“Qalbingda yurt muhabbati boʻlsa, qadriyat va anʼanalar sen bilan yashayveradi” – Otabek Hasanov


Saqlash
17:24 / 27.06.2025 44 0

 

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev, respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov va boshqa rasmiylardan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi 2025-yil 22-iyun kuni AQSHga tashrif buyurdi.

 

Ushbu safarda doirasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida oʻtkaziluvchi “Mahalla instituti — aholi bilan davlat oʻrtasida muhim ijtimoiy koʻprik” mavzusidagi konferensiyasida qatnashish, Prezident tashabbusi bilan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan mahalla tizimidagi keng koʻlamli oʻzgarishlar haqida AQSH tomoniga taqdimot qilish koʻzda tutilgandi.

 

24-iyun kuni delegatsiya BMT Bosh kotibining yordamchisi BMT Yoshlar byurosi rahbari Felipe Pauler bilan uchrashdi.

 

 

Uchrashuvda Oʻzbekistonda yoshlar siyosati davlat islohotlarining markazida ekanligi, oʻgʻil-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan bir qator dasturlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. BMT vakillari Oʻzbekistonda mahalla tizimi orqali yoshlar bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqot qilish, ularning ehtiyojlarini bilish va manzilli yordam berish imkoniyati ham shakllanayotganini qayd etdi.

 

Felipe Pauler Oʻzbekistonda yoshlar siyosati, ularga berilayotgan eʼtibor, taʼlim olishi, oʻzini namoyon etish uchun juda katta imkoniyatlar yaratilganini eʼtirof etdi.

 

“Oʻzbekistonlik yoshlar juda ilmga chanqoq. Ayni paytda dunyoning turli nuqtalaridagi nufuzli universitetlarida oʻzbekistonlik yoshlarni koʻrish quvonarli. Ular orasida STEM sohalari (injenerlik, IT, biomeditsina), iqtisodiyot va huquq kabi yoʻnalishlar ommalashgan. Bu albatta mamlakat kelajagiga oʻzining ijobiy samarasini beradi” – dedi Yoshlar byurosi rahbari.

 

 

Uchrashuvda BMT Yoshlar ofisi bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha takliflarni ilgari surildi. Xususan:

 

  • Juniyor Professional Offiser dasturi doirasida oʻzbekistonlik yosh mutaxassislarni BMTning turli tuzilmalarida malaka oshirishlari uchun kvota ajratish;
  •  
  • 2026-yilda Samarqandda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan Yoshlar parlamentlari forumini xalqaro darajada qoʻllab-quvvatlash va BMT rasmiy sherik sifatida ishtirokini taʼminlash.
  •  

BMT Yoshlar Byurosi – bu BMT Kotibiyati tarkibida yoshlar masalalariga ixtisoslashgan boʻlim boʻlib, u BMT Bosh kotibining “Bizning umumiy kun tartibimiz” nomli hisobotidagi tavsiyalar asosida tashkil etilgan.

 

Safarning beshinchi kuni dunyoning nufuzli minbarida qadim qadriyatlar manzili – Mahalla tizimi taqdimot qilindi.

 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida “Mahalla instituti aholi bilan davlat oʻrtasida muhim ijtimoiy koʻprik” mavzusida konferensiya oʻtkazildi.

 

Xalqaro anjumanda BMT iqtisodiy va ijtimoiy Kengashi vitse-prezidenti Lok Bahadur Thapa, BMT Yoshlar byurosi rahbari Felipe Pauller, Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulugʻbek Lapasov, qator xorijiy tuzilmalar va mahalliy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

 

Unda Prezident tashabbuslari bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan mahalla tizimidagi keng koʻlamli oʻzgarishlar haqida taqdimot qilindi.

 

 

Xalqaro konferensiyada qator jahon tashkilotlari rahbarlari tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar alohida eʼtirof etildi.

 

AQSH tashrif doirasida, shuningdek, BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) ijrochi direktori oʻrinbosari Diyene Keyta xonim bilan uchrashuv oʻtkazildi.

 

Keyta xonim Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekistonda boʻlayotgan islohotlar, xususan gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlar, bolalar huquqlarini himoya qilish, yoshlar siyosatida olib borilayotgan ishlarni alohida qayd etdi.

 

Ayniqsa, oʻzbek xalqining oʻziga xos urf-odatlari, qadriyatlari, tarixiy manzillari dunyo ahlini hayratga solishini alohida taʼkidlab oʻtdi.

 

 

Uchrashuvda UNFPA bilan kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarni muhokama qilib olindi.

 

Delegatsiya aʼzolari, xususan Otabek Hasanov Florida shtatidagi “Uzbek-American madaniyat va taʼlim xalqaro markazi”ga tashrif buyurdi.

 

Taʼkidlanishicha, ushbu markazda faqat milliy bayramlar oʻtkazilmay, qadimiy oʻzbek hunarmandchiligi, milliy taomlar, raqslar ham oʻrgatiladi va yosh avlodga ham yetkaziladi.

 

 

Otabek Hasanov markazga Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan nashr etilgan “Buyuklar haqida 100 dalil” kitobining oʻzbek va ingliz tillaridagi nusxalarini sovgʻa qildi.

 

“Aslida vatanparvarlik chegara bilmaydi, qayerda boʻlma, qalbingda yurt muhabbati boʻlsa, qadriyat va anʼanalar ham sen bilan yashayveradi!”, dedi Otabek Hasanov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//