“Isyonim bepoyon, istig‘forim hadsiz...” – Qodiriy suddagi nutqida nimalar degan?


Saqlash
12:18 / 11.04.2022 2642 0

Abdulla Qodiriy ijodi haqida yaxlit tasavvurga ega bo‘lish uchun yirik va  kichik nasriy asarlari bilan jurnalistik faoliyati, tarjimai holiga doir yozishmalarini bir-biriga bog‘liq holda o‘rganish lozim. Yozuvchi biografiyasini ochiqlovchi shaxsiy yozishmalar u qadar ko‘p emas. Shunday ma’lumotlardan biri adib tomonidan tayyorlangan ma’ruza matni bo‘lib, qodiriyshunoslikda qimmatli manba sifatida qadrlidir. Davrning nafasi va bosimini o‘zida muhrlagan ma’ruza matni o‘zbek matbuoti va tarixiy-adabiy jarayoni bilan bog‘liq muhim ma’lumotlar haqida xabar beradi.

 

Mazkur sud jarayoni yozuvchi hayotida o‘ziga xos “burilish” nuqtasi bo‘lib xizmat qilgan. “Mushutum” jurnalida (1926. 02.) bosilgan “Yig‘indi gaplar” maqolasi uchun adib aybdor deb topiladi, jinoiy javobgar sifatida sudga tortiladi. Sud voqealarigacha bo‘lgan jarayonga bir oz oydinlik kiritib olish lozim. Dastlabki romanning shon-shuhrati, uning kutilmagan darajada ommalashib ketishi, yozuvchining jamiyat tomonidan e’tirof etilishi, o‘zbek matbuot maydonida “feletonlar qiroli” bo‘lib tanilishi  barchasi – adibning o‘ziga nisbatan ishonchini oshirib, bir oz mag‘ururlanishiga yo‘l ochgan bo‘lishi mumkin. Matbuot orqali G‘ozi Yunus bilan yuz bergan bahs munozarada ham bu sezilarli darajada aks etadi (“Mushtum” Tanqid. Abdulla Qodiriy. Diyori bakr. – T.: Yangi asr avlodi. 2007. –B. 244; “Shallaqi”. Abdulla Qodiriy. Diyori bakr. – T.: Yangi asr avlodi. 2007. –B. 249; “O‘jar ko‘r”. Abdulla Qodiriy. Diyori bakr. – T.: Yangi asr avlodi. 2007. –B. 255.). Qodiriy va G‘ozi Yunus orasidagi bahs munozaralarning tub asosi jurnal saviyasi bilan bog‘liq bo‘lsa-da, ammo “shaxsiyat kirlaridan” xoli bo‘lmagan o‘rinlar ham yo‘q emas.

 

“Mushtum” jurnali yozuvchining ijodida yangi bir sahifa ochdi deyish mumkin. Uning jurnaldagi faoliyati ijodida alohida yo‘nalish sifatida mazmun kasb etadi. “Mushtum” jurnali orqali ijodkor Kalvak Maxzum, Toshpo‘lat tajang singari o‘zining butunlay yangi qiyofaga ega bo‘lgan betakror qahramonlarini adabiyot maydoniga olib kirdi. G‘ozi Yunus o‘z maqolasida Kalvak Maxzumning yozilish jarayoni haqida shunday ma’lumotni keltiradi: “Mushtum”ni boshlab chiqarishda biz Julqunboy kabi kulguchilarimizga inonib chiqardiq. Yalinish va yolborish, hatto tarelka tutib bo‘lsa-da, ikki yilgacha ishtirok etdirib keldik. Hali ham yalinishdan to‘xtaganimiz yo‘q” (G‘.Yunus. Tanqidmi, tosh otish. Abdulla Qodiriy. Diyori bakr. – T.: Yangi asr avlodi. 2007. –B. 455.). G‘ozi Yunus navbatdagi maqolasida yuqoridagi fikrini davom ettiradi: “Jurnalni tuzatish va kengaytirish uchun bizning “Julqunboylar”g‘a yalinishimiz tabiiydir. Bu maqsadning tagida hech bir qanday zamir – famir yo‘q...” (G‘ozi Yunus.  Shallaqi kim. Abdulla Qodiriy. Diyori bakr. – T.: Yangi asr avlodi. 2007. –B. 458.) Mushtum jurnali tahririyati bilan yozuvchi o‘rtasida “ikki yilgacha” ma’lum bir shartnoma tuzilgan bo‘lishi mumkin. G‘ozi Yunus agar Julqunboy “Mushtum”ga chin ixlos bilan yondashganda “O‘rta Osiyoda” yagona nashrga aylanishi mumkin edi, deb yozadi. Julqunboyning “tarelka” tutib yalintirish sababi uning tabiatidagi o‘ziga xos murakkablik va iste’dodiga yetarlicha baho berishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shu bois yozuvchi ba’zi maqolalarida o‘zgalarni “shaxsiyat guvalasi” bilan uradiki, bu uning jurnalistika qoidalariga doim ham rioya qilmaganligini ko‘rsatadi. Yuqorida sanalgan faktorlarning barchasi yig‘ilib, yozuvchining “popugini pasaytirib” qo‘yish niyatida sud voqealari uyushtirilgan bo‘lishi mumkin. O‘ziga haddan ziyod ishongan yozuvchini ruhan sindirish maqsadi ham ayblovga qo‘shimcha asos bo‘lgandir. Zero, adib har qancha kibrga berilmasin adabiyotni nafsiga qurbon qilmagan, ishiga mas’uliyat bilan yondashgan, boshqalarni ham shunga chaqirgan.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra yozuvchi Sud voqealari Samarqand shahrida bo‘lib, adib qarshilik ko‘rsatadi, ochlik e’lon qiladi. Yozuvchining onasi Josiyatbibi, ustozi Alijon domla va G‘ulom Zafariy adibni ko‘rgani borishadi. Alijon domlaning nasihatiga ko‘ra u ochlikni to‘xtatadi. Mazkur sud voqealari yozuvchi hayoti va ruhiyatiga jiddiy ta’sir o‘tkazadi. To‘g‘rirog‘i uning ruhiyati, ijodkorlik pozitsiyasi, insoniy e’tiqodi yana bir bora sinovdan o‘tadi. Yozuvchi munofiq kimsalar tomonidan tayyorlangan fitnani imtihon o‘rnida qabul qilib, munosib ravishda javob beradi. Qodiriyning shu vaqtgacha yonida yurgan, maslakdosh deb o‘ylagan kimsalar yuzidagi niqobi yechilib, K.Alimov, Z.Said, Xurshid kabi shaxslarning asl qiyofasi ochiladi.

 

Yozuvchi haqiqat chekingan va nohaqlik avj olgan vaziyatni inobatga olib ma’lum ma’noda hukumat talablari bilan hisoblashish uchun murosaga boradi. Maqolada e’tibor berilgan nuqtalarga to‘xtalib o‘tamiz. Birinchisi, maqola nashrga tayyorlanishi jarayoniga izoh beruvchi muallif sifatida fikrini asoslab, dalil keltiradi. Ikkinchisi, san’at va adabiyot nazariyasini “ilmiy va adabiy” yo‘lda sharhlovchi mutaxassis sifatida kulgiga ta’rif beradi. Uchinchisi, haq-huquqlarini yaxshi anglovchi fuqaro, to‘rtinchisi, ijtimoiy siyosiy vaziyatni tushungan jurnalist, beshinchisi, vaziyat bilan hisoblashuvchi tadbirkor, so‘nggisi Haq yo‘lida kurashuvchi iymon-e’tiqodli shaxs. Mana shu o‘rinlar aynan yozuvchi shaxsiyatining tayanch nuqtalari hisoblanadi.

 

Muallif eski davr kulgisi bilan yangisini solishtira turib Kalparash ismli qiziqchi haqidagi hikoyaga to‘xtaladi, yana bir bora mahoratini ishga soladi. Kalparash xonning qiziqchisi bo‘lib, saroydagi amaldorlarga “muqallid” qilib odamlarni kuldirib yurgan. Uning tomoshalaridan zavqlanib ketgan xon “Menga ham muqallid bo‘l, hazil to‘qi” deydi. Kalparash buyruqni ustalik bilan bajaradiki, xuddi xon singari chilimni yaxshi tayyorlamagan xizmatkorni arzimagan aybi uchun “o‘n darra” urishga  buyuradi. Tashqaridan o‘zini ko‘rgan xon xatosini tan olmay, o‘zini tanqid qilgan Kalparashni o‘limga buyuradi. Yozuvchi o‘zini “bu kungi bir Kalparash” deb ataydi. Muallif keltirgan misoldan “hissa chiqarishni” sud hukmiga havola qiladi.

 

Muallif sudlovga asos bo‘lgan “Yig‘indi gaplar” maqolasida Turkistonda bo‘layotgan o‘zgarishlar millat manfaati uchun emas, balki nomiga ko‘z-ko‘z uchun bo‘layotganini tanqid qiladi. Bunday vaziyatda o‘zini befarqlikka solib yashayotgan ziyolilarni tanqid qiladi. “O‘lkada nima ko‘b ekan – uxlaydirg‘an burchak va unda o‘mpayib, to‘mpayib uxlag‘uchi menga o‘xshagan ovsarlar! Men sizga aytsam, o‘zbekning ishchisi, dehqoni, ma’orifi, madaniyati, iqtisodi, shaltay-baltayi, xullas barchasi ham uxlaydi” (269). Muallif o‘z tinchligini o‘ylagan o‘zbek bunday ag‘dar-to‘ntar pallada, ya’ni kundan-kunga umid qo‘ldan ketib borayotgan pallada uxlaydi, uning bilgandan bilmagani, tushungandan tushunmagani afzal, deya kinoya qiladi. Davomidan esa bu kunlar o‘tib vaziyat o‘zgarishi va xalq o‘z yo‘lini topib olishiga ishora qiladi. “O‘choqboshini xoli topqan olaqarg‘alar bo‘lsa xo‘bam bilgan noma’qulchiligini qilayapti! Qilaversin, egasiga tovoq-qoshiq kerak bo‘lsa, axir bir kun qatron-patron qilib olar-ov, og‘ayni!” (269). Yozuvchi sho‘rolarning maqsadidan xabardor, ammo bir kun haqiqat yuzaga chiqib, uyqudagilar uyg‘onib “bahor kelsa” “olaqarg‘a”dan tozalab “qatron-patron” qilib “o‘choqboshi”ga egalik qilishidan umidvor. Muallif maqolada bevosita o‘sha vaqtdagi davlat rahbarlaridan biri bo‘lgan Akmal Ikromovga murojaat qiladi. “Senga misol berish uchun Shayx Sa’diyning hikmatiga va yo Kalilaning Dimnasiga murojaat qilib o‘ltirmayman. Misolni naq mutakkalimdan eshit. Men har kuni xudog‘a to‘qqiz martaba osiy bo‘lib, o‘n sakkiz martaba tavba va istig‘for aytaman. Isyonim bepoyon bo‘lganidek, istig‘forim hadsiz va lekin isyonsiz qolgan soatimga juda oz uchrayman! Bas, onglag‘ilkim, ey Akmal! Tavbaga bo‘yin bukkan banda, bandalarning eng yaramasidir, qulliq bunyod qilgan rasvo-rasvolarning yana ashaddiy rasvosidir. O‘z butunlig‘ini saqlay olmag‘an boshqag‘a en bo‘la oladir deb hech bir kitobda uchrata olmadim. Aytmakchimanki, tavbasi boshini yesin, sen bo‘lsang, ishingdan qolma, otingni chuh, de! Haqiqat oldida bo‘yin egish tavbadir, o‘zgasi g‘avg‘odir! (Abdulla Qodiriy – Julqunboyning 1926-yil 1517-iyunda bo‘lib o‘tkan sudda so‘zlagan nutqi. Abdulla Qodiriy. Diyori bakr. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2014. – B. 360) (270).

 

Adib xulosasiga ko‘ra inson yolg‘iz haqiqat oldida bo‘yin egishi mumkin, bundan boshqasi munofiqlik va ikkiyuzlamachilikdir. O‘ziga hisob berib yashash iymonli odam uchun mezon. Kundalik turmushda “to‘qqiz martaba osiy” bo‘lish tirikchilik ko‘chasining notekisligini bildirsa, “o‘n sakkiz martaba tavba va istig‘for” aytish, pushaymonlik va tazarru – iqror demak. Inson hurligiga qarshi quyilgan har qanday taqiq cheksiz isyonni yuzaga keltiradi. Ijodkorning ta’kidiga ko‘ra uning “isyonsiz soati” deyarli yo‘q. Yozuvchi hayotining har bir daqiqasi isyon bilan “ziynatlangan”. Bu anglab yetilgan umr falasafasi. Isyon kimga nisbatan? Albatta o‘z nafsiga qaratilgan. Adib uchun tavba faqatgina Yaratganning oldida! Bundan boshqasiga tavba qilish qullikni yuzaga keltirishdan boshqasiga yaramaydi. Qodiriy suddagi nutqida mazkur maqoladagi parchaga shunday izoh beradi: “Banda haqiqatni tushunib emas, kuchlanib, ojizlanib bo‘yin bukadir. Bas, bu holatdagi tavba tavbamas, balki shaxsi ixtiyorni, muhokamani qo‘ldan berib odamgarchilikdan chiqishdir. O‘zing bir haqiqatka qoniqmay turub va o‘zingning xatoingga tushunmay turub faqat ojizlikdan qiling‘an tavba tavba emas, ham o‘zingni, ham o‘zgani aldash” bilan barobardir deb izoh beradi (Abdulla Qodiriy. Diyori bakr. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2014. – B. 386). Berilgan parchada uch muhim bo‘g‘in haqida so‘z boradi. Birinchisi, “banda haqiqatni tushunib emas, kuchlanib, ojizlanib bo‘yin bukadir...” Yuz bergan hodisaga ongli ravishda emas, balki mohiyatni anglamasdan, o‘zini ojiz sanashga mahkum, deb hisoblashdir. Ma’naviy ojizlik bu haqiqat mohiyatini anglamaslikdir. Ikkinchisi, “Bas, bu holatdagi tavba tavbamas, balki shaxsi ixtiyorni, muhokamani qo‘ldan berib odamgarchilikdan chiqishdir...” O‘zi anglamagan tushunchani haqiqat, deb qabul qilish, unga bo‘ysunish, muhokama qilish vakolatini qo‘ldan berish, o‘z erkini birovning qo‘liga topshirib qo‘yish bilan barobardir. Ruhiy hurriyatni qo‘ldan boy bergan “odamgarchilikdan” chiqishi bor gap. Uchinchi bo‘g‘in, “O‘zing bir haqiqatka qoniqmay turub va o‘zingning xatoingga tushunmay turub faqat ojizlikdan qiling‘an tavba tavba emas, ham o‘zingni, ham o‘zgani aldash”. Adib haqiqat tushunchasini sof falsafiy, islomiy konsepsiya asosida izohlaydi. Avvalambor, Haqiqatni tushunish va uning asl mohiyatini anglash lozim. Adib chorasizlikdan, ilojsizlikdan yoki birovdan qo‘rquvdan qilingan tabvani ma’naviy ojizlik deb baholaydi. Xatolarni tan olib, gunohlarga iqror bo‘lish tom ma’nodagi Haqiqat, Yaratganning ilohiy adolatini tan olish demakdir. Haqiqatga berilgan ta’rifda yozuvchining iymon-e’tiqodi, salohiyati va zakovati, tafakkur ko‘lami mujassamdir.      

 

Qodiriy ma’ruzada “Yerlilashdirish, o‘zbekchalashdirish” masalasiga ham e’tibor qaratadi. Oxunboboyevning maorif haqidagi qarashlariga munosabatini “shaxsiy hazil” anovi “unsurlarga zamzamadir” deb izohlaydi. Yozuvchi ziyolilar va ziyonlilar so‘zini ehtiyotkorlik bilan qo‘llaydi. Ziyolilarni ikki guruhga ajratadi. 1. Eski, O‘ktabrgacha bo‘lg‘an ziyolilar. 2. Yangi Sho‘ro ziyolilari. Cho‘lponning “ziyonli”lar haqidagi she’riga Akmal Ikromovning bildirgan munosabatiga adib e’tiroz sifatida, “Faqat ko‘zida tavba qilg‘an bo‘lub ko‘rinub riyokorlik qilmasinlar, tavbalariga quruq so‘z berishdan iborat bo‘lmasin” deya ta’kidlaydi. Munofiqlik yo‘lini tutgan ziyolilarning xalq uchun “ziyonlari” katta ekanligi, “riyo” qilmang, xalqning ishiga aralashmang, ularning “aqli hushi boshida, yaqin o‘tkan kunlaringiz uning ko‘z oqida” ekanligini yozadi. Adib munofiqlikning ildizi “o‘ziga ishonchsiz va imonsiz”likka borib taqalishini dalillab ko‘rsatadi.  

 

Yozuvchi o‘ziga qarshi guvohlik berganlar haqida “mundoq gapirishi faqat shaxsiy adovatdan iborat, chunki biron vaqt jonlariga tekkan bo‘lsam kerak, ammo qay tariqada ularga gap tegdirganimni ayta olmayman. Guvoh Ziyo Saidiyni og‘zaki tanqid qilgan edim” (Abdulla Qodiriy. Diyori bakr. – T.: Yangi asr avlodi. 2007. – B. 363). Ayblovning bir necha kishilar tomonidan uyushtirilganini yozuvchi juda yaxshi bilgan. Maqola tahririyatga olib borilganda Ziyo Said bo‘lmagan, ammo nima uchundir  u sudda men bor edim, deb yolg‘ondan guvohlik beradi, fitnaga bosh qo‘shadi.

 

Yozuvchi bir necha sahifalik nutqida shaxs so‘zini bir necha ohangda qo‘llaydi. “Shaxsiy adovat”, “shaxsiy rohati yo‘lida elni emib”, “ba’zi ustolparast, tanparast shaxslarimizdan kinoyadir”, “shaxsiy hazil”, “shaxsiy butunliq”, “mustaqil shaxs”, “shaxsini ko‘ra olmaysiz” (shaxsi noaniq – S.T.), “men turlik bo‘hton, shaxsiyat va soxtalar” bilan “bir necha shaxslarning orzusicha ma’naviy o‘lim bilan o‘ldirildim” deb yozadi. Yozuvchi ayblov maqolaga emas, balki o‘z shaxsiga qaratilganligini yaxshi bilgan va e’tiborni shaxsiy munosabatlar masalasiga qaratgan. Uning nutqidagi “ma’naviy o‘lim bilan o‘ldirildim” so‘zida harakat uning o‘zi tomonidan emas, balki o‘zgalar tarafidan bajarilgani va shunga mahkum ekanligini anglatadi. U suddagi nutqida “jazoyingizdan qo‘rqub emas, balki vijdonim, iymonim tazyiqi ostida so‘zlayman”, deya o‘zining hayot dasturini e’lon qiladi. Bu oddiy xabar yoki shior emas, balki talab va tartibni bildiradi. Yozuvchining mazkur fikri uni yaqinroq bilishimizga ko‘mak beradi. “Shaxsiy butunliq, mustaqil shaxsiyat qullik bilan ziddir. Shaxsiy butunlig‘i bo‘lmag‘an, ya’ni o‘zida haqiqatni ixtiyor qila bilish kuchi topolmag‘an ojiz, ixtiyorsiz odamlar jamiyat uchun foydalik va chin ag‘zo bo‘la olmaslar” (Abdulla Qodiriy – Julqunboyning 1926-yil 15–17-iyunda bo‘lib o‘tkan sudda so‘zlagan nutqi. Abdulla Qodiriy. Diyori bakr. –Toshkent: Yangi asr avlodi, 2014. – B. 368). Yozuvchi uchun har qanday jazodan ko‘ra iymon talabi ustun.

 

E’tibor bersak, yozuvchi uchun asosiy mezon – iymon, vijdondir. Har qanday tahlikali qaltis lahzada yozuvchi chekinmaydi, fikrida sobit. Aslida, yozuvchining mazkur nutqi bir-birini sotib chaqimchilikni kasb qilib olayotgan o‘sha davr ziyolilari uchun murojaatnoma o‘rnidadir. Yozuvchi uchun ma’naviy o‘lim oldida jismoniy o‘lim bepisand. Yozuvchining tarjimai holi bilan bog‘liq fakt bizga Otabek va Anvar obrazining qay fazoviy makondan olinganiga dalil. “Men to‘g‘rilik orqasida bosh ketsa “ix” deydirgan yigit emasman. Ko‘nglida shamsi g‘uboroti, teskarichilik maqsadi bo‘lmag‘an sodda, go‘l, vijdonlik yigitka bu qadar xo‘rlikdan o‘lim tansiqroqdir. Bir necha shaxslarning orzusicha ma’naviy o‘lim bilan o‘ldirildim. Endi jismoniy o‘lim menga qo‘rqunch emasdir” (Abdulla Qodiriy – Julqunboyning 1926-yil 15–17-iyunda bo‘lib o‘tkan sudda so‘zlagan nutqi. Abdulla Qodiriy. Diyori bakr. –Toshkent: Yangi asr avlodi, 2014. –B. 368) (367).

 

Inson shaxsining evrilishi, davr bilan murosaga borishi nihoyatda murakkab jarayon. Ammo shuni qat’iy ravishda ayta olish mumkinki, Qodiriy bu jarayondan o‘z “men”ini omon saqlashga urindi. U “boylar, ulamolar, cho‘ntakchi xoin va o‘g‘rilar, umuman, O‘zbekiston teskarichilariga”, “o‘choqboshini xoli topgan olaqarg‘alarga” nisbatan nafratini ochiq ko‘rsata olgan adib sifatida namoyon bo‘ladi. U “biz har narsaga ishonadirgan va har bir olg‘animizdan qo‘l yeydirgan (aldanish) bir millatmiz” deganda Turkiston egaligini qo‘lga olgan, sodda xalqni aldayotgan hukumatning asl maqsadini fosh qiladi. O‘zini “men bo‘lsam mustamlakachilar kaltagini yeb, kaltak zarbi bilan ko‘zim moshdek ochilib (urub qoling aylanay pochcha!)” deb tanishtiradi. Uning ko‘zlarini zulm va zo‘rovonlik “moshdek” ochgan. Muallif sho‘roviylarni ochiqchasiga “mustamlakachilar” deya, ularni o‘z nomi bilan ataydi. Maqola yozilgan yillarni e’tiborga olsak, bu so‘zlarni aytish uchun ham jur’at va jasorat kerak ekanligi ma’lum bo‘ladi.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, adib sho‘ro hukumatining siyosatini umuman qabul qila olmagan. Dastlabki ijod namunalari “Shodmarg”, “Tinch ish” kabi asarlaridayoq uning ijtimoiy pozitsiyasi ochiq ko‘rsatadi. “Tinch ish”da Sharif oxundning hayoti misolida turli yo‘llarda tentiragan, nafs yo‘llarida iymonidan ayrilgan kimsalarning hayoti misolida bolsheviklar siyosati orqasida yuzaga kelgan fojialar qalamga olingan.

 

Sud hukmiga ko‘ra adib ikki yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. Ammo Oliy sud hukm e’lon qilgan kuniyoq Oxunboboyev, G‘oziyev, Ikromov, Qosimxo‘jayev va boshqalar imzosi bilan qarorni bekor qilish to‘g‘risida iltimosnoma yozadi. So‘rov qabul qilinib, adib ozodlikka chiqariladi, ammo uning uchun matbuot eshiklari yopiladi.

 

A.Qodiriy o‘z tarjimai holida ijodiy biografiyasi haqida shunday ma’lumot beradi. “Xulosa boshqalarning xizmati daftar bilan sobit bo‘lsa, menim xizmatlarim matbuot bilan ravshandir. Ishchi-dehqonlar yozg‘on asarlarimni suyunib o‘qiydilar va meni yozuvchilar qatoriga kirgazdilar va meni hamon o‘qirlar va unutmaslar...” (Abdulla Qodiriy. Diyori bakr. –Toshkent: Yangi asr avlodi, 2014. –B. 174). Bu o‘rinda yuqorida biz ta’kidlagan yozuvchining “o‘ziga ishonchi” yana bir bora yilt etganday...  U ma’ruzada o‘zining hukumat qarorlarini shunchaki ongsiz bajaruvchi shaxs emas, balki fikrlovchi, “mehnatkashlar manfaati”ni o‘ylovchi, muhokamaga qobil millatparvar sifatida xizmat qilganligini aytadi.

 

Ma’ruza so‘ngida adib “manim haqimda kim nima desa desin”, “Marks va Lenin”ning “haroratli shogirdiman” deb aytadi. Bu so‘zlar nimani anglatadi? Adib zamon zayli bilan murosaga bormay iloji yo‘q edi. “Ulug‘ dohiy”larning nomini aytish, uning uchun bir yo‘l edi. Bu vaqtda sho‘rolar hukumati har bir jabhada o‘zining nazoratini o‘rnatib bo‘lgan, millat ixtiyori qo‘ldan ketib, istiqlol umidi borgan sari uzoqlashib borayotgan edi. Bularning barchasi adib qalbida so‘ngsiz isyon olovini yoqar, ammo imkon bunga yo‘l bermas.

 

Ma’ruzada adib ruhoniyatidagi qavariq chizgilar, e’tiqodiy qalqishlar, ikkilanishlar o‘z aksini topgan. Adib siymosida hayot so‘qmoqlarida yo‘lini yo‘qotib qo‘yishdan hadik olgan, millat ma’naviyatiga o‘zini daxldor sanagan, ijodni muqaddas vazifa bilgan, xatolari uchun istig‘for aytgan, adolat uchun kurashgan kabi turli qiyofalar mujassam. Bularning barchasi bir nuqtada adibning ulug‘ Shaxsiyatida o‘zaro kesishadi. Millat va adabiyot masalasi ko‘ndalang kelganda, ikkilanmasdan  “ot qo‘yuvchi” ulug‘ yozuvchi o‘z butunligini saqlab qolishga erishdi. Yozuvchi tomonidan tayyorlangan ma’ruza matni uning tarjimai holidagi kemtiklarni to‘ldiruvchi adabiy manba bo‘lishi bilan birga, o‘sha davr zamon nafasini o‘zida aks ettirishi bilan ilmiy qimmatga ega.

 

Sanobar TO‘LAGANOVA,

adabiyotshunos

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

09:10 / 01.10.2024 0 507
Olimlik va odamiylik uyg‘un ustozlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20435
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//