Bejizga muzeylarni tarix, ma’naviyat va san’at xazinasi deb ta’riflashmaydi. Muzey jamiyatning o‘z tarixi va madaniyatiga munosabatini aks ettiruvchi ko‘zgu hisoblanadi. Har bitta muzey o‘zining tarixiga ega. Jahonning barcha mashhur muzeylari ma’lum bir shaxslarning kolleksiyalari negizida paydo bo‘lgan. Yevropa misolida olib qaraydigan bo‘lsak, XVIII asrda rasmiy muzeylar ko‘plab mamlakatlar ijtimoiy hayotining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Ilmiy-ta’lim yo‘nalishidagi birinchi ingliz muzeyi 1683-yilda Oksford universitetida ochilgan bo‘lsa, yangi tipdagi birinchi Britaniya muzeyi 1753-yilda Londonda tashkil topgan. 1793-yilda Fransuz inqilobi davrida ochilgan Luvr muzeyi eng yirik rasmiy muzeyga aylangan. Rossiyadagi birinchi ommaviy muzey Kunstkamera (hozirgi kunda Buyuk Pyotr nomidagi antropologiya va etnografiya muzeyi) bo‘lib, 1719-yilda Peterburgda ochilgan.
Turkistonda dastlabki muzey o‘lkada Chor imperiyasi hukumronlik qilgan davrda, 1876-yil 12-iyulda Toshkentning yangi shahar qismida ochilgan. Shundan e’tiboran, O‘rta Osiyoda bosh muzeyning ochilgani rasman tan olingan. Muzey 4 ta bo‘lim – etnografiya va texnika, tabiat tarixi va arxeologiya, numizmatika, qishloq xo‘jaligidan iborat bo‘lib, mahalliy suratlar va turli kolleksiyalar bilan boyitilgan edi. 1922-yilda ushbu muzey O‘rta Osiyo Bosh muzey nomini olgan (hozirgi O‘zR FA O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi).
Muzey mudirining 1922-yil 4-yanvarda Muzey ishlari, tarixiy va san’at yodgorliklarini muhofaza qilish bo‘yicha Turkiston komiteti (Turkomstaris)ga yo‘llagan xatidagi ma’lumotlarga qaraganda u quyidagi 9 ta bo‘limdan iborat bo‘lgan:
1. Etnografiya bo‘limi (eksponatlar soni 1.377 ta);
2. Geografiya bo‘limi (eksponatlar soni 158 ta);
3. Umurtqalilar zoologiyasi bo‘limi (eksponatlar soni 846 ta);
4. Umurtqasizlar zoologiyasi bo‘limi (eksponatlar soni taxminan 28.000 ta);
5. Geologiya bo‘limi (eksponatlar soni 2.158 ta);
6. Botanika bo‘limi (eksponatlar soni taxminan 600 ta);
7. Numizmatika bo‘limi (eksponatlar soni 2.760 ta);
8. Arxeologiya bo‘limi (eksponatlar soni 1.806 ta);
9. Harbiy-tarixiy bo‘lim (eksponatlar soni 224 ta).
Muzeyga keluvchilarning soni yildan yilga ortib borgan. Xususan, 1919 va 1920-yillardagi raqamlarga nazar solsak, 1919-yilda jami 77.592 nafar kishi muzeyga kelgan. Shulardan, 50.799 tasi yevropa millatiga mansub va 20.793 nafari mahalliy (musulmon) aholi vakillari bo‘lgan. 1920-yilda esa keluvchilar soni 279.109 tani tashkil etib, shundan 144.953 nafari mahalliy aholi, 134.156 tasi yevropa millatiga mansub kishilar bo‘lgan. Raqamlar qiyoslansa, 1920-yilda keluvchilar soni 301.517 nafarga oshganligi, yana ham ahamiyatlisi, mahalliy aholi vakillarining kelishi boshqalarga nisbatan 10.797 taga ko‘p bo‘lgani ayon bo‘ladi.
Mahalliy aholi tomonidan muzeyga bo‘lgan katta qiziqish, ayni vaqtda muzeyning Eski shahardan ancha uzoqda joylashganligi, qolaversa, O‘rta Osiyo Bosh muzey ekspozitsiyasidagi matnli ma’lumotlarning rus tilida ekanligi Toshkentning Eski shahar qismida o‘zbek muzeyi tashkil etilishiga sabab bo‘lgan.
Milliy muzey ochish masalasi 1917-yil 20-23-mayda Toshkentda o‘tkazilgan musulmon o‘qituvchilarning Birinchi o‘lka qurultoyida ko‘tarilgan edi. Biroq o‘n yettinchi yilning oktabr voqealari bu ishning amalga oshishini ancha keyinga surib yubordi. Turkistonda birinchi o‘zbek muzeyi Toshkentning eski shahar qismida 1921-yilda ochilgan. U faqatgina tabiiy-tarixiy bo‘limdan iborat bo‘lib, jami 209 ta ashyosi bo‘lgan
1921-yil 2-martda 153-son xat bilan Turkomstaris fuqaro Xayrulla Usmonovga eski shaharda ilmiy-tarixiy muzey tashkil qilishni yuklatib maxsus mandat (yorliq) bergan. Unga binoan X.Usmonov muzeyga mos bino topish uchun eski shahardagi barcha muassasalar bilan bevosita ish olib borish vakolatiga ega bo‘lgan. Ushbu hujjatga Turkomstaris mudiri D.Nechkin va bo‘lim ilmiy kotibi O.Abramov imzo chekkan. Hozirda MDA saqlanayotgan mazkur yorliqda X.Usmonovning ham olganligini tasdiqlagan imzosi mavjud
Bo‘lajak muzey uchun eski shaharda mos keladigan bino Ismoilboy Beshbolaboyevning uyi deb topilgan. Xouz-bobda joylashgan ushbu binoda ilgari “Zinger” firmasining do‘koni bo‘lgan. Bino ikki xonadan iborat: biri oynalari ko‘cha tomonga qaragan o‘lchami 7x15 m., ikkinchisi derazasi hovliga qaragan o‘lchami 7x8 metr bo‘lgan. Ushbu xonalarga qo‘shimcha omborxona va qorovullarga mo‘ljallangan kichik xona bo‘lgan. 1921-yil 2-martdan 15-maygacha muzeyga Xayrulla Usmonov, undan keyin Ibrohim Muhammadzoda mudir etib tayinlangan.
Muzeyga asosan Turkiston Xalq muzeyi (yangi shahardagi) va Turkiston Badiiy muzeyi fondlarida saqlanayotgan eksponatlar olib kelingan. 1921-yilning avgust oyi mobaynida muzeyga jami 11777 ta tashrifchi kelgan. Shundan 103 nafari yevropa millatiga mansub, qolganlari mahalliy aholi bo‘lgan
Toshkent eski shahar ilmiy-tarixiy muzeyining shtat jadvali Xalq maorif komissarligi tomonidan 1921-yilning 20-aprelida tasdiqlangan. Unga ko‘ra muzeyda jami 7 ta xodim, xususan muzey mudiri, uning yordamchisi, 1-razryadli 1 nafar ilmiy xodim, 2-razryadli 2 nafar ilmiy xodim va 2 ta qorovul ishlashi ko‘zda tutilgan.
“Turkiston” gazetasining 1923-yil 18-noyabrdagi 198-sonida berilgan xabarga ko‘ra, “Turkiston jumhuriyati tomonidan Moskvada bo‘lib o‘tgan ko‘rinishg‘a (ko‘rgazma – M.Z.) yuborilgan ko‘pgina muhim narsalarni (eksponatlarni) Eski Toshkant ajoyibxonasig‘a (muzeyiga – M.Z.) qo‘yishg‘a qaror berilgan. Shul munosabat bilan, muzey kasalxona qarshisida bo‘lg‘on katta bir binog‘a (TashPO) o‘rnig‘a ko‘chirildi. Mudirlikka Majid Qodiriy o‘rtoq tayin qilindi”.
Turkomstaris 1924-yil 4-iyunda Xalq maorif komissari o‘rinbosariga Turkiston Ijroiya Komitetining plenumidagi dokladi asosida Turkistonda muzey ishi holati, tarixiy yodgorliklarni saqlashdagi mavjud muammolar xususida axborot yo‘llaydi (1174-sonli xat). Unda Turkistonda muzeylar juda katta madaniy-ma’rifiy ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlanadi. Muzeylar, botanika bog‘i va hayvonot bog‘iga 1923-yilda jami 600.000 nafar odam kelganligi, shulardan musulmonlar (ya’ni mahalliy aholi) 396.885 kishini tashkil etganligi alohida qayd etiladi. Ko‘proq uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘lgan, madaniy hayotdan kam bahra oluvchi ayollar ham borgan sari ko‘proq Turkiston muzeylariga tashrif buyurayotganliklari aytilgan.
Turkomstarisning 1924-yil 7-iyunda bergan 1186-sonli guvohnomasida Toshkent eski shahar muzeyi mudiri Majid Qodirovga butun SSSR muzeylariga kirib, ekspozitsiyalar bilan tanishishiga yordam ko‘rsatishlari qayd qilingan. Bundan ko‘zlangan maqsad, boshqalar tajribasini o‘rganib eski shahar muzeyini qayta tashkil qilish bo‘lgan.
Buning sababini Majid Qodiriyning o‘zi quyidagicha tushuntiradi: “Biz o‘zbeklarning ham madaniyatimiz, boshqa qo‘shni mamlakatlarga qaraganda bir necha bosqichlarni bir qadar o‘tab 2-inchi va 3-inchi bog‘lariga qadam qo‘yadurg‘on bo‘lib qoldi. Xalqimiz maktab, maorif bilan bir daraja sug‘orilib, endi muzaxonalar, nabotot va hayvonot bog‘chalaridek turli ilmiy ehtiyojlarni ham seza boshladilar. Buning natijasida shu choqqacha tuzilib kelgon tipi quruq xona shaklini olib kelgani uchun ishchi-dehqon ommasi bulardan tubli bir foyda olar-olmay, ulardagi quruqqina etiket (tarifa)lar, tomosho etgon choqlarida ular uchun og‘iz ochib og‘rayishdan boshqa hech narsaga xizmat qilmadi.”
Majid Qodirov tomonidan muzeyni butunlay yangitdan tashkil etish, unga mos boshqa bino topish borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan. 1925-yilda M.Qodiriy Sredkomstarisning raisi o‘rinbosari etib tayinlangandan so‘ng o‘rniga Ismoilov degan shaxs mudir bo‘lgan. Uning 1925-yilda bajarilgan ishlarga oid yillik hisobotida qayd etilishicha, yanvar oyidan boshlab qishloq xo‘jaligi, tabiiy-tarixiy va kasanachilik bo‘limlari kengaytirilgan Qishloq xo‘jaligi bo‘limini dala ekinlari, bog‘dorchilik, uzumchilik, tomorqa mahsulotlari, tuproq tarkibi, irrigatsiya, chorvachilik, pillachilik va asalarichilik bo‘limlariga bo‘lish ko‘zda tutilgan.
Qizig‘i shundaki, Qur’oni karimning noyob Usmon Mus’hafi aynan mazkur muzeyda ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Buning uchun tabiiy-tarixiy bo‘limning janubiy-g‘arbiy burchagida alohida Qur’on xonasi tashkil etilgan. Kitob uchun mustahkam sementli taglik ishlangan. Unga Qur’on g‘ilofi bilan joylashtirilib 4 ta qulfdan iborat simli panjara bilan berkitilgan. Xona yashil rangda bo‘lgan va elektr chirog‘i bilan yoritilgan. Ko‘rgazmaga qo‘yilmagan paytda Qur’on shu xonadagi temir seyfda saqlangan. Yangilangan o‘zbek muzeyi 1925-yil 25 dekabrda tantanali ravishda ochilgan.
Muzey tomonidan tashrifchilarni yanada ko‘proq jalb qilish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, muzey direktori Ismoilov 1926-yil 15-fevralda 35-sonli xat bilan Sredazkomstarisga muzey tashrifchilari Moskvadan uzatiladigan radio eshittirishlarini eshitish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun gromkogovoritel (ovoz kuchaytiruvchi radio qurilmasi) ajratishlarini so‘raydi. Bu jihoz o‘sha zamon elektrotexnikasining so‘nggi yutuqlaridan biri hisoblanib, muzeyga keluvchilarda katta qiziqish uyg‘otishi tabiiy edi. Unga ketadigan mablag‘ ham 400–500 rubldan ko‘p bo‘lmagan. Aynan shu kuni 36-sonli xat bilan Sredazkomstarisga murojaat qilinib, direktor Ismoilov Moskvadagi “Glavnauka” muzeyi tomonidan Misr mumiyasini (1 dona) berishmoqchi ekanini bildiradi. Bu o‘ta noyob eksponatni 1-o‘zbek muzeyiga olishga ruxsat so‘raydi. Afsuski, 1926-yil 29-martda “Glavnauka” muzeyidan Sredazkomstarisga kelgan 3446-sonli xat mazmunidan ushbu mumiya yo‘q ekanligi ma’lum bo‘ladi. Balki, o‘zbek muzeyida bunday noyob ashyoning bo‘lishi rahbariyatga ma’qul kelmagandir.
Keluvchilarga qulay bo‘lishi uchun hatto 1926-yil 9-martda Sredazkomstarisga Ramazon oyi munosabati bilan juma kunidan tashqari kunlarda muzeyni 18 dan 24 gacha ishlashini maqsadga muvofiq deb hisoblab, murojaat qilgan. Shu o‘rinda Birinchi o‘zbek muzeyi to‘g‘risidagi Nizomning ancha kech, aniqrog‘i, 1926-yil 20-fevralda Sredazkomstaris huzuridagi doimiy Kengash yig‘ilishida tasdiqlanganligini ham qayd etish joiz.
Nizomga ko‘ra muzeyning bosh maqsadi o‘z ekspozitsiyasida o‘lkaning qishloq xo‘jaligi va qishloq xo‘jalik kooperatsiyasi va u bilan bog‘liq barcha masalalarni qamrab olishi ko‘zda tutilgan. Buning uchun:
– gerbariy, urug‘lar, qishloq xo‘jaligida olib borilgan ilmiy tajribalar natijasida olingan qayta ishlangan mahsulotlarni va materiallarni, shuningdek, tuproq namunalarini yig‘ish va xarid qilish hamda O‘rta Osiyo o‘lkasida yetishtiruvchi va qayta ishlovchi qishloq xo‘jalik sanoatining mashinalari va qurollari yoki ularning modellarini jamlashi;
– mahalliy aholining keng ommasi o‘zlashtirishiga qulay shakllarda diagrammalar, grafiklar, xarita va modellar tayyorlash;
– tabiiy-ilmiy va etnografiya bo‘limida zoologiya, minerologiya va umumiy etnografiyaga oid materiallarni jamlash va antropologiya burchagini tashkil etish;
– mahalliy kasanachilik sanoati bo‘limini tashkil etish;
– dala va bog‘larga ishlov berishning an’anaviy mahalliy va zamonaviy usullarni qiyosiy o‘rganish va natijalarini e’lon qilish;
– barcha materiallarni tomoshabinlar namoyishi uchun ekspozitsiyaga qo‘yish vazifalari yuklatilgan.
Muzey faoliyatida ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Haftaning muayyan kunlarida turli bob, fasllarga bo‘lib qishloq xo‘jaligi tuzilishi to‘g‘risida maktab o‘quvchilariga tabiiy fanlardan ma’ruzalar o‘tilgan. Buning uchun maxsus mutaxassislar jalb etilgan.
Zamona zayli bilan bo‘lsa kerak, yuqori tashkilot tomonidan rahbariyatni tanqid va ta’qib qilish hollari ham kuzatiladi. Xususan, Sredazkomstaris huzuridagi doimiy Kengashning 1926-yil 30-oktabrdagi yig‘ilishida Birinchi o‘zbek muzeyi direktorining bevosita muzeyga yaqin bo‘lgan joyda istiqomat qilishi kerakligi to‘g‘risida masala ko‘tariladi. Majlisda so‘zga chiqqan T.Shens muzey binosiga sizot suvlari xavf solayotganini, bu holatdan esa Qo‘mita direktor orqali emas, balki boshqalar orqali xabar topayotganini aytib, direktorning zimmasiga yuklatilgan vazifaga yengil-yelpi yondashayotgani tanqid qilinadi. Ma’ruzachi muzey direktori Yangi shahardagi qulayliklarga ega uyda emas, Eski shaharda, muzeyga yaqin joyda istiqomat qilishi kerakligini taklif etadi.
Bunga javoban direktor Ismoilov muzey binosiga yer osti sizot suvlar xavf solayotgani to‘g‘risida bir necha bor Qo‘mitaga ma’lum qilganligini, muammoni hal qilish uchun esa muzeyga yaqin joyda yashashning umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmasligini, biron kori hol bo‘lganda muzeyning o‘zida istiqomat qilsa ham muzey binosi va uning eksponatlarini qutqarib qolishning iloji bo‘lmasligini qayd etadi.
Umuman olganda, Toshkentning eski shahar qismida mahalliy aholi uchun katta bir muzeyning tashkil etilishi O‘zbekistonning O‘rta Osiyo jumhuriyatlari orasida ma’lum bir madaniy yuksaklikka yetganligini tasdiqlaydi.
Murod ZIKRULLAYEV,
“Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyi ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari
Ta’lim-tarbiya
Til
Til
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q