Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlarining tili bugungi turkiy tillardan qay biriga yaqinroq?


Saqlash
16:19 / 10.11.2025 59 0

 

VII–VIII yuzyilliklarga tegishli Oʻrxun-Enasoy bitigtoshlari tilini turkiy tillarning 30 dan ortiq tarmoqlarida soʻzlashadigan qardosh ellarning deyarli barchasi oʻz tillarining boshlangʻichi deb biladilar. Chuvash, yoqut (saxa) kabi ayrim turkiy ellarni aytmaganda, bitigtoshlarni sinchiklab oʻqib chiqqan har bir turkiy el vakili 50 - 60 % tushunadi.

 

 

Shu choqqacha izlanuvchilarning koʻpchiligi Tunyuquq, Kul tegin, Bilga xoqon kabi yirik bitigtoshlar tiliga tayanib, bu tilni qarluq, qipchoq, oʻgʻuz, Sibir turkiylari tillarining barchasi uchun oʻrtadagi til – ularda turkiy tillar tarmoqlariga tegishli deyarli barcha oʻziga xosliklarni uchratamiz, deyishadi. Shu bilan birga, bitigtoshlar tilini birgina qarluqcha, yo boʻlmasa, qipchoqcha, yo boʻlmasa, oʻgʻuzcha bilan bogʻlovchilar ham bor va bunday yondashuvchilar shu kunlarda anchagina koʻpaydi. Oʻrnak keltiradigan boʻlsak, qozoq turk tilbilimchisi Qarjavboy Sartqoʻjaoʻgʻli keyingi 20-25-yil ichida oʻnlab maqola, bir necha kitob yozib, “Oʻrxun-Ensoy bitigtoshlarining tili qipchoqcha boʻlgan, qozoqcha uning toʻgʻridan-toʻgʻri izdoshidir” deb urgʻulab keldi. Qarjavboy ogʻaning izlanishlari, ayniqsa, yangi-yangi turkiy bitiglarni topish va asrab-avaylashda koʻrsatgan jonkoʻyarligini ardoqlagan holda, shuni aytib oʻtish kerakki, u tomonidan oʻrtaga tashlangan koʻzqarashlarda biryoqlamalik borligi koʻzga tashlanadi. Bunday qarashni birgina biz emas, qozoq bovurlarimizdan chiqqan koʻplab tilbilimchilari, oʻrnak keltiradigan boʻlsak, Oltoy Omonjoʻlov, Napil Bazilxon, Temur Kozirevlar, shuningdek, Onadoʻli va Ozarbayjon turklari, qirgʻizlar va yana boshqa izlanuvchilar aytib oʻtadilar. Qarjavboy Sartqoʻjaoʻgʻli oʻz qarashlariga oʻrnak keltirar ekan, eski turk yozuvidagi (y1), (y2) harf belgilari berilgan undoshlarni koʻpchilik shunday oʻqishlariga qarshi chiqib, bu harf belgilari soʻz oʻrtasi va soʻz soʻnggida shu yoʻsinda oʻqilishi, soʻz boshida esa har ikkala belgini bir oʻrinda “y”, boshqa bir oʻrinda esa “j” deb oʻqish kerakligiga urgʻu beradi. Ayniqsa, u Oʻrxun bitigtoshlarini qozoqchaga oʻgirish chogʻida ushbu belgilar bilan boshlangan soʻzlarni koʻpincha “j” deb oʻqigani koʻzga tashlanadi. Oʻrnak uchun, Kul tegin va Bilga xoqon bitigtoshlarida uchraydigan “Qangыm qagʻan uchduqda inim Kul tegin yeti yashta qaldы” (Otam xoqon uchganda (oʻlganda) inim Kul tegin yetti yoshida qoldi” degan soʻzlarni Qarjavboy Sartqoʻjaoʻgʻli “Qangыm qagʻan uchduqda inim Kul tegin jiti jashta qaldы” deb oʻqib, qozoqchaga “Akem (otam) qagʻan oʻlgende inim Kul tegin jeti jasta qaldы” deb oʻgiradi [Sartqojaulы 2012: 56, 63].

 

 

 

 

Shunga oʻxshash yondashuvlar turkiyalik ayrim tilbilimchilar izlanishlarida ham koʻzga tashlanadi. Bu koʻzqarashni ilgari surgan tilbilimchilar quyidagicha oʻrnaklarga tayanib, Oʻrxun-Enasoy bitigtoshlarining tili oʻgʻuzchaga, ayniqsa, Onadoʻli turklarining tiliga yaqin boʻlgan deb qaraydilar:

 

- Bän (men) soʻzi. Birinchi shaxs birlikda qoʻllanilgan bu soʻz butun turkiy tillar ichida Onadoʻli turkchasidagina shu koʻrinishda qoʻllaniladi. Tunyuquq bitigtoshida “Bilga Tunyuquq bän oʻzum Tabgʻach elinga qыlыntыm – men bilga (dono) Tunyuquq Tabgʻach elida tugʻildim” soʻzlari bunga ulgi boʻla oladi [Abdurahmonov, Rustamov 1982: 71; Tekin 2003: 82]. Biroq oʻsha kezda yozilgan Kul tegin, Bilga xoqon bitigtoshlarida bu olmosh barcha oʻrinlarda “män” (men) koʻrinishida yozilgan: “m(ä)n bängu tash tikdim – men mangu tosh tikdim (oʻrnatdim)” [User 2009: 194].

 

–duq (-duk) sifatdoshi oʻgʻuzchada deyarli shunday: -duq (-duk), qarluq va qipchoq turkchalarida esa -gʻan (-gan). Feʼldan oʻtgan zamon sifati yasovchi –gan qoʻshimchasiga anglam – maʼno boʻyicha yaqin, biroq birmuncha ayrichaliklarga ega boʻlgan ushbu sifatdosh turkman va ozarbayjon turkchalarida biroz susayib, oʻrnida koʻproq -an (-en) sifatdoshi qoʻllanilsa, Onadoʻli turkchasida esa –duq (-duk) koʻrinishlarida saqlanib qolgan: Kul tegin bitigtoshidagi uzä koʻk tängri asra yagʻыz yer qыlыntuqta ekin ara kishi oʻgʻlы qыlыnmыsh “ustta koʻk tangri (osmon), ostda qoʻngʻir yer qilinganda, ikkisi orasida kishi bolalari qilingan” soʻzlari Onadoʻli turkchasiga “üstte mavi gök (yüzü), altta (da) yağız yer yaratıldığında, ikisinin arasında insan oğulları yaratılmış” deb oʻgiriladi [Tekin 2003: 39; Sodiqov 2014: 112, 117].

 

- “kentu” soʻzi. Deyarli barcha turkiy tillarda oʻzlik olmoshi “oʻz” deb ishlatilsa-da, Onadoʻli turklari bu soʻz oʻrnida “kendi” soʻzini qoʻllaydilar. Shu tomondan bu soʻz eski turkchadagi “kentu” soʻzini eslatadi. Shu bilan birga, oʻzlik olmoshi - “oʻz” va “kentu” soʻzlari bitigtoshlarda aralash qoʻllanilgani koʻzga tashlanadi. Kul tegin bitigtoshida oʻrin olgan “toʻquz oʻgʻuz budun kentu budunum erti – Toʻqqiz oʻgʻuz xalqi oʻz xalqim edi”, “oʻzi ancha kergäk boʻlmыsh – oʻzi andogʻ kerak boʻlibdi” soʻzlari buning yorqin oʻrnaklaridir [Tekin 2003: 39, 50].

 

Kezi kelganda shuni aytib oʻtish kerak, Oʻrxun-Enasoy bitigtoshlarini oʻzbek tili uchun eng eski yozma buloq – manba oʻlaroq qarab, ularni oʻzbekchaga oʻgirish ishlari boshlanganiga 100-yilcha boʻldi. Ilk bor oʻtgan yuzyillikning 20-30-yillarida Turkiston jadidlari tomonidan boshlab berilgan bu ishga 1960-1980-yillar orasida, Gʻani Abdurahmonov, Alibek Rustamov, Aziz Qayumov, biroz keyinroq esa Qosimjon Sodiqov, Nasimxon Rahmon va yana bir necha oʻnlab yurtdoshlarimiz oʻz ulushini qoʻshdi. Tunyuquq, Kul tegin va Bilga xoqon bitigtoshlari oʻzbek tiliga oʻgirilib, chop etilishi soʻngida oʻzbek tili darsliklarida ulardan uzindilar berila boshlandi. Shu yoʻsinda eldoshlarimiz bitigtoshlar tili oʻzbekchaga qanchalik yaqinligi boʻyicha bilimlarga ega boʻldi. Ammo, achinarlisi shuki, oʻzbek tilbilimchiligining ulkan yutugʻi deb qarasa boʻladigan bu kabi ezgu ishlar yaqin oʻnyilliklarda birmuncha susaydi, yurtimizda bu til boʻyicha izlanish olib boruvchi yoshlarni deyarli uchratmaysiz. Holbuki, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi qardosh oʻlkalarda keyingi oʻnyilliklar oʻnlab yetuk olimlar yetishib chiqdi. Keyingi yillarda ularda ham yosh izlanuvchilar soni ozayib ketgan boʻlsa-da, biz va Ozarboyjondagidan ancha yaxshi.

 

 

Oʻrxun-Enasoy bitigtoshlarining toʻlaqonli oʻqilishi boʻyicha bugungi kunda ulkan yutuqlar qoʻlga kiritilib, barcha soʻz va atamalarga ochiqlamalar berilgan. Shu bilan birga, ayrim soʻzlarning toʻgʻri oʻqilib-oʻqilmagani yuzasidan haligacha tortishuvlar boʻlib kelayapti. Birinchidan, yangi bitiglarning topilishi oldinlari yanglish oʻqilgan soʻz va atamalarni tuzatish imkonini berayapti. Ikkinchidan, turkiy tillarning turli tarmoqlarida, ayniqsa, shevalarida saqlanib qolgan soʻzlarga tayanilayapti, bu esa shu choqqacha ochiqlash qiyin boʻlgan ayrim soʻzlar uchun yechim boʻlmoqda. Uchinchidan esa ayrim tilbilimchilar orasida koʻp yillardan beri oʻqilishi aniq emas deb qaralgan soʻzlar yuzasidan izlanishlar olib borib, yangiliklar va yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda.

 

Oʻrnak keltiradigan boʻlsak, turkiyalik Halil Ochiqgoʻz oʻzidan yuz yilcha oldin daniyalik Vilgelm Tomsen, rossiyalik V.V. Radlovlar tomonidan Bilga xoqon bitigtoshidagi deb boshlangan soʻzlarga toʻlaqonli yechim topdi. V. Tomsen tomonidan “toʻquz oʻgʻuz, iki edizker kulug beglar” (toʻqqiz oʻgʻuzlar, yoʻqsillar va atoqli beklar) koʻrinishida oʻqilib, turkiyalik atoqli tilchi Talat Tekin tomonidan “Toʻquz Oʻgʻuz, ikki ediz, keraga uyli beklar” deb ochiqlangan, koʻpchilik tomonidan qayta-qayta shu yoʻsinda berib kelinayotgan soʻzlarni X. Ochiqgoʻz toʻq(u)z oʻgʻ(u)z kid(i)z k(ye)r(ye)kul(u)g b(ye)gl(a)ri “toʻquz oʻgʻuz, kidiz kerakulug budun” (toʻqqiz oʻgʻuz, kigiz oʻtovli beklar) deb oʻqidi [Açıkgöz 1994: 1-10]. Ayrim izlanuvchilar bunga qarshi chiqqan boʻlsalar-da, uning bu oʻqishini koʻplab tilbilimchilar olqishladilar. Chindan-da, ushbu soʻzlarning ham yozilishi, ham beradigan anglami eski turk tili yoʻriqlariga uygʻun keladi. Shu bilan birga, bitigtoshning kirish soʻzlari “toʻqqiz oʻgʻuzlar, kigiz oʻtovli beklar” deb boshlanishi turk el-uluslarining yashash yoʻsini uygʻun keladi. Biroq oʻzbek tilbilimchilar ushbu ochiqlama bildirilganiga 30-yildan oshganiga qaramay, eski oʻqishlarni berib kelayaptilar.

 

Bilga xoqon bitigtoshidagi ikkinchi soʻz “keräku” soʻzi bugungi turkiy tillarda biroz unutilgan boʻlsa-da, shunga yaqin anglamda “oʻtovning bir boʻlagi, panjara koʻrinishidagi qobirgʻa qismi” anglamida qoʻllanilayotganiga duch kelamiz. Tilimizda bu soʻz “keraga” koʻrinishida uchrab, oʻzbek tilining ochiqlamali soʻzligida “keraga – oʻtovning chetanga oʻxshab ishlangan devori” deb keltiriladi [OʻTIL 2006: 353]. Bundan ming – bir yarim ming yil ilgari “keraku” “oʻtov” anglamini bildirganini ham Bilga xoqon bitigtoshi, ham XI yuzyillikda yozilgan Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻatit turk” (Turkiy tillar soʻzligi) orqali bilib olamiz. “Devon”da “keragu – chodir. Turkmanlar nazdida. Lekin koʻchmanchilar nazdida bu qishki uydir. Maqolda shunday kelgan: “koʻk kirdi keragu yazti” – mehnat va mashaqqat koʻrdi-yu, oʻtovini orqasiga yuklab oldi” [Koshgʻariy 1960, I: 418].

 

 

Oʻrxun-Enasoy bitigtoshlarida yaqin yillargacha yanglish oʻqilgan va turkiy tillarga oʻgirilganda shu yoʻsinda davom ettirilgan soʻzlardan yana biri Kul tegin bitigtoshida uchraydigan “tыda” soʻzidir. 732-yilda inisi Kul tegin vafot etganda butun el qaygʻurib, koʻz yosh toʻkkaniga urgʻu bergan Bilga xoqon ukasi uchun oʻrnattirgan bitigtoshda shunday deydi: “ancha saqыntыm: koʻzda yash kelsar tыda koʻngulda sыыt kelsar yanturu saqыntыm – andogʻ oʻyladim: koʻzda yosh kelsa tiyib, sigʻi kelsa qaytarib oʻylandim” [User 2009: 451]. Bu soʻzlar bitigtoshning oʻzbekcha oʻgirmalarida quyidagicha berilgan: “ancha saqыntыm, koʻzdә yash kelsәr, әtidә köngultә sыыt kelsәr yanturu saqыntыm – Shunchalik alam tortdimki, koʻzga yosh kelganda, azob berib koʻngildan yigʻi kelganda qayta qaygʻurdim” [Abdurahmonov, Rustamov 1982: 112]. Q. Sodiqov oʻgirmasida esa quyidagicha: “anča saqïntïm közdä yaš kälsär ät ïda (?), sïğït kälsär yanturu saqïntïm – shunchalik alam chekdimki, koʻzda yosh kelsa, azob berib koʻngildan yigʻi kelsa, qayta qaygʻurdim” [Sodiqov 2014: 115, 121-122].

 

Koʻrinadiki, bitigtoshdagi “tыda” soʻzi boshlangʻichda birmuncha yanglish oʻqilgan, yo boʻlmasa, anglami – maʼnosi ochiqlanmasdan qoldirilgani uchun oʻzbek tilbilimchilari uni “әtidә”, ät ïda (?) koʻrinishlarida turlicha keltirganlar. Shuningdek, bu soʻzning birinchi harf belgisi bitigtoshda qattiq (t1) undoshi bilan emas, yumshoq (t2) bilan yozilgani uchun izlanuvchilarning ikkilanishiga yoʻl ochgan. Biroq bu yerda bitigtoshlarda ayrim oʻrinlarda yumshoq va qattiq tovushlarni bildiradigan harf belgilarining oʻrni almashib ketgan hollar uchrashini ham koʻzda tutish kerak boʻladi.

 

Onadoʻli turkchasida uchramaydigan “tiy- “tiymoq, toʻsiq boʻlmoq” soʻzi boshqa koʻplab turkiy tillarda saqlanib qolgan boʻlib, uning eng eski koʻrinishi “tid-” boʻlgan. Soʻz boshi va soʻz oʻrtasi “d” undoshi “y” ga aylangach, bu soʻz ham “tiy” koʻrinishini olgan. “Tыd”ga ravish (hol)ni bildiruvchi eski turkcha -a ravishdoshi qoʻshilib, “tыda” yasalgan. Bu soʻz oʻzbekchada “tiya” (tiyib) koʻrinishda ishlatiladi. Shu yoʻsinda Kul tegin bitigtoshidagi “anča saqïntïm közdä yaš kälsär tïda sïğït kälsär yanturu saqïntïm” soʻzini “andogʻ oʻyladim: koʻzda yosh kelsa tiyib, koʻngilda yigʻi-sigʻi (faryod) kelsa, qaytarib, oʻylandim (qaygʻurdim)” deb oʻgirish toʻgʻriroq boʻladi. Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, eski turkcha sïğït (sigʻit) soʻzi turkiy tillar ichida koʻproq oʻzbek tilida saqlanib qolgan boʻlib, u “yigʻi-sigʻi” qoʻshma soʻzida uchraydi. Bitigtoshdagi “yanturu” soʻzi esa turkiy tillarning koʻpchiligida boʻlgani kabi oʻzbek tilida ham eskirgan yoki birmuncha unutilgan soʻz sanaladi. Bu soʻzning negizida “yan- ” (qaytmoq, yonmoq) soʻzi yotib, yaqin yuzyilliklargacha tilimizda “qaytmoq” anglamini ham bildiruvchi “yonmoq” soʻzi qoʻllanilib kelgan [OʻTIL 2006: 41]. Bitiktoshlarda koʻp uchraydigan “saqыn- ” (oʻylamoq) soʻzi esa Oltoy va sibirlik turkiylardan tashqari, oʻzbek, qozoq, qoraqalpoq, qirgʻiz tillarida “sogʻinmoq” (koʻrgisi kelmoq, qoʻmsamoq) anglamida ishlatiladi. Qozogʻistonlik Temur Kozirev bu soʻz oʻzbek tilida 2 ta anglamda ishlatilishini aniqlagan: 1) sogʻinmoq; 2) oʻylamoq. Oʻrnak uchun, “men senga yomonlik sogʻinmayman” deganda bu soʻz eski turkchadagi kabi “oʻylamoq” oʻrnida qoʻllaniladi.

 

Bu til boʻyicha izlanishlar olib borayotgan har qanday turkiy til egasi bitigtoshlarda oʻz tiliga yaqin soʻzlarni topa oladi. Qizigʻi shundaki, Oltoy va Sibirda yashovchi oltoy-kishi, xakas, tuva, shor, toʻlangitlar tilida uchrab, bitigtoshlardagi ayrim soʻzlar bilan yaqin oʻxshashlikka ega eski turkcha soʻzlar qarluq, qipchoq va oʻgʻuzlarda uchramaydi. Shunga oʻxshab ushbu uchala yirik turkiy til tarmogʻida uchrab, bitigtoshlardagi soʻzlar bilan yaqin oʻxshashlikka ega ayrim soʻzlar Oltoy va Sibir turklari tilida deyarli saqlanib qolmagan. Butun turkiy tillarda uchramaydigan ayrim soʻzlar esa uzoq kunchiqardagi yaqut (saxa) turklari tilida, yo boʻlmasa Onadoʻli turkchasida uchrab qoladi. Shuningdek, Oltoy va Sibirliklar tilida va Onadoʻli turklarida “ardoqlamoq” anglamidagi “agʻir- ” soʻzi uchrab [Xakassko-russkiy slovar 1953: 12; User 2009: 171], bu soʻz na boshqa oʻgʻuz tillarida – ozarbayjon, turkman tillarida, na qipchoq va qarluq tillarida saqlanmagan.

 

Shu oʻrinda aytib oʻtish kerak, Oʻrxun-Enasoy bitigtoshlarida 1 500 ga yaqin soʻz va atamalar uchrab, ularning 1200-1300 tasi oʻzbek tili va uning tarmoqlari – shevalarida saqlanib qolgan. Kundalik turmushda qoʻllaniladigan soʻzlar boʻlsin, ish-harakat, oziqlanish va boshqa oʻnlab yoʻnalishlarda boʻlsin, eski turkcha soʻzlarning koʻpchiligi qanday boʻlsa, deyarli shundayligicha oʻzbek tilida yashab kelayotganiga taniq – guvoh boʻlamiz. Shunga oʻxshab boshqa turkiy tillarda ham eski turkcha soʻzlar oz, yo koʻp saqlanib-saqlanmagani, ularning foizi qancha ekani boʻyicha aniq bir toʻxtamga kelish qiyin. Chuqur izlanishlar olib borilmagani uchun bu boradagi oʻz koʻzqarashlarimizni kelgusiga qoldiramiz. Shu bilan birga, Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlarida oʻrin olgan soʻzlarning deyarli 80-85 % i oʻzbek tilida uchrashining negizida shu kabi omillar yotishini aytib oʻtishimiz kerak boʻladi:

 

1) oʻzbek tili bundan deyarli bir yarim ming yildan beri qoʻllanilib kelayotgan yozma eski turkchaning izdoshlaridan biri;

2) oʻzbek tili 3 ta yirik turkiy til tarmogʻi – qarluqcha (toʻgʻrirogʻi, “xoqoniya turkchasi”, eski uygʻurcha), qipchoqcha va oʻgʻuzchani oʻzida birlashtirgan til.

 

Oʻzbekcha Oʻrxun-Enasoy bitigtoshlarida qoʻllanilgan bir necha oʻziga xosliklarni yaxshi saqlagan:

1) soʻz boshida k- undoshi qipchoq tillaridagi kabi k- oʻlaroq saqlanib qolgan. Oʻgʻuz turklari tilida bu tovush koʻpincha soʻz boshida g- ga aylanadi;

2) soʻz boshi t- undoshi qipchoq tillaridagi kabi t- oʻlaroq qoʻllaniladi. Oʻgʻuzlarda bu tovush koʻpincha d- oʻlaroq ishlatiladi;

3) soʻz soʻnggidagi -gʻ undoshi oʻzbek tilida -q, ayrim sheva – tarmoqlarida -gʻ oʻlaroq qoʻllanilib, qipchoq va oʻgʻuzlarda bu tovush tushib qoladi.

 

Oʻrxun-Enasoy bitigtoshlariga xos bu kabi oʻzgachaliklar koʻproq oʻzbekcha va uygʻurchada saqlangan boʻlib, ayrim oʻrinlarda Oltoy va Sibir turklarida ham uchraydi: sarigʻ – sariq; tarigʻ – tariq, qutlugʻ – qutlugʻ, ulugʻ, suchig – chuchuk va b.lar. Ushbu soʻzlar turkiyaliklar, ozarbayjonliklar, turkmanlar kabi oʻgʻuzlar tilida, shuningdek, qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq, tatar va yana biri necha qipchoq tilli turk ellarida sari, tari, qutlu / qutli, ulu / uli, suji koʻrinishlarida uchraydi. Eski turkchadagi bir boʻgʻinli soʻzlarning koʻpchiligi oʻzbek va uygʻur tillarida eski koʻrinishini saqlab qolgan: tagʻ (togʻ), bagʻ (bogʻ, bogʻlam). Bunday soʻzlar oʻgʻuzchada “dagʻ”, “bagʻ”, qipchoqchada “tav”, “bav” koʻrinishida qoʻllaniladi.

 

Qizigʻi shundaki, koʻproq Enasoy va Talas bitigtoshlarida koʻp bor tilga olingan “esiz”, “esiz-a” kabi his-tuygʻuni bildiradigan soʻz turkiy tillar orasida eng koʻp oʻzbek tilida qoʻllaniladi. Ularning eski turkchadagi kabi 2 ta anglami ham saqlanib qolgan: “esiz bola”, “esiz-a, yaxshi ish boʻlmapti” va b. Bitigtoshlarda “qanday achinarli, afsus” anglamida kelgan “esiz” soʻzini Mahmud Koshgʻariy quyidagicha ochiqlagan: “isiz – soʻzga kirmaydigan bebosh, shoʻx bola” [Koshgʻariy 1960, I: 143]. Oʻzbek tilida esa bu soʻzning ham Oʻrxun-Enasoy bitigtoshlaridagi anglami, ham “Devonu lugʻatit turk”dagi anglami yaxshi saqlanib qolgan [Alimov 2013: 17-38]. Shunga oʻxshab qoʻshni qozoq va qirgʻiz tillarida saqlanmagan, biroq bitigtoshlarda koʻp bora tilga olingan “qazgʻan- ” (yengmoq, yutmoq, erishmoq, gʻalaba qozonmoq) soʻzi oʻzbek tilida shunga yaqin koʻrinishda [OʻTIL 2008: 323], shuningdek, tatarcha “qazanuv”, turkmancha, Onadoʻli va Ozarbayjon turklarida “qazanmaq, gazanmag” koʻrinishlarida qoʻllaniladi.

 

 Yana qiziq bir oʻrnak soʻz, Oʻrxun bitigtoshlarida “bagʻa” degan atoq – unvon uchrab, Mahmud Koshgʻariy, yo boʻlmasa, oʻsha chogʻlardagi turkcha soʻzlik va boshqa yozma manbalarda oʻrin olmagan bu soʻzni koʻpchilik izlanuvchilar moʻgʻulcha “baga” (kichik, yosh) bilan tenglashtiradilar. Bizningcha, bu soʻz Xorazm oʻzbek shevalarida “bolalar” anglamida “bagʻalar, bagʻala” koʻrinishda uchraydigan soʻz bilan bitta negizdan boʻlsa kerak (qarang. Abdullayev 1961: 24).

 

Demak, eski turkcha – Oʻrxun-Enasoy bitigtoshlari va boshqa yuzlab yozuv oʻrnaklarining tili bundan bir yarim ming yilcha ilgari yozma tilga aylanar ekan, ozmi-koʻpmi bir-biridan ajralib turadigan turkiy til tarmoqlarini qamrab olgan “shevausti” yasama bir til edi. Atoqli nemis tilbilimchisi A. Fon Gaben Oʻrxun va Enasoy bitigtoshlari orasidagi oʻzgachaliklar va ularning har biri yana oʻz ichida oʻziga xosliklardan kelib chiqib, ushbu eski turkcha yozma tilning 5 ta sheva (tarmoq) negizida yuzaga kelganiga urgʻu beradi [Gabain 1974; Korkmaz 1995: 205-216]. Oʻgʻuz, qarluq (xoqoniya, uygʻur), qipchoq va Sibir turklari tillari oʻzgachaliklarini oʻz ichiga olgan bu til Turk xoqonligi chogʻida barcha uchun tushunarli til boʻlishi koʻzda tutilib, turkiy bilgalar tomonidan ishlab chiqilgan, chamasi. Shuning uchun bu tilda ayrim oʻrinlarda birinchi shaxs oʻzlik olmoshi koʻpincha “bän”, ayrim oʻrinlarda esa “män” koʻrinishida yozilgan. Koʻplab soʻz birliklari qarluqchaga yaqin “sarigʻ”, “ulugʻ”, “tagʻ”, “qutlugʻ” koʻrinishida yozilganiga qaramay, sifatdosh va ravishdoshlarda oʻgʻuzchaga uygʻun oʻlaroq “-duq, -duk” (barduq “borgan”, qыlыnduq “qilingan”) koʻrinishlarida yozilgan. Bu esa eski turk tili oʻsha kezlardayoq turli tarmoqlarga ega boʻlgani bilan bogʻliq. Boshqa tomondan esa oʻzlik olmoshi bir yerda “oʻz”, boshqa bir yerda esa “kentu” deb ikkita soʻz bilan berilishining oʻziyoq Oʻrxun-Enasoy bitigtoshlarining tili turkiy til tarmoqlarini birlashtirgan “yasama yozma til” ekanini koʻrsatib turibdi.

 

Gʻaybulla BOBOYOR,

tarix fanlari doktori, professor

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

15:11 / 06.11.2025 0 198
Yo‘qolgan udumlar

San’at

15:11 / 05.11.2025 0 496
Jismida ikki oʻq bilan yashagan aktyor

Jarayon

17:11 / 03.11.2025 0 108
“Orzu-havas” ortidagi og‘riqlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//