Shashlik, shavurma, yog‘urt – dunyo oshxonasini zabt etgan turkiy taomlar


Saqlash
17:03 / 19.04.2022 2057 1

Tovuq

 

Avvalgi maqolalarimizdan birida kurka (g‘ul-g‘ul tovuq) so‘zi tilimizga ovro‘pa tillaridan o‘zlashgan, degan fikr bildirgan edik. Ammo tovug‘imiz aksincha, jahongashta bo‘lib ketgan.

 

Deylik, g‘arb davlatlaridan biriga safar qildingiz, halol yemak istasangiz, albatta tovuqqa ham duch kelasiz. Tovuq musofirlikda duch kelgan ilk turkiy so‘z bo‘lib sizni qarshi oladi. E’lon yoki yemakxona peshtoqidagi “taouk”, “shish taouk” kabi yozuvlarni uchratganda esa xuddi eski qadrdoningizni ko‘rganday suyunasiz. Chet ellarda “o‘zbek” yoki “O‘zbekiston” desangiz, odamlar “bilmayman”, deb yelka qisishlari mumkin, ammo “tovuq”ni bilishadi (har holda, men xorijda “taouk” yoki “shish taouk”ni bilmaydigan odamni hali ko‘rmadim).

 

Ancha yillar ilgari Monreal metrosining bir bekatidan chiqishda “Taouk du Québec”, ya’ni “Kvebek tovug‘i” degan yozuvga ko‘zim tushgan. Bu mening “taouk” bilan xorijdagi ilk “uchrashuvim” edi, fransuz tilida “tovuq go‘shti” – “poulet”, ammo yemakxona peshtoqiga “Taouk du Québec” deb yozilganligi menga g‘aroyib tuyulgan, keyinchalik “taouk”, “shish taouk” kabi yemakxonalar aslida ko‘p ekanligini bilganman. Men bilgan bunday yemakxonalarning egalari asosan livanlik arablar, shu bois “taouk” yoki “shish taouk”ni ba’zilar arab milliy taomi deb ham o‘ylaydi. Ammo shu yemakxonalar egalari bo‘lmish livanliklardan “taouk” – nima o‘zi?” deb so‘rasangiz, uning turkiy so‘z ekanligini bilishmaydi, ular “tovuq”ni, xuddi biz “chuchvara”, “lag‘mon” deganimizdek, shunchaki taom nomi deb o‘ylashadi.

 

Xo‘sh, shish tovuq qanday qilib livanliklarga o‘tib qoldi? Ma’lumki, boshqa shom o‘lkalari qatori Livan ham tarixda dastlab Misrning turk hukmdorlari – mamluklar qo‘li ostida, keyinchalik, qariyb to‘rt asr mobaynida Usmonli davlati tarkibida bo‘lgan. Shu bois Usmonli davlati hududida shakllangan yemak tayyorlash an’analari livanliklar oshxonasiga ham o‘tgan.

 

Shish tovuq

 

Shish tovuq – bu tovuq go‘shti burda-burda kesilib, yog‘ochdan yasalgan maxsus cho‘p, ya’ni shishga tortilib olovda pishiriladigan kabob, o‘zbek tilida “tovuq shashligi” deyilsa, yaxshiroq tushuniladi. Hozirda “shish taouk”, “shish kebab” nimaligini ko‘pgina dunyo xalqlari, ayniqsa, ovro‘paliklar yaxshi bilishadi.

 

“Shish” – aslida qadim turkiy so‘z bo‘lib, hozir ham turk, ozarbayjon, qirimtatar qardoshlarimiz uni muloqotlarida qo‘llaydilar va ular orqali bu so‘z dunyoga yoyilgan. Afsuski, o‘zbek tilida “shish” unutilib, uning o‘rnini forscha “six” egallagan. Bu so‘z “Devonu lug‘otit-turk”da ham bor, Koshg‘ariy bobomiz unga: “shїsh – tutmoch tayyorlash uchun qo‘llanadigan maxsus cho‘p”, deb izoh bergan (DLT. Indeks. 338-bet; II t. –T. 1967. 326-bet).

 

XIV asrda Xorazmda yashagan adib Sayfi Saroyining “Gulistoni bit-turkiy” asarida ham “shish” so‘zi “six” ma’nosida ishlatilgan: “nukarlari tutub sanchar yigirmi qazni bir shishka”, ma’nosi “navkatlari yigirma g‘ozni tutub bir shishga sanchadi” (Э.Фазылов. “Староузбекский язык Хорезмийские памятники XIV века”. II т. –T. 1971. 538). Qadimgi turkiyda “shish” so‘zi, shuningdek, “xivich”, “novda” ma’nolarini ham bildirgan.

 

Shashlik

 

Hozirgi o‘zbek tilida “shish” ishtirokida yasalgan “shashlik” so‘zi ishlatiladi. O‘tgan asrlarda Qirim tatarlari, shuningdek, Dashti Qipchoq, Hoji Tarxon (Astraxan) va Kavkazda yashagan turk qavmlari shishga tortib olovda pishiriladigan etni – “shishliq” deb atashgan. Rossiya Imperiyasi bu hududlarni bosib olgach, turkiy xalqlarning bu taomi – “шашлык” nomi bilan ruslarga ham o‘tadi, sovet davrida esa shashlik sobiq ittifoq miqyosida sevimli taomlardan biri edi. Shuni ham aytish kerakki, sovet davridan oldin mamlakatimiz hududida fors-tojik tili ta’sirida ko‘proq “six”, “six kabob” deyish udum bo‘lgan. “Shishlik” rus tili orqali tilimizga “shashlik” bo‘lib qaytdi, deyish mumkin.

 

Yog‘urt

 

Ko‘pchilik turkiy qavmlar o‘tmishda ko‘chmanchi bo‘lganligi uchun ularning turmushida chorva, et-sut mahsulotlari muhim o‘rin tutgan. Shunday mahsulotlardan biri – yog‘urt – bugun nafaqat turkiy, balki dunyodagi barcha til va lug‘atlardan baynalmilal so‘z sifatida o‘rin olgan.

 

“Yog‘urt” so‘zi “Devonu lug‘otit-turk”da ham bor. Koshg‘ariy bobomiz “Devon”da: “suvuq” (“suyuq”) so‘zini izohlar ekan, “yog‘urt”ni ham tilga oladi: “سُوُقْ suvuq – har bir suyuq narsa, chunonchi, suyultirilgan qatiq, suzma, shirinliklar. “سُوُقْ يُغُرْتْ” suvuq yog‘urt – suyuq qatiq” (DLT. III t. T. 1963. 179-bet).

 

Староузбекский язык Хорезмийские памятники XIV века” lug‘ati muallifi Ergash Fozilov “yog‘urt”ga misol tariqasida “Gulistoni bit-turkiy” asaridan ushbu misolni keltiradi: “keturdi bir g‘arib er ul yog‘urtni”, ya’ni “bir notanish kishi yog‘urt keltirdi” (Э.Фазылов. “СУЯ”. I т. Т. 1966. 544).

 

Shuningdek, “yog‘urt” so‘zi XIII-XIV asrlarda ovro‘palik missionerlar tomonidan tuzilgan “Kodeks kumanikus” lug‘atida ham “yogurt” shaklida qayd etilgan. Qadimda bu so‘z turli turkiy lahja va shevalarda: yog‘urt, yourt, yuvurt, juvurt, jugrat, jurg‘at, zuvurt va hokazo shakllarda keng qo‘llanilgan.

 

Shavurma

 

Endi yuqorida tilga olingan yemaklarni bir yupqa nonga “chevirsak” (ya’ni, o‘rasak), shavurma paydo bo‘ladi. “Shavurma” – arabcha, hatto yahudiycha so‘z, deguvchilar ham bor. Ammo bu nom turkcha “chevirma”ning arab va boshqa tillarda buzib talaffuz etilishi oqibatida paydo bo‘lganligini bugun ko‘pchilik biladi. Umuman, “-ma” qo‘shimchasi bilan tugaydigan: qovurma, do‘lma, bostirma, dimlama kabi barcha taomlarni turk xalqlariga oid desak, yanglishmaymiz. Shu kabi “-(o)ba”, “-bo” (“-va”) bilan tugaydigan: mastava (forscha: “mast” – qatiq, “obo” – suyuq ovqat), sho‘rva (sho‘r+bo), piyova (piyoz+obo), qurutoba (“qutur” – turkiy so‘z) kabi taom nomlari esa etimologik jihatdan fors tiliga borib taqaladi.

 

Abduvohid HAYIT

1 Izoh

Feruzjon

16:04 / 12.04.2024

Juda zoʻr maqolalar

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23739
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//