Internet paydo bo‘lishi bilan hayotning juda ko‘p aspektlari, kundalik maishiy turmushdan tortib biznes va menejment, yuridik va konsullik xizmatlari va hatto davlat boshqaruvigacha birin-ketin virtual dunyoga ko‘chdi. Olis masofadan turib nafaqat eshitish, balki ko‘rish orqali virtual muloqotni ommalashtirdi. Bugun ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ketdi.
Ayni paytda dunyoda 1 mlrd auditoriyaga ega “Instagram”dan O‘zbekistonda 1 586 500 kishi foydalanadi. Jami 2 mlrd 476 mln 590 ming a’zosi bor “Facebook” esa mamlakatimizda 686 400 kishini birlashtirgan. Jahonda 200 mln insonni jamlagan “Telegram” bizda 18 mln kishiga xizmat ko‘rsatmoqda. Har qanday yangilikning musbat va manfiy taraflari bo‘lganidek, axborot xavfsizligini ta’minlash masalasi ham kun tartibiga chiqdi.
Axborot va texnologik taraqqiyot ortidan paydo bo‘lgan xavf-xatarlarning eng asosiylari axborot qurollari, IT sohasidagi jinoyatlar, siyosiy kurashda axboriy xurujlardan foydalanish hisoblanadi. Tinchlik davrida axborot qurollarini qo‘llash orqali biror mamlakatda siyosiy inqiroz, hatto mavjud siyosiy tuzumga qarshi ommaviy noroziliklarni keltirib chiqarish mumkin. Axborot qurollari inson ongi va ruhiyatiga ta’sir qilibgina qolmay, ayni paytda jamiyatning axborot va texnik tarkibiy qismini o‘zgartirib yuboradi. Bunga misol sifatida boshqaruv tizimlarini o‘chirib qo‘ya oladigan, ma’lumotlarni soxtalashtira oladigan kompyuter viruslari, mantiqiy bombalar va hokazolarni keltirish mumkin.
Ikkinchi xavf axborot sohasidagi ijtimoiy jinoyatlar hisoblanib, ayrim shaxs yoki jamiyatga, davlatga qarshi qaratilgan bo‘ladi. Ushbu turdagi jinoyatlarga elektron pullar bilan firibgarlik, kompyuter bezoriligi kiradi. Ularning oldini olish milliy xavfsizlik siyosatining asosiy vazifalaridan biriga aylanmoqda. Bu, ayniqsa, keyingi paytlarda kiberterrorizm va xalqaro kompyuter jinoyatlari xuruji kuchayishi bilan izohlanadi.
Axborotlashgan jamiyatga intilish yangi turdagi xavf va tahdidlarni keltirib chiqarayotganiga guvoh bo‘lar ekanmiz, bunday vaziyatda jamiyatning o‘zidan xalqaro, milliy, jamoat va shaxsiy xavfsizlik muammolariga mas’ullik talab etiladi. Avvalo, axborot qurollarini ishlab chiqarish va tarqatishni nazorat etish, kiberterrorizm va xalqaro kompyuter jinoyatlariga qarshi kurashda barcha faoliyatlarni muvofiqlashtirish; intellektual mulk va ochiq tarqatiladigan materiallarga mualliflik huquqlarini himoya qilish ustidan nazoratni amalga oshira oladigan xalqaro huquqiy kelishuvlarni ishlab chiqish kerak bo‘ladi. Internet tarmog‘ida odamlarning jismoniy-ruhiy va ma’naviy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi odobsiz va haqoratli ommaviy ma’lumotlar, noto‘g‘ri reklama, soxta bitimlar va materiallar tarqalishini nazorat qilishning eng maqbul yo‘llarini ishlab chiqish toqozo etiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda populizm, jamoat ongini manipulyatsiya qilish, trollar fabrikasi, feyk (yolg‘on) xabarlar, inson sha’ni va qadr-qimmatini, tashkilotlarning ishchanlik obro‘sini tushiruvchi ma’lumotlarni tarqatish, internet-bulling kabi o‘yinlar tinimsiz davom etayotgan ekan, bularning har biri zamirida qandaydir manfaat turadi. Taassufki, ishonchli va obyektiv axborotga qaraganda yolg‘on xabar hamisha tez tarqaladi. Bu esa turli-tuman mish-mishlar, uydirmalar, agressiyani keltirib chiqaradi, davlat organlari, biznesga ishonchsizlik paydo qiladi. Buyuk Britaniya siyosatchisi Uinston Cherchill aytganidek: “Haqiqat shippagini kiyguncha yolg‘on dunyoning yarmini aylanib chiqishga ulguradi”.
Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda o‘z fikrini ochiq bayon qilishga, yangi tashabbus va takliflarini bildirishga tayyor fuqarolar bilan birga trollarning tez-tez maydonga chiqayotgani tashvishlanarli. Ular soxta nom ortiga yashirinib, g‘arazli postlar yoki jamoatchilik ongini boshqarishga urinuvchi ochiq yolg‘onlarni tarmoqqa joylaydi. Izohlarda esa odamlarni obro‘sizlantirishga, adovatni avj oldirishga harakat qilishadi. Bu ma’lum bir davlatda tartibsizlik va g‘alayonlarga, moliyaviy zarar ko‘rishga olib keladi. Misol uchun, Zambiyada aholining 80 foizini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi “ZESCO” davlat kompaniyasining Xitoyga sotilishi haqidagi yolg‘on xabar internetda tarqalgach, minglab odamlar ko‘chaga chiqishdi. Feyk ortidan yuzaga kelgan mitinglar kompaniya aksiyalarining arzonlashib ketishiga sabab bo‘ldi.
Ba’zida arzimagan hazil ham og‘ir halokatlarga olib keladi. Bundan ikki yil avval Hindistonda “samosud” ortidan o‘nlab kishilar vafot etganidan ko‘pchilik xabardor. Notanish kimsalar “WhatsApp” messenjeri orqali oddiy odamlarni qotil va zo‘ravon sifatida ko‘rsatuvchi xabarlar tarqatgan edi.
Kuzatishlar axborot olamida O‘zbekistonga qaratilgan axborot xurujlari, mustaqillik sharoitida rivojlanib kelayotgan mamlakatning ijtimoiy-siyosiy tuzumini yemirishga, iqtisodiy barqaror rivojlanishini barbod qilishga, yoshlar ongiga “ommaviy madaniyat”ni singdirishga urinayotgan kuchlar ham anchagina ekanini ko‘rsatmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlarini AQSh, Litva, Turkiya, Rossiya yoki yurtimizning turli viloyatlarida yashayotgandek taqdim qiladigan (lekin birortasi ham ishonarli ma’lumot emas) ayrim kimsalar axborot xuruji bilan shug‘ullanib kelayotgani ma’lum bo‘lmoqda. Achinarlisi, muallifining saviyasi pastligi va dunyoqarashi torligidan dalolat berib turuvchi, savodsizlarcha yozilgan postlar nafaqat o‘qilmoqda, balki ularni ma’qullaydigan izohlar ham qoldirilmoqda. Fikr bildirayotganlarning aksariyati yoshlar. Chunki hayotda ko‘r narsani ko‘rgan tajribali kishilar, ziyoli qatlamni bunday fitnalar bilan yo‘ldan urish mushkul.
Jamiyatimizda zamon bilan hamnafas yigit-qizlar bilan bir qatorda kim nima desa, shunga ergashib ketaveradigan, lekin o‘zining borligini ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirib qo‘ygisi keladigan g‘o‘r tengdoshlarimiz ham ko‘pligi kishini taassufga soladi. Nazarimizda, ularda hayotiy tajriba, mustaqil fikr, eng asosiysi, bilim yetishmaydi. Dunyoqarashi to‘la shakllanib ulgurmagan. Shu o‘rinda oiladagi tarbiya nuqsonlari, maktabdagi ta’lim kemtiklari yaqqol ko‘zga tashlanib qoladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, yoshlarni yot g‘oyalardan asrashning eng maqbul yo‘li ularga e’tiborni yanada kuchaytirish, ilm-fan, madaniyat-san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish, kitobxonlikni keng targ‘ib qilish va, eng muhimi, jamiyatga hamda o‘ziga foydali bo‘lgan yumush bilan band etishdir.
Zoirxo‘ja O‘LMASXO‘JAYEV,
O‘zbekiston Milliy universiteti mustaqil tadqiqotchisi
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
San’at
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q