Amir Temurni maftun etgan ruboiy


Saqlash
15:09 / 08.04.2022 4069 0

“Sultoni vaqt” nomi bilan tanilgan buyuk tariqat arbobi Shayx Abu Sa’id Abulxayr (vaf. 1048 y.) qalamiga mansub “Havroiyya” ruboiysi o‘n asr mobaynida ulug‘ shayxga shuhrat keltirib, tildan tilga, kitobdan kitobga ko‘chib yurgan, hattoki bu she’rni ko‘pchilik tushunmagani uchun unga sharh tariqasida o‘nlab kitoblar yozilgan. Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da tasavvufning taniqli namoyandalaridan Shayx Abu Sa’id Abulxayrni “Oti Fazlullohdur. Sultoni vaqt va ahli tariqat jamoli erdi va qulub mushrifi. Va aning zamonida barcha mashoyix anga musaxxar erdi” deb ulug‘lagan. Shuningdek, Alisher Navoiy bu zoti bobarakotning “zikrida qalam ojiz” ekanligini e’tirof etgan.

 

Bu ulug‘ shayxning  “Havro”, ya’ni “Hurlar” so‘zi bilan boshlanuvchi “Havroiyya” ruboiysi tasavvuf ahli o‘rtasida mashhur bo‘lgan:

 

Havro ba nazorai nigoram saf zad,

Rizvon ba ajab bimond-u kaf bar kaf zad.

On xoli siyah bir on rux mutrf zad,

Abdol zi bim chang dar Mus’haf zad.

 

(Tarjimasi: “Hurlar nigorimni ko‘rish uchun saf tortdilar. Rizvon (jannat eshik og‘asi) ham hayratlanib, qarsak chalib yubordi. U qora xol (mahbuba) yuzlariga parda tortganida abdol (Xudoning xos bandalari, yaqinlari) qo‘rquvdan Qur’onga chang soldi).

 

Adabiyotshunos Zamira Is’hoqovaning yozishicha, “ruboiyning tasavvufiy-irfoniy ma’nosi quyidagichadir: Haq taologa oshiq-u shaydo bo‘lmish kamina (Shayx Abu Sa’id Abulxayr)ning huzuriga jon oluvchi farishta tashrif buyuradi. Jon fido qilmay turib mahbubga yetishmoqlik amri mahol ekanini idrok etuvchi aql shodlikdan qarsak cholib yuboradi. Jon taslim qilish asnosida, odatda, inson yuzida nochorlik va xomushlik alomatlari paydo bo‘ladi. Natijada nafsoniy quvvatlar insoniy haqiqat bilan to‘qnashadi va mag‘lubiyatga uchraydi, ya’ni Allohga yetishgan oshiqning insoniy haqiqati g‘alaba qiladi.”

 

“Majolis un-nafois”dan ma’lum bo‘ladiki, Sohibqiron bobomiz mazkur ruboiyni yod bilgan. Yanada aniqroq qilib aytganda, Amir Temurdan  qochib, Iroqda yashirinib yurgan o‘limga hukm qilingan Xoja Abdulqodir Sohibqiron askarlari tomonidan qo‘lga olinadi va o‘zini devonalikka solishiga qarmasdan u buyuk sarkarda huzuriga olib kelinadi: “Xoja (Abdulqodir)ning kamolotidin biri Qur’on hifzi va qiroat ilmi erdi, filhol biyik un bila qur’on o‘qumoq bunyod qildikim, ul hazrat (Amir Temur)ning g‘azabi lutfqa mubaddal bo‘lib, fazl va kamol ahli sori boqib, bu misrani (Ruboiyning to‘rtinchi misrasi) ba vaqt o‘qudikim:

 

Abdol zi bim chang bar mus’haf zad.

 

Ya’ni, “Abdollar qo‘rqinchdan Qur’onga chang soldilar” misrasini o‘qib, Amir Temur Yaratgan kalomidan najot izlagan Xoja Abdulqodirni avf etadi va oliy majlisga nadim etib tayinlaydi: “Andin so‘ngra Xojaga iltifot va tarbiyatlar qilib, o‘z oliy majlisida nadim va mulozim qildi. Idrok va fahm ahli bilurkim, yillar, balki qarn(asr)larda mundoq latif so‘z voqe’ bo‘lmas”.

 

Ushbu voqea ham ma’rifatli hukmdor Sohibqiron Temurning ko‘plab diniy-tasavvufiy  badiiy asarlarni mutolaa qilganligini, chuqur bilim va keng tafakkurga ega bo‘lganligini tasdiqlaydi. Ma’lumotlarga qaraganda, Sohibqiron Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy” va Mahmud Shabustariyning “Gulshani roz” asarlarini ham o‘qigan.

 

Alisher Navoiy “Majolis un-nafois”da Amir Temur she’r yozmagan bo‘lsa-da, biroq kezi kelgan-da ko‘plab shoirlarning she’rlaridan hamda nasriy asarlardan misollar keltirganini ta’kidlab, majlislarda “paydar-pay xub abyot va yaxshi so‘zlar darhamal” aytgan, degan: “Temur Ko‘ragon – agarchi nazm aytmoqqa iltifot qilmaydurlar, ammo nazm va nasrni andoq xub mahal va mavqe’da o‘qubdurlarkim, aningdek bir bayt o‘qug‘oni ming bayt aytqoncha bor.” Ya’ni, Navoiy aytmoqchi, Sohibqiron Temurning bir bayt o‘qigani ming bayt yozgan bilan barobar!

 

Shoirlar sultonining o‘zi ham yoddan bilgan ushbu ruboiyga “Nasoyim ul-muhabbat”da ulug‘ avliyolar sharh yozganiga urg‘u bergan: “Va ba’zi akobir sharhlar bitibdirlar”. Ruboiyga Xoja Ahror ham tasavvuf tili bilan sharh yozgan. “Xoja Ahror Valiy” risolasida yozilishicha, aftidan muhaqqiqlar tomonidan yozilgan sharhlar ruboiyning haqiqiy ma’nosini to‘la ochib bera olmagani uchun Xoja Ahrorni qoniqtirmagan. Shuning uchun u “Risolai havroiyya yoki Sharhi ruboiyi Shayx Abu Sa’id Abulxayr" nomli asarni yaratgan. Tasavvuf ahli o‘rtasida juda mashhur bo‘lgan bu ruboiyni akademik B.Valixo‘jayevning yozishicha, Sayid Ne’matulloh Valiy uch risola, Sayid Qosim Anvor, Mavlono Ya’qub Charxiy va Shayx Ozariylar bittadan sharh kitob yozib, izohlaganlar. Bizningcha, Sohibqironning ruboiyga yozilgan sharhlardan ham xabari bo‘lgan. Ehtimol u she’r sharhlangan risolalardan birini o‘qigan.

 

Xo‘sh, asrlar mobaynida darvesh ahlini hayratga solgan bu ruboiyning yozilishiga nima sabab bo‘lgan? Tadqiqotchi Nodir Ramazonovning yozishicha, kunlardan bir kun Shayx Abu Sa’id Abulxayrning muridlaridan bo‘lgan Ustod Abu Solih qattiq kasal bo‘lib, to‘shakka yotib qoladi. Shunda ulug‘ Shayx Xoja Abubakr Muaddab ismli shogirdiga davot, qalam va qog‘oz keltirishni buyuradi. Abu Sa’id Abulxayr esa yuqoridagi ruboiyni badihatan aytadi, shogirdi esa uni oqqa ko‘chiradi. Ruboiyni to‘shakda yotgan Abu Solih ustida o‘qiydilar va qog‘ozni uning tanasiga bog‘lab qo‘yadilar. Shundan so‘ng u shu kunning o‘zidayoq sog‘ayib, o‘rnidan turib ketadi. Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da ruboiyning shifobaxsh ekanligini qayd etgan: “Hamul dastur bila bu ruboiyni soyir marazi(kasallik)ga o‘qurlar va naf’ yetkururlar”. Shuning uchun asrlar mobaynida bu ruboiyni o‘qib, darveshlar (oddiy bemorlar ham) dardiga davo topishgan.

 

Muxtasar aytganda, Sohibqiron Temur nafaqat tarixiy kitoblar, balki o‘z davrining mashhur badiiy asarlarini qo‘ldan qo‘ymay o‘qigan va u “Kitob – barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilm-u donishning asosidir. Hayotni o‘rgatuvchi murabbiy”, deb bilgan.

 

                                                                               Sherxon QORAYEV,

                                        filologiya fanlari bo‘yicha

falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23616
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//