O‘zbekning bardoshliligiga jipslashuv, ilm, jur’at qo‘shilganida edi, bizga yetadigani bo‘lmasdi – fazilat va qusurlarimiz xususida mulohazalar


Saqlash
17:34 / 19.04.2022 1403 0

O‘zbek xalqi azaldan saxovat, himmat, olijanoblik, mehr-muruvvat kabi ezgu fazilatlari bilan ajralib turgan. Ammo bugun ayrim yurtdoshlarimizda bizga yot illatlar bosh ko‘targandek... Galdagi davra suhbatimiz ishtirokchilaridan milliy fazilat va nuqsonlarimiz  haqida so‘radik.

 

 

Ozod MO‘MIN XO‘JA,

yozuvchi:

 

– O‘zbek xalqi to‘g‘risida fikr yuritsak, yuksak ijobiy fazilatlari ko‘pligiga amin bo‘lamiz. Masalan, kattalarni hurmat qilish, ko‘rishganda darhol salom berish, andishalilik, bag‘rikenglik va halollik. Shuningdek, notanishlarga ham yordam berishga intilish. Lekin guruchning ichidagi kurmak kabi vakillarimiz ham mavjud. Ular ota-ona va ustozlaridan yaxshi tarbiya olmaganlar, bilimlari davrimiz uchun yetarli emas, suhbatlashish madaniyatidan bexabar va mantiqiy fikrlash ularga begona.

 

Ayniqsa, internet olamida qandaydir “dono”ning so‘zlarini ilib olib, o‘shaning gapini to‘tiqushdek takrorlashni va asosli monelik bildirilsa, nima deyishga tili aylanmay, haqoratga o‘tuvchi nusxalar ham ancha topiladi. Bularning barchasi mulohaza qilish qobiliyatidan mosuvolik va yetarli savod chiqarmaganlik tufaylidir.

 

Ko‘proq ayollarimizga tegishli yana bir jihatni aytib o‘tishim kerak. Goho hayron qolaman: nega ular imkoniyat yetarli bo‘lmasa-da, katta-katta qarzlar olib, o‘z qo‘shnilaridan o‘tkazib to‘y qilishni sevishadi, keyinroq deyarli kerak bo‘lmaydigan dabdabalarga mukkalaridan ketishadi? Bu holatlar yoshlarga baxt beradimi?  

 

 

Maqsud JONIXONOV,

jurnalist:

 

– Xalqimizning juda ko‘p yaxshi xislatlari bor. Qo‘li ochiqlik, bag‘rikenglik, rahmdillik. O‘zbek qishloqda yashaydimi yoki shahardami – farqi yo‘q: bir-birining holidan xabardor. Ko‘rinmay qolsa, yo‘qlab boradi, to‘y qilsa, astoydil xizmatga shaylanadi. Musibat kunlarda ham qo‘shnisi uchun uch kunlab bel bog‘lab turadi, dardiga sherik bo‘ladi. Yetti yot begona ham tobut yelkalab ketayotganlarni ko‘rib qolsa, jamoatga qo‘shilib “to‘rt oyoqlik cho‘bin ot”ni ko‘taradi.

 

Soddaligini aytmaysizmi, nima desangiz ishonaveradi. Mana shu ishonuvchanlik, ayniqsa, bizga ko‘p pand beradi.  O‘zi zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan bo‘lsa ham, hammadan zo‘r to‘y beraman deb niyat qiladi, oqibatda qarzdan boshi chiqmaydi.

 

Achchiq bo‘lsada aytay: xalqimiz orasida o‘g‘liga: “O‘qib, go‘r bo‘larmiding”, qiziga: “O‘qib, shahar olib berarmiding”, deb ularning qiziqishini yo‘qqa chiqaradigan, bolasini bozorlarda arava sudrashga, ko‘kat sotishga mahkum etgan ota-onalarning ham borligi eng katta tashvishimiz.

 

Birlashmaslik, g‘iybat, ko‘rolmaslik, hasad kabi illatlar ham bizga ko‘p yopishgan. Agar shu mehnatkashligi, bardoshliligiga jipslashuv, ilm, salohiyat va jur’at kabi jihatlar qo‘shilganda edi, bizning millatimizga yetadigani bo‘lmas edi.

 

 

Go‘zal RO‘ZIYEVA,

shoira:

 

– Biror savol atrofida o‘yga tolarkansan, avvalo tarixga yuzlanish to‘g‘riroq bo‘ladi. Negaki, o‘tmish bilan yuzlashish, uni bugun bilan solishtirish asnosida zamonga haqqoniyroq baho beradi odam. Va mana shu nuqtada ajablanarli, balki og‘riqli o‘y kechadi qalbingdan: bundan atigi oltmish-yetmish yil avval ham o‘zbek desa ko‘z oldingda ko‘proq bir so‘zli, mard, hamiyatli, himmatli va bag‘rikeng, og‘ir damda suyansa bo‘ladigan, eslansa ko‘ngling to‘q bo‘ladigan butun inson gavdalanardi.

 

Bugun-chi, bugun o‘zbek deganda bayram yo hayit kunlari narxlarni kamida bir barobar qimmatlashtiradigan do‘konlar, yo‘l kirani “Benzin yo‘q, dovonda qor yog‘yapti” kabi bahonalar bilan ot bilan tuyaning narxiga tenglashtirib qo‘yadigan haydovchilar, elektr energiyasida arzimagan uzilish bo‘lib chiroq o‘chsa, bir-necha soatda yonib tugaydigan shamni haftalik elektr narxida pullaydigan ucharlar ko‘z oldingga keladigan bo‘lib qolgan. Kecha internet tarmog‘ida ko‘rganim videotasvir esa bu kabi tasavvurni yanada xiralashtirib yuboradi.

 

Xullas, to‘rt-besh “azamat” yoshi taxminan 17-18 yoshli qizga ikki qop un orqalatib videoga olishibdi. Qiz esa, chindan ham, ikkita ellik kilolik (!) qopni yelkasida ko‘tarib omborga tashiyapti. “Polvon qiz-da bu”, deya haybarakalla qilib videoga olganlar esa xandon otib turganini ko‘rib, qonim miyamga yugurgandek bo‘ldi. Bizga nima bo‘lyapti, o‘zi? Ko‘ksimni changallab o‘sha tasvir ostidagi izohlarni o‘qidim, yigitlarni qoralaganlar ko‘p bo‘lsa-da, “Gender tenglik shu-da”, deya balki rostakamiga, balki kesatiq bilan yozilgan fikrlarni ham o‘qidim, nahotki gender tenglikni shunday tushunyapmizmi? Achchiq bo‘lsa-da, bu haqiqatga aylanyapti. O‘zbek desa, ko‘kragingni to‘ldiradigan butun tuyg‘ular kemtiklashgandek, uni ayovsiz nimadir tinimsiz kemirib borayotgandek. Agar bu millatning ertasi bizga kerak bo‘lsa, o‘sha kemtiklikni to‘ldirishimiz kerak. Aks holda, kech bo‘lishi mumkin.

 

 

Sirojiddin IBROHIM,

publisist:

 

– Yelkasidan chim ko‘kargan ajdodlarni tinch qo‘yib, o‘zim bir vakili bo‘lgan bugungi o‘zbeklar haqida gapirsam. Shubhasiz, butun xalqqa umumiy baho berish to‘g‘ri bo‘lmaydi, lekin xalqning asosiy qismida bo‘rtib ko‘ringan jihatlar bor, bu xususida esa fikr aytish mumkin.

 

Mehribonligu olijanoblik fazilati bilan tilga olinadigan xalqimiz bugun ayni xislatlarini qay darajada saqlab qolgani savol ostida turibdi. Chunki axborot maydonida bir kunda o‘nlab holatlar – bolasini sotgan, bir-birini o‘ldirgan, o‘zganing haqini yegan, turli-tuman jinoyatga qo‘l urgan odamlar haqidagi xabarlar chiqib turibdiki, beixtiyor boshingiz xam bo‘ladi.

 

Tafakkur qilishdan qolganga o‘xshaymiz. Go‘yo bu ishni ham biz uchun bobolarimiz uddalab qo‘ygandek. Isbot so‘rasangiz, ana, bugun ommaviy tarzda xalqimizni qanday mavzular qiziqtirayotganiga bir qarab qo‘ysangiz, fikrim uchun yoqamni yirtishingizga o‘rin qolmaydi.

 

“Vo ajab, qay bir zot o‘z umri qolib,

Mening qadamimni o‘lchab yuribdi...”

 

Shoir yozganidek, ayrimlarimiz birovning shaxsiy hayotini taftish qilib, undan bir kamchilik topib, elga doston qilishdan uyalmaymiz. Ayrim millatdoshimizning qo‘lida “iymonometr” uskunasi bor, bir-birini va qolganlarni jannat yo do‘zaxga tushishini hal qilib tashlaydi. Ularning qarshisiga chiqib, shaxsiy rivojlanish, ijtimoiy foydali ish haqida gapirish, mustahkam devorni peshonangni urib qulataman deb urinishga o‘xshaydi.   

 

 

Ma’mura ZOHIDOVA,

adiba:

 

– O‘zi mansub xalqdan g‘ururlanmagan kishi bo‘lmasa kerak. Har bir o‘zbek qoniga singib ketgan yaxshilik, andisha, saxovat, mehribonlik kabi fazilatlar milliy o‘zlikni saqlab kelyapti. Toza e’tiqod va mustahkam oilaviy munosabatlar o‘rnatilgan muhitda kamol topgan farzandlar orasida qomusiy bilimga ega bo‘lib, turli sohada katta kashfiyotlar qilgan olimlarning salmoqli qismi bizning millat vakillariga to‘g‘ri keladi.

 

O‘zbek odamiylikdan dunyoga dars berishi mumkin. Andishalilik eng yaxshi fazilatimiz. Hayotda ko‘rdimki, yoshi katta yoki yuqori lavozimli kishilarning ham kamchiligini xolis tushuntirib aytsangiz, to‘g‘ri qabul qiladi.

 

O‘zbek o‘zida bor narsaning qadriga ko‘pda yetavermaydi. Undan ko‘ra o‘zgalarga mahliyolik kuchli. Shu darajada hayratga tushamizki, o‘zimizdagi odatlar, tutumlar, hatto so‘zlar bizga kulgili tuyuladi. Biz boshqalarning odatlari, xatti-harakatlaridan juda tez ulgi olamiz.

 

O‘zbek qanday sharoitda bo‘lmasin, bolasining o‘qib ilmli bo‘lishini istaydi. Bu istak qadim bobolar qonidan o‘tib kelgan. Lekin farzandning bilim olishiga rag‘bat ko‘proq kelajakda boy-boyvachcha bo‘lishini maqsad qilgan holda beriladi. Natijada, afsus bilan aytish mumkinki, keyingi yillarda ko‘p sonli o‘zbeklar tom ma’noda ehtiyoj kishisiga aylandi. Loqaydlik avj oldi. Ilohim, chinakam boylikning salomatlik va ilm ziyosida ekanini anglaydigan, dunyo moddiyatiga ruju qo‘ymaydigan insonlar oramizda ko‘paysin.

 

 

Shavkat HAMDAMOV,

“To‘ra buva” jome masjidi imom-xatibi:

 

– Ramazon kelsa, jannat darvozalari ochilib, jahannam eshiklari yopilib, shayton va jinlar kishanlanadi. Bu oyning eng katta fazilati – mehru shafqat, saxovat va ehson ulashishdir. Kimki bu oyda o‘zini muhofaza etib, iymon-e’tiqod bilan ibodat qilsa, Alloh uning barcha o‘tgan gunohlarini mahfirat aylar ekan. Ba’zida ko‘ramizki, Ramazon oyida ham ichadigan ichaveradi, uradigan uraveradi, chekadigan chekaveradi. Lekin agar o‘zimiz ma’naviy tarafdan sobit turadigan bo‘lsak, bunday illatlar bizga yaqin yo‘lamaydi.

 

Imkon qadar yaxshilik qilishga ulgurib qolmoq kerak. Dono xalqimiz aytganidek, suvga tashlang baliq bilsin, baliq bilmasa Xoliq bilsin. Agar kimgadir yaxshilik qilgan bo‘lsangiz, bir umr shu odam ortingizdan rahmat deb yurishini kutmang. Buni Yaratgan bilsin va mukofotini ziyodasi bilan bersin. 

 

 

Siz ham bahsimizga qo‘shiling. Milliy fazilatlarimiz va illatlarimiz haqidagi fikrlaringizni quyida qoldirishingiz mumkin.

 

Nodira IBROHIMOVA

oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//