O‘zbek matbuotining yirik namoyandasi Sanjar Siddiq Abdul-Bosit Isroiljon o‘g‘li 1902-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Abdul-Bosit avval jadid maktablarida, so‘ng madrasada tahsil oldi, rus-tuzem maktabida o‘qib, rus tili, Ovro‘po ilm-fani yutuqlari bilan tanishdi. 1918-1919-yillarda “Chig‘atoy gurungi”da ustoz Fitratning tavsiyasi bilan Sanjar nomini oldi. 1920-yildan Eski Toshkentdagi 12-sonli maktabda o‘qituvchi, ayni vaqtda “Ishtrokiyun” gazetasi tahririyatida adabiy xodim va tarjimon vazifalarini bajargan. U butun e’tiborini nashr sohasiga qaratdi va tinimsiz ijodiy ishga bag‘ishladi. Qisqa davrda “РосТА” gazetasi va bolalar jurnallarida muharrir, 1922–1924-yillarda “Qizil bayroq” va “Turkiston” gazetalarida kotib, “Inqilob” jurnalida adabiy xodim bo‘lib ishladi. So‘nggi yillarda “Qizil O‘zbekiston” gazetasida bo‘lim boshlig‘i, 1925-yildan “Yer yuzi” jurnalida mas’ul kotib kabi yana boshqa nashrlarda ham mas’ul lavozimlarda faoliyat olib bordi. Bosit Siddiqov (Sanjar) oliy ma’lumot ololmadi, hech qachon kommunistlar partiyasi a’zosi bo‘lishga intilmadi.
Unga nisbatan ta’qib boshlanganda ham “Guliston” jurnalida adabiy xodim va mas’ul kotib vazifasida ishlardi. Sanjar Siddiqning yuzdan ortiq publistik maqolalari va teatr taqrizlari nashr etildi. U jurnalist sifatida o‘z maqolalarida “Kitobxon”, “Bir kishi”, “Sanjar nafratchi”, “Kaltadum”, “S.S.”, “Gazetchi”, “Toshkentlik”, “Ko‘z-Quloq”, “Sanjar” va boshqa nomlarni qo‘llagan. U mas’ul lavozimlarda ishlash bilan bir paytda o‘ta samarali ijod qildi. Salimxon Tillaxonov o‘z “Xotiralari”da: “Sanjar hozirg‘i vaqtda O‘zbekistonda yozuvchilikda birinchilikni oladir. Hozirg‘acha maxsus asar yozmag‘an bo‘lsa ham yozuvchilar orasinda eng ma’lumotlisi shul Sanjardir. Sanjarning hamma vaqt yozg‘an asarlari milliy yo‘lda bo‘lg‘an, yozuv ila milliy tashkilotga yordam berib, milliya uchun juda yaxshi tashviqot qilg‘on” deb yozgan edi. Darhaqiqat, uning yozgan maqolalari o‘z vaqtida qanchalik dolzarb masalalarga qaratilgan bo‘lsa, bugungi kunda ham muallifning sohani chuqur bilishi va muammoning asl ildizlariga yetib bora olishi bilan yuksak e’tiborga molikdir. Jumladan, uning “Ipak”, “Radiohavaskorlar”, “Temir yo‘lning 100 yilligi”, “Kitobxon Toshkent”, “Chigitlardan hayvon uchun ovqat” kabilarni sanab o‘tish mukin. “Yer yuzi” jurnali sahifalarida bosilgan “Kurash” maqolasida o‘zbek kurashining xalq milliy qadriyati sifatidagi xususiyatlariga to‘xtalsa, “Bugungi Buxoro”da “Gazetchi” sizni “Buxoroi Sharif”ga olib boradi. Qadim afsonaviy shaharning jin ko‘chalari, obod bozorlari, ko‘chada foytunlarni uchirib yuruvchi abjir aravakashlari, Buxoro hovuzlarining siri, meshkoplar, shaxmatchilar bilan tanishtiradi. Maqolani o‘qish jarayonida Buxoroda yurgan sayyohga aylanasiz, ko‘chalardagi yarim tojikcha chaqiriqlar, o‘zaro gap qistirishlar, suhbatlar go‘yo qulog‘ingiz ostida kechadi. Bir paytda Yangi Buxoro shahrining bekorchilar-u o‘g‘rilar bilan to‘lgani, bir vaqtlardagi so‘lim go‘shaning ari uyasidek o‘z xotirjamligini yo‘qotganini ham tasvirlayotganini anglash qiyin emas. Maqolada 1920-yil sentabr oyining dahshatli kunlarida to‘pga tutilib, to‘kilib qolgan Minorai Kalon suratining berilishi ham ma’lum ma’noga ega. Vaholanki, qadim Buxoroning ramzi bo‘lgan bu minora 1923-1924-yillar F.Xo‘jayev buyrug‘i bilan usta Shirin Murodov rahbarligida bir guruh me’morlar tomonidan qayta tiklangan edi. Shuningdek, keng xalq ommasining jahon millatlari turmush tarzi va an’analari haqidagi ilmlarini oshirish maqsadida ham qator maqolalar e’lon qildi. Bulardan “Mayda millatlar mamlakati” maqolasi Chexoslovakiya haqida, “Burung‘i madaniyat qoldiqlari” maqolasi esa amerika hindulari hayotidan hikoya qiladi. Ularning oilaviy munosabatlaridagi tenglik, milliy an’analariga sadoqatini tilga oladi. “Kobil” maqolasi qo‘shni Afg‘oniston xalqlarining hayotidan xabar berib, unda mustaqil Afg‘oniston mamlakatining tashqi va ichki siyosatidagi hayoti cheksiz muhabbat bilan tilga olinadi. Bu maqolani keyinchalik, uning “ishi”da asosiy jinoyatlaridan biri sifatida baholashadi. Sanjar Siddiq qalamiga mansub maqolalarning barchasi tushunarli va sodda tilda yozilgani, o‘quvchi dunyoqarashi, ilmiy tafakkurining o‘sishiga xizmat qilishi bilan yuksak badiiy qiymatga ega.
Sanjar Siddiq “O‘zbek teatri” maqolasida milliy asarlar yaratish masalasida keskin mulohazalar bildiradi. U teatrlardagi yevropa, rus, tatar, ozarbayjon teatrlarining asarlari qanchalik professional bo‘lmasin o‘zbek xalqi hayotidan, turmush tarzidan uzoqligi uchun ularni xalq qabul qila olmaydi, deydi. Ayniqsa, oxirgi pardalarda “Marseleza”, “Internatsional” qo‘shiqlarining tiqishtirilishi tomoshabinlarning nafaratiga sabab bo‘lib turibdi. Natijada xalqdan olqish o‘rniga so‘kinish eshitilmoqda. Bu esa faqat artistlarning emas, yozuvchilarning ham xalq hayoti, turmush madaniyati, orzu istaklaridan naqadar uzoqligini anglatishini aytib, “Xalqimiz hozirgi davrda bu san’atni, ayniqsa yevropa san’atini xohlamaydir” deydi. Nima uchun “Halima” va “Yorqinoy” mashhur bo‘lib ketdi. Undagi xalq hayotidan olingan sahnalar, tanish qahramonlar xalqni teatrga tortmoqda. Bugun Shekspir, Gogol asarlari emas, ko‘proq xalq uchun xizmat qiladirgan “O‘zbek xalq teatrusini tuzmoq kerak”, deb hisoblaydi.
Sanjar Siddiq tarjimon sifatida nafaqat sahna asarlarini, balki ko‘p sonli o‘quvchilarning ehtiyojini inobatga olib bir qancha kichik hikoyalarni ham tarjima qildi. Ulardan mashhur nemis adibi V.Gollanderning “Mahmud ibn Kamolning sarguzashti”, nemis yozuvchisi Bernxold Kellermanning Eron sayohati taassurotlari maqolasidan “Eroniston biyobonlarida” nomli tarjimalarini keltirib o‘tish mumkin. Shuningdek, nemischadan Frayniyel asarlaridan “Kutilmagan baxt”, Anri Barbyusdan “Qo‘rqinchli poyezd” kabi qator boshqa hikoyalarni tarjima qildi. Bu asarlarni qanchalik hukmron mafkura talablariga moslab talqin etilmasin, o‘quvchi tarjimonning maqsadini juda yaxshi anglaydi. Ularda millatning istibdodga qarshi ichki tug‘yoni, ozodlik va tenglik uchun kurash, zulmga nisbatan nafrat ufurib turadi. Sanjar Siddiq ayni paytda o‘zbek ijodkorlari asarlarini o‘zga tillarga tarjima qilish ishlarini ham boshlab yubordi. Aytish mumkinki, mustabid tuzumning begunoh qurboni Sanjar Siddiq o‘zining qisqa umri davomida o‘zbek matbuoti taraqqiyotida o‘chmas iz qoldirdi. Uning ijodiy merosi, yozgan maqolalari va tarjimalari o‘z vaqtida xalqimizning ma’naviy kamoloti, badiiy tafakkuri o‘sishida muhim o‘rin egalladi.
Sanjar Siddiq O‘zbekistonda birinchi bo‘lib tarjima nazariyasiga bag‘ishlangan “Adabiy tarjima san’ati” ilmiy monografiyasini yozdi. Mohir tarjimon sifatida o‘zbek o‘quvchilari uchun rus, nemis, ingliz va fors tillaridan ko‘plab asarlarni tarjima qildi. Ko‘p yillar Sanjar Siddiqning tarjimasi asosida Lope de Veganing “Qo‘zibuloq qishlog‘i” (1931), As-Xabibning “Bombey” (1931), P.Furmanskiy va Y.Radionovlarning “Van Shi Bin” (1932), N.F.Pogodinning “Mening do‘stim” (1934), N.V.Gogolning “Revizor” (1934), N.Zaxrining “Quvonchlar ko‘chasi” (1938) asarlari Hamza nomida O‘zbekiston Davlat Akademik teatri repertuaridan o‘rin olgandi. 1931-yil amerikalik shoir Lengston Xyuzning she’rlar to‘plamini, 1937-yil L.Tolstoyning “Kavkaz asiri”ni, P.A.Pavlenkoning “Na vostoke” romanini va A.S.Pushkin, M.Y.Lermontovning ayrim she’rlarini tarjima qildi. Endigina 35 yoshni qarshilagan va o‘z ijodining ayni cho‘qqisiga erishgan vaqtida Sanjar Siddiq nomi sovet qatag‘on mashinasi bo‘lgan NKVD idorasining “qora ro‘yxati”ga tirkaldi.
1937-yil 4-avgustda “Guliston” jurnali adabiy xodimi Sanjar Siddiqqa nisbatan aksilinqilobchi aybi o‘ylab topiladi. 1937-yil 16-avgustda Sanjar Siddiqning Toshkent shahri, Oktyabr rayoni, Oxunboboyev mahallasi, 312-uyida tintuv o‘tkazildi va bor bisoti davlatga musodara etildi. Uning 65 yoshli onasi Zubayda Abdug‘ofurova, ukasi Maqsud, xotini Kamola Mavlonova, o‘g‘illari Bori, Bahodir va qizi Mashhuralar o‘z jigarlarining ortidan qon yig‘lab qoldilar. Osmon baland, yer qattiq. Qalbida vatan, millat muhabbatini ardoqlagan Sanjar Siddiq qayerga olib ketilayotganini allaqachon tushunib yetgandi. U uyidan qaddini g‘oz tutgan holda chiqib ketdi. Biroq, beshigida hech narsani anglamay hayron yotgan, 2 yoshli qizi Ma’mura bilan xayrlashar ekan ichidan nimadir uzilib ketganini his etdi.
1937-yil 31-avgustda birinchi so‘roq o‘tkazilib, otasining Toshkent atrofida 2 ga bog‘i bo‘lganidan boshqa ma’lumot chiqmadi. 1937-yil 10-sentabr kuni Hamza nomidagi Milliy teatr repertuaridan Sanjar Siddiq tarjimalari asosida yaratilgan “Mening do‘stim” (N.F.Pogodin), “Qo‘zibuloq qishlog‘i” (Lope de Vega), “Чудесний сплав” (Kirshona), “Van Shi Bin” (Furmanskiy va Radionov)lar olib tashlandi. Bu ko‘pchilik uchun uning “xalq dushmani” sifatida “fosh etilgan”ligini isbotlar edi. 1937-yil 2-oktabrda o‘tkazilgan qayta so‘roqda u o‘ziga qo‘yilgan millatchilik faoliyati haqida to‘qib chiqarilgan ayblovlarning barchasini qat’iyan rad etdi. N.I.Trig‘ulov tomonidan o‘tkazilgan vahshiyona “vositalar” hech qanday samara bermadi, uning irodasini sindira olmadi.
Yuzlashtirishlarda Sanjar Siddiq hech qanday aybi yo‘q ekanligini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Sanjar Siddiq ishlagan “Guliston”dagi faoliyatini “tekshirish” xulosasida: “Avantyurist” maqolasida Anvar poshoni ideallashtirgan, uni qahramon sifatida tasvirlagani, ko‘kko‘z ruslarga qarshi kurashuvchi Ibrohimbekka yordamga kelgani, tojik qishloqlari 1928-yilgi ocharchilikda Anvar poshoni najotkor sifatida tilga olishganini yozgan edi.
1938-yil 8-oktabr kechasi soat 2:10 dan 2:30 gacha davom etgan “uchlik” yig‘ini biror aybi isbotini topmagan, o‘zi ayblovlarni qat’iyan rad etgani holda ham S.Siddiqni otuvga hukm etdi. Oila a’zolari uchun hech qanday ma’lumot berilmadi. Stalinizm fosh etilishi bilan S.Siddiqning “ishi” ham qayta ko‘rib chiqildi. 1956-yil 6-fevralda N.I.Trig‘ulov qayta so‘roq qilinadi, bu paytda u Toshkentdagi №84 zavodda sex boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan edi. N.I.Trig‘ulov o‘z vaqtida tergov jarayoni va yuzlashtirishlarning “qonuniy” o‘tganini aytadi. Biroq, S.Siddiqni eslay olmasligini ma’lum qiladi. Nazir Safarov (1905), Zinat Fatxullin (1903)lar S.Siddiq haqida faqat yaxshi gaplarni aytadilar. S.Siddiq 1956-yil 26-iyulda SSSR Oliy sudi tomonidan to‘liq oqlanadi.
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Ta’lim-tarbiya
Til
Til
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q