C5+1 – Markaziy Osiyo tashqi siyosatida yangi era boshlanmoqdami?


Saqlash
10:44 / 10.11.2025 40 0

Yaqinda Vashingtonda C5+1 formatidagi AQSH-Markaziy Osiyo sammiti boʻlib oʻtdi. Unda mintaqa uchun muhim boʻlgan bir qator masalalar muhokama qilindi. Xoʻsh, C5+1 oʻzi qanday format?

 

Markaziy Osiyoning besh mamlakati ishtirokidagi C5+1 formati AQSH, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya, shuningdek Yevropa Ittifoqi bilan yoʻlga qoʻyilgan. 2016-yildan Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida jahon hamjamiyatining Markaziy Osiyoga qiziqishi kuchaydi. Bunga birinchi navbatda mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan chegaradosh boʻlgan Oʻzbekistonning ochiqlik siyosati sabab boʻldi.

 

Turli siyosiy oʻyinchilarning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan oʻzaro munosabatlarining hozirgi mashhur C5+1 formati ilk bor Yaponiya tomonidan 1997-yilda taklif qilingan edi. Oʻshanda Yaponiya Markaziy Osiyoda mintaqaviy muloqot uchun platforma yaratishni taklif qildi. Maʼlumki, dunyodagi uchinchi iqtisodiyot hisoblanmish Yaponiya anʼanaviy ravishda “Katta yettilik” va ASEAN kabi guruhlarga aʼzo rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikka eʼtibor qaratadi va AQSHni asosiy ustuvor sherik deb hisoblaydi. Biroq XX asrning eng katta asosiy hodisasi boʻlmish – Sovet Ittifoqining tarqab ketishi va Markaziy Osiyoda yangi mustaqil davlatlarning paydo boʻlishi Yaponiya tashqi siyosati yoʻnalishlarini oʻzgartirishga sabab boʻldi.

 

Bosh vazir Xasimoto Ryutaro yuqori darajadagi Korporativ rahbarlar Assotsiatsiyasida qilgan chiqishida “Yevroosiyo diplomatiyasi” deb nomlangan yangi siyosatni eʼlon qildi. Ushbu diplomatiya doirasida Yaponiyaning Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari bilan aloqalari mustahkamlangani eʼlon qilindi. Keyinchalik uning nomi “Buyuk Ipak yoʻli diplomatiyasi”ga oʻzgartirildi. “Buyuk Ipak yoʻli diplomatiyasi” uchta prinsipdan – oʻzaro ishonchni mustahkamlash uchun siyosiy muloqot mexanizmlarini ishlab chiqish, mintaqaviy farovonlikni rivojlantirish uchun iqtisodiy hamkorlik hamda yadro qurolini tarqatmaslik rejimini saqlab qolish, demokratiyani rivojlantirish va siyosiy barqarorlikni saqlash maqsadida hamkorlik qilishdan iborat edi.

 

2004-yilning 28-avgust kuni Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoriko Kavaguti Qozogʻiston poytaxti Ostonada Markaziy Osiyodagi hamkasblari bilan ilk bor uchrashdi (toʻgʻri, oʻshanda Turkmaniston nomidan vazir emas, balki mamlakatning Qozogʻistondagi elchisi ishtirok etgan edi). Mazkur “Markaziy Osiyo + Yaponiya” uchrashuv-muloqoti yakunida “Yaponiya va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi munosabatlar yangi davrga kirmoqda” nomli istiqbolli sarlavha ostida press-reliz eʼlon qilindi. Vazirlar uchrashuvida Yaponiya va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi munosabatlar yangi bosqichga koʻtarilayotganligi ramzi boʻlgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatidagi muloqot eʼlon qilingani taʼkidlanadi.

 

Maʼlumki, bu format avval boshdanoq faqat bitta mamlakatga qaratilmagan, balki Markaziy Osiyo mamlakatlariga kompleks yondashuvga asoslangan edi. Shu sababli Yaponiya mintaqaga istiqbolli yondashgan ilk davlatlardan biri hisoblanadi. Mazkur konsepsiya Yaponiya tomonidan “ASEAN+” modelidan qabul qilingan boʻlib, u dunyoning yangi mintaqasi – Markaziy Osiyo uchun buyuk davlatlar bilan muloqotda siyosiy mavqeyi va iqtisodiy salohiyatini oshirish uchun mos deb hisoblagan. Yaponiya birgalikda hal qilinishi kerak boʻlgan muammolarga ega Markaziy Osiyoni yagona organizm deb hisoblagan birinchi mamlakat boʻldi.

 

Toʻgʻri, Tokioning Markaziy Osiyodagi diplomatik faoliyati darajasi boshqa koʻplab mamlakatlarga nisbatan bir necha sabablarga koʻra past boʻldi. Birinchidan, geografik masofa boʻlsa, ikkinchidan Yaponiyada boshqa tashqi siyosat ustuvorliklar bor edi. Uchinchidan, mintaqada investitsiyaviy va siyosiy xavflar ham bor edi. Yaponiya mintaqada faolligini 2013-yildan keyin qayta tikladi. Mamlakat tarixida ilk bor bosh vazir Shinjo Abe 2015-yil oktyabrida Markaziy Osiyoning beshta davlatiga tashrif buyurdi (bungacha Yaponiya bosh vazirlari faqat Oʻzbekiston va Qozogʻistonga kelgandi).

 

2015-yilgi tashrifi davomida Shinjo Abe transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish va suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish Markaziy Osiyo uchun muhim vazifalar ekani va Yaponiyaning ushbu sohalarda yordam koʻrsatishga tayyorligini gapirdi.

 

Vashingtonda C5+1 sammiti: AQSH-Markaziy Osiyo munosabatlarida yangi bosqich

 

Markaziy Osiyoning besh mamlakati soʻnggi yillarda jahondagi yirik davlatlar bilan munosabatlarini sezilarli darajada yaxshiladi. Qoʻshma harakatlar modeli boʻlgan C5+1 formati bunday oldinga siljishda muhim rol oʻynadi. Mintaqadagi barcha davlatlar oʻzlarining umumiy qarashlarini yaxlit mintaqa sifatida ifoda etish oqilona qaror ekanligini tushunib yetdi. C5+1 formatida AQSH, Rossiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan muhim kelishuvlar tuzildi. AQSH bilan C5+1 formati ancha yillardan beri mavjud. Bu yil uning haqiqiy platforma sifatida shakllanganiga roppa-rosa 10-yil toʻldi.

 

Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasida 2015-yili AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari shu formatga asos solgandi. Tashqi siyosat mahkamalari rahbarlarining birinchi uchrashuvi Samarqand shahrida boʻlib oʻtdi. Davlat rahbarlari darajasidagi uchrashuv esa 2023-yildan boshlandi. AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan C5+1 formatida muzokaralar olib bordi.

 

Tahlilchilarning fikricha, AQSH C5+1 formatini mintaqa davlatlari bilan aloqa qilishning asosiy vositasi sifatida koʻradi. AQSH Milliy xavfsizlik strategiyasida Markaziy Osiyo iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, energetika va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, transport va logistikani rivojlantirish nuqtayi nazaridan alohida mintaqa hisoblanadi. Shuning uchun AQSH mintaqa davlatlari bilan munosabatlarni faollashtirishni niyat qilgan. Bu galgi C5+1 sammiti AQSHning Markaziy Osiyoga boʻlgan munosabatida muhim burilish nuqtasi boʻldi. Unda nutq soʻzlagan Donald Tramp “AQSH avvalgi prezidentlar qilgan xatolarni tuzatmoqda – ular Markaziy Osiyoni yetarlicha eʼtiborga olmagan edi”, dedi. Oq uy rahbari mintaqa uchun muhim boʻlgan fikrni taʼkidladi: “Markaziy Osiyo endi chekka hudud emas – u strategik jihatdan muhim, boy resurslarga ega va uzoq muddatli hamkorlikka arziydigan mintaqadir”.

 

Sammitning asosiy natijalari:

– AQSH barcha Markaziy Osiyo davlatlari bilan uzoq muddatli strategik sheriklikni mustahkamlash niyatini bildirdi.

– Savdo va investitsiya boʻyicha yirik kelishuvlar eʼlon qilindi, jumladan, Amerika harbiy texnikasini yetkazib berish boʻyicha bitimlar tuzildi.

– TRIPP transport yoʻlagi kabi yangi infratuzilma tashabbuslari Markaziy Osiyo mamlakatlariga Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatini kengaytirib beradi.

– Qozogʻiston rasman “Ibrohim kelishuvlari”ga qoʻshildi – bu mintaqaviy diplomatiyada yangi bosqichni anglatadi.

– Oʻzbekiston va AQSH nodir metallar, suv resurslarini boshqarish, aviatsiya va qishloq xoʻjaligi sohalarida kelishuvlar imzoladi; keyingi oʻn yillikda 100 milliard dollarlik iqtisodiy bitim qabul qilinadi.

 

Sammitda nutq soʻzlagan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Trampga asos solinganidan buyon oʻtgan 10-yilda mintaqaviy savdo, transport va energetika aloqalarini rivojlantirishning samarali mexanizmiga aylangan “C5+1” formatidagi sammit tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Mazkur sammit Markaziy Osiyo va AQSH oʻrtasidagi strategik muloqotni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berishi taʼkidlandi. “C5+1” formati doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida davlatimiz rahbari qator tashabbuslarni ilgari surdi.

 

Avvalo, ishtirokchi mamlakatlarda navbati bilan joylashtiriladigan doimiy faoliyat yurituvchi Kotibiyatni taʼsis etish taklif qilindi. Davlat idoralari, kompaniyalar va moliya institutlari oʻrtasida tizimli muloqotni taʼminlash maqsadida vazirlar darajasida Investitsiyalar va savdo boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, “Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” jamgʻarmasini ishga tushirish dolzarb ekani taʼkidlandi.

 

Mamlakatimiz rahbari Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz va Yevropa bilan bogʻlaydigan yirik transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirishda AQSH bilan faol ishlashga tayyorligini bildirdi. Muhim minerallarni qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash borasidagi saʼy-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish, shuningdek, tayyor mahsulotlarni global yetkazib berish zanjirlariga kiritish uchun Maxsus qoʻmitani tuzish taklif qilindi.

 

Mintaqa qishloq xoʻjaligini Amerika texnologiyalarini joriy etgan holda modernizatsiya qilish maqsadida Mintaqaviy agrotexnologik innovatsiyalar sherikligini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

 

Gumanitar aloqalarni mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston Prezidenti AQSHning yetakchi muzeylarida Markaziy Osiyo mamlakatlarining madaniy merosiga bagʻishlangan qoʻshma koʻrgazmalarni tashkil etish taklifi bilan chiqdi. Davlat rahbari navbatdagi sammitni Samarqand shahrida oʻtkazishni taklif qildi.

 

Tadbirda soʻzga chiqqan Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov Qirgʻiziston tashqi siyosatda AQSHni yetakchi hamkorlardan biri sifatida koʻrishini taʼkidladi va beshta ustuvor yoʻnalish – iqtisod, investitsiya, turizm, IT va xavfsizlikka eʼtibor qaratdi. Shuningdek, u mintaqa mamlakatlari bilan chegara masalalarini hal etish muvaffaqiyatini qayd etib, nizolarni tinch yoʻl bilan hal qilish tufayli Markaziy Osiyoning jahon sahnasidagi oʻrni sezilarli darajada oshganini taʼkidladi. Japarov C5+1 formatidagi hamkorlik aniq natijalarga olib kelishiga va AQSH bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashiga ishonch bildirdi.

 

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon barqaror xavfsizlikni iqtisodiy rivojlanishning asosi sifatida taʼkidladi. U Tojikistonning AQSH va mintaqadagi sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi. Rahmon oʻz mamlakatining gidroenergetika va “yashil energetika”da, shuningdek konchilikdagi salohiyatini alohida taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, Tojikiston Respublikasi barqaror savdo zanjirlarini shakllantirish va mintaqaviy iqtisodiyotni rivojlantirishga katta hissa qoʻshishga qodir.

 

Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov oʻz mamlakatining betaraflik maqomini eslatib oʻtdi va energiya hamda tranzitga eʼtibor qaratdi. Uning taʼkidlashicha, Turkmaniston Amerika sarmoyalari uchun oʻz portlari va transport yoʻlaklarini ochish orqali Vashington bilan gaz va mineral qazilmalar sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini maʼlum qildi. Prezident barqaror iqtisodiy oʻsishni qayd etib, mintaqa resurslaridan “global yaxshilik” uchun foydalanishga chaqirdi. U 2025-yilni xalqaro tinchlik va ishonch yili deb eʼlon qilishni taklif qilib, mamlakat tashqi aralashuvisiz muvozanat va mintaqaviy barqarorlikka intilishini taʼkidladi.

 

Qozogʻiston prezidenti Qosim-Jomart Toʻqayev Oq uyda tarixiy uchrashuvni tashkil qilgani uchun AQSH Prezidentiga minnatdorchilik bildirdi. U C5+1 sammiti Markaziy Osiyo va Qoʻshma Shtatlar oʻrtasidagi hamkorlikning yangi davri uchun haqiqatan ham keng yoʻl ochganini taʼkidladi. Toʻqayev Donald Trampning xalqaro siyosatdagi rolini alohida taʼkidlab, uni ajoyib davlat arbobi deb atadi.

 

“Sizning rahbarligingiz ostida Amerika oltin davrga kirdi. Biz sizning Amerikani yana buyuk qilish (Make America Great Again) konsepsiyangizni yuqori baholaymiz. Bu maqsad «Qonun va intizom” tamoyiliga asoslangan adolatli, kuchli Qozogʻistonni yaratishga qaratilgan keng qamrovli strategiyamizga mos keladi. Tinchlikparvar sifatida siz sakkiz oy ichida sakkizta urushni toʻxtatishga yordam berdingiz. Shunday qilib, siz Amerikaning xalqaro barqarorlik ustuni sifatidagi rolini sezilarli darajada mustahkamladingiz», – dedi Qosim-Jomart Toʻqayev.

 

AQSH prezidenti Donald Tramp Markaziy Osiyoni strategik mintaqa deb atadi va AQSH muhim minerallar sohasida Xitoy va Rossiyaga qaramlikni kamaytirish niyatida ekanligini taʼkidladi. U Qoʻshma Shtatlar mintaqa mamlakatlarida resurslarni qazib olish va qayta ishlashga milliardlab dollar sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi.

 

Tramp, shuningdek, Kaspiy dengizi boʻylab yangi transport yoʻnalishlari va Amerika kompaniyalarining milliardlab dollarlik imzolangan bitimlari muhimligini taʼkidlab oʻtdi. Uchrashuvning norasmiy qismida Oq uy rahbari “Amerika mintaqaga yaxshi sharoitlar va halol hamkor sifatida qaytmoqda”, dedi. Uchrashuv yakunida Tramp Markaziy Osiyo prezidentlariga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi va sammitni yangi davrning boshlanishi deb atadi.

 

Yillar davomida Markaziy Osiyo ulkan geosiyosiy ahamiyati, tabiiy boyliklari va Yevroosiyodagi strategik joylashuviga qaramay, koʻpincha eʼtibordan chetda qolgan edi. Vashington sammiti shuni koʻrsatdiki, C5+1 formati allaqachon rasmiy uchrashuvlardan tashqariga chiqqan va iqtisodiy-siyosiy qarorlarning haqiqiy mexanizmiga aylanmoqda. AQSH endilikda Markaziy Osiyoga boshqa davlatlar taʼsir doirasining bir qismi sifatida emas, balki oʻz iqtisodiy va texnologik maqsadlariga ega mustaqil mamlakatlar guruhi sifatida munosabatda boʻlmoqda.

 

Shu oʻrinda, Vashington sammitiga munosabat bildirgan Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning soʻzlariga eʼtibor qaratish kerak. U Rossiya Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan MDH va YEOII doirasida hamkorlik qilishini eslatar ekan: “Bizning oʻz formatimiz bor: Rossiya – Markaziy Osiyo yaqinda tashkil etildi. Xitoy – Markaziy Osiyo, Yaponiya – Markaziy Osiyo, YEI – Markaziy Osiy formatlari bor. Bu keng tarqalgan format, tabiiyki Markaziy Osiyodagi doʻstlarimiz va hamkorlarimiz oʻzaro munosabatlarni tashqi siyosatining barcha jabhalarida muhokama qilishlari mumkin”, dedi.

 

Umuman olganda, mazkur sammit Markaziy Osiyo davlatlari uchun umumiy vazifalarni birgalikda shakllantirishi mumkin boʻlgan yagona mintaqa sifatidagi yangi roli va maqomini mustahkamlash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi. Vashingtondagi C5+1 sammiti mintaqaning yangi geosiyosiy va geoiqtisodiy ahamiyatini namoyon etadi.

 

Sharofiddin Toʻlaganov

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Jarayon

15:11 / 06.11.2025 0 194
Yo‘qolgan udumlar

San’at

15:11 / 05.11.2025 0 492
Jismida ikki oʻq bilan yashagan aktyor

Jarayon

17:11 / 03.11.2025 0 105
“Orzu-havas” ortidagi og‘riqlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//