Misr sultonlari, Rum xoqonlariga xizmat qilgan Tojuddin Ahmadiy – Temur saroyining hakimi va nadimi


Saqlash
18:51 / 05.04.2022 1425 0

Sohibqiron Temur Ko‘ragon 1402-yil iyul oyida Usmonli turk sultoni Yildirim Boyazidxon qo‘shini ustidan g‘alaba qozondi. O‘sha zafarli kunlarning birida turk saroyi shoiri Tojuddin Ahmadiy g‘olibga atab yozgan qasidasini o‘qib berdi:

 

Vor anda ming tuman turki kamonkash,

Ki chiqar o‘qi paykonindan otash.

 

Ey shoiri purmaorif, dedi Temurbek uni yoniga o‘tqazib, jang-u jadaldan horigan ruhimizni ko‘tarding. Sen faqih-u hakim, muhandis-u muarrix ham emishsen. Avval Misr mamlakatida mamluk-turk sultonlariga, keyin Rumda usmonli xoqonlariga xizmat etib hurmat topibsen. Buni Burhoniddin Farg‘oniyning “Al-Hidoya” kitobiga sharh yozgan shayx Akmaliddindan olgan saboq va irshodnomang sharofatidan deb bilurmiz. Endi bizning saroyimiz ziynati bo‘lib, nadim va hakimlik ishini ado etgaysen.

 

Ey Turon va jahon sultoni, dedi Ahmadiy ta’zim qilib, tarix ahliga ko‘ra hukmdorlar ikki toifa bo‘lur. Birinchisi ota-bobosi mulkiga ega chiqqanlardur. Ikkinchisi ulus ko‘nglini ovlab, cherik yig‘ib mamlakat olganlardur. Ularni Sohibzuhur ham deyurlar. Siz saodat yulduzlari ostida tug‘ilgan Sohibqiron edingiz. O‘ttiz uch yoshda Turon diyorini qo‘lga kiritib Sohibzuhur ham bo‘ldingiz. Amringiz bosh ustiga, sultonim.

 

So‘z tasbihiga inju donalarini tizishga chevar ekansen, ey muborak taxallus sohibi, dedi Temurbek. – Agar mag‘lub bo‘lgan valine’mating tomonida turib menga yomon so‘z aytganingda ham Ahmad ismi sharifi haqqi-hurmati xalos bo‘lur eding. Sen esa juda to‘g‘ri yo‘lni tanlading. Senga ilk amrimiz shulkim, buxorolik Abu Ali ibn Sinoning arabcha yozgan “Tib qonunlari” kitobini turkiy tilga tarjima etgaysen.

 

Boshimni ko‘kka yetkurdingiz, olampanoh, dedi shoir Ahmadiy, shu kundan e’tiboran tarjima ishiga kirishgaymen.

 

Tojiddin Ahmadiy Temurbekka bergan va’dasini ado etdi. “Tib qonunlari”ni tarjima qilibgina qolmay, jahongirga bag‘ishlab “Jamshid-u Xurshid” nomli doston ham yozib keltirdi.

 

Tolib NOSIR

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23615
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//