Amir Temur davlat boshqaruvida ijtimoiy muhofaza va xavfsizlik


Saqlash
17:59 / 31.03.2022 4353 0

Yurtimiz o‘zining boy tarixi, moddiy va ma’naviy merosi bilan dunyo tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan. Ayniqsa, o‘rta asrlarda zaminimizda dunyo madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk sarkardalar, olimlar, mutafakkir va allomalarning yetishib chiqqanligini alohida qayd etish lozim. Milliy davlatchiligimiz tarixida ulkan iz qoldirgan  shunday shaxslardan biri sohibqiron Amir Temur hisoblanadi. Osiyoning bepoyon hududlarida markazlashgan davlatni barpo etish, ilm-ma’rifat, madaniyat hamda shaharsozlik sohalari rivojida Amir Temurning xizmatlarini alohida e’tirof etmoq joiz. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qayd etganidek: “Sohibqiron Amir Temur bobomiz mana shu yurtda tug‘ilgani, mana shu yurtda yashab, uni yovdan ozod qilgani, buyuk davlat barpo etgani bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz. Bu ulug‘ zotni bizga Xudoning o‘zi bergan. Amir Temur bizga qoldirgan meros – bu barcha avlodlarimizga xizmat qiladigan merosdir”.

 

Amir Temur o‘z davlatini aql-idrok, zakovat va huquqiy asoslarga tayangan holda idora etib, boshqaruvda ijtimoiy adolat tamoyillariga rioya qilishni o‘zining asosiy burchi deb bilgan. Buyuk bobokalonimiz o‘z amirlari va amaldorlarining xalqqa nisbatan nohaq zulm yetkazib qo‘ymasligi borasida doimo tashvish chekkan, makr-zulm, riyokorlik kabi illatlarni saltanatga xavf soladigan qusurlar, deb hisoblagan. Sohibqiron ra’iyatga iqtisodiy yengilliklar berish orqali mamlakatda tinchlik va jipslikni mustahkamlashga, aholida saltanatga sadoqat ruhini yuksak tutishga qaratilgan edi. Fuqarolar ijtimoiy muhofaza tizimining barpo etilishi saltanat xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etgan. Amir Temur saltanat boshqaruvida hukmdor uchun quyidagi o‘n ikki xislat zarurligini alohida ta’kidlab o‘tgan:

 

Hukmdor birinchidan o‘z so‘ziga ega bo‘lishi, ikkinchidan adolatli bo‘lishi, uchinchidan har ishda faqat o‘zi hukm chiqarishi, to‘rtinchidan qarorda qat’iy bo‘lishi, beshinchidan hukmi joriy etilishi, oltinchidan podsholik ishlarini har kimga topshirib qo‘ymasligi, yettinchidan ko‘pchilikning fikrini eshitishi, sakkizinchidan shoshmasdan, mulohaza bilan ish yuritishi, to‘qqizinchidan sipoh-u ra’iyatni umid bilan qo‘rquv orasida saqlashi, o‘ninchidan barcha ishni o‘z erkicha qilishi, o‘n birinchidan o‘z ishlariga birovni sherik qilmasligi va o‘n ikkinchidan davlat ishlarini maxfiy saqlab, boshqalardan ogoh va hushyor bo‘lishi lozim.

 

Sohibqiron yuqoridagi xislatlar sohibi sifatida yurtni obod etib, uni zamonasining eng ilg‘or va buyuk davlatlaridan biriga aylantira oldi. Ilm-fanni rivojlantirish maqsadida ko‘plab madrasalar barpo etish, ilm toliblariga nafaqalar tayinlash masalalariga alohida e’tibor qaratgan. Qo‘l ostidagi sipohiy va harbiylar, olim-u fuzalo, tabib va tarixchilarni alohida qadrlagan.

 

Amir Temurning “Temur tuzuklari”da  bayon etilgan davlatni boshqarish xususidagi fikr-mulohazalarida davlatda huquq-tartibot  ustuvorligini o‘rnatish uchun mas’ul bo‘lgan kishilarning axloqiy fazilatlariga alohida e’tibor beriladi. Amir Temur bu haqda “Men tajribamdan shuni bildimki, yuz ming otliq askar qila olmagan ishni bir to‘g‘ri tadbir bilan amalga oshirish mumkin ekan” degan va shu tariqa, saltanat manfaatlari yo‘lida xizmat qiluvchi xodimlarga o‘z holi, iqtidoriga yarasha topshiriq va vazifalar yuklab, ularni ijtimoiy jihatdan rag‘batlantirib, suyurg‘ol va maoshlar bilan ta’minlagan. Saltanatda devonbegi va vazirlar xizmatchilarga davlat tomonidan beriladigan mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan Amir Temurni muntazam voqif etib turishgan. Hukmdor saltanat boshqaruvida ochiqko‘ngil, qat’iyatli, talabchan, rahbar sifatida doimo barcha fuqarolarga baravar munosabatda bo‘lgan. Saltanatdagi birlik va hamjihatlikni saqlash maqsadida Amir Temur lashkarlariga muruvvat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratgan. Bir guruhni mol-u dunyo bilan boshqalarni esa yaxshi so‘z ahd-u paymon va va’dalar bilan ko‘nglini ko‘tarib, o‘z xizmatiga chorlagan.

 

Shuningdek, davlat oldida o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashgan, fidokorlik ko‘rsatgan saroy xizmatchilari, lashkarboshi va askarlar uchun xazinadan maxsus maosh tayinlagan. Sohibqiron “Temur tuzuklar”ida mamlakat taraqqiyoti yo‘lida xizmat qiluvchi “Sofdil kishilar, sayyidlar, olimlar va fozillar uchun doim dargohim ochiq edi” deya alohida e’tibor qaratgani holda, karvon o‘tadigan yo‘llarda qattiq tartib o‘rnatib, savdogarlarga ziyon yetkazuvchi qaroqchilarni ayovsiz jazolagan. Xorijiy davlatlar bilan savdo aloqalarini rivojlantirish uchun qulayliklar tug‘dirish maqsadida har bir shaharda karvonsaroylar barpo etgan. Hatto ajnabiy savdogarlar keltirgan mollarni daxlsiz saqlash ham sohibqiron nazaridan chetda qolmagan. Ulkan mamlakatni o‘zi tomonidan tayinlangan ishonchli bek va amirlar orqali  adolat va qonun  ustuvor holda idora eta olgan.

 

Mamlakatni boshqarishda barcha toifa vakillaridan iborat Qurultoy, Davlat Kengash va Harbiy Kengash maslahatidan keng foydalanish ham Amir Temuvrning asosiy tutumlaridan bo‘lgan. Saltanatni idora etishda “Kuch – adolatda” shioriga amal qilib, xalq fikri, xohish-irodasiga ko‘ra yurt taqdiriga daxldor qarorlarni qabul qilgan. Lashkarlarni o‘z atrofiga birlashtirmoq uchun ba’zilarga muruvvat, mehribonlik qilgan, boshqalar bilan kelishishga intilgan.

 

Amir Temur ijtimoiy adolat mezonlariga rioya etgan holda jamiyatda ijtimoiy adolat o‘rnatishni hayotining asosiy mazmuni deb bilgan. Mamlakat tinchligiga qarshi qaratilgan real xatarlarni oldindan ko‘ra bilish, uning xavflilik darajasini aniqlash maqsadida  maxsus axborot xizmatini shakllantirishni yo‘lga qo‘ygan. “Har bir diyor aholisining ahvolidan ogoh bo‘lib turdim. Har bir mamlakat ahvoli, sipoh-u askarlarning kayfiyati, aholing turmush tarzini va aloqalarini yozib menga bildirib turish uchun diyonatli, to‘g‘ri qadamli kishilardan voqeanavislar belgiladim”, degan edi bu borada sohibqiron.

 

Xulosa qilib aytganda, sohibqiron Amir Temur xalq ozodligi, tinchligi yo‘lida yurt bayrog‘ini baland ko‘tardi. Vatan manfaati va kelajagi uchun ulkan  bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlarini amalga oshirgan buyuk davlat arbobi ekanligini  har bir ishi va xatti-harakatida namoyish etdi.

 

Hayot NURULLAYEV

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20454
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//