Sho‘ro qatag‘oniga uchragan o‘zbek vazirlari turkumidan bu galgi qahramonimiz O‘zSSR Maorif xalq komissari Rahim Inog‘omov. U Vazir rutbasini olganida bor yo‘g‘i 23 yoshda edi. Rahim Inog‘omovning tashabbusi bilan ish boshlagan “Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnali o‘sha davrni ko‘z oldimizga keltirish uchun haqiqiy ensiklopedik manba bo‘lsa, “O‘zbekiston ziyolilari” risolasi, ko‘plab maqolalari oradan yuz yil o‘tganiga qaramay uning teran tafakkuri, mislsiz jasorati va haqiqiy millat fidoyisi bo‘lganidan darak berib turibdi.
Rahim Oxunjonovich Inog‘omov 1902-yil dekabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Avval eski maktabda, so‘ng rus-tuzem maktabida o‘qigan. Munavvar qori Abdurashidxonovning “Namuna” maktabini bitirib, qalbiga millat va din muhabbatini jo qiladi. 1918-yildan Said Ahroriyning “Izchilar to‘dasi”da, 1919–1921-yillar Fitratning “Chig‘atoy gurungi”da ishtirok etib o‘z davrining ilg‘or fikrli yoshlaridan biriga aylanadi.
Rahim Inog‘omov 1921–1924-yillarda Moskvadagi Sverdlov nomidagi kommunistik universitetda o‘qiydi. Turkistonlik talabalardan Abdulla Qamchinbek “Turkiston” gazetasining 1923-yil 6-aprel sonida “Maskavda o‘zbek istudentlari” maqolasida Moskvada “... o‘tgan yil 10–15 nafar o‘zbek studenti bo‘lsa, bu yil yuzlabdirlar. Ular: 1. Karl Marks institutida injener elektrik Sayyid Xo‘jayev 1915-yildan buyon Moskvada o‘qiydi; 2. Qishloq xo‘jalik akademiyasida kattaqo‘rg‘onlik Ortiqmurod Yo‘ldoshev; 3. Hukumat dorulfununi yuridik fakultetida Aliakbar Qirg‘izboyev (namanganlik); 4. Sverdlov universitetida 2 ta – Akmal Ikromov va Rahim Inog‘omov; 5. Petrograd Zinovev dorulfununida Saidahmad Nazir o‘g‘li; 6. Maskav Sharq dorulfununining turli tayyorlov bo‘limlarida 23 o‘zbek (5 ta qiz); 7. Maskav Rabfakda 37 o‘zbek. Maskavda turkistonlik o‘zbeklarning soni 106 ta...” deb ma’lumot beradi.
Rahim Inog‘omov Akmal Ikromov, Usmonxon Eshonxo‘jayev, Abdullajon Karimov kabi turkistonlik talabalar bilan 1922-1923-yillar Moskvada “so‘l kommunistlar” nomli guruh tashkil etishadi. Ular Oktabr inqilobi Turkiston mehnatkashlariga hech qanday ozodlik bermadi, “biz hamon Rossiya koloniyasi holidamiz” der edilar va hatto, SSSR MIQ ga ham xat yo‘llaydilar. Rahim Inog‘omov Sverdlov kommunistik universitetini tugatganidan so‘ng tahsilni sharqshunoslik institutida davom ettiradi. Ayni paytda Turkistondagi matbuot sahifalarida ham o‘z maqolalari bilan ko‘rina boshlaydi. Jumladan, “O‘zgarishchi yoshlar” jurnalining 1924-yil 30-iyul 5-sonida “Dunyoning ahvollaridan” maqolasida yoshlarning xalqaro ahvoldan xabardor bo‘lish uchun vaqtli matbuot gazeta va jurnallarni doimiy kuzatib borishi zarurligini uqtiradi. Shuningdek, dunyoda kechayotgan o‘zgarishlarni jahonning rivojlangan mamlakatlari o‘rtasida neft uchun, gegemonlik uchun, dunyo boyliklarini qayta taqsimlash uchun boradigan tinimsiz kurashlari orqali tushuntiradi. “Anglatara” maqolasida esa Buyuk Britaniya davlati va uning jahon siyosatidagi o‘rni haqida o‘z mulohazalarini o‘rtoqlashadi.
1925-yil Toshkentga kelgan Rahim Inog‘omov Turkiston Respublikasi Maorif xalq komissari lavozimiga tayinlanadi. Uning tashabbusi bilan maorif komissarligining nashri afkori sifatida “Maorif va o‘qitg‘uvchi” jurnali ta’sis etildi. Ayni paytda bosh muharrir Rahim Inog‘omov zo‘r g‘ayrat bilan ishga kirishadi va jurnalning ilk sonida u “Butun maorif idoralariga va maorif ishchilariga” murojaat qilib, “Bu chiqorilgan jurnolning hozirgi maorif maydonidagi ehtiyojlarimizda katta rol o‘ynashida shubhamiz yo‘qdir. Mamlakatning shunday jurnollar bilan to‘lishin istar edik. Lekin baxtga qarshi ko‘p qiyin sharoitlar orqasida birdan bir o‘zbek tilida shu bittagina jurnol maydonga keladir.
Men bu yerda jurnalning ahamiyat va qiyinchiliklari hamda maorif haqida vazifalari to‘g‘risida to‘xtalmayman. Yolg‘iz shuni aytib ketmakchiman kim, buni bir jurnal, qishloq shahar maorif xodimlarigina emas, balkim elning yuksalishiga ishlayturg‘on qurol bo‘lishi uchun barchamizning jiddiy ishtirokimiz kerak deb bilaman. Shuning uchun qisqagina so‘zlab so‘rar edim kim, butun maorif idoralari bu jurnaldan o‘z qo‘llarida saqlasunlar edi.
Jurnolning davomini ta’min etmak uchun har bir o‘qitg‘uchi o‘rtoqlarimizning bunga obuna bo‘lib yozilishlari va o‘runlarda yaxshi tarqatilishiga ko‘mak etishlari hamda mahallalarning turli hollaridan, kamchiliklaridan yozib turishlari, qisqasi jurnalning ma’naviy va moddiy yog‘idan ko‘maklari juda muhimdir. Mana shul choqdag‘ina jurnal har tomondan ta’min etilgan va o‘zining yo‘lini keng suratda belgilab olg‘on bo‘ladir. Biz ham shul chog‘dag‘ina tuzukkina jurnolg‘a ega bo‘lg‘on bo‘lar edik”, deydi.
Rahim Inog‘omovning keyingi maqolasi sovet maktablari va ularda dars berayotgan o‘qituvchilarning ahvoli haqida xabar beradi. Kishini taajjubga soladigan tomoni, Rahimjon juda yosh va endigina universitetni bitirib kelganligiga qaramay muammoga o‘z ishining tub mohiyatini anglagan holda yondashadi. Jumladan, “...Bizda maktab masalasi anchagina qiyin masala. Chunki bizning yashaydirgon sharoitlar ichida sho‘ro mehnat maktabini tuzish shubhasiz oson emasdir. Lekin, shunday bo‘lsa ham mamlakatda bo‘lgan dardlik harakat ishini ilgariga surib amalda bir necha jonli natijalardan uzoqlanmadi. Maktab masalasida birinchi o‘rinni o‘qitg‘uvchilar oladi. Bizdagi o‘qituvchilar, ko‘pchilik bilan so‘ylaganda hatto 3-4 yillik tartibli o‘qish ko‘rmagandirlar. Shuning uchun o‘qituvchilar yetkazish masalasiga qancha ahamiyat bersak, o‘qituvchilarning bilimlarini ko‘taruvga ham shuncha ahamiyat bermak kerak”, deydi.
Rahim Oxunjon o‘g‘li 1925-yil oktabr kuni O‘zbekiston komsomoli markaziy qo‘mitasi majlisida ma’ruza qildi. U o‘z ma’ruzasida balandparvoz raqamlardan chekinadi, barcha muammolarni va holatni ro‘y-rost bayon qiladi: “...Bizda o‘qishni istaganlar minglab bor, ammo biz ularning hammasini maktablarimizga joylolmaymiz... Misol o‘rnida aytaman kim, bu yil ichida hatto kelgusi 5 yil zarfinda ham biz butun maktab binolarini yangidan solib bitira olmaymiz. Bizning vazifamiz bor orqada qolg‘on viloyatlarda maktablarning sonini 100% ga yetkazishga, biroq buni ham qila olmaymiz deb qo‘rqaman. Chunki maktab uchun binolar yo‘qdir. Bunday ishlar uchun bizga judayam oz pul beriladir. Davlat budjetidan maktab ta’miri va binosi uchun 140 ming so‘m beriladir. Vaholanki, maktab binolarimizning 50–70% i ishga yaramayturg‘on binolardir”.
Shuningdek, ma’ruzada mamlakatda savodsizlikni tugatish kurslari, maktab va internatlar, dehqon yoshlar maktablari, fabrika zavod maktablarini ochish uchun harakatda ekani haqida axborot beradi. Rahim Inog‘omov har bir tadbirning samarasi uchun javobgarlikni chuqur his etgan holda yondashadi. Jumladan, “dehqon yoshlar maktablarini shaharlarda emas qishloqlarda ochdik. Boisi o‘quvchilar orttirgan ilmlarini bevosita dalada tajribadan o‘tkazib ko‘rsinlar”, deydi. Shuningdek, “fabrika zavod maktablari uchun ham avvalo fabrika va zavod, keyin darsliklar va o‘qituvchilar armiyasi zarur, ularni oddiy kurslar yordamida yetishtirib bo‘lmaydi”, deydi. Bu esa o‘z davri, hatto bugungi kunimiz uchun ham sifatli kadrlar tayyorlashda o‘ta muhim bo‘lgan jihatdir.
1926-yilda Rahim Inog‘omov Maorif xalq komissari lavozimidan olinib, O‘zbekiston Kompartiyasi MK matbuot bo‘limi mudiri lavozimiga o‘tkaziladi. “Maorif va o‘qituvchi” jurnalining 1926-yil 9-sonida “To‘lgan to‘qqiz yilni ham ko‘rsinlar” maqolasida O‘zbekistonning maorif sohasidagi muvaffaqiyatlarini sarhisob qilib, jumladan, “1925/26-yilda hammasi 508 ta yangi maktablar ochildi. Albatta, bu xalqda bo‘lgan buyuk ehtiyojni o‘tay olmaydir, chunki xalq ehtiyoji juda kattadir. Yana internatlar (76 ta), maktabgacha muassasalar (37 ta) va ikkinchi bosqich (39 ta) maktablari bordir. ... Hozirda 37 ta ixtisosli maorif muassasasi bo‘lib, 5250 o‘quvchiga egadirmiz. 17 bilim yurtida 2685 o‘quvchi. Hozirda qishloq xo‘jaligi sohasida o‘qituvchilar tayyorlash bo‘yicha 7 ta maktab bo‘lib, 770 dan ortiq talaba o‘qiydir. Bundan tashqari mamlakatning turli shaharlaridagi universitet va bilim yurtlarida ham minglab o‘quvchilarga egamiz,” deydi. Darhaqiqat, shu yillarda yosh O‘zbekiston hukumati o‘zining oldiga o‘n yillikda aholi savodxonligini yuz foizga yetkazish masalasini qo‘ydi. Ochilgan har bir zavod, fabrikalar qoshida Germaniya tajribasi asosida o‘quv-amaliy maktablar tashkil etdi. Rossiyaning sanoat tumanlariga yuzlab yoshlarni yo‘llab mahalliy yoshlardan qisqa vaqtda katta miqdorda kadrlar armiyasini shakllantirishga kirishdi.
Rahim Inog‘omov ayni paytda mamlakat siyosiy boshqaruvida ham faol ishtirok etdi. Ayniqsa, O‘zSSR MIQ plenumida O‘zSSR KP(b)ning taslimchilik faoliyatiga qarshi chiqib, partiya apparatini hamda xalq xo‘jaligida kadrlarni milliylashtirishni tezlashtirishda keskin choralar ko‘rishni talab qiladi. Uning 1926-yil chop etilgan “O‘zbekiston ziyolilari” risolasi katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Unda oktabr to‘ntarishiga nisbatan salbiy munosabat bildirib, o‘zbek xalqining maorifda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari inqilobning emas, jadid ziyolilarining xizmatidandir, degan fikrni ilgari suradi.
Rahim Inog‘omovning faoliyatidan norozi bo‘lgan kimsalar uni hukumatdan chetlashtirishga erishadi. U bir muddat “O‘zdavnashriyot”da bo‘lim mudiri va O‘zbekiston yozuvchilarining Samarqanddagi “Qizil qalam” jamiyatiga rahbarlik qildi. Ayni paytda o‘z maqolalarida Средазбюро, Средазэкосо kabi markazning nazoratchi organlarini zo‘ravonlikda, O‘zbekiston Kompartiyasini Rossiyaning qizil mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurashmayotganlikda ayblashda davom etdi. VKP(b)MK O‘rta Osiyo byurosi va uning O‘zbekiston Kompartiyasidagi tarafdorlari unga qarshi matbuotda “Inog‘omovchilik” degan soxta ish ochishib, butun partiya tashkilotlarini oyoqqa turg‘azdi. 1926-yil 12-dekabrda O‘zbekiston Kompartiyasi MQ Ijroiya byurosi va plenumida, 1927-yil yanvar oyida O‘rta Osiyo byurosida bu masala maxsus ko‘rilib, “inog‘omovchilik – mayda burjua va millatchilik tomonga og‘ish”, deb qoralandi. 1926-yil dekabr oyida barcha vazifalaridan olib tashlangan Rahim Inog‘omov 1927-yil 2-sentabrdan 1930-yil maygacha Qashqadaryo viloyat ijroqo‘mida yer bo‘limida mudir lavozimida ish olib bordi.
1930-yil 30-mayda “Qizil O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalarida Rahim Inog‘omovni “g‘oyaviy jihatdan tor-mor qilindi” deb ochiq xat uyushtirilib, u tavba-tazarru qildiriladi. U O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘ladi. Biroq, “inog‘omovchilik” xorijdagi Ahmad Zaki Validiy (1880–1970) va Mustafo Cho‘qay (1890–1941)lar tomonidan o‘z davrida o‘zbek kommunistlarining markazning mintaqadagi xo‘jayini – O‘rta Osiyo byurosi (Средазбюро)ga qarshi dadil chiqishi, deb baholandi. Rahim Inog‘omov 1931–1937-yillarda Moskvada yashab, Butunittifoq MIQda tarjimon va “Elektr ixtirochilar jamiyati” zavodida kasaba uyushmasi raisi lavozimlarida ishlaydi.
1937-yil 10-avgustda Rahim Inog‘omovni qamoqqa olish haqidagi qarorga asosan 25-avgustda Qrim ASSR ning Alushta shahrida hibsga olindi. U tinimsiz qiynoqlar ostida qo‘liga tutilgan barcha qog‘ozlarni imzolashga majbur etildi. So‘nggi so‘roq va yuzlashtirishlarda o‘ziga nisbatan barcha ayblovlarni rad etadi. Biroq, 1938-yil 5-oktabrda Toshkentda mash’um “uchlik” tomonidan otuvga hukm qilindi. Mustabid sho‘ro tuzumi davrida O‘zbekiston maorifini ko‘tarish yo‘lida fidokorona ish olib borgan Rahim Inog‘omov 1957-yil 1-avgustda oqlandi.
Bahrom IRZAYEV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q