“Xalqi qattiqqo‘l va jasur bo‘lib, jang qilishga mohirdir” – Eftaliylar sulolasi xitoy yilnomalarida


Saqlash
15:01 / 01.07.2025 75 0

Eftaliylarning ota-bobolari – Oltoy va O‘rxun vodiysi (Mo‘g‘uliston), Janubiy Sibir, Shimoliy Xitoyda hukmronlik qilgan Xun saltanati (mil.old. III – mil. II yuzyilliklar) o‘z davrida Yevroosiyoning eng kuchli otliq qo‘shiniga ega bo‘lgan. Ularning harbiy ishlarini davom ettirib, Markaziy Osiyoning janubi-g‘arbiy o‘lkalari – Sharqiy Turkiston, Pomir – Badaxshon bo‘ylab To‘xoriston va Sug‘dga yetib kelgan Eftaliylar sulolasi (450–565), ya’ni “oq xunlar” (Xunlarning g‘arbiy tarmog‘i) yo‘l-yo‘lakay boshqa elatlarni, jumladan, tog‘lik jangovar elatlarni o‘zlariga qo‘shib olib, mintaqadagi eng yirik siyosiy va harbiy kuchga aylanadi.

 

Eftaliylarning harbiy salohiyati, yalpi olganda, qo‘shini, harbiylarning tarkibiy tuzilishi, askarlar soni, qurol-yarog‘lar, jang usullari va hokazolar haqida yozma manbalarda juda oz ma’lumotlar kelgan. Yozma manbalarni arxeologik topilmalar asosida birmuncha boyitish mumkin. Xitoycha “Bey-shi” yilnomasida “Yeda (Eftaliylar) ... Ularning davlatida aravalar yo‘q, ularning o‘rniga zambillardan foydalanishadi; ot va tuyalari ko‘p ... Xalqi qattiqqo‘l va jasur bo‘lib, jang qilishga mohirdir” [Bichurin 1950, II: 269].

 

Xitoycha “Suy-shu” yilnomasida esa “Idan (Eftaliylar)... Jangovar qo‘shini 5 mingdan 6 minggacha” ma’lumoti uchraydi  [Bichurin 1950, II: 286]. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, Eftaliylar davlatining “jangovar qo‘shini” 5-6 ming jangchidan iborat bo‘lishi dalil talab qiladi. Chamasi, bu ma’lumotlar eftaliylar hukmdori yonida doimiy shay turadigan muntazam qo‘shin, ya’ni gvardiyani ifodalagan, yo ushbu davlat tashkil topgan ilk o‘n yilliklarga tegishli bo‘lishi mumkin. Holbuki, Markaziy Osiyoning ko‘chmanchi sulolalari o‘zlarining 100 minglab jangchilariga ega bo‘lgan.

 

Qolaversa, yozma manbalarda eftaliylarni “30 ga yaqin hukmdorlikni bosib olgan” deyilgan, kamsonli qo‘shin bilan bu natijaga erishib bo‘lmaydi. O‘rta Osiyoning katta qismi, Sharqiy Turkiston, Shimoliy Hindiston, Kobul tevaragidagi afg‘on yerlari va Xurosonni bo‘ysundirgan, Sosoniylardek yirik saltanat ustidan ustunlik o‘rnatgan eftaliylarning qo‘shini soni ko‘p bo‘lgani tabiiy. Shu o‘rinda, eftaliylar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita bog‘liq ayrim bilgilarga to‘xtalib o‘tish kerak. Xitoycha “Tan-shu” yilnomasida yozilishicha: “Tuxolo (To‘xoriston) ... Tuxololiklar Idan (Eftaliylar) bilan birga istiqomat qiladilar; jangovar qo‘shini 100 ming” [Bichurin 1950, II: 321]. Bu yerda Tuxolo (To‘xoriston) muayyan bir o‘lka nomi, Idan, ya’ni Eftaliy esa xalq va davlat nomi ekanini ko‘zda tutadigan bo‘lsak, 100 ming qo‘shin eftaliylarga tegishli bo‘lib chiqadi.

 

Eftaliylarning Sosoniylar hukmdori Feruzga yordam uchun 30 ming qo‘shin yuborgani haqida ham manbalarda yozib qoldirilgan  [Kurbanov 2010: 154]. Bundan tashqari, asosiy qo‘shin otliqlardan iborat bo‘lgani, shuningdek, 2000 ta fili bo‘lgani to‘g‘risida ham eslatib o‘tiladi [Kurbanov 2010: 216]. Chamasi, eftaliylar Shimoliy Hindistonni qo‘lga kiritgach, fillarga ega bo‘lib, hindlar kabi jangda fillardan foydalana boshlagan. Shuningdek, xitoy yilnomalarida Yeda (Eftalit) davlati kuch-qudratga erishgan payt – 450-yillarda unga G‘arbiy o‘lkalardagi Kang‘yuy (Choch yoki Sug‘d), Xo‘tan, Shale/Sule (Koshg‘ar), Kucha‚ Qorashar kabi 30 ga yaqin kichik hukmdorliklar bo‘ysungani aytiladi [Bichurin 1950, II: 269]. Kangyuy, Xo‘tan, Koshg‘ar, Kucha, Qorashahardan tashqari yana o‘nlab hukmdorliklarni qo‘lostiga olgan eftaliylar bunday natijalarga ham qo‘shin soni, ham harbiy intizomi kuchliligi sabab erishgan bo‘lsa kerak. Eftaliylar 10–15 yil ichida – 449-yilda Sharqiy Turkistonda birinchilardan bo‘lib Kucha hukmdorligini, 462-yilda Koshg‘arni, 468-yildan keyin esa Xo‘tanni bosib olgan [Borovkova 2008: 226].

 

Xitoy yilnomalarida keltirilishicha, Chjuszyuybo, Szepanto, Shemi, Bochji, Boxe kabi Sharqiy Turkiston va Pomirdagi katta-kichik hukmdorliklar eftaliylarga bo‘ysungan bo‘lib, ushbu o‘lkalarning geografik o‘rni Sharqiy Turkistonning Pomir tog‘lariga tutash yerlari va Shimoliy Hindiston oralig‘idagi Toshqo‘rg‘on, Badaxshon va Hindikush etaklari oralig‘idagi Xorug‘, Voxon, Gibin, Bolor (Gilgit), Uchan (Chitral), Purshapur, Peshovar kabi bugungi Janubi-Sharqiy Tojikiston, Shimoli-Sharqiy Afg‘oniston va Shimoliy Pokistondagi tarixiy viloyat va tumanlarni qamrab olgan [Borovkova 2008: 226, 242–246]. Bu hududlar aholisi tor tog‘ daralarida yashab, soni unchalik ko‘p bo‘lmagan. Ular tog‘ sharoitida urushishga moslashgani uchun eftaliylarning ko‘p sonli otliq qo‘shiniga oson yengilgan.

 

Hind yozma manbalarida “xuna”lar (Xunlar, ya’ni eftaliylar) 460–520-yillar orasida Hindistonda Gupta sulolasi bilan (Hindiston) tinimsiz urushlardan keyin Gandxara (Pokiston), Panjob, Sind, Rajaston, Jamna-Gang tekisligidan Gvaliorgacha bo‘lgan bir necha o‘lkani qo‘lga kiritgani yozilib, ularning epchil urushganiga urg‘u beriladi. Ayniqsa, To‘raman (490–515) boshchiligidagi eftaliylar Gupta imperatori Buddxagupta (467–500) qo‘shinini yengishi hindlarni hayratga soladi. Gupta sulolasi Hind o‘lkasida kuchli qo‘shinga ega bo‘lib, qo‘shnilari ustidan yetakchilik qilar, jangchilari yengilmas deb dovruq qozongan edi. Biroq eftaliylarning ular ustidan katta ustunlik bilan g‘alaba qozonishi natijasida Shimoliy Hindistonda Markaziy osiyoliklarning navbatdagi boshqaruvi o‘rnatiladi. Eftaliy sulolasining Shimoli-G‘arbiy Hindistondagi boshqaruv markazi ilk yillarda Malva, keyinchalik Sialkot shahri bo‘lib, ular hind yerlarining ichkari hududlariga qayta-qayta yurishlar qilib, o‘z chegaralarini yanada kengaytiradi [Hudud al-olam 2008: 127].

 

Eftaliy qo‘shinining bir qismi yayov (piyoda) askarlardan iborat bo‘lib, ular boshdan-oyoq po‘lat zirh kiyib, boshlarila dubulg‘a, qo‘llarida “qing‘iraq” yoki akinak (xanjarsimon uzun to‘g‘ri qilich)ga o‘xshash qurollar bilan urushga kirgan [Kurbanov 2010: 216]. Buni ko‘plab arxeologik topilmalar: qurol-yarog‘lar, saroy devoriy suratlaridagi tasvirlar ham ko‘rsatib turibdi.

 

Qizil yodgorligi devoriy suratlarida eftaliy jangchilari.

(Sharqiy Turkiston)

 

Eftaliylarning harbiy qiyofasi yozma manbalardagina emas, ilk o‘rta asrlarga tegishli arxeologik topilmalar – qurol-yarog‘lar va tasviriy san’at namunalaridagi turli suratlar orqali ham o‘z tasdig‘ini topgan. Ular orasida Tavka-qo‘rg‘on (Surxondaryo vil.)dan topilib, arxeologlar tomonidan harbiy istehkom yoki bojxona deb qaralayotgan bino qoldiqlari alohida ajralib turadi. Ushbu yodgorlik devorlarida qadimgi markaziy osiyoliklarni, ayniqsa, ko‘chmanchi elatlarni eslatadigan tashqi ko‘rinishga ega inson tasvirlarini ko‘rish mumkin [Abdullayev 2010: 235–245].

 

Tavka-qo‘rg‘on (Surxondaryo) devoriy rasmlarida eftaliylar jangovar oti tasviri.

 

 

 

 

Eftaliy harbiylari tasviri (Tavka-qo‘rg‘on – Surxondaryo).

 

G‘aybulla BOBOYOROV,

tarix fanlari doktori, professor

 

Qo‘llanilgan adabiyotlar:

1. Абдуллаев К. Живопись крепости Тавка, к проблеме этнической ситуации Северного Тохаристана (по данным настенных росписей) // Цивилизации и культуры Центральной Азии в единстве и многообразии. Материалы Международной конференции Самарканд, 7-8 сентября 2009 г. – Самарканд-Ташкент – 2010. С. 235–245.

2. Бичурин Н.Я. (Иакинф). Собрание сведений о народах, обитавших в Средней Азии в древние времена. В 3-х томах. Tом II. М. Л.: Изд. АН СССР, 1950.

3. Боровкова Л. А. Народы Средней Азии III–VI веков (по древним китайским и западным источникам). М., 2008.

4. Hudud al-olam. Forschadan O. Bo‘riyev tarjimasi. Toshkeng: O‘zbekiston, 2008.

5. Kurbanov A. The Hephthalites: Archaeological and Historical Analysis. PhD thesis submitted to the Department of History and Cultural Studies of the Free Univer. Berlin, 2010.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//