Qadimiy maʼnaviy xazinalar


Saqlash
17:08 / 25.08.2021 3526 0

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondi unda saqlanayotgan yozma manbalarning turi, mavzusi, tili va soni jihatidan jahonning eng boy qoʻlyozma xazinalari qatorida turadi. Bu manbalarning aksariyati milodiy IX–XX asrlar oraligʻida yozilgan boʻlib, ulardan Markaziy Osiyo, Yaqin va Oʻrta Sharq, Janubiy Osiyo mamlakatlari tarixi, madaniyati, adabiyoti va fani boʻyicha muhim maʼlumotlar oʻrin olgan. Bu asarlar arab, fors, turkiy, urdu va boshqa sharq tillarida bitilgan.

Institut tashkil etilgan davrdan (1943-yil) hozirga qadar qoʻlyozmalar xazinasi muntazam boyitib kelinmoqda. Bugungi kunda fondda 6 ta jamgʻarma mavjud. Shulardan, asosiy fondda 13319 jild qoʻlyozma saqlanadi. Dublet fondi esa 5237 jilddan tashkil topgan, Hamid Sulaymonov fondi 7586 jilddan iborat, tarixiy hujjatlar jamgʻarmasida uch mingdan ortiq hujjat yigʻilgan, shuningdek, toshbosma va arabiy yozuvdagi bosma kitoblar kolleksiyasi hamda tasmali nusxalar (mikrofilmlar) fondida 39900 jild kitob toʻplangan.

2000-yil institut qoʻlyozmalar fondi dunyoning eng boy qadimiy kitob xazinalaridan biri sifatida YuNESKO tashkilotining “Butunjahon madaniy merosi” roʻyxatiga kiritildi.

Yuqorida taʼkidlab oʻtilgan jamgʻarmalarning aksariyati kataloglashtirilib, u yoki bu darajada ilmiy muomalaga kiritilgan. Lekin qoʻlyozmalarning soni, mavzui, tili, bezagi jihatidan rang-barangligi va ilmiy ahamiyatiga koʻra Asosiy jamgʻarma boshqa jamgʻarmalarga nisbatan ilmiy tadqiqotlarga koʻproq jalb etilgan. Masalan, shu kolleksiyadagi tarixiy mazmundagi manbalarni olib qarasak, ularni Hindiston, Yaqin Sharq, Turkiya, Afgʻoniston, Yevropa davlatlari, Yaponiya va boshqa davlatlar tarixiga oid asarlarga ajratish mumkin. Bunday qoʻlyozmalarning umumiy soni 1000 dan ortiq boʻlib, arab, fors va turkiy tillarda bitilgan. Xronologik jihatdan bu asarlar X asrning oʻrtalaridan XX asrgacha boʻlgan davrni qamrab oladi, ularning nusxalari esa XII – XX asrlarga oid. Tarixiy geografiya hamda sayohatlarga doir kitoblar ham shu asarlar sirasiga kiradi.

Tarixiy asarlar majmuining muhim jihati shundaki, unda Markaziy Osiyo tarixiga oid asarlar bu qoʻlyozmalarning qariyb 40 foizini tashkil etadi. Shu jihatlar bilan ham Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti fondi jahondagi boshqa fondlardan ajralib turadi.

Bu asarlar Markaziy Osiyoning somoniylar va qoraxoniylar davri, Amir Temur va temuriylar davri, xonliklar hamda Rossiya mustamlakasi davri tarixlariga bagʻishlangan boʻlib, ularning orasida nodir, avtograf nusxalar ham bor. Bu asarlar oʻz davrining mashhur tarixchilari boʻlgan Abu Jaʼfar al-Utbiy (X–XI asr), Sharafuddin Ali Yazdiy (XV asr), Abdurrazzoq Samarqandiy (XV asr), Zahiriddin Muhammad Bobur (XV-XVI asr), Fazlulloh Ruzbixon (XV asr), Kamoliddin Vosifiy (XVI asr), Abulgʻoziy Bahodirxon (XVII asr), Abdurahmon Davlat Tole, Abdulazim Somiy (XIX asr), Munis, Ogahiy, Muhammad Nosir (XIX asr), Ahmad Donish (XIX asr), Sadriddin Ayniy (XIX-XX asr) va boshqa tarixchi adiblarning qalamiga mansub boʻlib, ulardan ayrim mualliflarning dastxatlari ham yetib kelgan.

Tarixiy asarlar toʻplamida navbatdagi oʻrinda miqdor jihatdan umumiy tarix janrida yozilgan asarlarning qoʻlyozmalari turadi. Ularning soni 250 dan ortiq boʻlib, 50 ta asarning nusxalaridir. Odatda, bunday asarlar mundarijasi eng qadimgi davrdan to muallifning davrigacha boʻlgan vaqt oraligʻidagi musulmon mamlakatlari tarixini oʻz ichiga olgan boʻlib, asosan asarning boshlangʻich qismlari kompilyativ (qurama) tarzda yozilgan. Shunday boʻlsa-da, jamgʻarmada oʻzining qadimiyligi, maʼlumotlarga boyligi, nodirligi va boshqa jihatlari bilan eʼtiborga loyiq boʻlgan asarlar koʻp.

Bu toʻplamda yana ayrim Sharq mamlakatlari tarixiga bagʻishlangan asarlar nusxalari ham bor, lekin ular koʻp emas. Hindiston va Eron tarixiga oid 40 dan ortiq asar qoʻlyozmalari mavjud. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Eron, Turkiyaning ayrim katta shaharlari tarixiga bagʻishlangan asarlarning 100 dan ortiq nusxalari ham bor.

Asosiy fondning tarixiy mazmundagi qoʻlyozmalari toʻliq tavsiflanib, maxsus katalogda nashr qilingan.

Asosiy fondning oʻziga xos jihatlaridan yana biri – unda oʻrta asrlarda, musulmon Sharqining turli hududlarida yaratilgan aniq va tabiiy fanlarga oid asarlarning qoʻlyozmalari mavjud. Bu qoʻlyozmalar shu fondning 12 foizidan ortigʻini tashkil qiladi. Mavzusiga koʻra ular matematika, astronomiya, astrologiya, geografiya, tabobat, kimyo, maʼdanshunoslik, veterinariya va ovchilikka oid ilmiy asarlardir. Shuningdek, bu fondda tabiiy-ilmiy mazmundagi ensiklopediyalar ham bor.

Qoʻlyozmalarning koʻpchiligi fors tilida, XIV-XV asrlarga qadar bitilgan asarlarning aksariyati arab tilida yozilgan. Turkiy tildagi qoʻlyozmalar nisbatan ozroq, ularning ham asosiy qismi arab va fors tilida yozilgan mashhur asarlarning keyingi davrlardagi turkiy tarjimalaridan iborat.

Tabiiy fanlarga oid qoʻlyozmalarning yarmidan koʻpi tibbiy mazmundagi asarlar nusxalaridir, buni tibbiyot sohasiga boʻlgan talabning doimiyligi bilan izohlash mumkin. Hozir institut asosiy fondida tibbiy mazmundagi 351 asarning XIIIXX asrlarga mansub 753 ta qoʻlyozmasi, yana arab, fors, turkiy tillardagi 39 ta koʻchirma parchalar saqlanadi. Mavzusiga koʻra ularni umumiy tabobat (148 ta qoʻlyozma), tib nazariyasi (33 ta), tibbiy amaliyot (160 ta), tibning muayyan masalalari (128 ta), sodda dorilar (91 ta), murakkab dorilar (161 ta) va tibbiy lugʻatlarga (32 ta) ajratish mumkin. Amaliyotga moʻljallangan asarlar qoʻlyozmalarining son jihatdan ustunligi ularga boʻlgan ehtiyojning koʻpligidandir.

Oʻrta asr Sharq tabobati haqida umumiy tabobat boʻyicha yozilgan asarlar toʻlaroq tasavvur beradi. Zero, ularda nazariy qism anatomiya, fiziologiya, tashxis, sogʻliqni saqlash masalalari, parhez haqidagi tushuntirishlarni oʻz ichiga olsa, amaliy qism boshdan tovongacha boʻlgan aʼzolarning xos kasalliklari va tana uchun umumiy boʻlgan kasalliklar muolajasi haqida hamda dorishunoslik qismi Materia Medica va Qarobodinlar (farmakopeyalar)ni oʻz ichiga olgan. Institut fondida bu turdagi asarlarning islom davri tabobatining ilk shakllanish va taraqqiyot davrla­ri, temuriylar va undan keyingi asrlarga mansub eng yaxshi namunalari saqlanadi. X-XI asrlarda yashab ijod etgan Abu Sahl al-Masihiy, Ali ibn Abbos al-Majusiy asarlari, Abu Ali ibn Sinolarning arab tilidagi tibbiy ensiklopediyalari, XII asrda xorazmshohlar saroyida xizmat qilgan Ismoil Jurjoniyning fors tilidagi “Zahirayi xorazmshohiy” asari, Movarounnahrdagi temuriylar dav­ridagi tabiblar, Hindistondagi boburiylar saroylarida xos tabib boʻlgan Yusufiy (XV asr), Muhammad Akbar (XVIII asr) va boshqalarning asarlari shular jumlasidandir.

Aniq fanlarga kelsak, matematik mazmundagi 213 ta qoʻlyozmaning 186 tasini algebra va hisobga oid (91 ta asar) va 27 tasini geometriya (handasa) boʻyicha yozilgan 19 ta asarning nusxalari tashkil etadi. Ularning dastlabkisi mashhur matematik va astronom Abulvafo al-Buzjoniy (X asr) qalamiga mansub “Arifmetika boʻyicha risola” ilmiy asaridir.

Oʻrta asr Sharq fani tarixida Nasiriddin at-Tusiyning Marogʻadagi ilmiy maktabi hamda Mirzo Ulugʻbekning Samarqand astronomiya maktabi chuqur iz qoldirdi. Jamgʻarmada shu maktablar vakillaridan Nasiriddin Tusiy (XIII asr) va uning shogirdlari Imomiddin al-Xaddam, Nizomuddin Naysaburiy, shuningdek, Mirzo Ulugʻbek maktabidan Gʻiyosiddin Koshiy, Ali Qushchilarning matematik risolalari nusxalari bor.

Geometriya boʻyicha tasnif etilgan asarlarning 15 tasining mualliflari nomaʼlum, qolganlari Nasiriddin Tusiy, uning zamondoshi Shamsiddin Samarqandiy va qomusiy olim Saʼdiddin Taftazoniyning (XIV asr) arab tilidagi risolalaridan iborat.

Oʻrta asrlarda astronomiya va astrologiya fanlari Sharq xalqlari orasida juda qadrlangan. Institut xazinasida bu mavzu boʻyicha 153 ta asarning 234 ta qoʻlyozmasi jamlangan, ularning aksariyati fors tilida yozilgan. Mazmunan ularni astronomik jadvallar (zijlar), astrologik hisoblar, toleʼnomalar (goroskop), osmon jismlari tavsifi hamda ularning oʻzaro bogʻliqligini aks ettiruvchi asarlarga tasniflash mumkin. Bulardan tashqari, taniqli va nomaʼlum mualliflarning solnoma va navroʻznoma shaklidagi taqvimlari ham yigʻilgan (92 ta qoʻlyozma).

Mashhur mualliflardan Abu Maʼshar al-Balxiy (IX asr), Abu Nasr al-Forobiy (IX-X asr), Kushyor ibn Labbon (X-XI asr), Beruniy, Ibn Sino, Faxriddin ar-Roziy, Qozizoda Rumiy (XIV-XV asr) asarlari nusxalari, shuningdek, Mirzo Ulugʻbekning “Ziji jadidi Koʻragoniy” jadvalining bir nechta nusxalari va unga turli davrlarda yozilgan sharhlar bor. Bulardan tashqari, Ahmad Donish (XIX asr) va Xishmat (XX asr)larning dastxat taqvimlari ham saqlanadi.

Geografik mazmundagi qoʻlyozmalar toʻplamida 123 ta qoʻlyozma bor. Ular sof geografik mavzudagi asarlar, geografik lugʻatlar va kosmografiyaga oid ayrim ensiklopediyalardir. Boshqa tabiiy-ilmiy mazmundagi asarlardan farqli oʻlaroq, geografiya boʻyicha kitoblar koʻp hollarda badiiy asar shaklida yozilgan va geografik maʼlumotlarni berish bilan birga, shaharlar tarixi, mashhur kishilar hayoti va faoliyatini ham yoritgan. Xazinadagi mavzuga oid eng qadimiy qoʻlyozmalar XIII asrga tegishli boʻlib, qibla yoʻnalishini aniqlashga bagʻishlangan arab tilidagi ikkita risolaning nusxalaridir.

Noyob qoʻlyozmalardan biri sifatida XX asr boshlarida Buxoro amirligining soʻnggi qozikaloni Mirza Muhammad Sharif (Sadr) qalamiga mansub “Mashhur mamlakatlar tavsifi” asari dastxatini keltirish mumkin.

Bulardan tashqari, Asosiy fondda shu turkumdagi asarlardan yana kimyo, mineralogiya, veterinariya va ovchilik mavzulari boʻyicha ham qoʻlyozmalar mavjud boʻlib, ularning orasida hukmdorlar uchun maxsus kitobat qilingan, nafis bezatilgan nusxalar bor.

Har bir davr madaniyatini adabiyotsiz tasavvur qilish qiyin, zero, badiiy adabiyot namunalari oʻzi yaratilgan davr maʼnaviy-madaniy hayotining koʻzgusidir. Shu boisdan ham Asosiy fond qoʻlyozmalarining salmoqli qismini badiiy adabiyotga oid asarlar qoʻlyozmalari tashkil qiladi. Bular nazm, nasr, folklorga oid asarlar boʻlib, arab, fors va turkiy tillarda bitilgan. Shuningdek, bayoz, tazkira va muammo janrlarida yozilgan asarlar ham bor. Xronologik jihatdan ular VII asrdan XX asrgacha boʻlgan davrda yaratilgan.

Sheʼriy asarlar haqida aytadigan boʻlsak, bu turkumda qasida, doston, gʻazal va ruboiy janrida yozilgan asarlar mavjud. Ular fondda “Devon”, “Bayoz” va boshqa sheʼriy toʻplamlar qoʻlyozmalarida saqlanadi. Ularning orasida Sharq adabiyotining mumtoz namunalari qatorida nomlari koʻpchilikka maʼlum boʻlmagan shoirlarning asarlari ham bor. Mashhur dostonlardan Firdavsiyning (XI asr) “Shohnoma”si, Ibn Sinoning (X-XI asr) falsafiy dostoni, Amir Xusrav Dehlaviy (XIV asr) va Alisher Navoiyning (XV asr) “Xamsa”lari va ularning boshqa dostonlari hamda Yusuf Xos Hojibning (XI asr) “Qutadgʻu bilig” dostoni nusxalarini aytib oʻtish mumkin. Sheʼriy toʻplamlar ichida Umar Xayyom (XII asr) ruboiylari, Saʼdiy Sheroziyning “Kulliyot” va “Devon”i, Hofiz Sheroziy (XIV asr), Mirzo Bedil, Lutfiy, Fuzuliy, Mashrab, Munis kabi shoirlarning mashhur devonlari bor. Xazinada lirik asarlardan tashqari tasavvuf yoʻnalishidagi Ahmad Yassaviy (XII asr) hikmatlari, Fariduddin Attor (XII asr), Qosim Anvar (XV asr), Abdurahmon Jomiy (XV asr), Soʻfi Olloyorlarning (XVIII asr) sheʼrlari ham saqlanadi.

Aytish joizki, fonddagi badiiy adabiyot namunalarining aksariyati oʻz davri kitobat sanʼati uslublari boʻyicha bezatilgan.

Xazinada nazm bilan bir qatorda nasriy asarlar ham bor. Ular arab, fors va oʻzbek tillarida yozilgan hikoya, rivoyat, masal, latifa va sarguzashtlarning turli davrlarda koʻchirilgan nusxalaridir. Sharq mumtoz adabiyotida muammo janri alohida oʻrin tutgan. Oʻziga xos bu janrni kitobxonlarga oʻrgatish uchun maxsus risolalar yozilgan, institut fondida shu risolalarning ham koʻplab nusxalari mavjud.

Adabiyot tarixini oʻrganishda tazkiralar (antologiyalar) katta ahamiyatga ega. Zero, ulardan turli davrlarda yashab, ijod etgan shoir va adiblar tarjimai holi hamda asarlari haqida birlamchi maʼlumotlarni topish mumkin. Institut fondida fors va oʻzbek tillarida bitilgan qator tazkiralar mavjud. Shulardan Davlatshoh Samarqandiyning (XV asr) “Tazkirat ash-shuaro”, Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkiralari keyingi davrlarda shu janrda yozilgan asarlarga katta taʼsir koʻrsatgan. Tazkiranavislik Markaziy Osiyoda XX asrning boshlariga qadar davom etgan.

Xazinadagi islomga oid koʻp sonli qoʻlyozmalarni Qurʼon tafsirlari, sharhlar, qiroat ilmi, hadislar, fiqh (islom huquqshunosligi), kalom (teosofiya va sxolastika) kabi mavzularga ajratish mumkin.

Jumladan, Qurʼon tafsirining fonddagi eng qadimiy qoʻlyozmasi Abulhasan al-Vohidiy (XI asr) qalamiga mansub “Tafsir al-Qurʼon al-Vohidiy” nomli asarning 1204-yilda koʻchirilgan nusxasidir.

Tafsirlar toʻplamida Markaziy Osiyodan chiqqan mashhur ulamo Abu Hafs Umar an-Nasafiyning (XII asr) “Taysir fi-t-tafsir” nomli asarining 1250-yilda koʻchirilgan noyob nusxasi mavjud. Uning oʻziga xos jihati shundaki, muallif unda taʼvil (ratsionalistik sharh) keltirishga urinadi. Xuddi shunday sharh muʼtaziliya maktabiga mansub mashhur ilohiyotchi olim xorazmlik Abulqosim az-Zamaxshariy yozgan “Kashshof ad-daqoiq at-tanzil” nomli tafsirdir. Fondda uning XIII–XV asrlarga oid bir nechta qadimiy nusxalari bor. Fors tilida yozilgan mashhur tafsirlardan Husayn Voiz Koshifiyning (XV asr) Alisher Navoiyga bagʻishlab yozgan “Mavohibi Aliya” nomli tafsirini qayd etish mumkin. U Markaziy Osiyoda juda mashhur boʻlib, fondda ham bir qancha nusxalari, shu jumladan, dastxat nusxasi ham saqlanadi.

Institut fondidagi ilohiyotga oid asarlarning eng katta qismini fiqh – islom huquqi mavzuidagi kitoblar tashkil qiladi. Ular “nazariy” (usul) hamda fiqh qoida va koʻrsatmalarining turli sohalarda qoʻllanishini koʻrib chiquvchi qismlarga (furu al-fiqh) boʻlingan. Biroq huquqshunoslikka doir yirik asarlar odatda fiqhning har ikki yoʻnalishiga oid qoidalarni oʻz ichiga olgan.

Xazinada hanafiya mazhabining asoschisi, islom ilohiyotida yozma anʼanani boshlab bergan olim Abu Hanifa an-Nuʼmonning (VIII asr) “Fiqh al-akbar” asari va unga yozilgan sharhlarning nusxalari saqlanadi.

Bulardan tashqari, fiqhiy asarlarning oʻziga xos janri, yaʼni meros huquqiga oid risolalar (faroizlar) ham fonddan oʻrin olgan. XII asrda yashagan matematik va faqih Sirojiddin Abu Tohir as-Sijovandiyning “Al-faroiz al-Sirojiya” nomli meros taqsimotiga oid asari Markaziy Osiyoda juda mashhur boʻlgan, institut fondida uning 8 ta qoʻlyozmasi saqlanadi, eng qadimiysi XV asrga mansub.

Ilohiyotga oid asarlar turkumida yana Qurʼon qiroatiga (tajvid) bagʻishlangan risolalarning ellikka yaqin nusxalari, hadis janridagi adabiyotning uch yuzga yaqin nusxalari mavjud. Bu asarlar Abu Ubayd ibn Salom (IX asr), Imom al-Buxoriy (IX asr), Abu Ali ibn Sino (X-XI asr), Abu Hafs an-Nasafiy (XII asr), Muhammad Gʻazzoliy (XII asr), Muhammad Porso (XV asr) va boshqa mualliflarning qalamiga mansub. Bulardan tashqari yana falsafiy, didaktik mazmunda yozilgan kitoblarning ham bir qancha qoʻlyozmalari saqlanadi.

Islom ilmlariga oid manbalar kabi tasavvuf bilan bogʻliq qoʻlyozmalar ham fondning eng boy kolleksiyasini tashkil qiladi, unda 2000 ga yaqin qoʻlyozma mavjud. Bu yerda Markaziy Osiyoda vujudga kelgan va butun islom olamida mashhur boʻlgan Kubraviya, Xojagon, Yassaviya, Naqshbandiya singari ommaviy tariqatlar namoyandalarining qalamiga mansub yoki ular haqidagi asarlar bor. Shunga koʻra ularni shartli ravishda ikkita katta guruhga boʻlish mumkin: tasavvuf shayxlarining nazariy risolalari va ularning manoqiblari.

Mintaqada yaratilgan dastlabki nazariy asar (X asr) muallifi Abu Lays as-Samarqandiyning “Risolayi asrori vahiy”si boʻlib, fondda uning bir nechta toʻliq nusxalari bor. Nazariy asarlarning son jihatdan katta qismi Naqshbandiya tariqatiga mansub mualliflar qalamiga tegishli. Bu tariqatning atoqli nazariyotchisi Xoja Muhammad Porso edi. U bibliofil sifatida ham tanilgan va oʻzining 3000 dan ziyod kitobini Buxoroda qurdirgan madrasasiga vaqf qilgan. Shu kutubxona kitoblarining asosiy qismi institut fondida saqlanadi. Porsoning shariat bilan mistik yoʻl sintezi aks etgan mashhur “Fasl al-xitob” nomli nazariy asari fondda 5 nusxada mavjud. Mashhur shayxlardan yana Xoja Ubaydulloh Ahror (XV asr), Jaloliddin al-Dahbediy (Mahdumi Aʼzam)larning ham bir nechta risolalari bor.

Tasavvufiy asarlarning ikkinchi guruhi tasavvuf namoyandalarining hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan boʻlib, ularning tarjimayi holi davrning siyosiy voqealari fonida, qiziqarli maʼlumotlar bilan boyitib berilgan. Fariduddin Attorning (XIII asr) “Tazkirat ul-avliyo” asari, maqomat janrida bitilgan Abdurahmon Jomiyning “Nafahot al-uns”, Alisher Navoiyning mazkur asar taʼsirida oʻzbek tilida yozgan “Nasoyim ul-muhabbat” asarlari shular jumlasidandir. Bulardan tashqari, Amir Kulol (XIV asr), Xoja Ahror, Mavlono Chustiy (XVI asr) va boshqa shayxlar manoqiblarining ham koʻplab nusxalari saqlanadi. Bu boʻlimdagi qoʻlyozmalardan tasavvufga oid boʻlganlarining bir qismi kataloglashtirilgan.

Asosiy fondning nodir toʻplamlaridan birini tarixiy hujjatlarga oid toʻplam tashkil qiladi. Bu qoʻlyozmalar turli davrlarda Oʻzbekiston va unga tutash mintaqalarda fors, oʻzbek va qisman arab tillarida bitilgan. Ularni bir necha turlarga tasniflash mumkin. Shulardan biri – yorliqlardir. Institut fondida yorliq, hukm, nishon, farmon, muboraknoma, inoyatnoma kabi hujjatlar mavjud boʻlib, ular umumiy atama bilan yorliq deb yuritiladi. Ular Buxoro, Xiva va Qoʻqon xonliklariga oid, tashqi koʻrinishi turlicha, har xil uzunlikdagi mahalliy qogʻoz oʻramlariga yozilgan. Hujjatlar matni yuzasiga hukmdorning shakldor muhri bosilib tasdiqlangan. Muhrlarda esa hukmdorning unvoni, ismi, otasining ismi va shu kabi yozuvlar oʻyib ishlangan.

Fonddagi nisbatan eng qadimiy yorliq 1379-yilga oid boʻlib, eng soʻnggi tasdiqlangan hujjat XX asrning birinchi choragiga taalluqlidir. Hujjatlarning yana bir guruhi qozilik hujjatlaridir. Bular tarixiy hujjatlar toʻplamining katta qismini tashkil qiladi. Qozilar muhri bilan tasdiqlangan shaxsiy-huquqiy hujjatlardan fondda oldi-sotdi, garov xati, hadya xati, qarz tilxati, vasiyatnoma, nikoh shartnomasi, daʼvodan voz kechish xati, rivoyat, vaqfnomalar saqlanadi. Vaqfnomalarning eng qadimiysi XIV asrga oid.

Bunday asl hujjatlardan tashqari qozixonada tasdiqlangan hujjatlarning nusxalari ham bor. Misol sifatida 373 ta qozilik hujjati nusxalaridan iborat toʻplam – “Majmuayi vasoiq”ni koʻrsatish mumkin. Unga XVI va XVII asrlarda tuzilgan hujjatlarning nusxalari kiritilgan.

Hujjatlar toʻplamida yana qozixona kotiblari tomonidan tuzilgan qozilik daftarlari, devonxonalarning ish yuritish hujjatlari, shajaralar hamda qoʻlyozma kitob muqovasiga jildlangan asl hujjatlar ham mavjud.

Shu turkumga mansub fonddagi muhim manbalarning yana bir turi yozishmalar (munshaot) toʻplamidir. “Navoiy albomi” deb nom olgan, 16 ta muallifning asliyatdagi 594 ta xatini oʻz ichiga olgan bu majmua Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy va Xoja Ubaydulloh Ahrorning yozishmalaridir.

Xazinadagi barcha hujjatlar toʻliq kataloglashtirilmagan boʻlsa-da, hozirga qadar ularning ayrim turlari, yaʼni Xiva qozilik hujjatlari, Oʻrta Osiyo yorliqlari, “Navoiy albomi”dagi xatlar nashr qilingan.

Yuqorida zikr qilingan turli mavzulardagi qoʻlyozma manbalar arabiy yozuvning asosan kufiy, suls, nasx, nastaliq, riqʼa va rayhoniy uslublarida yozilgan boʻlib, ular Hirot, Buxoro, Samarqand, Xorazm, Fargʻona, Toshkent xattotlik maktablari vakillari qoʻli bilan Samarqand, Buxoro, Hirot, Qoʻqon va Hind qogʻozlariga koʻchirilgan.

Kalligrafik usulda asosan badiiy adabiyot namunalari, Qurʼoni Karim nusxalari, hukmdorlarga atalgan va buyurtma boʻyicha tayyorlangan tarixiy va ilmiy asarlar kitobat qilingan.

Sulton Ali Mashhadiy (XV asr), Abduljalil (XV asr), Munis Xorazmiy (XVIII asr), Muhammad Latif (XIX asr), Muqimiy (XIX asr), Ahmad Donish (XIX asr), Sidqiy Xondayliqiy (XX asr) kabi xattotlarning qoʻli bilan koʻchirilgan ana shunday qoʻlyozmalarni nafis sanʼat asari sifatida baholash mumkin.

Sharq qoʻlyozmalarining oʻziga xos yana bir jihati ularning suratli bezaklaridir. Qoʻlyozmalarni miniatyura, yaʼni asar syujeti qahramonlari va voqealari tasviri bilan bezatish Sharq adabiyotining ulugʻ shoirlari asarlariga bezak berish jarayonida taraqqiy etdi.

Fondimizda Sharq miniatyura sanʼatining jahondagi eng yirik kolleksiyalaridan biri mavjud boʻlib, unda 3000 dan ortiq miniatyura saqlanadi. Bundan tashqari, anchagina badiiy rangtasvir namunalari ham bor. Ular asarlar mazmunini toʻliq matn yoki uning ayrim qismlari asosida obrazli talqin qiladi.

Miniaturalarning xronologik jihatdan eng qadimiylari XIV asrning ikkinchi yarmiga oid, eng soʻnggilari XIX asrda yaratilgan. Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Saʼdiy Sheroziy, Hofiz Sheroziy, Xisrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqa ijodkorlarning doston va devonlari, “Zafarnoma” kabi ayrim tarixiy asarlar, dorivor oʻsimlik va hayvonlarga bagʻishlangan ayrim ilmiy asarlar ham miniaturalar bilan bezatilgan.

Xazinadagi miniaturalar haqidagi batafsil maʼlumot YuNESKO bilan hamkorlikda nashr etilgan uch jildlik “Oriental miniatures” katalogida berilgan.

Institutning ilmiy faoliyatida bu xazinadagi manbalarni oʻrganish barobarida ularni saqlash, taʼmirlash, kolleksiyalarni boyitish hamda oʻzbekistonlik va xorijlik tadqiqotchilarga xizmat koʻrsatish ishlariga ham jiddiy eʼtibor beriladi. Xususan, 2011-2012-yillarda YuNESKO tashkilotining maxsus granti doirasida institut fondining taʼmirlash laboratoriyasi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi, qoʻlyozma va toshbosma kitoblar saqlanadigan xonalar, kartoteka xonasi va qiroatxona taʼmirlanib, optimal sharoitlar yaratildi. Shuningdek, ushbu loyiha doirasida Oʻz FA Sharqshunoslik instituti xodimlari hamda xorijlik mutaxassislar tomonidan 2012-yilda oʻzbek, rus va ingliz tilida tayyorlangan “Sharq qoʻlyozmalari xazinasi” nomli katalog nashr qilindi. Nashrdan maqsad ilmiy faoliyati qoʻlyozma manbalar bilan bogʻliq boʻlgan oʻzbekistonlik va chet el mutaxassislariga institut fondi haqida toʻlaroq maʼlumot berish edi.

 

Bahrom ABDUHALIMOV,

tarix fanlari doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 518
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19398
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16605
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi