Buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay”, deganlar. Turli bilimlarni egallagan kishi ma’naviy komillik sari boradi. Fuqarolari kengdunyoqarashli jamiyat milliy g‘oya atrofida birlashadi. O‘zligini anglagan inson dunyoda kechayotgan voqea-hodisalarga munosabat bildirishga qodir bo‘ladi.
Mustaqil ona yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilmoqda. Ular turli dinga e’tiqod qiluvchilarga bo‘linadi. Bu rang-baranglik mamlakatimiz madaniy qatlamlarining naqadar boyligidan darak beradi. Turli xalqlarning umumiy taraqqiyot yo‘lida ahil yashashi zamon talabidir.
Matbuotda diniy bag‘rikenglik, tolerantlik degan atamalarga duch kelamiz. O‘zbekcha qilib aytganda, odamlar bir-biri bilan murosa qilib, kechirimli bo‘lib, ko‘nglini keng-mo‘l ochib yashasa, olam guliston bo‘ladi, deganidir. Ulug‘ murabbiy Mir Alisher Navoiy shunday tarbiya beradilar: “Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘, Yor o‘lung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish”. Ya’ni, ey dunyo fuqarolari, hech qachon bir-biringiz bilan yovlashmang, doimo do‘stlik, ahillikda yashang. Shunda hayotingiz farovon, bog‘ingiz guliston bo‘ladi. Mana shunday, Sharq donishmand shoir va adiblari kitoblarini o‘qigan sari ko‘p savollarimizga javob topaveramiz.
Jaloliddin Rumiyning juda ibratli bayti bor:
Keldik elni jo‘shib birlashtirgali,
Ajratibmas, qo‘shib sirlashtirgali.
Ya’ni, insoniyat bir-biri bilan jamiyat holida aralashib, birlashib yashash uchun yaratilgan. Har qanday milliy va diniy asosda ajratish Xudoga ham xush kelmaydi.
Tili bilan ish-amali bir bo‘lgan Mavlono bobo vafot etganda musulmonlar bilan birga nasroniy yunonlar ham, yahudiy savdogarlar ham og‘ir qayg‘uga botgan ekan.
Tarix kitoblarini varaqlasak, qoraxoniy, g‘aznaviy, saljuqiy va temuriy sulolalar davrida juda ko‘p xalqlar tili, dini, mazhabi har xil bo‘lsa ham totuvlikda yashaganiga guvoh bo‘lamiz. Xususan Xuroson davlati sultoni Husayn Boyqaro hukmdorlik yillarida tinchlik, obodonchilik avj olib, madaniyat jadal rivoj topgan. Hindistonda boburiylar sulolasiga asos solgan temuriy podshoh Zahiriddin Muhammad Bobur mahalliy xalqlarning dini, urf-odatiga hurmat bilan qaragan. U o‘g‘illariga yozgan maktublarida hindlarning diniy qarashlari, marosimlariga qarshi chiqmaslikni uqtiradi.
Oilamizda kitobxonlik va tilsevarlik an’anasi bor. Rahmatli bobom arabcha, fors-tojikcha so‘z, maqol va matallarni izohlab tushuntirib berardilar. Buvim xalq ashulalarini xirgoyi qilib, so‘zga mehr uyg‘otganlar. Otam ham tilshunos, turk, fors-tojik, rus tillaridan badiiy tarjimalar qiladi. Oila muhiti sabab bo‘lib men ham tilshunos bo‘lish orzusidaman.
Oilada olgan saboqlarim universitetda o‘qish vaqtimda ham yordam beradi. Xoja Hofiz aytgan ekanki, ikki olam saodatini topay desang do‘stlarga mehr-muruvvatli, dushmanlarga kechirimli bo‘l.
O‘zbekiston xalq shoiri, zamondoshimiz Usmon Azim esa bir she’rida “dushmanlarim meni tushunmagan do‘stlarimdir” deydi. Mana ko‘ryapsizmi, xalqimiz tabiatan qanday bag‘rikeng, ko‘ngli osmondek ochiq xalq. Buyuk ajdodlarimizdan tabarruk meros bo‘lib bizgacha yetib kelgan milliy va diniy qadriyatlarimizni yaxshi o‘rgansak, ularga munosib avlod bo‘lish mas’uliyatini his qilamiz. Yoshlar bilimli bo‘lsa, jamiyatimiz ijtimoiy-ma’naviy jihatdan yuksaladi.
O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha “Harakatlar strategiyasi”da millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash vazifasi ham ko‘rsatib o‘tilgandi. Yaqinda Rishton tumani Uchariq qishlog‘ida Tojikiston hukumati homiyligida qurilgan “Kapalak” bolalar bog‘chasi ishga tushirildi. Bog‘cha peshtoqiga ikki qo‘shni davlat rahbarlarining suratlari o‘rnatildi. Ichkariga kirsangiz, Navoiy va Jomiy kabi bobolarimizning hikmatli so‘zlari yozilganini ko‘rasiz.
Biz yangi O‘zbekistonning ma’rifatli jamiyatini yaratish davriga, uchinchi Renessans davriga qadam qo‘ymoqdamiz. Bu yo‘lda biz yoshlardan bilim, ma’rifat, kengdunyoqarash, bir necha xorijiy tillarni bilish talab qilinadi.
Mohiraxon NOSIROVA,
Farg‘ona davlat universiteti filologiya
fakulteti talabasi
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q