Adabiyot
Afsonalardagi uchar gilamlar uchoq ko‘rinishida, g‘or og‘zida aytiladigan sehrli so‘zlar kod shaklida hayotimizga ko‘chdi. Mavjur barcha soha va yo‘nalishlar o‘ziga xos inqiloblarni boshidan kechirdi. Faqat inson xilqatidagi aniq hamda mavhum o‘rin va ehtiyojlar avvalgidek.
Adabiyot ham katta yangiliklarni qabul qildi. Ammo mohiyatiga sinchiklab nazar solsak, barcha ...izmlarning ildizi folklorga borib tutashadi. Xalq og‘zaki ijodining jonli eltuvchilari baxshilardir. Baxshilar azaldan so‘z sohiblari, tuyg‘u zargarlari bo‘lgan. Dostonlar qatida vatanparvarlik, do‘stlik, sadoqat, mardlik xislatlarini odamlarga yuqtirishda zamonlar osha ko‘prik bo‘lib xizmat qilib keladi. Bu ilohiy iqtidor egalaridan biri O‘zbekiston xalq baxshisi Shodmon baxshi Xo‘jamberdiyev bilan oyina.uz muxbiri suhbat uyushtirdi.
– Yo‘lovchi safarga otlanar ekan, uning mo‘ljal olgan manzili qayer bo‘lishi yo‘lga kuzatayotgan yaqinlari va yo‘ldoshlariga bog‘liq. Manzilni to‘g‘ri olgan ekansizki, bugun nomi chiqqan baxshisiz. Baxshi bo‘lganda ham ijodkor, boyir baxshisiz. Yo‘lning boshi haqida eslasak. Baxshichilikka qiziqish qachon paydo bo‘lgan, kim qo‘lingizga ilk marta do‘mbira tutqazgan?
– Bizning yoshlik vaqtlarimizda qishloqlarimizda har bir uyda bittadan do‘mbira bo‘lgich edi. O‘tiradigan katta uyning manglayida do‘mbira ilinib turgich edi. Bobolar suhbat, gurung qiladigan bo‘lsa, do‘mbirada bir-bir kuy chalishgich edi-da, gurung qilgich edi. Mening otam ham, bobom ham do‘mbira chalgan. Otalarimiz “Do‘mbira yerda tursa uvol bo‘ladi”, deb o‘git bergich edi. Shuning uchun biz bolalikdan do‘mbirani qandaydir bir sirli xilqat degan tushuncha bilan katta bo‘lganmiz.
Mening qiziqishim shu otamlarning, bobomlarning gurungidan bir-ikki na’ma o‘rganib boshlangan bo‘lsa kerak-da. Eslasam, 1974-yillar 1-sinfga borgan bo‘lsam, shundan bir-ikki yil oldin qishlog‘imizga O‘zbekiston xalq baxshisi Xo‘shboq baxshi Mardonaqulov keldi. Bir amakimizning uyida “Suluvxon” dostonini aytdi. Endi, boraman, deb qo‘ymagan bo‘lsam kerak, enam rahmatli iyartib bordi. Otamlar doston tinglab o‘tirgan ekan, shu uyga kiritib yubordi. Tomning burchagida to‘rkab turib “Suluvxon” dostonini eshitdim. Dostonni baxshi shunchalik maroq bilan kuylagan edi, men xuddi G‘irotning beliga minganday, uchib ketayotganday besaranjom tingladim. Shundan baxshichilikka qiziqish boshlandi.
O‘tiradigan xonamizda mixda osig‘lik turadigan do‘mbiraga bo‘yimiz yetadigan bo‘lib qolgandan keyin sal jur’at paydo bo‘lib, u yer-bu yeriga teginadigan, torlarini chertib ko‘radigan bo‘ldik. Otalarimizdan, bobolarimizdan o‘rgangan na’malarni chiqarishga harakat qilardik. Otam katta chobag‘on edi. U paytlarda uloqqa borilgan joyda qo‘shxona tashlanardi: chobag‘onlar navbatma-navbat do‘mbirada na’ma chalib, qiziq-qiziq termalar aytib tongni ottirishardi. Mening otam ham ko‘pkariga taalluqli besh-o‘nta na’mani yetkazib chertardi. Na’ma degan kuy. Keyin... otamning ukasi – Ergash baxshi elga tanilgan baxshi edi. U akamiz 14-15 yoshlarida vafot etgan, kasal bo‘lganmi, ko‘zikkanmi, nima bo‘lgan bo‘lsa erta o‘lib ketgan. Men baxshichilik san’ati bo‘yicha 4-avlodman. Bizning oilamiz san’atga qiziqardi. Enam rahmatli ham qiziqar edi. Akam ham rubob chalib, tor chalib qo‘shiq aytar edi. Keyin-keyin Qodir baxshi, Chori baxshi, Xo‘shboq baxshilarni tanidik.
Qo‘lingizga kim ilk bor do‘mbira tutqazgan dedingiz. Biror odamning qo‘limga “ma” deb do‘mbira ushlatganini eslashim qiyin, lekin bu quv yog‘ochning oldidan indamay o‘tib ketolmaganman. Bunday o‘ylab qaraydigan bo‘lsam, meni uyimizdagi, qishlog‘imizdagi muhit, har oqshomlik baxshiyona gurunglar shu olamga olib kirgan ekan.
– Termizda birinchi Xalqaro baxshichilik san’ati festivali bo‘lib o‘tgandan keyin nimalar o‘zgardi? E’tibor qaratilgan tomonda o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy. Yaratilgan shart-sharoit, yoshlarning qiziqishi haqida aytib o‘tsangiz.
– Baxshilarning Prezidentimizga mehri juda zo‘r. Chunki bu inson ko‘hna baxshichilik san’atining bitib borayotgan ko‘zini ochdi. Bir vaqtlar ustoz Chori baxshi hazil qilib terma aytar edi: “Baxshilarning soyuzi yo‘q”, deb. Mana, hozircha “soyuz”imiz bo‘lmasa ham boshimizni biriktirib turadigan markazlarimiz bor. Vohada katta baxshimi, mayda baxshimi, endi chiqayotgan o‘smirmi – hamma bir-birini taniydi.
Endi birinchi baxshichilik festivaliga keladigan bo‘lsak, ko‘p ellarning san’ati bilan tanishdik, yaxshi hamkor do‘stlar orttirdik, maqtansak, faxrlansak arziydigan festival bo‘ldi. Ustozimiz Qodir baxshi aytgich edi: “No‘noq baxshi bo‘lsa ham berilib tinglanglar, bir yaxshi narsa o‘rganasizlar”. Hamma san’atda ham yangi avlodning dunyoga kelishi bog‘lovchi — ko‘prik avlodning yutuqlariga bog‘liq. Agar baxshichilik shunchaki to‘y yoki davra san’ati bo‘lib qolaverganda, ixlosmandlari unchalik ko‘paymagan bo‘lardi. Hozir baxshilarning ham, baxshichilikning ham obro‘si baland. Tumanlardagi musiqa va san’at maktablarida baxshichilik sinflari bor. Qiziqqan bolalarga borib dars beramiz. Mening ham ertaga bemalol katta davralarga chiqa oladigan shogirdlarim bor. Samariddin degan shogirdim Toshkentga baxshichik fakultetiga o‘qishga kirdi. Abdumurod degan bir shogirdim undan ilhomlanib, belini besh joyidan boylab, o‘qishga tayyorgarlik ko‘rib yotibdi. Elbek baxshi, Odil baxshi degan yosh shogirdlar ham bor, Xudo xohlasa bir kun kelib elning oldiga chiqadi.
– Ustoz-shogirdlik an’analari baxshichilikda boshqacharoq. Shogird ma’lum muddat ustozining soyasiga aylanishi shart. San’atingizdan ustoz borasida omadi chopgan shogirdsiz. Ustozlaringizning sizga ko‘rsatgan g‘amxo‘rligini shogirdlaringizga oshirib ko‘rsatolyapsizmi?
– O‘rovi keldi, shogirdlik kezlarimni bir maydon eslasam. Bolalik davrimiz boshqacha o‘tgan. Ustozni otaday ulug‘laydigan odamlarning orasida kattarganmiz. Ustoz Qodir baxshi, ustoz Xo‘shboq baxshi, ustoz Chori baxshilardan saboq olganman. Qodir baxshining uyida o‘n yillab yurdim. Bunday odamlar har qanday o‘smirni ham orqasidan iyartib yurmaydi. Katta ustozlar juda sinchi bo‘ladi, bitta na’ma chaldirib ko‘rib, bahoni ichida berib qo‘yadi: bo‘ladigan bola bo‘lsa to‘ylarga, chaqiriqlarga ergashtirib yuradi; bo‘lmaydigan bo‘lsa, “bolam, yana picha vaqt elning ichida yuring, salgina pishing”, deydi. Biz, shogirdlari hech qachon “palon narsa qanday bo‘ladi, pismadoni qanday chalinadi” deb ustozning vaqtini olmasdik. To‘ylarga, chaqiriqlarga olib borardi. Biz u kishining g‘ilofli do‘mbirasini ko‘tarib yurganmiz. Doston aytiladigan kechalarda yonida o‘tirib, qaynoq suv uzatib turganmiz. Suvning harorati qancha bo‘lishi kerak, qachon ichilishi kerak, kabi mayda-chuydalarni o‘z sezgimiz bilan bilib olardik. U davrlarda tong otguncha doston aytilardi. Ustoz har zamonda, charchagan vaqtlarida andak dam oladigan bo‘lsa, mana, bizning bolamiz ham bitta aytib bersinqani, xaloyiq, deb bizga dostonning osonroq joylaridan bir navbat bergich edi. To‘ydan keyin ustozning uyiga qaytardik: ayoli bizga ham alohida o‘rin solib qo‘ygan bo‘lardi. Uyida xuddi farzandiday yashaganmiz. Yo ayolining, yo o‘zining muomalasida bir qiymaslik degan narsani payqamaganmiz. Keyin Xo‘shboq baxshidan ham xuddi shunday tartibda saboq oldik. Shoto‘ra baxshi, Boyqul baxshi degan nomdor ustozlardan ham o‘z vaqtida ko‘p narsa o‘rgandik. Bizga hech qachon ustozimiz “baxshi ana unday bo‘lishi kerak, badihago‘y mana bunday bo‘ladi” deb til bilan aytmagan. Lekin ustozning soyasiday bo‘lib ergashib yurib bildikki, baxshi degani ham shoir, ham ijrochi, ham bastakor bo‘lishi kerak. Bunday olganda baxshi aktyor, ham qiziqchi ekan. Dostonning qiziq joylariga kelganda tinglovchilarni sharaqlatib kuldirib ketishi kerak, qayg‘uli joylariga kelganda odamlarni yig‘latib aytishi kerak. Ta’riflayotgan qahramonining ichiga kirishi kerak. Biz ustozlardan shu narsalarni o‘rgandik. Aytayotgan paytimizda, har bir so‘zimizga e’tibor berardi. Termaning qofiyasini kelishtiraman deb har qanday gapni qo‘shib ketaverma, degich edi. Shuytib-shuytib, oz-ozdan o‘rganib keldik. “Dostonlarni behurmat qilma, odamlarning mehrini, hurmatini qadrla”, deb o‘rgatgichidi. Keyin esa o‘zimizdan kelib chiqib sal sayqallashtirgan bo‘lamiz. Yana bir chiroyli an’ana bor: biz “pishib yetilganimiz”dan so‘ng elning o‘rtasiga chiqish uchun ustoz duo beradi.
Men bir marta Qodir baxshi ustozning ruxsatisiz Tojikistonning bir joyiga to‘yga borib edim. Mendan keyin bir hafta o‘tib u kishining o‘zi ham sho‘ qishloqqa borganida, odamlar men haqimda yaxshi gaplarni gapirib qolishibdi. Shundan keyin ustoz uyimizga keldi. Otamlar, og‘aynilar yig‘ildi. Qo‘y so‘yildi. Elning oldida ustoz menga: “Shoto‘raday baxshi bo‘lgin, Shodmon-a, She’rlar aytib yaxshi bo‘lgin, Shodmon-a. Har davrada jo‘shib aytgin qo‘shiqni, Yomonlarga qarshi bo‘lgin Shodmon-a. Erka degan o‘tgan ekan Alimday, Erkalanib usta bo‘lgin, Shodmon-a. Bitta o‘zing jo‘shib aytgin har yerda, Ko‘payishib yuzta bo‘lgin, Shodmon-a”, deb duo bergan edi. Endi menga duo berayotganda shunday degan: Birinchidan, dogovorni qattiq, katta qilmaysan, kelishtirib narx aytasan, elning o‘zi ham beradi, degan. Keyin, nohaqlik qilmaysan. Masalan, bu yoqda bir suvchining to‘yiga boraman deb va’da berib qo‘yib, ertaga kalxozning raisimi, kattaroq odamning to‘yiga ketib qolmaysan. Uchinchidan, beadab, yomon yo‘llarga yurmaysan. Yolg‘on gapni aytmaysan, dostonlarni behurmat etmaysan. Bir xil odamlar, Alpomishning shamollab turgan joyini ayting, deydi-ku, ahmoq odam ham ko‘p-da. Alpomishning unday qilib turgan joyidan ayting, Go‘ro‘g‘lining bunday qilib turgan joyidan ayting, desa, baxshi vaysab qolsa, noma’qul. Ana shu qiliqlarni qilmaysan, deb ustoz bizga duo bergan. Mahovat bo‘lsa ham aytayin, Qodir baxshi duo bergan yakka shogirdi menman.
Shundan keyin oradan 20 yillar o‘tib, bir to‘yda o‘tirgan vaqtimiz Xo‘shboq baxshi ham termani to‘xtatib, meni chaqirib: “Ke, bolam, menam senga bir duo berayin”, deb duo berdi. Bu san’atda amal qilib kelinadigan tartiblardan, siz aytganday an’analardan biri shuki, ustozning duosini olmay turib, elning o‘rtasiga chiqa olmaymiz.
Shogirdlarimga baholi qudrat nimadir berib, ustozlarim oldidagi qarzlarimni uzishga harakat qilyapman. Hozir bir nima deyolmayman, o‘n-o‘n besh yillardan so‘ng mehnatimning samarasini ko‘raberasizlar, xudo nasib...
– Uloq chopganda talabgor qancha ko‘p bo‘lsa, chavandoz “hayt”ining zavqi shuncha yuqori bo‘ladi. Shu jarayon ichidasiz, bugun eng zo‘r baxshi kim, sizdan keyin?
– O‘zi elning o‘rtasiga do‘mbira ko‘tarib chiqqan odamning ichida o‘ti bo‘ladi. Lekin ularning hammasini ham Qodir baxshi qarichiga to‘g‘ri keladigan baxshi deyolmaymiz. Masalan, Qodir baxshining farzandlari Qahhor baxshi Rahimov, Abdumurod Rahimov, Bahrom Rahimov, keyin Baxshiqul baxshi, Abdunazar baxshi Poyonov, ijodi eng gullab-yashnab turgan Safar baxshi, O‘rol baxshilar bor. Baxshilar orasida “palonchi zo‘r, pistonchi kamzo‘r” degan baho yo‘q. Baxshining san’atini el baholaydi. Har bir baxshining o‘z muxlislari bor. Shuning uchun elimizning ming yillik hikmatlarini, dostonlarini yuragida bir g‘aznaday olib yurgan hamma baxshini men zo‘r deyman. Mayli, xato qilsin. O‘rgansin. Bir kun katta oqimga qaytadi. Qaytmasa ham Xudo xayrini bersin.
– O‘g‘lingiz Sherali ham vohada yetishib kelayotgan umidli baxshilardan. O‘g‘lingizga nega o‘zingiz ustozlik qilmagansiz, boshqa baxshiga shogird tushirgansiz?
– Endi bu bunday. Masalan, Sherali baxshi enadan tug‘ilgandan keyin, beshikda yotgan vaqtlarida do‘mbira kuyini, qo‘shiqni allani eshitganday eshitib katta bo‘lgan. U mening o‘g‘lim. Mendan botinib so‘rayolmaydigan joylari bo‘lishi mumkin. Ota-bolalik pardasi bo‘ladi-da baribir. Keyin ham, Abdunazar Poyonovning tog‘a tomonligi ham bor. Mening ustozim Qodir baxshi aytishi bo‘yicha, qanday baxshi qo‘shiq aytsa eshitish kerak, har bir aytimda bir buyuk so‘z bor, shunda tinglayotgan baxshiga ham bir buyuk so‘z kelib qoladi. Endi men o‘zimcha o‘g‘lim Sherali baxshini Abdunazar baxshining, Qahhor baxshining, Abdumurod baxshining shogirdi, mening shogirdim ham deb hisoblayman-da.
– Dunyoni bir tomondan texnika ishg‘ol etib boryapti, bir tomondan ko‘ngil(aldar)ochar mashg‘ulotlar ko‘payib ketdi. Bu san’at – baxshichilik san’ati qachongacha davom etadi deb o‘ylaysiz?
– Hozirgi yoshlarning bosimi “iyaha-aha, iyaha-aha” deb, yengil-yelpi qilib aytayapti. Bunday toshi yengil, tuturuqsiz narsalar baxshichilikka to‘g‘ri kelmaydi. Bir-ikki baxshilarga, bunday qilma, bu qo‘shiqni bunday aytma, degan vaqtimda, zamon tezlashayapti, siz nimani bilasiz, siznikiday eskicha qilib aytamizmi, degan. Biz o‘zimizning qadriyatimizni, ota-bobomizdan qolgan meros san’atni buzib tashlab bermasligimiz kerak-ku kelajak avlodga. Sherobodda baxshichilik maktabi jonli tarzda qolgan. Sherobod baxshichilik san’atining o‘chog‘i deb faxrlansak bo‘ladi. Endi buni biz buzmasligimiz kerak-da. Masalan, vodiyda lali bilan qo‘shiq aytadi-ku, nimaga laliga ionika qo‘shmaydi yoki gitara qo‘shmaydi. Qo‘shsa bo‘ladimi shunga? Yo‘q! Baxshichilikda jo‘r qilib aytasan deganlari ham bo‘lyapti. 5 ta, 10 ta kishi bo‘lib, jo‘r qilib aytasan, deyapti. Lekin bizga u to‘g‘ri kelmaydi. Baxshi yakkaxon ijrochi. Nima bo‘lgan taqdirda ham an’anani, qadriyatni buzmasligimiz kerak. Ota-bobomizdan qolgan meros, san’atni bus-butunligicha kelajak avlodga berishimiz kerak.
Yoshlar orasida dostonlarni to‘liq biladiganlari ham kamayib ketyapti. Ustozim Xo‘shboq baxshi Tojikistonga borib o‘n bir kun doston aytgan. Bir kolxozning raisi qishlog‘idagi to‘y qiladiganlarga navbati bilan to‘y kunini belgilatib, ustozimni xizmatga chaqirgan. Birinchi kun birovinikida, ikkinchi kun boshqasinikida – o‘n bir kun doston aytgan.
Baxshichilik san’ati qachongacha davom etadi?.. Bu savol meni ham ko‘p o‘ylantiradi. Odamda ko‘ngil bor ekan, bu san’at davom etaveradi. Faqat, biz bu omonatga xiyonat qilmay, asliday kelajakka uzatishimiz kerak. Qo‘rqaman, o‘tgan baxshilar bizdan og‘rinmayaptimikan. Yoshimiz ustoz yoshida-da, buning ham mas’uliyati bor. Termizda baxshichilik maktabi ochilganda Abdunazar baxshi bilan hech qanday oylik yo boshqa tamasiz bir yil qatnab dars berdik. Agar, universitetlar, oliygohlarga ham borib dars o‘tish kerak bo‘lsa, jonimiz bilan dars o‘tib beramiz. Faqat, baxshichilik san’ati buzilmay avlodlarga yetsa bo‘ldi.
– Baxshining eng katta baxti va baxtsizligi nimalar?
– Baxshining baxti... Alimardon To‘rayevning kinosini ko‘pchilik ko‘rgan. Boshida Alimardon To‘rayevni xalq qanday qabul qilgich, qarsak, olqishlar bilan davrada kutib olgich edi. Bir vaqti keldi-da, xato ishlarni qildi, oxirida el sahnadan haydab yubordi.
Xudo obro‘ bersin, bizning qo‘shig‘imizni bitta bo‘lsa ham odamlar eshitsa, sahnadan, davradan haydamasa, shu bizning baxtimiz. Haydagan kuni o‘lgan kunimiz. Baxshilarning bir-biriga g‘irromlik qilmasligi, yolg‘on aytmasligi, va’dasiga vafo qilishi, mardligi baxshichilikning oltin qoidasi!
Nargiza ODINAYEVA
suhbatlashdi
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q