
Markaziy Osiyoda xattotlik san’ati Temur va Temuriylar davrida keng taraqqiy etgan. Husnixat san’ati dastlab Movarounnahr poytaxti Hirotda rivojlanib, bu yerda Sulton Ali Mashhadiy boshchiligida yirik xattotlik maktabi yaratilgan. Ushbu maktabning o‘ziga xos jihati shundaki, XIV asrda Mir Ali Tabriziy tomonidan yaratilgan nasta’liq xat uslubi Hirot maktabida Sulton Ali tomonidan takomillashtirilgan. Nasta’liq xati yirik va mayda kitobat ishlarida keng qo‘llanilib, badiiy va tarixiy asarlar faqat shu uslubda ko‘chirila boshlangan.
Ko‘fiy, riqo’, suls va nasx xatlari esa asosan me’morchilik, naqqoshlik san’ati va Sharq qadimgi yozuvlarini o‘rganishda qo‘llanilgan. Bu xatlar o‘zining mazmuni va shaklida mukammal uyg‘unlikka erishgan, ular nafaqat badiiy ifoda, balki ilmiy va madaniy merosni saqlashda ham katta ahamiyat kasb etgan.
Ma’lumki, badiiy qo‘lyozma xattot, naqqosh, muzahhib, rassom va sahhof kabi qator mutaxassislar hamijodligida yaratiladi.
Temuriylar davri badiiy qo‘lyozmalar turiga miniatyurali qo‘lyozmalardan tashqari ko‘proq faqat xattot va naqqosh tomonidan bezatilgan qo‘lyozmalar kirgan. Bu davrdagi qo‘lyozmalar san’atning boshqa turi kabi o‘tmish san’at ustalarining eng yaxshi an’analarini ijodiy o‘rganish asosida rivojlangan. XIV–XV asrlarda ko‘hna Samarqand, Hirot, Buxoro, Tabriz va Sheroz kabi shaharlarning jamoat va shaxsiy kutubxonalarida XIII–XIV asrda ko‘chirilgan va rasmlar bilan bezatilgan Firdavsiyning “Shohnoma”, Rashididdinning “Jome ut-tavorix”, Nizomiyning “Xamsa”si singari noyob qo‘lyozmalar saqlangan bo‘lib, bular temuriylar davri badiiy qo‘lyozma san’atida vujudga kelgan yangi uslubning shakllanishiga va taraqqiyotiga ta’sir etgan.
Qo‘lyozmada rasmning mavjudligi yoki yo‘qligi uning badiiy qiymatini belgilovchi yagona o‘lchov bo‘lolmagan. O‘rta darajadagi rasmlar bilan bezatilgan qo‘lyozmalarni ko‘plab uchratish mumkin. Lekin ular badiiy qiymati nuqtai nazaridan rasmsiz qo‘lyozmalardan ham anchagina past turgan.
Tarixiy hujjatlarda ta’kidlashicha, nafis kitoblar ko‘pincha davlatmand kishilar yoki Shohruh, Ulug‘bek, Boysunqur, Sulton Husayn kabi shaxslarning kutubxona boshliqlari buyurtmasi bilan yaratilib, katta pul evaziga sotib olingan. Biroq buyurtmachi qo‘lyozmani bezatishda uning badiiylik masalasini, estetik me’yorlarni va boshqa shu kabilarni oldindan hal qilish imkoniga ega bo‘lmagan. U faqatgina tayyor holga keltirilgan kitobning badiiy sifatiga muvofiq baho bera olgan va kitobni yaratishda qatnashgan mutaxassislarning xizmatiga yarasha taqdirlagan.
Qo‘lyozma shakllantirish va bezatish g‘oyalari, asosan, kitobat san’ati ustalari va boshqa mutaxassislarning hamjihat mehnati va malakasi natijasida vujudga kelgan. Qo‘lyozma ijodkorlari yangi asar yaratishga kirishganida, bo‘lajak qo‘lyozma, bezatish uslubi, hatto shakli ham, eng avvalo, uning mazmuni va vazifasiga qarab belgilangan.
Qur’on va boshqa diniy kitoblar, shuningdek, ko‘plab ilmiy va falsafiy asarlar ko‘pincha diniy taqiq tufayli rasmsiz yaratilgan. Tarixiy va badiiy asarlarni miniatyura bilan bezash odati esa uzoq davrlardan beri davom etib kelgan. Shu sababli Firdavsiy, Nizomiy, Sa’diy, Hofiz, Sharafiddin Ali Yazdiy va boshqa mashhur yozuvchilarning asarlari badiiy rasmlar bilan bezatilishi jihatidan dunyoning barcha yirik qo‘lyozma fondlarida birinchi o‘rinni egallagan.
Qo‘llanish doirasi tor bo‘lgan miniatyuralarga nisbatan qo‘lyozmani naqsh bilan bezash san’ati keng rivojlanib, naqqoshlik Qur’ondan boshlab barcha diniy va dunyoviy adabiyotlarda katta o‘rin egallagan. Sulton Ali Mashhadiy, Mir Ali Hiraviy, Mir Imod va boshqa mashhur xattotlarning kichik qit’alari musavvir-naqqoshlar tomonidan go‘zal bezatilgan va rasm san’ati ham yuqori baholangan.
Yaratilayotgan qo‘lyozmaning janr xususiyatlari, tarkibiga kirishi lozim bo‘lgan asarlar soni, hajmi bilan birga badiiy bezagining xarakterini ham belgilagan. Xat uslubi (katta, o‘rta yoki mayda) matnning to‘rt ustunda joylashtirilishi, frontispis (titul beti yoniga joylashtirilgan rasm) turi, kitobning boshi yoki bob boshidagi rasmlar (lavha), sahifalarga jadvallar ishlash, rasmlar mavzusi, syujeti, hatto muqovaning xarakteri ham kitobat san’ati ustalari, mohir mutaxassislar yig‘inida hal qilingan.
XV asr kitobat san’ati ustalari ijodining uzviy bog‘lanishi va beandozaligi Temuriylar davrining yuqori estetik talablariga javob bera oladigan yagona kitobat san’atini yaratdi. Turkiy tilda (o‘zbeklar, ozarboyjonliklar, turkmanlar, uyg‘urlar), fors tilida so‘zlashuvchi xalqlar (eronliklar, tojiklar) va Boburiylar sulolasi davrida hindlar Temuriylar davri san’atining taraqqiyotida muhim rol o‘ynagan.
XV asrning ikkinchi yarmida Hirotda saroy kutubxonasining boshida Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Sulton Ali Mashhadiy, Mirak Naqqosh, Mavlono Yoriy kabi ulkan kitobat san’ati ustalari yetakchilik qilgani bois boshqa sohalar singari xattotlik va husnixat san’ati ham yuqori kamolot bosqichiga ko‘tarildi.
XV asrda Samarqand, Tabriz va Sherozda xattotlik maktablari mavjud bo‘lib, ularning orasida Hirot maktabi o‘zining uslubi, janri xilma-xilligi va katta mahorati bilan dunyo bo‘ylab mashhur bo‘lgan. Jumladan, “Xattotlar shohi” Sulton Ali Mashhadiy, Hirot miniatyura maktabining asoschisi Kamoliddin Behzod va kitob naqsh ustasi, mashhur naqqosh Mavlono Yoriy badiiy qo‘lyozma durdonalarini yaratish ustida yuzlab ustalarga ustozlik qilishgan.
Temuriylar davrining mashhur xattotlaridan biri Amir Muhammad Badruddin Temur o‘rdasida xattotlik qilgan. Misr shohi Malik Farrux, Amir Temurga elchi yuborib, “Sulton Ahmad Jaloirni va Qora Yusuf Turkmonini tutib, band qildim. Bu to‘g‘rida buyruqni bildirsangiz” deb maktub yo‘llaydi. Amir Temur eni uch, uzunligi 70 gaz bo‘lgan nasx xatida Misr malikiga javob berishni Badruddinga buyurdi. Maktub 1750 yo‘ldan iborat bo‘lib, unda “Sulton Ahmad Jaloirni band qilingan holda o‘z saroyiga yuborib, Qora Yusuf Turkmonini hibsdan ozod qilish” buyurilgan.
Shu bilan birga, maktubda Chin, Uyg‘uriston, Hindiston, Eron, Rus, Frantsiya va boshqa mamlakatlar hukmdorlarining Temur bilan munosabatlari ham yoritilgan.
Badruddin maktubni san’atkorona yozib tugatgach, Temur unga faxrli kiyim va in’omlar bergan. Shahrisabzlik munshiy Hoji Abdulloh maktubni Misr Sultoniga olib borgan. Amir Muhammad yetti qalamda, ya’ni suls, nasx, muhaqqaq, riqo’, rayhoniy, tavqi’ va ta’liqda ustod bo‘lgan. Xatti ko‘fiyda ham shunday go‘zal yozardiki, hech kim unga barobar kelolmagan. Nasta’liq xatida esa uning ixtirochisi Mir Ali Tabriziyning yetuk shogirdlaridan bo‘lib, Mir Ali uning san’atini o‘z o‘g‘li Mir Abdulloh xatidan yuqori baholagan. Shuning uchun u o‘z qizini Badruddinga loyiq ko‘rgan. Badruddin Temur davrida Tabrizda vafot etgan. Nasta’liq xatining ixtirochisi Xoja Mir Ali Tabriziy Amir Temur va Shohrux Mirzo xizmatida bo‘lgan. U “Qiblat ul-kutob” (Kotiblarning oldingisi) laqabi bilan shuhrat qozongan. Mir Ali Tabriziy olti turli xat asosida yangi xatni ixtiro qilgan. Devon, risolalar va maktublar ta’liq xati bilan ko‘chirilayotgan bir vaqtda Mir Ali nasta’liq xatini ixtiro qilgan. Bu xatga “nasxi ta’liq” nomi berilib, yengillik uchun “nasta’liq” deb atalgan.
Mir Ali nasta’liq xatining qonun-qoidalarini bayon etgan risola yaratgan. Ko‘plab xattot-shogirdlar uning uslubida yozishgan. Uning shogirdlaridan biri Mavlono Ja’far Shohrux Mirzo zamonida xushxatlikda nom chiqargan, ikkinchisi esa Mir Abdulhay bo‘lib, Abu Sa’id davrida yashab, kitobat san’ati, insho va tahrirda tengi yo‘q kotib bo‘lgan.
XV asrda Hirot xattotlik maktabining yirik namoyondasi Sulton Ali Mashhadiy 1437-yili Mashhadda tavallud topgan bo‘lib, nasta’liq xatining rivoji va keng tarqalishiga ulkan hissa qo‘shgan. U “Sulton ul-xattotin” (Xattotlar sultoni) va “Qiblat ul-kuttob” (Kotiblar qiblasi) unvonlariga ega bo‘lgan. Xattotlikka bolaligidan ishtiyoqi baland bo‘lgan. Dastlab madrasada o‘qib, so‘ngra unda dasr bergan.
Sulton Ali Mashhadiy Husayn Boyqaro davrining mashhur xattoti bo‘lib, Alisher Navoiy asarlarini ko‘chirgan. Yoshligida uning xati ikkinchi Yusuf darajasida go‘zal bo‘lgan. Mavlono Azhar Hiraviy uni farzandlikka olgan. Bir nafas nazaridan uzoq qo‘ymay, unga doimo shu baytni takrorlar ekan:
Dar manq taqsiri makun payvasta, ey Sulton Ali,
Dar ro‘z kun mashqi xafiy, dar shom kun mashqi jaliy.
(Ma’nosi:
Ey Sulton Ali, har dam xat mashq qilishda kamchilik qilma.
Kunduz kuni mayda qalamda, oqshomda yo‘g‘on qalamda mashq qil.)
Sulton Ali Mashhadi nafaqat o‘z davrining yetuk xattotlaridan biri, balki sodda, dono, zukko va tadbirkor shaxs sifatida ham tanilgan. Tarixiy manbalarda uning Husayn Boyqaro bilan bo‘lgan suhbati quyidagicha rivoyat qilinadi: bir kuni podshoh unga “Men uchun bir nechta qabr toshi yozib qo‘y”, deb murojaat qilganida, muloyimlik bilan: “Shohim, har qancha farmonlaringiz qulingiz tomonidan sadoqat bilan ado etilishi lozim, ammo bu ishning natijasi uzoq muddatli istiqbolga qaratilgani ma’qulroqdir”, deb javob bergan. Shunda Husayn Boyqaro kulib: “Biz ham yaqin kunlarda vafot etmoq niyatida emasmiz. Siz ham bu ishda shoshilmang”, deya hazil bilan javob qaytargan.
Mazkur voqea Sulton Alining nafaqat san’atkorga xos tafakkuri, balki ogohligi va ehtiyotkorligini ham yaqqol namoyon etadi. U bu buyurtmani o‘ziga xos san’atkorlik bilan bajargan: nozik va yo‘g‘on qalamlar orqali yuqori va past qismlarni mukammal o‘lchab, qabr toshini nafis xat bilan ziynatlagan. Yaratuvchanlik, mahorat va estetikaning uyg‘unligi bu asarni bugungi kunga qadar saqlanib qolgan durdona namunaga aylantirgan. Uni ko‘rgan kishi san’atkorning beqiyos iste’dodiga qoyil qoladi.
Alisher Navoiy Sulton Ali Mashhadiyga katta hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lgan. Bu ulug‘ shoir Sulton Alining san’atini qadrlabgina qolmay, o‘z asarlarining ko‘chirilishidagi xizmatidan ham minnatdor bo‘lgan. Sulton Ali Navoiy asarlarini husnixat bilan ko‘chirishda butun mahoratini ishga solgan. Hatto u 63 yoshga yetganida ham, husnixat san’atida benazir ijodkor sifatida tan olingan.
Husnixatdagi iste’dodini me’moriy obidalar bezagiga ham tatbiq etgan Sulton Ali Hirotdagi “Bog‘i Murod” nomli muhtasham imorat va uylardagi devoriy yozuvlarni chiroyli xatlar bilan bezagan. Bu yozuvlar hozirga qadar Sulton Alining nozik didi va betakror qalamiga dalolat qilib turadi. U 1513-yili Mashhad shahrida vafot etgan.
Sulton Ali Mashhadiy ko‘plab shogirdlar yetishtirgan. Ulardan ayrimlari o‘z davrida mashhur bo‘lib, ilm-fan va san’at ahli e’tiborini qozongan mumtoz xattotlar sifatida tarixga muhrlangan:
Zayniddin Mahmud – nasta’liq xatining yetuk ustasi. Alisher Navoiy bilan bir qancha adabiy va ilmiy majlislarda qatnashgan. U 1512-yilda vafot etgan.
Sulton Muhammad Nur – Navoiy hammajlislaridan bo‘lib, o‘z davrida ingichka qalam bilan nasta’liq xatini eng go‘zal tarzda ko‘chira olgan xattot sifatida tanilgan. Husnixatdagi benuqson mahorati va she’riyatdagi yutuqlari uni “Nur a’lo nur” (“nur ustiga nur”) degan laqab bilan mashhur qilgan.
Sulton Muhammad Xandon – yoshligidan Alisher Navoiyning xizmatida bo‘lgan. U xushfe’l, xushchaqchaq va san’atkorona tabiatga ega bo‘lgani sababli “Xandon” (“kulguvchan”) laqabini olgan.
Mavlono Muhammad Qosim – nasta’liq xatining puxta bilimdoni, nafis yozuvlari bilan mashhur bo‘lgan.
Mavlono Alouddin – ilm-ma’rifatga oid asarlarni go‘zal xatlar bilan ko‘chirgan taniqli shogirdlardan biri.
Shuningdek, Sulton Ali Mashhadiyning yana bir mashhur shogirdi – Muhammad Abrishiniy ham ustoz darajasiga yetgan xattot sifatida tilga olinadi.
Mashhadiy maktabining yana bir qator vakillari qatorida Rustam Ali Xurosoniy, Mir Huniy, Sabz Ali, Pirali Jomiy, Abdulvohid Mashhadiy, Mahmud Jaloluddin, Maqsud Ali va Mir Hibbatulloh Kosoniylar ham bor. Ularning barchasi Sulton Ali Mashhadiyning ilmi, mahorati va ijodiy maktabidan bahramand bo‘lgan.
Manbalarda Sulton Muhammad Nur haqida turlicha fikrlar keltirilgan. Xondamir va ba’zi boshqa muarrixlarning yozishicha, u “junun kayfiyatidan xoli bo‘lmagan” shaxs bo‘lgan. Alisher Navoiy esa uni “o‘zini devonalikka solib yuradigan” odam sifatida ta’riflagan. Shunga qaramay, uning husnixatdagi iste’dodi yuksak baholangan.
“Rayhoni nasta’liq” risolasida keltirilishicha, Sulton Muhammad ba’zan ko‘chirgan qo‘lyozmalarga o‘z ismini yozmagan. Qachonki uning yozuvini Sulton Ali Mashhadiy ko‘rib qolsa, “Bu bizning devonaning xati”, deb tanib, muallif nomini yozib qo‘ygan. Bu bir tomondan Sulton Muhammadning tanilgan yozuv uslubi, ikkinchi tomondan esa uning beparvo tabiati haqida ma’lumot beradi.
Mashhadiyning yana bir shogirdi – Sulton Muhammad Xandon ham o‘zining serqirra iste’dodi bilan ajralib turgan. U nafaqat xattot, balki she’riyat, muammo, musiqa kabi san’at turlariga ham qiziqqan. Nay chalishda mohir bo‘lgan. Xondamir “Xulosat ul-axbo” asarida yozishicha: “Xandon nasta’liq xatida juda iste’dodli, nay chalishda ham mohir, ammo junun kayfiyati sababli bu ikki san’atdan birortasida barqarorlik bilan shug‘ullana olmaydi”.
“Gulistoni hunar” asarida aytilishicha, Xandon butun umrini Hirot shahrida o‘tkazgan. Uning vafoti sanasiga oid manbalarda qarama-qarshiliklar mavjud. “Mir’ot ul-olam” muallifi Baxtovarxon uni 1509-yili, Sipehr esa 1525-yili, Mirhabib va Kirmon Husar esa 1543-yili vafot etgan deb yozganlar. Biroq bu ma’lumotlar ba’zan shubha ostida bo‘ladi. Chunki “Habib us-siyar” asarining 1524-yilgi nusxasida Xandon hali tirik ekani aytiladi. Biroq, Alisher Navoiy zamondoshi bo‘lgan shaxsning 1550-yillargacha yashaganini taxmin qilish mantiqan to‘g‘ri kelmaydi.
Xandon Hirotda, Alisher Navoiy dafn etilgan joy yaqinida – “Vaqfiya” deb atalgan xon arig‘i bo‘yida ko‘milgan.
Xandon ustozining an’analarini chuqur o‘rganib, ayniqsa qit’a yozishda katta mahorat ko‘rsatgan. Mirzo Habib va Kirmon Husar uni “rangli yozuvchi” deb ataganlar. Bu atama Xandonning turli ranglarda bezab yozilgan qit’alariga ishora qiladi. Uning mana shunday nafis, rangli yozilgan bir qancha qit’alari hozirgacha saqlanib qolgan.
Sulton Muhammad Xandon yuqori xattotlik mahorati bilan birga shogirdlarining ta’lim va tarbiyasiga katta e’tibor bergan. “Munoqibi hunarvaron” kitobi muallifining yozishicha, uning shogirdlari orasida ustodlik darajasiga yetganlar ko‘p bo‘lgan. Jumladan, Yoriy Sheroziy, Muhammad Husayn Boxarziy va Qosim Podshoh kabi mashhur xattotlar ham uning shogirdlari bo‘lgan.
Sulton Boysunqaro xattotlik san’ati va she’riyat sohasida o‘z davrining eng mashhur shaxslaridan biri sifatida tanilgan. Davlatshoh Samarqandiyning tazkirasida qayd etilishicha, uning kitobxonasida 40 nafar mashhur xattotlar tun-u kun kitobat bilan shug‘ullangan. Sulton Boysunqaro davrida (oltin hallash) naqsh, miniatyura va boshqa badiiy san’at turlari ham yuqori darajada rivojlanib, hozirda Istanbulning kutubxonalari va boshqa joylarda namunalariga duch kelish mumkin. Uning buyrug‘i bilan ko‘chirilgan qo‘lyozmalar, jumladan, “Faraj ba’da al-shiddat” (“Og‘irlikdan keyingi xursandlik”) va “Nushat al-arvoh” (“Ruhlar nasihatlari”) asarlari alohida e’tiborga sazovordir.
Eron manbalarida qayd etilishicha, Sulton Boysunqaro Mirzo suls xatida, Mir Imod ta’liqda, Mirzo Ahmad nasxda, darvesh Abdulmajid Toqoniy esa shikastada ustod bo‘lgan.
Mirak Naqqosh, Alisher Navoiy kutubxonasida ishlagan xattot va naqqosh bo‘lib, Sulton Husayn Mirzo saroy kutubxonasining boshlig‘i sifatida tanilgan. Uning asarlari orasida Sa’diyning “Bo‘ston”, Alisher Navoiyning “Xamsa”, Amir Xusrav Dehlaviyning “Xamsa”, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” va Nizomiyning “Xamsa” asarlarining qo‘lyozmalari ham mavjud. Shuningdek, Hirot jome masjidi va boshqa me’moriy binolarni bezashda ishtirok etgan.
Abduljamil Alisher Navoiy tomonidan shaxsiy kotib etib tayinlangan va Hirotdagi Sultoniya madrasasida nahv va sarfdan dars bergan mashhur xattotdir. U Alisher Navoiy asarlarini ko‘chirish, jumladan, “Xamsa”, “Navodir un-nihoya” kabi asarlarni yozish bilan shug‘ullangan. Shuningdek, lirik asarlardan “Tuhfat us-salotin” to‘plamini tuzgan.
Azizullo, Samarqandlik mashhur xattot XV asrda yashab ijod qilgan. Uning yodgorliklaridan biri – Mirzo Ulug‘bekning “Ziji Ko‘ragoniy” asarini nasx xatida ko‘chirishidir (taxminan 1439-yilda). Qo‘lyozma sahifalarida Ulug‘bekning tuzatishlari ham saqlangan.
Umuman olganda, Temuriylar davri xattotlik san’ati o‘zining mahorati, nafisligi va badiiy qadriyatlari bilan ajralib turadi. Ushbu davrda yaratilgan qo‘lyozmalar, nafaqat O‘rta Osiyo xalqlarining madaniyati va ilm-fanini o‘rganishda, balki badiiy san’atga qiziqqan har qanday inson uchun ham nihoyatda katta ahamiyatga ega. Xattotlar nafaqat qo‘lyozma asarlar yaratishda, balki she’riyat, tarjimonlik va boshqa badiiy ijod turlarida ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritganlar. Temuriylar davrining xattotlari yaratgan asarlar bugungi kunda ham dunyo madaniyatining yuksak namunasi sifatida qadrlanib, ular nafaqat san’at nuqtai nazaridan, balki madaniyat va tarix uchun ham qimmatli merosdir.
Mashhuraxon DARMONOVA,
Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros
ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim mudiri,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Muradov A. Iz istorii kalligrafii v Sredney Azii. Avtoreferat diss. kand. filol. nauk. Tashkent, 1967. 18.
2. Abdug‘affor Razzoq Buxoriy. Sharq xattotlik va miniatyura san’ati namunalari (VII–XXI asrlar musannif bisotidan). Toshkent: O‘zbekiston, 2011. 255–257.
3. Hoji Ismatulloh Abdulloh. Markaziy Osiyoda Islom madaniyati / Mas’ul muharrir N.Ibrohimov. Toshkent: Sharq, 2005. 250–262.
4. Murodov Abduqodir. O‘rta Osiyo xattotlik san’ati tarixidan. Toshkent: Fan, 1971. 58.
5. Muhammad Sharifjon Sadr-I Ziyo. Tazkirat ul xattotiyn. Bayrut: Dorun nashr, 1992. Qo‘lyozma O‘zbeksiton Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Qo‘lyozmalar fondi № 1304.
6. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Qo‘lyozmalar fondi № 122\4.
Vatandosh
Tarix
Tarix
Falsafa
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q