Shaxsning aqlan va ruhan kamolga yetishida, jamiyatning ma’nan tozarishi va yuksalishida adabiyotning o‘rni beqiyos. Yozuvchi badiiy tafakkurning muhandisi. Uning qalbi osmon va yer o‘rtasidagi makon va zamonning eng uyg‘oq va hassos nuqtasi. Shuning uchun ham insoniyat dardi, millat qayg‘usi yuki ko‘proq ijodkorlar yelkasiga tushadi. Ular hamma zamonda ham o‘zi mansub davr xavf-xatarlarining ogohlantiruvchi ovozi bo‘ladi. Oyina.uz muxbiri bugungi o‘zbek adabiyotining zabardast vakili, yozuvchi Nazar Eshonqul bilan azaliy, lekin eskirmaydigan savollar tegrasida suhbat qurdi.
– Bozor iqtisodiyoti, istaymizmi-yo‘qmi, insonlarning hayotiga ko‘p o‘zgarishlar olib kirdi. Pul, foyda munosabatlarni harakatlantiruvchi kuchlarning birinchilariga aylandi. XXI asr fuqarolarining ma’naviy qiyofasida nimalar o‘zgardi?
– XXI asrda ham, undan oldingi asrlarda ham odamning mohiyati avratini poxol bilan yopib, tosh qurol ushlab olib, qorin ilinjida ov qilib yurgan ajdodining tiynatidan ko‘pam uzoqlashib ketgani yo‘q. Faqat bugun tosh qurollar o‘rniga ko‘proq qirg‘in qiladigan qurollar ushlab turibdi. Poxol o‘rniga kostyum-shim kiyib, galstuk taqib olgan. Faqat uning ov qilish jarayoni salgina madaniy tus olgan. O‘sha qorin ilinjidagi “shikor” hali ham boshqacharoq shakl va ko‘rinishda davom etyapti. Buni biz Ukrainadagi urushda yaqqolroq ko‘rdik. Shuning uchun bozor iqtisodiyotini hadeb ro‘kach qilaverish insofdan emas. Bu menga latifadagi “Gunohimiz ko‘payib qoldi, bir qon chiqarib yuboraylik” degan vaj bilan so‘yilayotgan qo‘yning “Gunohni sizlar qilgan bo‘lsangiz, menda nima ayb?” degan savolini eslatadi. Gap odamning tiynatida. Odam faqat shayton vasvasasidagina jannatdan quvilmagan. Uning quvg‘indi bo‘lishiga, eng avvalo, uning yarmi moddiyat ekani sabab bo‘lgan. Uning jismi moddiyat va ruhdan tarkib topgan. Tuproq tuproqligini, ruh ruhligini qiladi. Aslida inson botinidagi barcha kurashlar shu ikkisining to‘qnashuvidan iborat reaksiyadir. Butun bashariyat tarixi buni isbotlagan va tan olishga mahkummiz. Qadim miflarda ushbu holat yarim ma’bud, yarim odam shaklida bayon qilingan. Ko‘plab balolarni ana shu yarim ma’budlar boshlab bergan. Bugun ham o‘sha kurash xuddi o‘sha holida, faqat nomini, shaklini o‘zgartirgan tarzda davom etyapti.
Tashvishingiz o‘rinli. Insoniyat o‘z tarixidan xulosa chiqarib, bir to‘xtamga kelib, ichidagi “ovchilikni” tiyib turish uchun amaliyotga kiritgan tartiblar, qoidalar, qadriyatlar, fazilatlar yangi asrda birato‘la boy berila boshladi. Insonning xalos bo‘lish sari intilayotgan madaniy ongi yangi asrda har tomondan mag‘lubiyatga yuz tutdi. “Madaniy ong” deganda men insoniyat shu paytgacha erishgan ma’naviy ustunlarni nazarda tutyapman. “Faqat kuchlilar yashashga haqli”, degan ibtidoyi changalzor qonuni bugun bashariyat o‘rmonining asosiy qonuniga aylanib bormoqda. Bu qonun hamma joyni, oddiy kundalik turmushdan tortib global masalalargacha qamrab olganini ko‘rib turibmiz. So‘fiy bobolarimiz “nafs” deb atagan moddiyatchilik iblisi bugun har birimizning ichimizga langar tashlagan. Nitsheni turlicha talqin qilishadi. Menga esa uning moddiyat bilan xudo bir joyda yasholmaydi, degan qarashi yoqadi. “Ovchilik” xohishi birlamchi ekan, xudoning nomini himoya qilib, xudoning nomidan gapirib turib ham, xudosizlik, dahriylik qilish mumkin. Nafs, ta’ma, manfaat bor joyda xudoning mohiyati so‘nadi. Bugun biz ana shu ma’naviy manzarada yashayapmiz. Madaniy ong erishgan xulosalardan voz kechib, yangi ma’naviy, ruhiy, ijtimoiy qirg‘in sari og‘ishmay ketyapmiz. Bu fikrlar tushkunlik bo‘lib tuyulishi mumkin. Ammo dunyoda kechayotgan jarayon mening tushkunligimni tasdiqlab turibdi. Bir narsa ayon bo‘lib bormoqda: XXI asr insoniyatning bu zaminda inson sifatida yo yashab qolish, yo insonlikni butunlay boy berish asri bo‘ladi. XXI asr shu jihati bilan bashar uchun muhim asr, muhim qadam.
– Dunyo siyosiy maydonida turli mavzu va maqsaddagi “sahna asarlari” qo‘yilib turibdi. Erkinlik surbetlik, bachkanalik ko‘rinishiga yetdi. O‘zgarishlar adabiyotning maqsadi va mezoniga ta’sir qilmadimi?
– Avvalo, erkinlik bilan boshboshdoqlikni bir-biriga qorishtirmaslik kerak. Erkinlik bu ichimizda turgan xudoga, vijdonga ishonish, uning yo‘lini tanlash degani. Bu gapimning mullabachchalar va’zlariga aslo aloqasi yo‘q. Men qodir xudo har birimizning ko‘nglimizga o‘zining nurini, demak, o‘zining bir zarrasini tashlab qo‘yibdi, u bizning ichimizda, biz bilan birga, agar bu zarra bizning yashash a’molimizga aylansa, demak, biz xudo tomon yo‘l oldik, agar bu zarra nafsning, ovchiligimizning tagida qolib ketgan bo‘lsa, biz undan uzoqlashib boryapmiz, deb o‘ylayman. Ichimizda turganni aldab, ikkiyuzlamachiligimizni undan yashirib bo‘lmaydi. Odam zohiran aldashi mumkin, botinda alday olmaydi. Negaki, ko‘nglimizdagi zarra hammasini ko‘rib, bizning aslimizni bilib turibdi. Munofiq masjidga borib, o‘zini iymonli ko‘rsatishi mumkin, ammo u ichida turgan nigohni shamg‘alat qilolmaydi. Qalbimizdagi javharda insoniyat shu paytgacha erishgan jamiki aql va yashash tajribalari, ilohiy qonunlar xulosasi jamuljam bo‘lgan. Axloq, odob, zulm, adolatsizlik, xiyonat, sotqinlik, go‘zallik, yovuzlik, mehr-u shafqat to‘g‘risidagi tushunchalar ming yillar mobaynida sinovdan o‘tib, xulosalarga aylangan. Ana shu xulosalarning majmui ichimizdagi ilohiy zarra bilan qo‘shilib, yaxlitlashib, isoniylik degan katta ustunni paydo qilgan. Insoniylik – badanni poxol bilan yashirishdan galstuk taqqungacha bo‘lgan masofani bosib o‘tgan bashar tarixining eng katta yutug‘idir. Undan qochish, uni mensimaslik, uni manfaat pardasi ortiga surish, uni boshqacha talqin qilish madaniy ongni fojiaga olib boradi. Aslida, haqiqiy xudojo‘ylik bu, yuqorida aytganimday, har qaysi mahal, hatto o‘lim bilan yuzma-yuz turganda ham oqni oq, qorani qora, yolg‘onni yolg‘on, rostni rost, adolatni adolat, zulmni zulm deb ayta olish, shu maqomda qat’iy turishdir. Vaziyatga, muhitga qarab tuslanish va turlanish emas. Shu maqomda turilmadimi, har qanday da’vo yolg‘on.
Bizning erkinlik haqidagi tasavvurimiz insoniylik haqidagi tasavvurimizga mos kelsa, demak, bu – erkinlik; zid kelayotgan bo‘lsa, demak, bu – boshboshdoqlik, adashish yoki o‘zboshimchalik. Erkinlik ehtiyoji milliy mentalitet yoki jamiyat paydo qilgan hududlarga sig‘maydi. Uning milliy yoki umuminsoniy qiyofasi yo‘q. Erkinlik ichimizdagi ilohiy zarra nomidan gapirish, harakat qilish, yashash, ya’ni oqni oq deyishda sobit turish deganidir.
Erkinlik imkoniyati qanday yaratilganiga qarab jamiyatning asl mohiyati haqida xulosa qilish mumkin. Siz aytayotgan, o‘zini turli jimjima bilan yashirgan “asar”larga shu tashxis bilan qaralsa, tezda o‘zini fosh qiladi. Umuman, bugungi dunyo o‘ta murakkab. Hozir o‘zini san’at, adabiyot degan nom ostiga yashirgan, shaklan shunday, mazmunan esa zid maqsadlarga xizmat qiladigan “ijod” namunalari haqiqiy asarlarning o‘zidan ham ko‘p. Bu holatga mashhur faylasuf Xose Ortega i Gasset “San’atning insoniylikdan mahrum bo‘lishi” deb ta’rif bergan. Insonni ma’nan qul qilish, bugungi til bilan aytilsa, manipulyatsiyaga qurilgan g‘oyalar, mafkuralar malayiga aylangan soxta adabiyotning asosiy belgilari siyosatbozlik, davrbozlik, maddohlik, zamonasozlikda namoyon bo‘ladi.
Asarning sifati, badiiyligi uning buyurtmaligi yoki ijodiy erkin holatda yozilganida emas, uning insoniylik markazida turgan yoki turmaganida. “Shohnoma”, “Qutadg‘u bilik”, ma’lum ma’noda “Xamsa”navislik ham buyurtma ekanini unutmaylik. Lekin gap kim va qay maqsadda buyurtma berganida. Buyurtmachining intellekti ko‘p narsani hal qiladi. Xashaki jamiyat xashaki asarga buyurtma beradi, yuksak intellekt yuksak asarga. Bu isbotini topgan. Navoiy ijodi va “Xamsa”si Amir Temur saltanati salohiyati mahsulidir. Umuman, qanday yaratilishidan qat’iy nazar, asar insoniylik mezoni atrofida aylanadi, odamni qayta-qayta shu mezonga olib kelaveradi. Insoniylik bilan ulug‘laydi, insoniylik bilan tavba qildiradi, insoniylik bilan ruhni yangilaydi.
– Keyingi yillarda olimlar Yer shari o‘z o‘qi atrofida avvalgidan shitobroq aylanayotgani haqida gapirishyapti. Bugungi tezkor zamonda insonlar hayotidagi ortiqcha “yuk”lar nimalar, yetishmayotgan “kemtik”lar-chi?
– Zamonning shiddati ermaklarning ko‘payib ketgani bilan bog‘liq. Ming yillar oldin Istanbulga borish uchun oylab yo‘l yurilgan. Bugun to‘rt soatda yetib olasiz. Endi avvalgi va hozirgi odamning tezlik haqidagi qarashlarini tasavvur qilib ko‘ring. Shu ma’noda zaminda hammasi tezlashganday tuyuladi.
Yer kurrasining fazodagi tezlashishi yoki sekinlashishining bugungi inson ruhiyatiga aslo aloqasi yo‘q. Sayyoramiz o‘z holicha azal-abad bo‘ylab aylanib turibdi. Vaqt fazo uchun o‘lik tushuncha. Vaqt odam uchun kerak. Chunki unga hamma narsa o‘lchab berilgan. Inson o‘lchovlar ichida yashashga mahkum. Odam – Sizif toshni tepalikka dumalatib chiqishdan nariga o‘tolmaydi. Uni sekin ham, tez ham dumalata olmaydi.
Endi, “yuk” va “kemtiklar”ga kelsak, bu borada muammolarimiz o‘rasi kattarib borayotgani rost. Hali madaniy ongi yuksalib, madaniy millat sifatida shakllanib ulgurmagan etnosda chinakam erkin insonga aylanish uchun ortiqcha “yuk”lar ko‘p bo‘ladi. Menga biz haliyam o‘rta asr arxetiplari changalida yashayotganimiz og‘riq beradi. Bugun biz ong jihatdan o‘rta asr tafakkuri tarziga tushib qolyapmiz. Yashashimiz, tutumimiz, hayotga, insonga, olamga munosabatimizdan o‘rta asr zanglarining hidi kelib turadi. Bu juda tashvishli hol. O‘rta asr qolipi ongimiz qolipiga aylanyapti, bu esa ijtimoiy ongga, tabiiyki, yashash tarzimizga, aytar so‘zimizga, amalimizga, bir-birimiz bilan munosabatimizga ta’sir qilyapti.
XXI asrda yashab turib, tafakkurimizni o‘rta asr qolipi jiloviga berib qo‘yyapmiz. Toqatsizlik, bir yoqlamalik, mahdudlik, badbinlik, ko‘r-ko‘ronalik, mutaassiblik, fikrsizlik, sohibga, quldorga ehtiyoj bizni tobora ko‘proq qurshab olyapti. Mutaassiblikni faqat diniy tushunmaslik kerak. Ko‘r-ko‘ronalik bugun siyosat, shaxs, ijtimoiy hayot, o‘zga qarashlarga, atrofga, olamga, tabiatga munosabatda, barcha sohada o‘zini ko‘rsatyapti... Tabiat deganim boisi, odamzot o‘zi toptayotgan maysa yoki qumursqada ham xuddi o‘zining ichidagi kabi ilohning zarrasi borligini unutib qo‘ydi. Odam tabiatning sohibi emas, balki tarkibiy bir qismidir. Tabiat bilan uyg‘unlik tilini topolmasak, XXI asr aqlini shoshirib qo‘ygan kovidlar hali ko‘p kuzatiladi. Adabiyot insonga o‘zini va olamni o‘rganishni, butun borliq bilan uyg‘unlikda yashashni targ‘ib qilaveradi. Adabiyotdan uzoqlashish esa insoniylikdan uzoqlashish bo‘lib qolaveradi.
– Stilizatsiyadan ko‘p foydalanasiz – real hayotga singigan motivlar san’at darajasiga chiqadi. Sizni ko‘p o‘quvchilar modernist yozuvchi deb biladi. Bu fikrga qo‘shilasizmi? Modern va folklor bir ildizga tutashadimi?
– Meni kim atashlarining, avval ham aytganimdek, qizig‘i yo‘q. Mayli, modernist deya qolishsin. Faqat bir narsani aytib qo‘yishim kerak. Modernistlik janr ham, maqtov ham, tanqid ham emas – dunyoqarash. O‘zigacha bo‘lgan jamiki qarashlar, tasavvurlar eskirib, dunyoga, falakka berilgan mavjud izohlar, tushunchalar, tasavvurlar ko‘hnarib, yangi davrning aql-u shuurini qondirolmayotganidan paydo bo‘lgan dunyoqarash. Olam va odamning mohiyati haqidagi tasavvurlar to‘laqonli javobga qodir emas. Bugungi inson ruhiy holati sirli va noma’lum, hali barcha narsa nomsiz bo‘lgan dunyo bilan yuzma-yuz turgan ilk odamning ruhiy holati bilan bir xil. Bugungi yoshlar, xususan, iste’dodi borlari bilan gaplashganimda ularning dunyoqarashi shu ma’noda modernistlarga yaqinlashib qolganini ko‘ryapman. O‘z so‘zi, usuli, qarashiga ega yosh ijodkorlar ongiga absurd bor mohiyati bilan singib bo‘lgan. Ular absurd ichida o‘z ismlarini va dunyolarini, absurd tug‘dirgan savollarga o‘z javoblarini izlayapti. Paydo bo‘ladigan yangi san’at, yangi falsafa, yangi so‘zni absurd bilan yuzma-yuz turgan mana shu avlod yaratadi. Chunki bu avlod Asl Mohiyatni his qila boshladi. Kamyu “Absurd – aqlning oxirgi bekati”, degan edi. Yoshlarning aql-idroki ham ana shu oxirgi bekatda turib fikr qilishni boshladi. Fikr qilish – mavjudlikka yangi ma’no izlashdir.
Folklor o‘zi sa’natning, falsafaning, o‘zlikning asosi. Unda hamma narsa topiladi. Faqat izlash, topish, bugun uchun ruhiy, ma’naviy ne’matga aylantirish kerak. Folklor adabiyotning katalizatori. Unga bitta element qo‘shib, harakatga keltiradi, yangi “modda”lar paydo qilaveradi. Undan suv ichgan adabiyot nafaqat kiyimini, balki o‘zini ham yangilay oladi. Biz folklorshunoslar bilan “O‘zbekiston tarixi” telekanalida faqat “Alpomish” dostoni haqida ko‘rsatuv uyushtirdik. Bu ko‘rsatuvda baxshi ijrosi, asar badiiyati, poetikasi, tarixi haqida emas, faqat undagi bugun adabiyotga, falsafaga, etnosshunoslikka manba bo‘ladigan ramzlar, timsollar, majoziy marosimlar, ezoterikasi, mifologik asoslari haqida gaplashdik. Shularning o‘zi o‘n besh-yigirma soat bo‘ldi. Bular hali bizning aqlimiz yetganlari. Yetmaganlari qancha. Qaysidir mutafakkir aytganiday, folklor ochilmagan qo‘riq. Unda qo‘sh haydagan, albatta, yangi davr badiiyati uchun o‘ziga yarasha hosil olaveradi.
– Adabiyotda ustoz-shogirdlik an’anasi ne chog‘lik muhim? Sizlardan keyin – o‘rtadagi avlodning ovozi bilinmayotgandek. Ustozlar ustozlari qilgan fidoyilikni yoshlarga ko‘rsata olyaptimi?
– Adabiyotda ustoz va shogirdlik masalasi bir muncha nozik. Gap shundaki, ijodkorning shakllanishida ma’lum xizmati singgan, millati, dini, irqidan qa’iy nazar, har bir asarning muallifi unga bevosita bo‘lmasa-da, bilvosita ustozlik qiladi. Tan olish kerak, boshini silab turgandan ham ko‘ra ko‘proq ustozlik qilishi mumkin. Shuning uchun o‘qishga arziydigan har bir asar muallifi adabiyotda ustozdir. Albatta, so‘z san’atida muayyan malakaga ega bo‘lganlar, suyagi qotganlar o‘zidan keyin adabiyotga kirib kelayotganlarni qo‘llab-quvvatlashi shart. Ammo bunday “pir-u komil bo‘lish” o‘ziga o‘xshagan, o‘zining egizagini yaratish degani emas.
Men bir yosh adibni bilaman. U falon adibning qo‘lidan tutgan, har bir yozganini ustozining nazaridan o‘tkazgan, maslahatlariga amal qilgan. Taassufkim, bu adib ukamiz o‘sha ustozning doirasidan chiqib ketmagan, yozganlari o‘sha adibni eslatib turadi. Shogirdni qo‘llash – o‘zining tuxumini ham shogirdiga bostirish degani emas. Adabiyot hunarmandlik maktabi emas. Adabiyot har bir ijodkorning dunyoni o‘ziga xos ko‘rishi orqali paydo bo‘ladigan o‘ta shaxsiy hissiy jarayondir. Bu mening qarashim. Shuning uchun ham yoshlarning yozganlariga ko‘pam fikr bildirmayman. Aksar hollarda o‘qidim, bildim degan bilan cheklanaman. Ularga o‘zimning qarashlarimni singdirgim, ularni o‘zimning ko‘rimim bilan ikkilantirgim kelmaydi. Iste’dodga aql bo‘lishdan yomoni yo‘q. Chunki iste’dodning o‘ziga xosligi o‘zi bilan birga tug‘iladi. Uni boshqa iste’dodning ko‘rimi bilan chalg‘itmaslik kerak. Adabiyotda “ustozlik” men uchun iste’dodni e’tirof etish va vaqtida uni yuzaga chiqarish borasida qo‘llash degandan boshqa narsa emas.
Bizdan keyingi avlodning ovozi bilinmayotgani haqida fikr bahsli. Bir paytlar, yigirma yillar oldin men ham o‘zim tengilar haqida shunday deb yozgandim. Menga yoqqani – hozirgi yoshlar toza adabiyotga intilyapti. Manfaatdan xoli bo‘lgan, ijodkorning shaxsga aylanishga urinishlari va shaxs sifatidagi qarashlari ifodalanayotgan, millat va inson g‘amida qayg‘urayotgan, odam va olam haqida mavjud qoliplarni sindirishga tirishayotgan, isyon ruhi, ruh jazvasi aks etayotgan adabiyotga. Albatta hali g‘o‘rliklar bor, adashishlar bor, tajribasizlik, malakasizlik bor. Lekin, eng muhimi, she’riyatga shaxs jununi, iztirobi, universal psixologik metofaralar, umuminsoniy dard kirib kelyapti. Bu ko‘p narsaga umid uyg‘otadi. Hozirgi yoshlarning eng katta nuqsoni – aksar yozganlarida hunarmandchilik seziladi. So‘z aytishni o‘rgansa bo‘ladigan hunar deb o‘ylashayotgani yurakni xijil qiladi.
– “Bahoviddinnig iti” hikoyasida nega aynan “it” obraziga murojaat qilgansiz? “Qora kitob”ning hayotga ko‘chib borayotgani bizni o‘quvchi sifatida qo‘rqitadi. Bu asarlar ilhomi qayerdan paydo bo‘lgan?
– Bu hikoyaga Naqshband haqidagi bir rivoyat sabab bo‘lgan. To‘g‘risini aytsam, qaysi kitobda o‘qiganim ham hozir esimda yo‘q. Faqat rivoyat mazmuni yodimda saqlanib qolgan: bir qishloq ko‘chasidan o‘tayotganda Naqshband shogirdlariga “Qani edi, men anovi it kabi bo‘lsam”, deb orzu qilgan ekan. Shogirdlari “Nega bunaqa deyapsiz, pirim, nega siz kelib-kelib itga havas qildingiz?” deb so‘raganda, Naqshband “Men bu ko‘chadan ko‘p o‘taman. Anovi it esa darvozadan nari ketmaydi, yotgan joyida begonalar kelganidan egasini xabardor qiladi, uyni sadoqat bilan qo‘riqlaydi, o‘zi esa egasi nima bersa shuni yeydi, egasi ravo ko‘rganidan ortig‘iga da’vo etmaydi. Egasining sarqitini ham mehr bilan, ochiqib yeydi. Qahraton qishda ham, jazirada ham, jalada ham o‘z vazifasini unutmaydi, taqdiridan nolimaydi. Egasini boshqa bir uy sohibiga almashmaydi. Qanoat, sadoqat, sabr toqat va faqirlikda unga havasim keladi”, deb javob bergan.
Faqirlik – kamolot maqomi. Bugungi dunyoning fojiasi boshida kibr, manmanlik, kudurat o‘tiribdi. Esingizdami, “Shayton kibr qildi”, deyiladi muqaddas kitoblarda. Shu illatning davosi faqirlik. Naqshband itda ana shu faqirlikni ko‘rdi. Menga o‘sha rivoyat turtki bergan. Hazrat albatta ruhiy kamolot borasida gapirgan. Qul bo‘lish ma’nosida emas. Naqshband nazarda tutgan “it”likdan, so‘fiy bobolar kamolot sifati deb izohlagan “faqirlik”dan uzoqlashib ketgan odamning ruhini itga aylantirgim keldi. Itga evrilish bu – faqirlikka oshuftalik. Faqirlik ko‘zi bilan qaralganda muhit, insoniylik manzarasi yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Qolgani endi qo‘ldan kelgancha... Hikoya “Qora kitob”dan o‘n yilcha keyin yozilgan. Aksincha, olam va odam haqida keskin xulosalarga kelgan “Qora kitob”ning kibrli qahramoni o‘zini xalos qilish, tozarish yo‘lini Bahoviddin itida ko‘rgan, menimcha.
– Texnika asrida odamlar-da robotlashib, qalbi qotib borayotganday. Nima deb o‘ylaysiz, kelajakda ham adabiyot inson psixologiyasiga ta’sir etish kuchini saqlab qoladimi?
– Bunga jimitday bo‘lsa ham ishonch bo‘lmasa, dunyoda birorta asar yozilmasdi. Menga Kamyuning “Ijod zavqi bo‘lsa, do‘zaxda ham qo‘shiq aytish mumkin” degan gapi yoqadi. Kamyu ijodkorlikni absurdga dosh berish va uni yengishning yagona vositasi deb biladi. Adabiyot inson ruhidagi iblisni quvishga, qalbni qo‘riqlashga qodir. Kitobdan uzoqlashib borayotgan bugungi inson ongi qayoqqa qarab ketayotganini, adabiyotdan xoli bo‘layotgan ko‘ngilda nimalar bo‘y ko‘rsatyotganini o‘zingiz tasavvur qilib olavering.
– Xalqqa va siyosatga bitta chiziqda xizmat qilib bo‘ladimi? Yozuvchining o‘ziga xiyonati nima? Millatiga-chi?
– Bo‘ladi. Agar siyosat adabiyot himoyasiga olgan narsalarni, fazilatlarni o‘z himoyasiga olgan bo‘lsa, unda adabiyot uning yonida turadi. Bu maslakka xiyonat boshlansa, adabiyot hukumat uchun eng xavfli muxolifatga aylanadi. Yozuvchi o‘ziga, So‘zga xiyonat qilishi bilan millatiga, Vataniga, adabiyot himoya qilayotgan Insoniylikka nisbatan xiyonati boshlanadi.
Nargiza ODINAYEVA
suhbatlashdi.
Falsafa
Til
Ma’naviyat
Jarayon
Tarix
Tarix
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
2 Izohlar
Jo'raboyeva Saboxon Anvarxanovna
16:04 / 13.04.2024
Assalomu alaykum.Suhbat menga juda yoqdi.Original fikrlar va bugungi kun uchun muhim bo'lgan tavsiyalar oldim.Ayniqsa, menda faqirlik kamolot maqomi ekanligi haqidagi fikrlari katta taassurot qoldirdi.Inson o'zini kibr,manmanlikdan asray olsagina,ruhiyatidagi nafislikni anglay oladi.Katta rahmat,suhbat uyushtirgan insonlar ham,ustoz ham doimo salomat bo'lsinlar.
Ermatov Jasurbek Tursunovich
06:01 / 01.01.1970
Avvalambor ustozni tavallud ayyomiz bilan tabriklayman, faqat xursandchilikda yursinlar! Oyina.uz ga katta rahmat , ajoyib suhbat uyushtiribsizlar. Juda dolzarb va Nazar akabop savollar bo‘libdi. Javoblar esa har doimgidek orginal. O‘qib ruhim yengil bo‘ldi, Sizlarga rahmat!