“Odam hali ham borliq oldida ojiz” – yozuvchi Nazar Eshonqul bilan suhbat


Saqlash
20:02 / 27.10.2025 45 0

Adabiyotimizda milliy nasrda mavjud adabiy qoliplarni yangilash istagida ijod qiluvchi yozuvchi Nazar Eshonqulning betakror asarlari badiiy estetik hodisa oʻlaroq boʻy koʻrsatadi. Adabiy qoliplarni yangilash va shaxs erkinligi masalasini birlamchi oʻringa qoʻyish adib ijodining bosh xususiyatlaridan, deyish mumkin. Nazar Eshonqulning qahramonlari va jamiyat hayotidagi tafakkur qarama-qarshiligi asarlarda muhim asos boʻlib xizmat qiladi. Yozuvchi idealidagi qahramon yolgʻiz oʻzi butun boshli jamiyatga qarshi turadi. Chunki inson ruhiyatidagi kechinmalar, tafakkur iztirobi yozuvchini koʻproq qiziqtiradi. Aynan mana shu insoniy holatlarga yondashuv va oʻziga xos talqinda muallif uslubining mohiyati mujassam boʻladi. Shuning uchun yozuvchi bilan boʻlgan suhbatda uning ijodiga, qahramonlari, ijodiy konsepsiyasiga koʻproq eʼtibor qaratdik. 

 

“Farishta” hikoyasidagi qahramon – kattalarning masxara nishoni boʻlgan Sancho ota-ona tomonidan polvon va mullalardan edi. Togʻalari polvon, otasi chavandoz, bobosi mulla boʻlgan nasldan bunday farzand tugʻilishi… Oqibat bor sabab ham mulohazaga undaydi. Nega aynan yetim va chala inson ajdodlarining qadriyatlariga sodiq qoladi? Katta avlodning tanazzuli desak, davomchi avlod bor. Ismda ham ikki olam, yaʼni Boy+qul aks etgan.

 

Boyqul va uning hikoyadagi koʻrinishi bolalikdagi xotiram bilan bogʻliq. Boyqul degan uzoq qarindoshimiz boʻlardi. Gavdasi, koʻrinishi hikoyadagiday. U turgan shox bizning toʻrtinchi bobomizga borib taqalardi. Boboning feʼli yosh bolaligicha qolgandi. Boyqul bobo biz bilan mol boqar, qoʻshilib oʻynardi. U bilan kurash tushishni yaxshi koʻrardik, chunki uni hammamiz yiqitardik. Momomning aytishicha, u chala tugʻilgan ekan. Baʼzida Hanifa degan polvonsifat ayol ham mol haydab chiqardi. Ikkalasi boʻyinsa, tengdosh edi. Bahs boylashib, ikkalasi olishib ketishar va hamisha Hanifa momo yutardi. Boyqul bobo bundan hech qachon xafa boʻlmas, oʻzini bolalar oldida izza boʻldim deb oʻylamasdi. Oʻzi umuman, u bolalar orasida hech qachon hech narsadan xafa boʻlmasdi. Hamisha yosh boladay kulib yurar, unga kim bilan boʻlsa ham oʻynasa boʻldi edi.

 

Men aqlimni tanib, uncha-muncha kitob oʻqib oʻzimni aqlli hisoblay boshlagach, unda ibtidoiy ajdodlarimizning qaysidir geni takrorlangan, degan xulosaga kelgandim. Baxshi tili bilan aytganda, “dunyo hali juda yosh” boʻlgan ibtidoiy tasavvurlar bilan bugungi qarib qolgan dunyomizni solishtirganda koʻp narsa yoʻqotganimizni his qilganman. Mana shu hisdan qolgan taassurot hikoyada shunchaki fon vazifasini oʻtaydi. Aslida, men uning vujudi va hali bolalik joʻsh urib turgan aql darajasi orqali tobora kichrayib ketayotgan qadriyatlarni, bizni qudratli va kuchli qilib turgan ichimizdagi oʻtmishning yemirilishini tasvirlashni istagandim. U shu niyatning moddiy koʻrinishi, xolos. Ism borasida ham anglamingiz toʻgʻri. Boyqulning asl ismi Boymirzo boʻlgan. Shoʻrolar davridagi “hushyor” odamlar mafkuraga moslab mirzoni qulga almashtirishgan. Ayni bolalik xotiram menga hikoyadagi gʻoyani aytish uchun deyarli tayyor material boʻlgan.

 

Hikoyada qahramonga Sancho laqabining berilishi ham mulohazali. Servantes ijodini tadqiq qilganingizda “Don Kixot” asari talqinida Sancho gumanizmni boshlab berdi”, degan fikrni yozgansiz. Bu asaringizda ham “Don Kixot” bilan bogʻlanishlarni ilgʻaganday boʻldik.

 

Toʻgʻri anglabsiz. Hikoya qahramoniga Sancho laqabini berish Don Kixot haqidagi esselarni oʻqiyotganimda kelgan. Gasset Sancho obraziga olomon timsoli sifatida baho beradi. Uni olomon vakili va ramzi deydi. Menga esa Sanchoning Don Kixotning xayolparastligiga oʻzini qurbon qilishi va shu qurbon boʻlgan holatda ham hayotdan nolimasligi, Don Kixotga sodiq boʻlib qolishi koʻproq taʼsir qilgan. Servantes roman yozgan davrlarda oddiy odamning xayoliy qahramonlari boʻlgan ritsarlar qatorida boʻlib qolishi – qahramon qilib olinishi jasorat edi. Servantes Sanchoni bosh qahramonlardan biriga aylantirish bilan adabiyotning oʻzanini oddiy gumanizm tomon burib yuborgan. Menga ham qachonlardir ulugʻvor boʻlgan qadimgi shavkatli ruhimizni eslatib turadigan baxshilar davrimizning Don Kixotlari boʻlib tuyuladi.

 

“Qultoy” hikoyasida Arzixol nega bunchalik tahqirlanadi? Oʻz uyidan, qishlogʻidan ketgan, Tersota uni 40 yil qabul qilmaydi. Yaratgan uni shunday yaratgan ekan, bandalari uni bunchalik tahqirlashining boisi ne? Bir ayolda shuncha dard. Yana uning qahraton qishda jon berishi... Taqdirni shunchalik qahri qattiq deb bilasizmi?

 

Savolingizga savol bilan, oʻzingiz keltirgan savolni oʻrtaga tashlab koʻray. “Nega Arzixol bunchalik tahqirlanyapti. Oʻz uyidan, qishlogʻidan ketgan, Tersota uni 40 yil qabul qilmagan, Yaratgan uni shunday yaratgan ekan, bandalari uni bunchalik tahqirlashining boisi ne?”..

 

Asli bu savolga javob berish uchun butun insoniyatning yaratilish tarixini titib chiqishga toʻgʻri keladi. Men ayol obrazlarning hech birini mifik qatlamdan uzib olmayman, ularning nimasinidir oʻsha – miflar yaratilgan davrda qoldiraman. Bu qaysi ayol obrazi men uchun muhim sanalgan boʻlsa, ularning hammasiga xos. Deylik, Biydi momo men uchun miflar yaratilgan davrlarning ayol maʼbudi boʻlib tuyuladi. Arzixolning gunohi bilan Momo Havoning inson zotini quvgʻin qilinishga olib kelgan gunohini yonma-yon tasavvur qilib koʻring. Din mifologiyasidan kelib chiqsak, biz haligacha Momo Havoning taqiqlangan mevani yeganini qabul qilolmaymiz va buni gunoh sifatida qabul qilamiz. Buning oldida tersotaliklarning 40 yil Arzixolni qabul qilolmasligi nima boʻlibdi. Umuman olganda, Arzixolning va Momo Havoning gunohkorligi oʻrtasida universal xulosalar bor. Afsuski, bizning ayni tafakkur tarzimiz bu savolga yuzma-yuz javob berishga hali qodir emas.

 

Miflar ibtidoiy ajdodlarimizning qadimgi tasavvurlari emas, ular biz bilan birga yashashda davom etyapti. Ular ichimizda, tafakkur tarzimizda, olamni qabul qilishimizda hali ham gegemonlik qilib, bizni boshqarishda davom etyapti. Faqat shakllar, ranglar, ifodalar, liboslar oʻzgargan. Arzixol mana shu savollarga javob sifatida, Momo Havoga boʻlgan bugungi munosabatlarimizning bir koʻrinishi sifatida yaratilgan. U milliy nomus va shaʼn tushunchamizning, soddaroq aytsak, bizning ibtidoga boʻlgan qarashlarimizning – ichimizdagi mifning qurboni emasmi?

 

Adabiyot faqat hayotning emas, inson tafakkurining ham inʼikosi. Miflar, xalq ogʻzaki ijodi turlaridan bitta jihati bilan farq qilib turadi: Mif toʻqilmagan, u yashalgan. Odamning borliq oldidagi ojizligi savollar uygʻotgan, ularga javob izlab tasavvur qilingan va shu tasavvur bilan yashalgan, olamdagi insonning oʻrni masalasi mushohada qilingan. Shuning uchun ham miflar insoniyatning dastlabki badiiy mushohadasi sanaladi, shu sababli badiiyat tili mif tili bilan uygʻun keladi.

Garchi biz texnik asrda yashayotgan boʻlsak-da, odam hali ham borliq oldida ojiz, uning javobi topilmagan savollari koʻp. Toʻgʻri, bugun maʼbudlar, ilohlarga sigʻinish yoʻq, bunaqa ishonchni fan inkor qilib boʻlgan. Ammo ular oʻrnini gʻoya va taʼlimotlar, eʼtiqod-u ishonchlar, qarashlar, boshqaruv tizimi egallagan. Bular insonni xuddi maʼbudlar va ilohlar kabi boshqarishda, manipulyatsiyada ushlashda davom etyapti. Inson muhit va borliq oldida hali ham ojiz, xuddi miflar yaratilgan davrdagidek.

 

Men ayolni qurbonlikka mahkum aybsiz aybdor deb bilaman. Taʼqiqlangan mevani yeyish, iblisga aldanish bu ayolning aybimi yoki peshonasiga shu bitikni avvaldan yozganningmi? Qiziq mantiq. Diniy tushunchaga koʻra, Yaratgan yaratigʻining qismatini yaratishdan avval belgilab qoʻyadi, oqibatni taqdir qilib bitadi. Unda taqiq mevasini yeyish bitikmidi yo gunoh… Momo Havo quvgʻinga munosibmi yoki peshonasidagi bitikka mos yashagani uchun eʼtirofgami? Anziratning tahqiri mana shu falsafiy masalalar orasidagi masala asli.

 

Biydi momoni eslatdingiz. “Urush odamlari” qissasidagi momo, umuman, ayollar timsoli, tabiati mulohazaga chorlaydi oʻquvchini. Bu asarning suv ichgan ildizi, qudugʻi ham bolaligingizmi?

 

“Urush odamlari” qissasidagi ayollarga Masil momomning xislat, fazilatlarini, ojizli-gu qudratini singdirganman. Bobom urushda vafot etganida momom 22 yoshda boʻlgan. Xuddi Biydi momo va boshqa ayollar kabi mashaqqatlarga yelka tutgan. Momom erkak soʻziga katta maʼno yuklar, oʻgʻil bola nevaralariga oilaning erkagi deb qarardi. Besh yashar oʻgʻil bolani hech qachon oʻzidan pastga oʻtirgʻizmasdi. Bolalarini, nevaralarini ham shu udum bilan tarbiya qilgan.

 

Qissadagi Anziratning ayanchli hayotini ham bolalik xotiralarim asosida tasvirlaganman. 5 yoki 6-sinfligimda qishloqda bir ayol haqida nohaq gap-soʻz tarqaldi. Eri qamalib ketgan ayolni hech kim himoya qilmadi. Menda oʻsha paytdan ayolni fisq-u fasoddan himoya qilish kompleksi paydo boʻlgandir balki.

 

Qissada nima uchun avlod davomchisini tarbiyalovchi ayol sifatida shaddod, ushlagan joyini uzib oladigan kenja kelin emas, yuvosh, sal narsaga yigʻlaydigan katta kelin tanlangan?

 

Biydi momo yoshligida shunaqa boʻlgan, ammo hayot – tarbiyachi, uni asta-sekin pishitgan, tarbiyalagan. Yumshoq feʼlli odam oʻziga koʻp narsani ola biladi, xulosa qiloladi, oʻzini oʻzgartira oladi. Kichkina kelin esa hayot haqida xulosaga kelib boʻlgan, uning fikrini oʻzgartirib boʻlmaydi. Shuning uchun katta kelin tanlangan.

 

“Urush odamlari“dagi asosiy mavzu bu – davr bilan azaliy axloq tushunchalarining toʻqnashuvi, axloq tushunchalarining davr bosimida oʻz oʻrnini boshqa qarashlarga boʻshatib berishga majburligi edi. Bu qissani 22 yoshda yozgandim. Shungami, uni qayta oʻqigim yoki shu qissa haqida gapirgim kelmaydi.

 

Nazar aka, ijodiy konsepsiyangizdagi asosiy gʻoyalar, ijtimoiy muhitni badiiy talqin qilishning eng munosib koʻrinishi “Goʻroʻgʻli yoxud hayot suvi” romanida toʻlaligicha boʻy koʻrsatgan. Asarning yaratilishi haqida soʻzlab bersangiz?

 

Talotoʻp zamonlarda erkinlik va mustaqil fikrni himoya qiluvchi gazetada ishlaganman. Ibrohim Haqqul bosh muharrir, men ularning oʻrinbosari edim. Keyinchalik gazeta yopilib, sud qilindi, uchtacha xodim olti oy davomida soʻroq qilindi. Bu surishtiruvlar oʻta absurd edi. Biz absurd tuzum bilan yuzma-yuz turardik, uning savollari ham, usuli ham, maqsadi ham absurd edi. Har kuni soʻroqqa chaqirishardi. Eshik oldida soat 6-7 gacha qabul qilishlarini kutib oʻtirardik, keyin soʻroq olinmasdan ketaveringlar, deyishar, ertasiga yana chaqirishardi. Roman gʻoyasi oʻsha payti tugʻilgan. Oʻsha jarayonda menda savol paydo boʻlgan: Bu qanday jamiyat, nimani istaydi? Bularning hech biri aqlga sigʻmaydi. Bunday jarayon insonni cheklaydi. Chunki hamisha va har qadamda xuddi “1984” romanidagi kabi sizga qadalgan begona nigohni his qilib turasiz. Keyin anglab yetganmanki, bosh maqsad – aybdorni topish boʻlmagan, odamni shaxs sifatida sindirishga, yoʻq qilishga moslashgan sistema ishga tushgan boʻlgan. Romanni sinchiklab oʻqisangiz, bularning hammasi bor.

 

Bizning tasavvurimizdagi ezgulik, adolat kuychisi, millat vijdoni boʻlgan shoir asarda tuzum quroli, uning choʻltoq supurgisi qiyofasida gavdalanadi. Shoirning butun bir adabiyotni maddohlik, maqtov, xushomad quroliga aylantirgan madhiyaboz qiyofada tasvirlangani, uning behuzur qiladigan koʻngil aynishlari kabi asosiy ishoralarning mohiyati mulohazaga chorlaydi.

 

Shoir asarda zamonaviy sanʼatga boʻlgan munosabatimizning karikaturasi sifatida tasvirlangan. Sanʼat zoʻrlik, zulm, adolatsizlik, yolgʻonning quroliga aylandimi, oʻsha jamiyatda shaxslar tarbiyalanmaydi, shaxslar paydo boʻlmaydi, olomon yetishib chiqadi. Olomon bu – toʻda, toʻda hamisha serkaga ergashadi. Serka odam, gʻoya, taʼlimot, eʼtiqod, inonch, hatto qulning qadriyati shaklida ham boʻlishi mumkin. Millat qachon millat boʻla oladi? Qachonki, millatning podshosi ham, oddiy fuqarosi ham xushomadni ong jihatdan oʻziga haqorat deb bila oladigan, tushunadigan darajaga yetsa, shundagina u millat boʻla oladi. Asardagi shoir obrazi – ijodkor emas, romandagi tizimning bir murvati, xolos. Uning oʻzi ham, yozganlari ham Shaxsni sindirishga, yoʻq qilishga, shaxslarni qurbon qilishga xizmat qiladi. Shoirning siz aytgan behuzur qiladigan sahnalarini oʻqigan kitobxonda unga nisbatan hech qursa jirkanishdek bir his paydo boʻlsin, deb atayin natural tasvirlangan voqelik.

 

“Kitob bandasi”da ijodkor qalbining iztiroblari tasvirlangan. Bu ilohiy qalb ozgina nopoklik, ozgina xiyonat, ozgina adolatsizlik yuz berishi bilan titrab ketishini va oʻzining iztirob ramzi boʻlgan soʻzlari bilan buzilgan, aldangan dunyoni poklashga kirishishini yozgansiz. Bugungi “ilohiyot nuri tushgan qalblar” nimadan iztirob chekyapti va bu iztirobni xalqqa bildira olyaptimi?

 

“Ijod zavqi bor ekan, hatto doʻzaxda ham qoʻshiq aytish mumkin“, degandi Albert Kamyu. Mahkumlik bor ekan, unga toqat qilish va uni yengib oʻtish zavqi ham bor. Faqat qanday zavq degan savolga javob topilsa boʻldi....

 

Ayimxan ESHNIYAZOVA suhbatlashdi

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//