“Doktor Jivago” romani qahramoni Laraning prototipi – Larisa Reysnerning sirli orzusi nima edi?


Saqlash
17:27 / 30.03.2022 1207 0

Larisa Reysner inson tiynatida kam uchraydigan noyob fe’l-atvorga ega ayollardan edi. Katta iste’doddan tashqari yana bir fazilati bor ediki, bu hol unga nisbatan ko‘pchilikning beparvo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasdi. U yaralishdan juda go‘zal edi. Larisa shaxsiyatida mujassamlashgan bunday fazilat va nuqsonlar (ha, u ham bir banda sifatida nuqsonlardan xoli emasdi!) umr yo‘llarida chuqur iz qoldirdi, hayotining ongli lahzalari sarguzashtlarga, keskin voqealarga boy bo‘ldi. Uning nomini jurnalistika tarixida qaynoq nuqtalardan keskin reportajlar yozgan muallif sifatida eslashadi.

 

Larisa 1895-yil 2-mayda Polsha qirolligiga qarashli Lyublin shahrida dunyoga keladi. O‘n yoshga to‘lganda oilasi Peterburgga ko‘chib o‘tadi.  Otasi Mixailning kasbi yurist bo‘lsa-da, nevropsixolog sifatida yaxshi mutaxassis edi, oliy o‘quv yurtida dars berardi. Uning mulohazalari sotsial-demokratik tafakkur tarziga hamohang va shu tufayli Avgust Bebel, Karl Libknext, Vladimir Lenin bilan juda yaqin edi.

 

Tabiatan ijodkor qiz 18 yoshida sirli taraqqiyot olami hisoblanuvchi Atlantida haqida esse yozdi. Uning fe’li boshqalarga o‘xshamaganidan sevimli mashg‘ulotlari ham, qiziqishlari-yu tanlagan mavzulari ham o‘zgacha edi. Otasi bilan hamkorlikda “Rudin” jurnalini chiqardi. O‘sha paytlarda Ivan Turgenevning qahramoni nomi yangilikka intiluvchi qatlamning umumiy shioriga aylangandi. Jurnalda she’rlar bilan birga o‘tkir felyetonlar ham e’lon qilindi.

 

O‘z iqtidori bilan mavqe qozonib borgan Larisa mamlakat maorif xalq komissari Anatoliy Lunacharskiyning kotibasi maqomiga ham erishdi. Ammo uning qalbida she’rga oshuftalik tug‘yon urardi. “Larisa she’riyatning muqaddas ruhiga sig‘inib, o‘zini buyuk shoiraga aylantiradigan mo‘jizaga qalban ishonardi, – deb yozadi adabiyotshunos L. Vasilyeva. – Bu uning azaliy va sirli orzusi edi. Ammo o‘z iste’dodi bilan nazmiy maydonni allaqachon fath etgan Axmatova unga xalaqit berdi. Larisa uning soyasida qolib ketishni xohlamasdi. Shu bois she’riyat qanchalar sehrli bo‘lmasin, uni tark etdi, asta-sekin nazmdan nasrga, nasrdan ocherkka o‘tdi”. Larisa Reysnerning umumiy hayot yo‘li shundan iborat, ammo bungacha, ya’ni “azaliy va sirli orzu”ni tark etib, nasrga o‘tishgacha anchagina sarguzashtlar borki, o‘tgan lahzalar ham behuda ketmagan, balki yorug‘ izlari bilan bu tarjimai holni bezagan.

 

O‘z kelajagiga soya solgan (o‘zi shunday tan olgan) Anna Axmatova bilan hisob-kitobni cho‘zib o‘tirmadi, uning eri Nikolay Gumilyov bilan yaqinlashdi (balki buyuklik iksirini yuqtirmoqchi bo‘lgandir). Hissiyotli shoir har qanday erkak kabi betimsol go‘zallik qarshisida ojiz edi. Bu ikkovining munosabatini xotirjam kuzatgan ulug‘ shoira erining fe’lini yaxshi bilganidan, yechimni aniq tasavvur qilardi. Shunday bo‘lib chiqdi ham. Tez orada Nikolay Gumilyov adib va shoir Nikoloy Engelgardtning qizi Anna bilan sevishib qoldi va unga uylandi.

 

O‘sha yillardagi ijtimoiy kayfiyat, inqilobiy ruh Larisa Reysner qalamida suratlana bordi, kichik lavhalardan jonli reportajlargacha, tezkor axborotlardan ko‘lamli ocherklargacha insho etib, o‘sha davr qiyofasining yorqin timsoli bo‘lgan gazeta-jurnallarda e’lon qilib bordi. Natijada “Front” nomi bilan salmoqli to‘plam yuzaga keldi. Uning bitiklari ijodiy jamoatchilikni yangi bir muallif bilan tanishtirdi. Shu yillardagi hayot solnomasida Larisa Reysner butun Rossiya jamoatchiligi diqqat markazida bo‘lgan Boris Pasternak, Aleksandr Blok, Osip Mandelshtam, Mixail Kolsov, Vsevolod Rojdestvenskiy singari  mashhur ijodkorlar bilan yaqin munosabatda bo‘lgani qayd qilingan.

 

Larisa doim yo‘lda, harakatda edi. Bir necha marta razvedkaga chiqib kelgani, hatto qo‘lga tushib qolganda bunday nozik va latofatli ayoldan qaltis ish chiqishini kutmagan tergovchini chalg‘itib, derazadan tashlab qochgani, lug‘atda esa “harbiy siyosatchi” atamasi unga nisbatan ishlatilgani haqida ma’lumotlar mavjud. Nihoyat, suronli front yillari va yo‘llari orqali o‘tgan taqdir “olov og‘ushidagi g‘uncha”ni Volga flotiliyasi komandiri Fyodor Raskolnikovga duch qildi. Ular 1921-yil aprelida turmush qurishdi.

 

1925-yili Fyodor Raskolnikov SSSRning Afg‘onistondagi ishonchli vakili (elchisi) etib tayinlanadi. Er-u xotin O‘rta Osiyo orqali Afg‘onistonga o‘tishdi. Larisa yo‘l taassurotlarini birma-bir qog‘ozga tushirib borardi. Bu esdaliklar keyinchalik yaratilgan va nashr etilgan “Afg‘oniston” kitobida aks etdi. Muallif tanishlaridan biriga shunday deb yozgandi: “Poygada ortda qolayotgan bedovdek to‘liqib ishlayapman. Tezroq o‘z Afg‘onistonimni muqovaga tiqsam, deyman”.

 

Muallifning o‘sha asaridagi “Turkiston” bo‘limi shunday boshlanadi: “Ko‘z ilg‘amas tubsiz osmon va sip-silliq yer o‘rtasida yo‘q bo‘lib ketadigan sarob. Jonsiz dalalar, loqayd ko‘llar, mangu qor bilan qoplangan tog‘lar va yuzlab kilometrga cho‘zilgan sukunat uzra oyning oppoq nurlari. Temur otlarining tuyoqlari ostida majaqlangan, issiqda kuygan, qahratonda muzlagan yo‘llar, aslo ko‘z yummaydigan va tush ham ko‘rmaydigan taqirlar harakatsiz yotibdi.

 

Anglab bo‘lmaydi: Geynening qaynoq ko‘z yoshlari po‘rsildoq qora yerga singib ketadi. Hatto Yelezaveta Petrovnaning dabdabali ulug‘vorligi, uning saltanati haqidagi suyuq va behayo latifalar, Bestujevning sovuqqonligi, Razumovskiyning mardona bag‘rikengligi, hatto Shuvalovning jimjimalari-yu Lomonosovning qasidalari ham oy nuri va bulutlar saltanatidan toshga aylangan bo‘shliqlar bag‘rida o‘z tarovatini yo‘qotadi...”

 

Larisa Reysner Afg‘oniston amiri Omonulloxon saroyigacha kirib borish vakolatiga ega edi. Uning hukmdor oilasi bilan yaqinligi ko‘p marta qayd etilgan. Yevropa andozalariga intilgan hukmdorning bu sohibjamol xilqat bilan bir necha marta stol tennisida mahoratini ko‘rikdan o‘tkazgani ham aytiladi. Ma’lumki, Fyodor Raskolnikov katta bir mamlakatning ishonchli vakili edi, “imperialistlar qurshovida ezilayotgan” Afg‘oniston esa uning ko‘magiga ko‘z tikardi. Bu yaqinlikda ana shunday omillar ham ish bajarardi.

 

Nima bo‘lganda ham, Larisa “ishonchli elchi”dan zerikdi, barcha sa’y-harakatlar behuda ketdi. U eri bilan ajrashib, Rossiyaga qaytdi. 1923-yili chex jurnalisti va inqilobchisi Karl Radek bilan tanishdi. Ular “Красная звезда”  va “Известия”  gazetalari muxbiri sifatida Germaniyaga yo‘l olishdi. Shu yillarda Rur havzasidagi ishchilar qo‘zg‘oloni, Gamburg isyoni va boshqa “dunyoni larzaga soladigan” mavzularda reportajlar yozdi. Germaniyadan keyin Donga yo‘l oldi, og‘ir sanoatning muhim inshootlaridan biri haqida ocherklar yozdi.

 

Keyingi yillarda Larisa Reysnerning bir necha kitoblari yorug‘lik yuzini ko‘rdi. Uning hayotiy ideallariga dekabristlar faoliyati hamohanglik baxsh etgan, yorug‘ iz qoldirgandi. “Dekabristlar surati” asari ana shu munosabatning ifodasi edi. “Ko‘mir, temir va tirik odamlar” kitobida o‘sha yillar manzarasi butun ziddiyati va ixtiloflari bilan aks etgan.

 

1926-yilning boshida Larisa qorin tifi (ichburuq)qa chalinadi. Kreml kasalxonasidagi barcha muolajalar behuda ketadi. 9-fevral kuni vafot etadi. Uning o‘limi shunchalik kutilmagan ediki, so‘nggi nafasida boshida turgan  onasi ham o‘z joniga qasd qiladi. “Larisaga, inson qavmining  nodir, sara namunasiga o‘lish nima uchun kerak bo‘lib qoldi?” deb yozgandi bu haqda Mixail Kolsov.

 

Rus ijodkorlari ham bu takrorlanmas ayol timsolini unuta olmadilar, ijodda uning yorqin xotirasiga qayta-qayta murojaat qildilar. Vsevolod Vishnevskiy “Optimistik tragediya” asarini (ekranlashtirilgan ham) unga bag‘ishladi. Boris Pasternak “Doktor Jivago” romani bosh qahramonini uning ismi bilan atadi. U xotiralarda ko‘p bora tilga olindi, she’rlar yozildi. Latviya flotidagi bitta kemaga ham nomi qo‘yildi. Qalam tutgan ko‘plab ijodkorlar esa Larisa Reysnerning hayot yo‘lini bir dars sifatida o‘rganadilar, ijodiy maktabidan bahramand bo‘ladilar.

 

Olimshon BURHON

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//