ham tibbiy ko‘rikdan o‘tib, og‘ir jismoniy ishlarga layoqatli deb topildi. May oyining so‘nggi kunlarida mahbuslar tushgan poyezd Vladivostok sari yo‘l oldi.

 

 

Turob To‘la xotirasidan

 

Usmon Nosir, nazarimda, uxlamas, uyquning o‘rniga ham she’r yozardi. Tong saharlab bizning yotoqxonamizga kirib kelar, qandaydir bir qofiya yoki so‘z izlab kelganini, tuni bilan maza qilib she’r yozganini zavq-shavq bilan hikoya qilardi. “Tuni bilan bizning uyda bazm bo‘ldi”, derdi kulib. Yoddan o‘qib ketardi shu tuni yozgan she’rini...

 

...Bir kuni men uni Hamza teatrida “Hamlet”da ko‘rdim. Sahna san’atining qiroli Abror Hidoyatovning Hamleti iskanjasida o‘tirardi. Ertalab “Monolog” she’ri paydo bo‘ldi. Kitobdan boshqa hech narsasi yo‘q uyi bo‘lardi. Yakshanba kuni edi. Erta bilan shogirdlari yig‘ildik. Nonushtaga ana shu she’rni o‘qib berdi. O‘qimadi, yig‘ladi, hissiy to‘lqinlar iskanjasida xuddi Hamlet singari ingrab o‘qidi she’rni. Uning nutqiga taraf yo‘q edi. U she’r o‘qiganda atrofni musiqa bosib ketardi, nazarimda...

 

U she’rni o‘qib bo‘lib, yerga tushgan varag‘ini xuddi nonday olib, stolga qo‘ydi avaylab, so‘ng yengil tabassum bilan “O‘xshamagan joyi uchun uzr”, dedi.

“Koshkiydi, o‘xshamagan joyiga o‘xshasa, bizning she’rlarimiz”, derdik ichimizda...

 

* * *

Usmon Nosir va boshqa mahbuslardan tarkib topgan qullar karvoni 1939-yil 2-iyulda Vladivostokka, 22-iyulda esa “mehnat-tuzatuv lageri” deb atalgan do‘zaxga yetib boradi.

 

Shu kundan boshlab Usmon Nosir bilan lager nazoratchilari o‘rtasida ziddiyat boshlanib, ular lagerning qonun va qoidalariga itoat qilmaydigan mahbusga nisbatan turli-tuman jazo choralarini qo‘llay boshlaydilar. Usmon Nosir hayotining azob va uqubatdan iborat qora davri boshlanadi.

 

U nohaq qamalgani, lagerda esa inson zoti ko‘rmagan zulm va xo‘rliklarni boshidan kechirayotganini aytib, Beriyaga, Stalinga arizalar yoza boshlaydi. Nihoyat, uning shunday arizalaridan biri Moskvaga yetib boradi.

 

 

Stalinga yozilgan ariza

 

VKP(b) MK sekretari

Iosif Vissarionovich Stalinga

shoir Nosirov Usmondan

 

Ariza

 

Men xalq dushmanlarining tuhmatiga uchradim.

 

1937-yil (14-iyul)da O‘zSSR NKVD dushmanlarning tuhmati bilan hibsga olib, meni Sizni haqorat qilishda va badbin kayfiyatdagi she’rlarni yozishda aybladi. Tergovchi aldov usullarini qo‘llab, mening tajribasizligimdan foydalanib, yolg‘ondan iborat aybnomani tasdiqlatib olishga muvaffaq bo‘ldi.

 

1938-yil 5-oktabrda Harbiy kollegiyaning ko‘chma “uchligi” oldida men yuqorida qayd etilgan yolg‘ondan iborat aybnomani batamom rad etdim. Ammo Kollegiya Yozuvchilar uyushmasi sobiq rahbarlarining sud boshlanishi oldida menga ko‘rsatilgan tuhmatdan iborat ko‘rsatmasiga asoslanib, rad etishimga qaramay, hech qanday faktik material bo‘lmasa ham, O‘zSSR JKning 67-, 64- 14-moddalariga ko‘ra, meni 10 yil qamoq jazosiga hukm qildi va 5 yilga siyosiy huquqlardan mahrum etdi.

 

Bu qaror, bu hukm adolatsizdir.

 

Men 1912-yilda tug‘ilganman, bolalar uyida, VLKSM saflarida tarbiyalanganman.

 

Men o‘zimning oltita she’riy to‘plamimni, to‘rtta she’riy asarlarimni nashr etganman. Pushkin, Lermontov ijodidan qilgan tarjimalarim, o‘z asarlarim singari, badiiy tarjima asarlari orasida eng yaxshilari hisoblanadi.

 

Mahbuslikda kechirganim uch yil ichida har qanday qiyinchiliklarga qaramay, men bitta she’riy roman, uchta pyesa, qator she’rlar tayyorladim.

 

Men ijodiy kuchlarga to‘la navqiron yigitman.

 

Men hayotga qaytishim, Ulug‘ Vatanimning to‘laqonli fuqarosi bo‘lishim kerak!

 

Men sizdan yordam so‘rayman.

Imzo.

1940-y. 20-avgust.

 

Muddatni o‘tash joyimning adresi:

Xabarovsk o‘lkasi, Magadan sh. 261/ 5-pochta qutisi. 2-sanoat korxonasi”.

 

 

Tojixon Shodiyeva xotirasidan

 

Urush yillarida men bir qamoq lagerida bo‘lganimda mahbus Sa’dulla Tursunxo‘jayev qo‘shni lagerda edi. U bir kuni menga Usmon Nosirning og‘ir ahvolda ekanini, undan xabar olish zarurligini aytdi. Tursunxo‘jayev lagerda suvchi bo‘lib ishlagani uchun qo‘shni lagerlardan kelgan kishilar bilan uchrashib turar, boshqa lagerlarda ro‘y berayotgan voqealardan bizni xabardor qilib turardi. Bir kuni lagerdagi o‘zbekistonlik mahbuslar menga bir necha burda non, uch-to‘rt dona qand to‘plab berishdi. Bularni ro‘molimga tugib olib, qo‘shni lagerga bordim. Men ayol kishi bo‘lganim uchun lager tashqarisiga chiqishimga ruxsat berishardi.

 

Usmon Nosirni kichkina bir xonaga qamab qo‘yishgan ekan. U xayol surib, o‘z-o‘zicha so‘zlab o‘tirar, ko‘zlari jovdirab turardi. Bular unda ruhiy kasallik boshlanganidan darak berardi. Men unga: “Usmonjon, uka, dadil bo‘ling, siz hali yoshsiz, o‘zingizni yo‘qotmang, yaxshi kunlar ham kelar. Vatanga qaytib borarmiz”, deb tasalli berishga urindim. U men olib borgan nonni, qandni yer, so‘zlarimga esa aslo parvo qilmas edi. Men navqiron ajoyib talant sohibi shu ahvolga tushib qolganini ko‘rib, ezilib ketdim va kechqurun lagerga qaytib keldim...

 

 

Usmon Nosirni oqlash istagi

 

Usmon Nosirning Stalin nomiga yozgan arizasi 1940-yil 28-dekabrda Moskvadagi tegishli idoraga borib tushdi. Bundan oldin 1939-yil 22-noyabrda esa shoirning onasi Xolambibi Masodiqovaning 1939-yil 7-noyabrda SSSR bosh prokurori nomiga yozgan arizasi SSSR prokuraturasiga yetib borgan edi. Moskva Usmon Nosir ishini qayta ko‘rish masalasini O‘rta Osiyo Harbiy okrugi prokuraturasiga topshirdi. Shu prokuraturaning topshirig‘iga binoan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Hamid Olimjon, Oybek, Yashin, Shayxzoda, Uyg‘un va Abdulla Qahhordan iborat guruhi Usmon Nosir she’rlari va tarjimalarini o‘rganib, ular ayrim nuqsonlardan xoli emas, ammo bu hol Usmon Nosirni Pushkin va Lermontov asarlarini qasddan buzib tarjima qilgan, deyishga asos bermaydi, degan xulosaga keldilar va harbiy okrugga shu mazmundagi javob xatini yo‘lladilar. Harbiy okrug prokuraturasi bu xat bilan qanoatlanmay, Usmon Nosirni tanigan-bilgan kishilardan bir nechasini birma-bir tergovga chaqirib, ularning Usmon Nosirga va uning qamalganiga bo‘lgan munosabatlarini sinchkovlik bilan o‘rgandi. Yana shu tashkilotning tashabbusi bilan Usmon Nosirning go‘yo pessimistik she’rlari bosilgan “Mehrim” to‘plami hamda go‘yo Pushkin va Lermontovning buzib tarjima qilingan dostonlarini o‘rganish uchun maxsus komissiya tuzildi. Bu komissiyaga “Qizil O‘zbekiston” gazetasining o‘sha vaqtdagi muharriri S.Rajabov, rus tilshunos olimi A.K.Borovkov va Toshkent pedagogika instituti kafedrasi mudiri, shoir Maqsud Shayxzoda kiritildi. Komissiya masalani jiddiy o‘rganib, 1944-yil avgust oyining so‘nggi kunlarida Usmon Nosirga qo‘yilgan ayblar uni ozodlikdan mahrum etishga asos bermaydi, degan to‘g‘ri va odilona xulosaga keldi. Ammo bu xulosa bilan tegishli tashkilotlar tanishib chiqqanlari va ma’qullaganlaridan keyingina Moskvaga yuborish mumkin edi. Xullas, katta qiyinchilik bilan tayyorlangan “Xulosa” 1944-yil 30-noyabrgacha kimlarningdir stoli tortmasida sarg‘ayib yotdi. Va, nihoyat, O‘rta Osiyo Harbiy okrugi harbiy prokurori yordamchisi, yustitsiya mayori Zaxarov 1944-yil 15-dekabrda unga “muborak” imzosini chekdi.

 

Uzoq Sharqdan 1941-yil 10-oktyabrda Kemerovo viloyatining Suslovo qishlog‘idagi lagerga og‘ir xasta holda kelgan va qariyb so‘nggi kunlariga qadar lager lazaretini tark etmagan Usmon Nosir 1944-yil 9-martda bu bevafo dunyo bilan bir umrga vidolashib ketgan edi.

 

Naim KARIMOV,

akademik

 

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi,

2022-yil 18-fevral.

Munavvar ijod va fojiali taqdir” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23739
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//