16-aprel – Gulrang Toshmuhammedova tavallud topgan kun. Hayot bo‘lganlarida 85 yoshni qarshi olar edilar. Arab adabiyoti bo‘yicha o‘qituvchi, mashhur va sevimli yozuvchimiz Oybek hamda olima Zarifa Saidnosirovaning qizi, o‘zbek kino tarixida taniqli shaxslar bo‘lgan Nozim va Eljon Abbosovning onasi.
Jahon tanigan, sevimli shoir Rasul Hamzatovning chiroyli o‘xshatishi bor: “Faqat ikki holatda mushtlashish mumkin, biri ayol uchun, biri Vatan uchun. Boshqa o‘rinda faqat xo‘rozlar urishishadi”, degan.
Biz e’tirof etayotgan ayol uchun mushtlashsa arziydi, u – Gulrang Toshmuhamedovadir. Gulrang Toshmuhammedova atoqli va sevimli adibimiz Oybek va mashhur kimyogar olima, professor Zarifa Saidnosirovaning qizi bo‘lganliklari yoki Toshkent Sharqshunoslik institutida arab tilidan dars berib, xalqimizga yetuk mutaxassislarni tayyorlashda ustoz sifatida xizmatlari beqiyosligi yo jamiyatda shaxs sifatidagi o‘rinlari uchungina e’tirofga loyiq emaslar, balki xalqimizga iste’dodli, mashhur uch farzandni yetishtirib berganlari, uyda risoladagidek ayol, farzandlariga mehribon ona, jiyanlariga amma, nabiralariga ibratli buvi bo‘lganlari, men kabi tadqiqotchilar uchun yozuvchi Oybekning ijodiy portretini to‘ldirishda, unga xos yangi chizgilarni kashf etishda nihoyasi yo‘q, tubsiz xazina, ilmiy maslahatchi, ustozliklari uchun e’tirofga loyiqdirlar.
1937-yilning 16-aprelida Oybeklar uyida quvonchli voqea ro‘y beradi. Ikki o‘g‘ildan so‘ng qiz ko‘rishadi. Oybekning beadad quvonchi uning xotini Zarifa opaga yozgan maktublarida aks etgan:
“Zarifa!
Qizimiz muborak! Men o‘sha yerda kutib o‘ltirgan edim. Hamida chiqib, “Qiz tug‘ildi” degach, shoshib qoldim. Ishonmadim. Qanday tez! Uyga yugurdim. Uyda dadam o‘tirgan ekan. U ham hayratda qoldi. Juda suyundi. Osh yeb, qizga ism qidirib o‘tiribmiz. Ayangga dadang xabar berajak. Qizimga sog‘liq, baxt har chog‘ yor bo‘lsin. Umri ko‘klamday chechakzor bo‘lsin!”
Quvonchlar oqlandi. O‘g‘illari qatorida qizi Gulrang ham otaga munosib farzand bo‘lib yetishdi. Oybek qizini sochlarining malla rangi uchun “Sariq mushukcham” deb suyardi. O‘g‘li Suyunbekka yozgan xatlarining birida: “Suyunim, dadam faqat Gulrangni sog‘inibdi deb o‘ylama, men seni va Bekjon to‘polonchini ham juda sog‘indim”, deb yozadi.
1950-yilning noyabr oyini Oybek domla Sochida o‘tkazadi. Ustoz ishlash niyatida Sochiga bir o‘zi ketgan edilar. Ularning Sochidan yo‘llagan maktublarini ko‘zdan kechirar ekanmiz, bir kunning o‘zida ham xotinlari Zarifa Saidnosirovaga, ham sevimli “sariq mushukcha”lari – qizlari Gulrangga, ham o‘g‘illariga alohida-alohida xat yozib yuborganlarini ko‘ramiz. Maktub satrlaridan sog‘inch hissi sizib turadi.
Sochidan qizlari Gulrangga yo‘llagan maktublarida:
“Shirin qizalog‘im Gulrang!
Bugun xatingni oldim. Qayta-qayta o‘qidim. Rahmat. Papasiz yashamoq mumkin ekanmi? Men seni juda sog‘indim. Men senga ancha mayda toshlar terib qo‘ydim – dengizdan senga sovg‘a. Sochida havo yomon emas, biroq, kechalari sovuq. Semirmaslik uchun yuraman. Sanatoriyda ovqat mo‘l. Kinodan boshqa tomosha yo‘q. Har kuni bir-ikki film ko‘raman. Zerikdim. 4-dekabrda muddat tugaydi. Moskvaga jo‘nayman. Lekin durust istirohat qilolmadim, darmonim yo‘q. Ichmayman va juda oz chekaman. Biron narsa yozishga ham madorim yo‘q. Suxumiga bormoqchi edim, yana hafsalam kelmadi. Pokiston to‘g‘risidagi ocherklarni gazetadan qirqib ol, Lidiya Grigorevna (Bat – R.I.) adresiga yuboringlar. Bir ocherk yozda ayrim bosilgan edi, uni ham qo‘shmoq kerak.
Kecha oydin. Qizimni sog‘inib, to‘lqinlangan yuragim kabi dengiz ham shirin va sokin shivirlaydi.
Ayangga, Bekjonga, Isa amakingga, ammangga va Mariya Vasilyevnaga salom. Dadang Oybek.
Sochi. 24.11.1950”.
Maktubda tilga olingan mayda toshlar keyinchalik Oybekning qiziga bag‘ishlangan she’riga ko‘chdi:
Dengizga yo‘l buraman,
Qirg‘oq bo‘ylab yuraman.
Senga xil-xil tosh terib,
Mudom xayol suraman.
Ulug‘bekning achasi,
Navoiyning onasi
Tosh o‘ynashgan, sopalak –
Qadimgining merosi.
Qizim bor – ko‘nglimda yoz,
Kuylaydi qo‘limda soz.
Dengizni, quyoshni ham
Unga bag‘ishlasam oz.
Farzandini sevish har bir ota-onaga xos, ammo Oybek bolalariga o‘ta mehribon bo‘lgan. “Bolalar yoshligida biron yerga mehmonga borishimizga to‘g‘ri kelsa, ularni o‘zi ko‘tarib borardi”, – deb xotirlardi Zarifa Saidnosirova.
Zarifa opadan Oybek domla farzandlarini qaysi soha egalari bo‘lishini istar edilar, deb so‘raganimda kutilmagan javobni olganman: “Eng avvalo yaxshi inson bo‘lishini istar edi”.
Oybek domlaning bu kun orzulari ushalgan. Ularning bolalari otaga munosib farzand va o‘zlari tanlagan kasbning yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishdi. Ular tashqi ko‘rinishlari bilan ham, tabiatan ham Oybek domlaga juda o‘xshaydilar.
“...Do‘sti ko‘p, dushmani yo‘q”
Suhbatlarimizdan birida Zarifa opadan Oybek domlaga xos bo‘lgan qaysi xislatlar farzandlaringizda qaytarilgan deb so‘raganimda: “Oybek odamlarni juda yaxshi ko‘rardi. U sodda, oq ko‘ngil edi. Ularni ajratmas edi. Uning uchun hamma odam yaxshi, yomoni yo‘q. Bolalari ham shunday, hamma odamlarni birdek ko‘radilar. Eng quvonchlisi bolalarimning, otasi – Oybekka o‘xshab do‘sti ko‘p, dushmani yo‘q”, – dedilar.
Insonning qandayligi faqat atrofdagilarning unga yo uning atrofdagilarga munosabati bilangina belgilanmaydi, balki uning ota-onaga, ota-onaning unga bo‘lgan munosabatida ham yorqin aks etadi. Shu munosabat bilan men Zarifa Saidnosirova va Gulrang Toshmuhamedova bilan ko‘p gaplashganman. Bu suhbatlardan faqat Oybek domlaga xos bo‘lgan chizgilardagi yangi ranglarni kashf etibgina qolmasdan, ustozning farzandlari, xususan, Gulrang ustozni ham o‘rgandim, ularni o‘zim uchun yangitdan kashf etdim.
Dadangizning mashhurligiga qanday qarar edingiz, buni his etarmidingiz? Bu sizda maqtanish yo g‘urur hissini uyg‘otarmidi, – deb so‘raganimda, quyidagi javobni oldim:
– Dadam biz uchun taniqli yozuvchi ham, akademik, jamoat arbobi ham emas, hamma insonlarning dadasi kabi dada edilar. Sho‘xligimizni ham, erkaligimizni ham ko‘tarar edilar, juda bolajon edilar. Tabiatlarida bolalarga xos o‘ta soddalik, ishonuvchanlik kuchli edi. Ba’zan bizga qo‘shilib sho‘xlik qilardilar. Esimda, qulupnay chiqishi bilan oyimlar bozordan katta tog‘orani to‘ldirib qulupnay sotib olib kelardilar. Uni likopchalarga solib yeyishga sabrimiz chidamay tog‘orani o‘rtaga qo‘yib olgancha, dahlizda tik turgan holda kim osharga yerdik. Dadam ham bizdan orqada qolmay qulupnayni yeb turib oyimlarga “Zarifa, sanga qolmadi”, deb miriqib kulardilar.
Odatda, ota-onalar hamma bolalarini birdek yaxshi ko‘radi. Shunda ham ba’zan bolalarining ichidan birontasini sal bo‘lsa-da ko‘proq yaxshi ko‘rishi mumkin. Buning sababi bo‘lishi ham, bo‘lmasligi ham mumkin. Masalan, mening oyimlar kenja o‘g‘illarini (turmush o‘rtoqlari frontda halok bo‘lgan) ota mehriga to‘ymagan deb, hamma bolalaridan ko‘proq yaxshi ko‘rar edilar. Oybek domla ham farzandlaridan birontasini ko‘proq yaxshi ko‘rganmi, deb so‘radim qizlaridan.
– Dadam hammamizni birdek yaxshi ko‘rardilar, lekin har birimiz “dadam meni ko‘proq yaxshi ko‘radilar”, deb o‘ylardik. Sochim sarg‘ish bo‘lgani uchun dadam meni “Sariq mushukcham” deb erkalardilar. Bir gal Moskvadan chiroyli sariq rangdagi jemper olib keldilar va menga beraturib: “Mana, haqiqiy sariq mushukcha bo‘lasan”, dedilar.
Dadam yonlarida pul olib yurishni yaxshi ko‘rardilar. Bu odatlarini yaxshi bilganimiz uchun bayramlarda “dada, pul bering”, u yo bu narsa olamiz, deb xarxasha qilardik. Shunda dadam sekin yon cho‘ntaklariga qo‘llarini solib necha so‘mlik pul qo‘llariga chiqsa shuni berardilar. Biz bo‘lsak, ishqilib pulning kattarog‘i: 50 yo 100 so‘mligi chiqsin-da, deb nafas yutib turardik. Dadam qo‘llariga chiqqan pulga qarardilar, qo‘llariga 10 so‘mlik yo 25 so‘mlik chiqqan bo‘lsa, kichkina pul chiqqanidan xursand bo‘lgandek berardilar. 100 so‘mlik yo 50 so‘mlik chiqib qolgudek bo‘lsa, qaytarib joyiga solib qo‘ymoqchidek ko‘rsatardilar o‘zlarini. Biz bo‘lsak bu o‘yinga ishonib qo‘llaridagi pulga yopishib olardik.
Uyimizga juda ko‘p kishi dadamlardan yordam, qarzga pul so‘rab kelishardi. Kelgan kishiga pul berardilar. Ko‘pchilik hollarda bu pullarni qaytarib bermasliklarini bilsalar ham berardilar. Kimningdir ko‘ngliga yoqadigan sovg‘a hadya etganlaridan yo kimningdir iltimosini bajarganlaridan zavqlanardilar, mamnunlik hissini tuyardilar.
Oyimlar gapirib bergan edilar. Men tug‘ilganimda dadam “Torsin”ga borib yoqutli marjon sotib olgan ekanlar. Va bu marjonni oyimlar ba’zan taqmoqchi bo‘lsalar “bu Gulrangniki, tegma” deb taqtirmas ekanlar. Keyinchalik, katta bo‘lib o‘qishni bitirganimda oyimlar bu marjonni o‘zimga topshirganlar.
Dadam xarid etishni, sovg‘a qilishni yaxshi ko‘rar edilar-u, lekin o‘zlari uchun hech narsa sotib olmasdilar. Umuman kiyinishni yomon ko‘rardilar. Iloji bo‘lsa bitta kiyimda yuraverardilar. Ayniqsa, oyoq kiyimning yangisi bilan hech chiqisha olmas edilar. Keng, katta, eski poyafzal kiyishni yoqtirardilar. Dadamga kiyim, poyafzalni oyimlar sotib olardilar. Va dadamlarning biron bir tantanaga borishlariga to‘g‘ri kelsa, yangi kiyimingizni kiying, deb zo‘rlardilar. Ularni tantanabop kiyimlarini kiyishga faqat men ko‘ndira olardim. Tantana-yig‘ilishlardan qaytganlarida bo‘lsa yechinmasdan yonboshlab yotishni yaxshi ko‘rardilar.
–Zarifa opani ishning ko‘zini biladigan, zukko, dono ayol, Oybek domlani esa juda ko‘ngilchan, rahmdil inson sifatida eslashadi. Ayniqsa, mehmondo‘stliklarini, uyga kelgan kimsani, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, bir piyola choysiz uzatmasliklarini ko‘p gapirishadi. Qizlaridan bu xislatlarning qaysi birini ko‘proq olgansiz, deb so‘raganimda quydagicha javob berdilar:
– Haqiqatan ham, dadam o‘ta rahmdil va o‘ta ko‘ngilchan odam edilar. Tez-tez dadalarini eslab, ko‘zlariga yosh olardilar va “hammasi o‘tdi-ketdi” deb xo‘rsinib qo‘yardilar.
Shaharning qaysi dahasida yashashimizga to‘g‘ri kelmasin mahalladagilarga e’tibor bilan qarardilar. Biron bir aytilgan osh, to‘y yo ta’ziyali joylarga bormasdan qolmasdilar.
Ammo oyimlar ham rahmdillikda dadamdan qolishmas edilar. Uning ustiga o‘ta mas’uliyatli edilar, yolg‘on gapirgan odamni jinlari suymasdi.
Bir yili mahallamizdagi Qori akaning uylari yongan, shunda oyim bilan dadam yugurib chiqib o‘tni o‘chirishgan. O‘tni bir marta o‘chirishga muvaffaq bo‘lishgan, lekin birozdan keyin o‘t yana avjiga olib yongan. U kezlarda o‘t o‘chiruvchilar yo‘q ekanmi, esimda yo‘q, har qalay dadam va oyim erta tonggacha o‘t o‘chirishgani esimda.
“Meni kechirgin...”
Kichikligimda nima bo‘ldi-yu, dadam bilan bir masalada tortishib qoldik. Kechasi uxlab yotuvdim, dadam tepamga kelib yelkamdan turtib, “Meni kechirgin”, dedilar sekingina. O‘rtada bo‘lib o‘tgan araz allaqachon esimdan chiqib ketgan edi. Bu voqeani har eslaganimda yuragim ezilib ketadi. Yuz bergan arazda, albatta, men nohaq bo‘lsam kerak, lekin dadamning ertalabgacha kutishga sabrlari chidamagan...
Dadam uyga mehmon kelishini yaxshi ko‘rardilar. Mening o‘rtoqlarim ham tez-tez kelib turishardi. Dadam ularga har gal “Qachon erga tegasan? Qaylig‘ing bormi?” deb bir xil savol berib kuldirardilar.
Akalarim Omon va Bekjon bilan tez-tez tortishib, talashib, urishib turardik. Ayniqsa, men ularga tegajog‘lik qilardimda, so‘ng divanda yonboshlab yotgan dadamning orqalariga berkinib olardim. Akalarim meni tutvolib urish uchun yugurib kelishardi, lekin dadam ularni bosh tomonlaridan kelishsa qo‘llari bilan haydab, past tomondan kelishsa oyoqlari bilan haydab menga yaqinlashtirmasdilar. Bu voqealarni eslar ekanman, dadamning bizlarga nisbatan bo‘lgan otalik mehrlarini yanada chuqurroq his etaman.
Esimda, birinchi o‘g‘limga og‘ir oyoq kezlarim, tug‘uruqxonaga ketishim oldidan dadam nima deyishlarini bilmay, yordam berolmasliklaridan sarosimalanib, “Hammasi yaxshi bo‘ladi, hammasi yaxshi bo‘ladi”, deb faqat shu so‘zlarnigina takrorlardilar. Mening bo‘lsa dadamga erkaligim hech qolmaganidan “qattan bilasiz” deganman. Hozir eslab kulaman. Farzandli bo‘lganimdan keyin dadam mendan tez-tez xabar olib turdilar. Kunlardan birida mendan xabar olgani kelgan dadam o‘g‘limning tagliklarini yuvayotganimni ko‘rib, “Ermak, ermak”, dedilar. Hozir o‘ylasam bu dadamning menga achinganlaridan o‘zlaricha yupatganlari ekan.
Sharq fakultetida o‘qigan kezlarim paxta tergani olib chiqishardi. Dadam meni paxtaga ko‘rgani borar edilar. Yo‘l yoqasida qora “Zim” to‘xtaganidan dadam kelganlarini bilardim. Bir gal Toshmuhammad Sarimsoqov bilan birga ko‘rgani chiqishgan. Dadam ikkalalari do‘st edilar. Dadam meni ko‘rgani chiqqanlarida yo umuman uydan menga posilka berib yuborishganda butun gruppamizga yetadigan yegulik jo‘natardilar.
O‘qishni bitirish oldi amaliyotga Iroqqa boradigan bo‘ldim. Dadam xursand bo‘ldilar. Kuzatgani chiqdilar. Uchishimizga sanoqli soniyalar qolganda, “Balki, bormassan?”, dedilar. Keyinchalik dadamlarning bu gaplarini eslar ekanman, men bilan ayrilish dadam uchun nechog‘lik og‘ir kechganini his etganman.
Dadam serfarzand oilalarni yaxshi ko‘rardilar. Lekin shunda ham meni ayaganlaridan bo‘lsa kerak, kelinlar yettitadan tug‘sin, qizlarga beshtasi ham yetadi, der edilar. Dadamlarning o‘ta bolajonliklari, nima desak yo‘q deya olmasliklaridan ham bilinib turardi. Bir kuni dadamni men bilan kinoga borishga ko‘ndirdim. Ishchilar shaharchasida “Shuhrat” nomli kinoteatr bo‘lardi. Bordik. Kinoteatr qarovsiz, tashlandiq ahvolda, tomidan chakka o‘tmoqda edi. Shu sharoitda kino ko‘rdik, lekin dadamning sabrlari oxirigacha yetmay, kinoning yarmidan chiqib ketdilar.
Oybek domla nimaga qiziqar edilar, nimalarni yaxshi ko‘rardilar, yoqtirmagan narsalari ham bo‘larmidi, degan savolimga:
– Dadamning yaxshi ko‘rgan mashg‘ulotlaridan biri bedanalar sayrashini tinglash edi, umuman qushlarni, hayvonlarni, ov qilishni yaxshi ko‘rardilar. Ulardagi ovga, qush, hayvonlarga bo‘lgan muhabbat ko‘proq akam Bekjonga o‘tgan. Kitobga bo‘lgan sevgilari hammamizga yuqqan.
Esimda, Qarshidan bojalari Bekmurod aka so‘ygani jayron olib kelgan edilar, lekin ko‘zimiz qiymay so‘ymaganmiz. Boqqanmiz. U uzoq yillar biz bilan yashagan.
Dadam bir muddat choyxonaga borib bedanalarning urishishini tomosha qilishni odat qilib oldilar. Lekin bu oyimlarga ma’qul kelmay, dadamning bu odatlarini tashlatdirdilar.
Dadamning o‘zlariga xos xislatlaridan yana biri bayramlarni yaxshi ko‘rardilar. Bayramda “Qani ketdik, ammani ko‘rgani” der edilar va hammamizni oldilariga solib qarindoshlarni ko‘rgani olib borardilar. Dadam haqidagi xotiralarimning adog‘i bo‘lmasa kerak. Yillar o‘tgan sayin dadam, oyim, akam Omon bizni, biz esa ularni nechog‘lik yaxshi ko‘rganimizni yanada chuqurroq his etaman. Men shu yoshda ham, ular yonimda bo‘lishmasa ham, ular oldida chuqur mas’uliyat sezib yashayman.
Zarifa opa nafaqaxo‘r degan so‘zni juda yomon ko‘rganlar. Shuning uchun bo‘lsa kerak, umrlarining oxirigacha ishlaganlar. Mehnat daftarchalari vafot etganlaridan so‘ng yopilgan. Qizlarining mehnatga munosabatini so‘raganimda, shunday javob berdilar:
– Bu masalada ham hammamiz oyim bilan dadamlarga o‘xshasak kerak, deb o‘ylayman. Ishimizni, kasbimizni sevamiz.
Gulrang opaning bu xotiralarini men ipga marjon tergandek ko‘p yillar davomida terdim. Har gal gaplashganimizdan so‘ng juda ma’yus tortardim. Sababi, shunday ulug‘ odamlarning qizi bo‘lish ham sharafli, ham mas’uliyatli ekanini yurak-yurakdan his etardim. Zarifa opa menga ham mehr berib ulgurdilar. Shu bois ularni ba’zan juda-juda sog‘inaman. Shunda Gulrang opaning o‘zlari Zarifa opaga o‘xshab ham ona, ham buvi, ham ish joylarida xodima bo‘lsalar-da, ular uchun bu yo‘qotishga ko‘nikish oson bo‘lmaganini chuqur anglayaman.
1937-yilning 16-aprelida Oybek domla bilan Zarifa opa qiz ko‘rishganidan juda xursand bo‘lishgan. Oradan yillar o‘tib, dunyoga kelishi bilan Oybek domlani xursand qilgan qizlari – Gulrang ustoz, yillar davomida bizni, yaqinlarini, do‘stlarini, ota-onalari Oybek domla va Zarifa Saidnosirovaning muxlislarini, tadqiqotchilarni, talabalarni, jamoatchilikni, birga ishlagan Sharqshunoslik instituti xodimlari va ilm ahlini mehnatlari, mehnatkashliklari bilan ko‘p yillar davomida bahramand qilib keldilar.
Ming afsuski, Gulrang ustoz bugun oramizda yo‘qliklariga 10 yil bo‘ldi. Oradan o‘n yil o‘tib ham Sharqshunoslik institutining dotsenti Gulrang Toshmuhammedovaning mehnatlari, talabalarga bergan bilimlarini mamnuniyat bilan xotirlaymiz, e’tirof etamiz. Demak, taniqli yozuvchimiz Oybek va Zarifa Saidnosirova, ularning qizlari ustoz Gulrang Toshmuhammedova hayot, ular yashashda davom etmoqdalar.
Ra’no IBROHIMOVA,
filologiya fanlari doktori
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Nodirbek
06:07 / 04.07.2023
Men 1 kecha kunduzda o‘qib chiqdim hozir yoshim 23da va kareyada 4 kurs talabasiman, bu kitobni hozir o‘qiganimga achindim, nega men avval shu kitob haqida bilmagan ekanman rossa ho‘ngrab yeg‘ladim, juda mazza qildim. Bularni muhabbati hayoti mani lol qoldirdi hozir ham ko‘zimdan yosh tinmayapti. Iltimos yana shu kabi kitoblar bo‘lsa menga aytinglar Iltimos javob kutaman