
Davr talablari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, san’at – boqiylikning ko‘lankasi, abadiylikka daxldor hodisa. U shubhasiz chegarasiz, shu bilan birga ijodkor uchun yagona mezon va chegara hamdir. San’atni hayotning ma’nisizligi qarshisidagi eng yaxshi yechim, deyish mumkin. Davr talabi bo‘yicha taqdim qilingan har qanday “ijod” namunasi esa o‘tkinchi. Shu bilan birga, ijodkorning o‘z zamonasi ruhini anglash yo‘lidagi izlanishlarining mahsuli uzoq vaqt yashab qoladi.
Insoniyat tarixida bunga misollar ko‘p. “Gilgamesh” dostonidan tortib, Ezop-u Homergacha, Navoiydan Shekspirgacha, Chexovdan Selinjer-u Bredberigacha va ba’zi XXI asr zamonaviy san’at namoyandalarining ijodi davrlar silsilasida yashashda davom etyapti. Bu badiiylikning cheksizligi, unga erishgan ijodkorning daraja-saviyasi demakdir.
San’atdagi bunday bipolyarlik, ya’ni badiiyatning chegarasizligi insonni o‘ylantiradigan holat. Kaminaning shu xususdagi mulohazalari chegarasiz badiiyatning asosini anglashga bo‘lgan intilish bo‘lib, buni kino san’ati doirasida ko‘rish mumkin.
O‘zbek kinosida badiiylik bobida chalg‘ishlar, o‘zlashtirish, ko‘chirmachiliklar ko‘p, mulohaza esa kam, san’atga munosabat arzon, da’volar katta-yu mehnat deyarli yo‘q. Hozirgi paytda aksariyat ijodkorlarning birlamchi maqsadi kino vositasida tanilish. Lekin bu xohishlarning na xalqqa, na san’atga aloqasi bor.
“Kinoni “qo‘shning” uchun olmasang, unda nima keragi bor?” deb qaraydiganlar va shu qabilda ishlayotganlar saviya, asl san’at degan tushunchalar haqida o‘ylab ko‘rmasliklari tabiiy. Film yaratishdan maqsad tomoshabinga “zavq ulashmoq” va “o‘ylantirmoq” degan gaplar aynan yuqorida keltirib o‘tilgan, o‘z foydasi uchun san’atdan foydalanuvchi hunarmand toifaning o‘lchovidan bo‘lak narsa emas.
Agar kimningdir san’at o‘zi nima, uning vazifasi nimadan iboratligini belgilab berishga haddi bo‘lsa, u kamida ikki asr umr ko‘rib, o‘z mehnatining mevasi yashab qolgan-qolmaganini ko‘rgan bo‘lishi lozim. Shunday ekan, bunday noqis nazariyalarni ko‘r-ko‘rona iddao qiluvchi, zamonaning yangiligi, yutug‘i, urfi deb biladigan kino hunarmandlari hech bo‘lmaganda Ezop san’ati nima uchun shuncha asrlardan beri yashab kelayotgani haqida o‘ylab ko‘rishlari lozim. Gulxaniyning bahosi uning hunarida emas, shaxs sifatidagi darajoti, tafakkur saviyasiga bog‘liq ekanini anglab yetishlari kerak bo‘ladi. Shekspirning pyesalari, Navoiyning g‘azallari-yu “Xamsa”si, Boburning ruboiylari-yu “Boburnoma”si boshqa davrlarda yozilgani holda, nega hozirgi davr kishisi ruhiyatini ifoda etishini, Bredberining fantastik asarlari insoniyat tarixining chinakam in’ikosi ekanini, Anna Frankning kundaligi esa hech qanday “zavq ulashish” yoki “o‘ylantirish” uchun yozilmaganligini tushunishlari kerak bo‘ladi. Illo, Anna Frankning o‘zi bu kundaligini “yozuvchi” bo‘lish uchun yoki tanilish, o‘quvchiga yoqish uchun yozmaganini o‘zini ijodkor sanaydiganlar o‘ylab ko‘rganlari ma’qul. Shunday ekan, san’atning vazifasi o‘ylantirish, zavq berishdan iborat, degan gaplarning bari safsata.
San’atning yagona mezoni – ming yillar davomida isbotlangan va faqat haqiqiy ijodkorlargina erisha olgan – yuksak saviya. Bashariyat tarixiga nazar solsak, Sofokldan to Chexovgacha bo‘lgan katta davr ichida yashagan buyuk ijodkorlar va ularning asarlarida avvalo, insonning o‘zligi, tabiati, iqtidori haddini anglash ilinji mavjud.
Menimcha, hech qaysi dehqon xaridorga yoqish uchun meva-sabzavot yetishtirmaydi. Dehqonning mehnat falsafasi aniq va lo‘nda: u yetishtirgan mahsulot qanchalik sifatli bo‘lsa, narxi ham shunchalik baland bo‘ladi. Eng muhimi, dehqon zavod yo fabrika kabi tovar ishlab chiqarmaydi, u hosil olish uchun mehnat qiladi, ter to‘kadi. Shunday ekan, nega san’atga parvarish, mehnat, sifat, saviya degan tushunchalar begona bo‘lishi kerak? Nega ijodkor o‘z kuchsizligi, saviyasizligini, bilimsizligini tomashabinning talabi bahonasi bilan xaspo‘shlashi kerak? Ijodkorning tomoshabin xohishi ortiga berkinishga haqqi yo‘q. Tushunaman, zamona zayliga ko‘ra kino ham bozor iqtisodiga o‘tgan bo‘lishi mumkin, lekin nega SAN’AT qimmatbaho toshlar, olmos-u javharlar do‘koni emas, arzongarov mahsulotlar bozoriga aylanishi kerak?
Bunga, albatta, biz ijodkorlar aybdormiz. Afsuski, hozirgi davrda ijodkorning, avvalo, kino vakillarining o‘z kasblariga bo‘lgan munosabati achinarli. Tomoshabinga yoqish, “yulduz” bo‘lish, tanilish ilinji nima uchun san’at sohasiga qadam qo‘yganini unutish darajasigacha olib keldi. Endi katta-kichik rejissyorlar umrini, kuchini inson va hayotning mohiyatini anglash, badiiy asar yaratish yo‘lida izlanishga emas, balki o‘zgaruvchan tomoshabinning o‘zgaruvchan xohishlariga sarf etishga mukkasidan ketishdi. San’at sohasida saviyaga erishmoq mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tishni taqozo etadi, uzluksiz mehnatda riyozat chektiradi, ba’zan darbadar, devona qiladi, ulkan sabr talab etiladi. Boqiylikka daxldor san’at yaratish qurbiga hamma ham ega emas, biroq shu maqsad yo‘lida bo‘lishning o‘zi muhim. Kinoning mashaqqatli maydonida nafaqat tarixda, bugun ham san’atning asl mohiyatini ochib berayotgan ijodkorlar yo‘q emas. Yo‘qsa, biz allaqachon kino ko‘rishni, kitob o‘qishni yig‘ishtirib qo‘ygan bo‘lardik. Nazarimda, zamon talabi ortiga berkinib ish tutish – no‘noqlik belgisi.
Har qanday muallif o‘z davridan boshqa davr to‘g‘risida ijod qila olmaydi. Hatto aka-uka Strugaskiylar ham hech qanday fantastik davr to‘g‘risida emas, balki o‘z davrining fantastik darajaga ko‘tarilgan shart-sharoit va aqidalari haqida tafakkur qilganlar. Hech qaysi inson tabiatida dunyoni to‘laligicha qamrab olish imkoniyati mavjud emas. Insonda izlash, borliqni anglash iqtidori bor. Izlagan, anglagan narsasini bo‘lishish, o‘zaro fikrlashish, suhbat qurish ilinji bor.
San’atda hech qanday tomoshabin yo‘q – suhbatdosh bor, “aqlli”lar yo‘q – hamdardlar bor, masxarabozlar yo‘q – ko‘z yoshlari ortidan jilmayuvchilar bor. Insonga suhbatdosh, hamdard bo‘lolmagan, uning iztirobini, holini his etolmaydigan, o‘tkinchi va puch narsalarni targ‘ib etuvchi tomoshalarning san’atga hech bir aloqasi yo‘q.
2007-yili meni Qozog‘iston Respublikasining Almati shahrida bo‘lib o‘tgan “Yevraziya” xalqaro kinofestivalining “Markaziy Osiyo kinosi” blokiga taklif qilishdi. U yerda eronlik mashhur rejissyor Mohsen Mahmalbafning mahorat darsiga borishga, ustani o‘z ko‘zim bilan ko‘rishga muvaffaq bo‘ldim. U nutqining oxirida bir savolni o‘rtaga tashladi:
– Qani aytinglar-chi, yigirma yil avval kino olish qiyinmidi yoki hozirmi?
Zal birvarakayiga “Albatta oldin”, deb javob berdi. Men ham bu fikrga qo‘shildim. Negaki, avvallari film olish uchun birinchi navbatda oliygohga o‘qishga kirish, besh yil o‘qish, so‘ng studiyaga ishga kirib, yo chiroqchi, yo assistent, yo ikkinchi rejissyor bo‘lib bir necha yil ishlash shart edi, mingta chig‘iriqdan o‘tib, nihoyat film ishlay olishingga kimdir ishonch bildirgandan so‘nggina kameraga yaqinlashishing mumkin edi. Kino haqiqatdan ham qimmat san’at bo‘lgan. Hozir-chi? Hozirgi paytda har zerikkan kishi kino bilan shug‘ullanishi mumkin.
Tasvirga olish dastavval plyonkadan videoga, videodan esa raqamga ko‘chganidan so‘ng, butun boshli “проявка” degan kimyoviy jarayon oradan g‘oyib bo‘ldi. Ma’joziy aytganda, kinoning “kimyo”si yo‘qoldi.
Hozirgi zamonda kamera bilan ekran orasidagi masofa juda qisqa. Natijaga erishish texnik nuqtayi nazardan juda oson. Shu sabab bugungi kunda Youtube, Instagram, Facebook va TicTok “yulduz”lari ko‘p. Har xil bloger, vloger va hokazo…
Xullas, turfa fikrlar, bahs-munozaradan so‘ng Mohsen o‘zining nuqtayi nazarini bayon qildi:
– Menimcha, – dedi u, – kino olish hozir qiyin, to‘g‘ri, avvallari rejissyorning kameraga yetib borishi oson bo‘lmagan, bu yo‘lda tabiiy tanlov ishlagan. Ya’ni, kino olish uchun rejissyor teran fikrlay olishi shart bo‘lgan, chunki davlat pulni ko‘kka sovurishni istamagan. Xullas, avvallari kinoni kuchlilar olgan. Hozir ijodkorning kuchi u ishlatadigan texnikada emas, chunki texnika hammada, har yerda bor. Qolaversa, prodyuser pulni hamisha texnikaga, texnologik tomoshabozlikka tikadi. Bugungi kunda ijodkorning kuchi – javobgarligida.
Bu fikr mening postulatlarimdan biri bo‘lib qolyapti. Kimdir o‘z ishidagi texnika-yu texnologiyani muhim yutuq sifatida ko‘rsatishga urinyaptimi, bilingki, uning san’at oldida javobgarligi sust. U faqat o‘z manfaatlarining xizmatkoridir.
Har bir ijodkor hamisha o‘z gapirgan gapi, qo‘ygan kadri, o‘ynagan roli, o‘qigan she’rining mazmuni uchun javobgar. Illo texnika, texnologiya hammada va har joyda bor, faqat ijodkorlarning javobgarlik darajasi har xil. Pul bo‘lsa texnika, texnologiyani topish mumkin, ammo san’atni emas. Shunday ekan, san’atkorlikning eng muhim o‘lchovi – daraja bo‘lib qolaveradi.
Jahon kinosidagi jamiki durdona filmlarning birlamchi mezoni nima? Byudjetmi, texnikami, texnologiyami? Buni yaxshiroq tushunish uchun misollarni ko‘rib chiqamiz.
1) Charlz Chaplinning 1931-yilda suratga olingan “Katta shahar yong‘ini” filmi byudjeti 1,5 million dollar. Plenkada olingan oq-qora, ovozsiz film, “Oskar” mukofoti bilan taqdirlanmagan.
2) Andrey Tarkovskiyning 1974-yilda suratga olingan “Ko‘zgu” filmining byudjeti 622 ming rubl. Plenkada olingan, rangli, bir ovozli film, “Oskar” mukofoti bilan taqdirlanmagan.
3) Sat’yajit Rayning 1955-yilda suratga olingan “Yo‘l qo‘shig‘i” filmi byudjeti dollar ekvivalentida 30 ming 500. Oq-qora, bir ovozli film, “Oskar” mukofotini olmagan.
4) Jeyms Kemeronning 2022-yilda suratga olingan “Avatar: Suv yo‘li” filmi byudjeti 350-460 million dollar. Umumiy daromadi 2 milliard 320 million dollar. 3D texnologiya/ DCP formatda ishlangan, 5:1 ovozli film. “Oskar” mukofotining “Eng yaxshi vizual effekt” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
5) Kristofer Nolanning 2023-yilda suratga olingan “Oppengeymer” filmi byudjeti 100 million dollar. Plenka, IMAX (kombinatsiya) shaklida ishlangan, 5:1 ovozli film. “Oskar” kino mukofotining yettita nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Bir qarashda faktlar hamma narsani aytib turibdi. Byudjet, texnika, texnologiya va yutuqlarining ko‘pligi jihatdan Nolan va Kemeron filmlarining ko‘rsatkichi yuqori. Ammo bu rejissyorlarning hech biri kino tarixidagi durdona asarlarning yaratuvchisi emas.
Bu ishni faqatgina Chaplin, Tarkovskiy va Sat’yajit Ray uddalay olgan. Ular orasida Tarkovskiyning filmi Chaplin va Satyadjitning filmiga qaraganda rangli hamda ovozli bo‘lgani bois, texnik va texnologik jihatdan yetukroq ko‘rinadi. Chaplinning filmi esa, byudjeti jihatidan Tarkovskiy va Rayning filmlaridan ustun tuyuladi. Lekin “Katta shahar yong‘ini”ning byudjeti “Avatar”niki oldida choychaqa, texnologik jihatdan ancha oddiy, “Oppengeymer”ning texnik kriteriyasi oldida esa umuman ip esholmaydi. Lekin na “Avatar” va na “Oppengeymer” Chaplinning “Katta shahar yong‘ini”, Tarkovskiyning “Ko‘zgu” va Sat’yajit Rayning “Yo‘l qo‘shig‘i” filmlarida oddiygina kadr orqali erishilgan badiiylikka, mohiyatga, abadiyatga yeta olmagan. Insonning ruhiy holati, tafakkuri va imkoniyatlari cheksizligining mezoni bo‘la olgan emas.
San’atning qadr-qimmatini belgilash nafaqat ijodkorga, tomoshabinga, eng muhimi, vaqt tushunchasiga bog‘liq. Har bir san’at asarining darajasi muayyan vaqt doirasidagi inson bilan o‘lchanishi lozim, chunki tendensiyalar o‘zgaruvchan, dunyoqarashlar evriluvchi, hissiyotlar esa tuslanuvchidir.
Shunday ekan, yuqori byudjetli film – faqat imkoniyat, yuqori texnologik film – faqat usulning o‘zgarishi, muallif g‘oyasi esa texnologiya ham, texnika ham emas, aynan insonlik darajasi demak. Rejissyorning asar g‘oyasiga munosabati kasb emas, balki uning inson sifatidagi tanlovi, qadriyatlari, vijdoni va dunyoqarashining badiiy ko‘rinishidir.
Kino – pul, texnika va texnologiya emas, inson tafakkuri erisha olishi mumkin bo‘lgan abadiyatning shular vositasida yuzaga chiqadigan ko‘rinishi bo‘lib, bu chegarasiz badiiylikning aksi ham, amalga oshiruvchisi ham – Inson.
Afsuski, hozirgi o‘zbek kino ijodkorlarining (shu jumladan mening ham) o‘z kasbi-korimiz va hayotimizga nisbatan munosabatimiz arzon. Javobgarlik hissimiz haminqadar. Vaholanki, avval boshda hech qaysi birimiz o‘z vaqtimizni behuda sovurish, umrimizni choychaqaga almashish, toshoynaning qarshisida turib, o‘z go‘zalligimiz haqida yolg‘on qasida to‘qish uchun san’at yo‘lini tanlagan emasmiz…
Har kimning bahonasi – o‘z umriga teng. Shunday ekan, tanlovi ila ulug‘langan INSON bugun-erta o‘z aksiga qarab nimani ko‘rishni tanlashi uning ixtiyorida. Kino ijodkor ekranda qahramonlarni emas, balki o‘zi va o‘z avlodining o‘n yil, ehtimol, yuz yildan keyingi taqdirini aks ettiradi. Demak, ertaga mening ekrandagi aksim qanday bo‘lishi o‘zligim oldidagi javobgarligimni qanchalik his eta bilishimga bog‘liq.
Yolqin TO‘YCHIYEV,
kinorejissyor
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2025-yil 5-son.
“Chegarasiz badiiyat orzusi” maqolasi
Tarix
Tarix
Vatandosh
Tarix
Tarix
Falsafa
Jarayon
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q