
Daniya bugun dunyoda shaharlarni barqaror rivojlantirish borasida ilg‘or mamlakatlardan biri sifatida tan olinmoqda. Kopengagen va boshqa yirik shaharlar ekologik tozalikka, energiya samaradorligiga va fuqarolarning hayot sifatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli strategiyalarni hayotga tatbiq etmoqda. Bu maqolada Daniyaning barqaror shaharsozlik amaliyotlari, urbanistik innovatsiyalari va jamiyatda iqlim ongining shakllanish jarayonini tahlil qilamiz.
Kopengagen bugun dunyoda "velosipedlar shahri" sifatida tanilgan. Har kuni 300 mingdan ortiq odam ish va o‘qishga velosipedda qatnaydi. Bu nafaqat ekologik tozalikka xizmat qiladi, balki shahar transporti yuklamasini ham sezilarli darajada kamaytiradi. Shahar infratuzilmasida velosipedchilarga qulay va xavfsiz harakatlanish uchun alohida yo‘laklar, "yashil to‘lqin" svetofor tizimi va bepul velosiped to‘xtash joylari yaratilgan.
Kopengagen bu yondashuv bilan 2025-yil oxirigacha dunyoning birinchi uglerod neytral poytaxtiga aylanishni maqsad qilgan. Bu jarayon harakatda energiyani tejash va transportdan chiqadigan CO₂ miqdorini keskin kamaytirishga xizmat qiladi.
Yashil tomlar va yomg‘ir suvlarini boshqarish
Daniya shaharsozligida yashil tomlar atrof-muhitni himoya qilish va iqlim o‘zgarishlariga moslashish vositasi sifatida faol qo‘llaniladi. 2010-yildan boshlab Kopengagendagi yangi binolarda 30 darajadan past burchakka ega tomlar uchun yashil qoplamalar majburiy etib belgilangan.
Bu tomlar yomg‘ir suvlarini ushlab qolib, shahar drenaj tizimidagi bosimni kamaytiradi va mikroiqlimni yaxshilaydi. Yashil tomlarning yillik yomg‘ir suvini ushlab qolish qobiliyati 20% dan 50% gacha baholanadi. Shuningdek, ular havodagi chang va zararli moddalarni yutib, shahar hududida harorat haddan tashqari ko‘tarilib ketishining – ya’ni, issiq asfalt va beton tufayli hosil bo‘ladigan 'shahar issiqlik orollari' effektining oldini oladi.
Shuningdek, Kopengagen shahar rejalashtirishida yomg‘ir suvlarini boshqarish bo‘yicha "Cloudburst Management Plan" dasturi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida shahar ko‘chalarida suvni ushlab qolish va sekin chiqarish uchun maxsus yashil zonalar va suv omborlari yaratilgan.
CopenHill: Texnologiya va ekologiya sintezi
Daniyaning eng yorqin barqarorlik loyihalaridan biri – CopenHill (rasmiy nomi: Amager Bakke) hisoblanadi. Bu zamonaviy chiqindidan energiya olish zavodi Kopengagenning markazida joylashgan bo‘lib, uning tom qismi yashil qoplama bilan qoplangan va butunlay ommaviy foydalanish uchun ochiq.
CopenHill nafaqat chiqindilarni yoqib, energiya ishlab chiqaradi, balki shaharning iqlim maqsadlariga erishishida muhim rol o‘ynaydi. Zavod har yili 440 ming tonna chiqindini yoqib, 150 ming uyni isitish va 70 ming uyni elektr bilan ta’minlaydi. Eng e’tiborlisi, bu jarayon atmosfera uchun maksimal darajada xavfsiz va zamonaviy filtrlash tizimlari bilan jihozlangan.
Bundan tashqari, CopenHill shaharliklar uchun sport va dam olish maskaniga aylangan. Uning ustida sun’iy chang‘i trassalari, piyoda yurish yo‘laklari va alpinizm devorlari mavjud. Shu tariqa, texnologik infratuzilma va jamoatchilik ehtiyojlari bir nuqtada birlashgan.
Daniyaning barqaror shaharsozlik konsepsiyasi arxitektura va dizayn orqali jamiyat ehtiyojlari, ekologik talablar va iqtisodiy maqsadlarni birlashtirish tamoyiliga asoslanadi.
Avvalo, material tanlash va konstruktsion yechimlar ekologik mezonlarga mos holda amalga oshiriladi. Qurilishda mahalliy va qayta ishlangan materiallardan foydalanish afzal ko‘riladi. Masalan, Sluseholmen Canal tumani past energiyali binolar va suv yo‘llari atrofida joylashgan yashash maydonlarining yorqin namunasidir. Bu hudud nafaqat estetik, balki ekologik va ijtimoiy ehtiyojlarga ham javob beradi.
Nordhavn loyihasi esa Daniyaning "besh daqiqalik shahar" modelini namoyon etadi. Hududning har bir aholi punkti yurish masofasida zarur infratuzilma, ish o‘rinlari, o‘yin maydonchasi va yashil zona bilan ta’minlangan. Bu yondashuv avtomobil transportiga bo‘lgan ehtiyojni keskin kamaytiradi va fuqarolarni ekologik transport turlariga, masalan, velosipedda yoki piyoda yurishga undaydi.
Superkilen parki shahar ijtimoiy arxitekturasining ijtimoiy integratsiya va madaniy xilma-xillikni qo‘llab-quvvatlashdagi o‘rni qanday bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Park dizaynida 60 dan ortiq mamlakatlarning madaniy elementlari – skameykalar, haykallar, sport anjomlari aks etgan. Bu fuqarolar orasida madaniyatlararo muloqotni kuchaytirib, "shahar bizniki" hissini shakllantiradi.
Bu kabi yondashuvlar Daniyada arxitektura va shahar dizayni faqat binolar yoki ko‘rinishlar majmuasi emasligini, balki odamlarning harakatlari, kayfiyati va ekologik odatlariga ta’sir qiluvchi kuchli omil ekanligini ko‘rsatadi.
Daniyada shahar barqarorligini ta’minlashdagi eng asosiy omillardan biri – fuqarolarda ekologik mas’uliyat hissi yuqoriligi. Bu ong bolalikdan shakllantiriladi. Iqlim o‘zgarishi, chiqindilarni qayta ishlash va energiya tejash mavzulari maktablarda alohida o‘quv dasturlariga kiritilgan.
Katta yoshdagilar orasida esa "jamiyat uchun javobgarlik" hissi mustahkam o‘rnashgan. Har bir fuqaro shaxsiy iste’mol odatlari va transport tanlovi orqali shahar iqlimiga ta’sir ko‘rsatayotganini yaxshi biladi.
2023-yilda Kopengagen shahrida o‘tkazilgan Iqlim Assambleyasi – fuqarolik ishtirokining yorqin namunasidir. 36 nafar tasodifiy tanlab olingan fuqaro bir necha oy davomida iqlim bo‘yicha siyosiy qarorlar ishlab chiqishda ishtirok etgan. Ularning jamoat transporti narxini pasaytirish, shahar markazida avtomobil harakatini cheklash, barcha jamoat muassasalarida vegetarian ovqatlar taklif etish kabi tavsiyalari shahar hokimiyati tomonidan ko‘rib chiqilib, ayrimlari amaliyotga tatbiq qilindi.
Bundan tashqari, energiya sarfini monitoring qilish, chiqindilarni ajratib yig‘ish, velosiped madaniyati kabi oddiy, ammo samarali odatlar Daniya aholisi uchun hayot tarziga aylangan. Fuqarolar maxsus mobil ilovalar orqali o‘zining energiya iste’molini real vaqt rejimida kuzatishi, chiqindilarni qachon va qanday topshirish kerakligini bilishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Daniya tajribasi shuni ko‘rsatadiki, barqaror shaharsozlik faqat texnik infratuzilmalar yoki hukumat qarorlari bilan emas, balki jamiyatning umumiy tafakkuri va ekologik madaniyati bilan chambarchas bog‘liq.
San’at
Tarix
Tarix
Vatandosh
Tarix
Tarix
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q