Qay birining yozilishi to‘g‘riroq? Amir Temur deymiz va barcha manbalarda shunday yozilgan. Shu bilan birga, Temir ismi ham ko‘p uchraydi. Umuman, Temur/Temir/Timur – turkiy xalqlar ichida eng ko‘p tarqalgan ismlardan biri. Hozirgi o‘zbek tilida kimyoviy modda, ma’danni – temir deymiz. Toshtemir, Eshtemir, Bektemir kabi ismlarda “temir” shakli qat’iy o‘rnashgan, ya’ni Toshtemur demaymiz. Keling, mulohaza uchun bu so‘zning o‘tmishiga bir nazar tashlab ko‘raylik.
Xoh ma’dan, xoh atoqli ot ma’nosida bo‘lsin temir – turklar tarixida muhim o‘rin tutadi. Buni qarangki, ikki buyuk tarixiy shaxs: Chingizxon (Timujin) va Temur ham tug‘ilishdan shu nom sohiblaridir. Temir – bu mustahkamlik, chidamlilik, kuch-qudrat, iroda ramzi, shuningdek, qadimgi turklar zehniyati, turmush tarzi, mafkuralarida markaziy o‘rin tutgan bir unsurdir.
Ma’lumki, xunlardan to ko‘kturklargacha bo‘lgan davrda Chin imperiyasi (hozirgi Xitoy) bilan baqamti yashagan qadimgi turklarning ajdodlari Xitoy madaniyati ta’sirida bo‘lgan. Shu bois temir, kumush, oltin kabi ma’danlarning nomlari, mutaxassislarga ko‘ra, o‘rta chin (xitoy) tilidan qadimgi turk tiliga o‘zlashgan. Qadimgi turklar tuprog‘i – Qocho‘ (Gaochan), Turfan yerlarida yashagan turkiy qabilalar temir qazib olish, unga ishlov berishni yaxshi bilganlar. Bizningcha, qadimgi turklarning jangovar bir xalq bo‘lishida ularning temirchilik hunarlari ham muhim rol o‘ynagan. Deylik, qadimgi turklar temirni o‘zlariga “bo‘ysundirib”, undan qurol-yarog‘ yasashni bilmaganlarida, ehtimol, Ashina qavmi Turk xoqonligiga asos solmagan, turklar tarixda yirik davlatlar, imperiyalar qura olmagan bo‘lardilar. Shu bois tarix kitoblarida Temur otliq tarixiy shaxslar ko‘p uchraydi.
Tilshunos olim O.A.Mudrakning yozishicha, “temir” so‘zi etimologiyasi qadimgi chincha “temir narsa” ma’nosidagi “diēt-mwɨt” kalimasiga borib taqalib, uning turkchaga o‘tgan eski xitoycha shakli “diērmwur”dir. Hozirgi xitoy tilida esa “temir” – “tiě” (鐵) deb talaffuz etilar ekan.
Eng qadimgi turkiy obidalarda ham “temir” ko‘p uchraydigan so‘zlardan biridir. Qizig‘i shundaki, VIII–X asrlarga oid Urxun-Enasoy, Turfan, Sharqiy Turkiston hududlarida topilgan yodgorliklarda bu so‘z ko‘proq “temir” shaklida yozilgan. “Древнетюркский словарь” lug‘atida mazkur davrga oid qadimgi turkiy obidalardan: “temir”, “temir asaq”, “temirchi”, “temirlig”, “temir qapig‘” kabi o‘nlab so‘zlar keltiriladi (ДТС. Ленинград.”Наука”.1969.551-bet).
X asrdan keyingi adabiy yodgorliklarda esa ma’dan nomi ham, atoqli ot ham asosan “temur” shaklida qayd etilgan. Xususan, XI asrga oid “Qutadg‘u bilig” va “Devonu lug‘otit-turk”da bu so‘z – tӭmүr (“تَمُر”) shaklida uchraydi. Mahmud Koshg‘ariy “Devon”da, shuningdek, “tӭmүrchї”, “tӭmүrlүg”, “tӭmүrgän” kabi so‘zlarni keltiradi va barchasida “tӭmҮr” shakli saqlangan. Rabg‘uziy ham bu so‘zni “temur” shaklida yozgan. Ergash Fozilovning “Староузбекский язык. Хорезмийские памятники XIV века” lug‘atida keltirilishicha, XIV asr Xorazm adabiy muhitida ham bu so‘z – “tәmүr” (“تيمور”) hamda “temүr” (“تَمور”) shakllarida qo‘llangan. Lug‘atda “Nahjul-farodis” asaridan shunday misol keltiriladi: “nәtәk kim tәmurchiniң kөrүki tәmүrnүң yamanlarыnы ketәrүr” (“Temirchining kuragi temirning yomonlarini kurab tashlaydi”. E.Fazilov. SUYa. II. T. 1971. 378-bet).
Ovro‘palik missionerlar tomonidan XIII-XIV asrlarda tuzilgan, asosan qipchoq lahjasini o‘zida aks ettirgan “Kodeks kumanikus” lug‘atida bu so‘z “temir” shaklida uchraydi. Umuman, qipchoq va sibir lahjalarida mazkur so‘zning “temir”ga yaqin talaffuz etilishini ko‘rish mumkin (tatar, boshqird: timer; qozoq, qoraqalpoq, no‘g‘ay: temir; tuva: demir; hakas: timər, yoqut: timir; chuvash timər; mo‘g‘ul: tөmөr). Qarluq lahjasi, xususan, uyg‘urcha: tumur (تۆمۈر), eski o‘zbek adabiy tilida: temur; eski usmonli turkchasida: demur, ammo hozirgi Turkiya turkchasida: demir; ozarboyjoncha: dәmir; turkmancha: demir va hokazo.
Shuningdek, Temur ismini kiril yozuvida – “Timur” (lotinda: “Timur”) shaklida yozish an’anasi ham bor. Ma’lumki, Temur nafaqat turkiylar ichida, balki dunyo bo‘ylab keng tarqalgan bir ismdir. Shu bois “Timur” shaklini bu ismning “baynalmilallashgan” ko‘rinishi, deyish mumkin.
Shu o‘rinda Chingizxonning asl ismi – Temujin haqida ham ikki og‘iz so‘z: tarixdan ma’lumki, Yasugay Bahodir tatarlar boshchisi Temujin Uge ustidan qozonilgan g‘alaba ramzi o‘laroq o‘sha paytda tug‘ilgan o‘g‘liga shu ismni bergan. “Temujin” ismi ham “temir” ma’nosini bildiradi, deyiladi, ammo nega “temu-jin”, ya’ni so‘z oxiridagi “-jin” (“-chin”) qanday ma’noga ega? Bizningcha, bu so‘zning ikkinchi qismi ham xitoycha “metall” ma’nosidagi “jin” so‘zidir.
Guvohi bo‘ldikki, X asrdan to keyingi asrlargacha mintaqamizda, Sharqiy Turkistondan to Xorazmgacha bo‘lgan yerlarda, biz eski o‘zbek tili deb biladigan turkiy adabiy tilda ma’dan ma’nosida ham, atoqli ot ma’nosida ham “temur” shakli qo‘llanilgan ekan. Shimoliy turk tillari guruhi, xususan, qipchoq, sibir lahjalarida esa ko‘proq “temir” shakli saqlangan. Hozirgi o‘zbek tilini qarluq, qipchoq, o‘g‘uz va boshqa turkiy lahjalarni o‘zida birlashtirgan, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘rta turk tili deyish mumkin. Shu bois tilimizda bu so‘zning ikkala shakli ham mavjud va ikkisi ham bizga begona emas.
Abduvohid HAYIT
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q