Go‘zal Ibroyimova bolaligidan adabiyotga qiziqardi. U 2015-yili Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti qoraqalpoq tili va adabiyoti fakultetini tamomlab, shu yilning o‘zida Berdaq nomidagi QDU magistratura bo‘limining adabiyotshunoslik mutaxassisligiga o‘qishga qabul qilindi. U bugungi kunda “Maktablarda 5–9-sinflarda qoraqalpaq poeziyasini o‘qitish metodikasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib bormoqda. Go‘zalning ilmiy maqolalari Gretsiya, Rossiya davlatlaridagi jurnallarda chop etilgan, Toshkent, Jizzax, Nukusda bo‘lib o‘tgan ilmiy konferensiyalarda yoritilmoqda.
Go‘zal “Aydin jol” (“Qaraqalpaqstan” nashriyoti, 2009-yil), “O‘mir pasılları” (“Bilim” nashriyoti, 2013-yil) she’riy to‘plamlarining muallifi va respublika miqyosida o‘tkazilgan bir necha tanlovlar g‘olibi hisoblanadi. U 2021-yili aprel oyida tanlov asosida Nukus tumanidagi 19-umumta’lim maktabiga ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimiga ishga qabul qilindi. Yosh targ‘ibotchi ishni izlanuvchan o‘quvchilarning ro‘yxatini tuzishdan boshladi. “Yosh kitobxonlar” va “Yosh ijodkorlar” to‘garaklarini tashkil etdi. May oyiga kelib, atigi bir oylik faoliyati davomida to‘garaklar soni 7 taga yetdi. Jumladan, “Ko‘rkem o‘qıw”, “Sahna juldızları”, “Xosh hawaz”, “Milliy ayaq oyın”, “Sırlı qálem” to‘garaklariga 200 dan ziyod o‘quvchilar jalb etildi. Maktabda jami 517 nafar o‘quvchi borligini inobatga olsak, bu juda ijobiy natijadir.
Go‘zal Ibroyimova to‘garak a’zolari bilan tuman, respublika miqyosidagi tanlovlarda qatnashib, har gal sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Masalan, “Kamalak yulduzlari” tanlovining tuman bosqichida nazm yo‘nalishida 6-sinf o‘quvchisi Aydana Navrizbayeva 2-o‘rinni, 7-sinf o‘quvchisi Jayhun Turdibayev 3-o‘rinni; nasr yo‘nalishida 8-sinf o‘quvchisi Gulnur Jańabayeva 2-o‘rinni, rassomchilikda 7-sinf o‘quvchisi Tumaris Kaniyazova 2-o‘rinni, jamaoviy raqs yo‘nalishida “Quyosh” ansambli faxrli birinchi o‘rinni, respublikada esa sovrinli uchinchi o‘rinni egalladi.
“Vatanim rivojiga mening hissam” respublika tanlovining tuman bosqichida nasr yo‘nalishida 10-sinf o‘quvchisi Farida Amaniyazova 2-o‘rinni, Go‘zal Ibroyimovaning o‘zi nazm yo‘nalishida 2-o‘rinni, respublikada ham 2-o‘rinni egallab, planshet bilan taqdirlandi.
Noyabr oyida esa “Namunaviy targ‘ibotchi” tanlovining tuman bosqichida u sovrinli 2-o‘ringa loyiq topildi.
Go‘zalning tashabbusi bilan “Milliy raqs” to‘garagi va “Quyosh” hamda qo‘shiq aytishga qiziquvchan o‘quvchilar uchun “Xosh hawaz” to‘garaklari tuzildi. Targ‘ibotchi respublika Madaniyat uyi mutasaddilariga murojaat qilib, maktabda musiqa to‘garaklarini ochdi. Bu yerga madaniyat uyi xodimlari haftasiga 2 kun kelib, dars berishmoqda.
Go‘zal Ibroyimovaning yutuqlaridan yana biri – oyiga bir marta chop etiladigan maktab jurnalini tashkillashtirdi. Unda targ‘ibotchining bir oy mobaynida olib borgan ishlari, ijodkor o‘quvchilarning ijod namunalari batafsil yoritib borilayapti. Bundan tashqari, ijodkor o‘quvchilarning ijodiy ishlari “Aqmańg‘ıt tańı”, “Jetkinshek”, “Qaraqalpaqstan jasları” gazetalarida chop etilib kelinmoqda. Shu kunlarda ijodkor o‘quvchi va o‘qituvchilarning she’riy to‘plamlari nashr etilish arafasida.
Shuningdek, maktabda Go‘zal Ibroyimova tashabbusi bilan ochilgan “Do‘retiwshi oqıwshılar” devoriy gazetasida eng namunali ishlar yoritib borilmoqda.
Bularning hammasi maktab direktorining ham qo‘llab-quvvatlashi, o‘quvchilarning talabchanligi va tirishqoqligi hamda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchining mushtarak mehnatlari sababli muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirilmoqda. Asosiy yutug‘imiz, Nukus tumanidagi targ‘ibotchilardan tashkil topgan jamoamiz eng kuchli ijodkorlarni o‘zida jamlagan. Chunki targ‘ibotchilar o‘zaro tajriba almashib, yaxshi ijodiy kayfiyat bilan bahamjihat ish olib borishadi va bir-birlariga namuna bo‘ladilar.
Kezi kelganda, maktablarda ushbu lavozimni tashkil etgan Prezidentimizga katta rahmat aytamiz. Kelajakda oldimizga bundan-da katta maqsad va vazifalar qo‘yib, o‘quvchilarimiz orasidan iste’dodli shoir va ijodkorlarni yetishtirishga harakat qilamiz. O‘quvchilarimizning ijodiy ishlarini keng targ‘ib qilishdan, ularning ezgu intilishlarini to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatlashdan sira charchamaymiz. Zero, donishmand xalqimiz tili bilan aytganda, intilganga – tole yor.
Charjovboy ELMURODOV,
Nukus tumani
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q