“Libos yaratish unga ikki-uch kilo tosh osishdan iborat emas” – Fransiyada o‘z brendiga asos solgan o‘zbek ayoli


Saqlash
10:03 / 30.03.2022 1903 0

Oyina.uz’ning navbatdagi mehmoni – Fransiyada yashab, o‘z brendiga asos solgan – Navbahor Boudot. Xorazmda tug‘ilib o‘sgan qahramonimiz bugungi kunda Lion shahrida o‘z brendini yaratish bilan birga, ishsiz ayollarga til o‘rganish va ish masalalarida yordam berib kelmoqda.  Jahon moda olamiga kirib borayotgan Navbahor Boudot bilan O‘zbekistondagi xotiralari, Fransiyaga ketish sabablari, “Bahor” brendi muvaffaqiyatlari haqida suhbatlashamiz.  

 

– Assalomu alaykum, Navbahor opa, suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun katta rahmat! Avvalo, Fransiyaga ketish hikoyangiz haqida aytib bersangiz. Nima uchun aynan farang yurtini tanladingiz?

 

– Avvallari qaysi hududdagi maktab qaysi chet tilini o‘rganishi kerakligi yuqoridan belgilab qo‘yilardi. Bizning maktabdagi o‘quvchilarga o‘shanda fransuz tili darslari o‘tila boshlagan. Shunday qilib, keyinchalik hayotim Fransiya bilan bog‘landi. Bu davlatga kelishimning tarixi juda uzun. Ketma-ket ikki marta universitetga shartnoma asosida kirganimda moliyaviy muammolar sabab o‘qiy olmaganman. Uchinchi yil ham shu hol takrorlangach, onam sabab o‘qishga, mustaqil harakat qilishga kuch topdim. Ammo Toshkentda o‘z o‘rnimni topib ketishim juda qiyin bo‘ldi. Oddiy oiladan bo‘lganim uchunmi yoki tanish-bilish bo‘lmagani sababmi, bilmadim. 2007-yili madaniyat almashuv dasturi orqali Fransiyaga ketishga qaror qildim. Menga talabalik maqomi berildi va fransuz oilasi bilan yashay boshladim.

 

 

Fransiyaga ilk marta kelganimda moda olamiga kirish rejamda yo‘q edi. Onam tikuvchi bo‘lgani bois yaxshigina tajribam bor edi. Toshkentda tikuvchilik bo‘yicha ishlaganman, bu hunar menga begona bo‘lmagan. Fransiyada esa hunari bor odam och qolmasligiga yana bir karra amin bo‘ldim. Ilk marta kichkinagina tikuv mashinasi olib, bolalar kiyimlarini tika boshladim, parda tikishda ham o‘zimni sinab ko‘rdim. Eng asosiy maqsadim – onamning hunari bilan bir rishta bog‘lash, uni saqlab qolish edi. Fransiyaga kelganimdan to‘rt-besh oy o‘tib tikuvchilik, moda sohasida ishlash ishtiyoqi ortib bordi. Ming afsuski, o‘sha paytlar jahonda iqtisodiy tanazzul boshlangan davrlar edi (2007–2008-yillar). Shu sababli kichikroq hamkorlar bilan ish boshladim. Bu orada turmush o‘rtog‘imni uchratib qoldim va oila qurdik. Endi fransuzlar kabi ko‘plab huquqlarni qo‘lga kiritdim. Kichik korxonam shu bilan ishga tushdi. Tajribam bo‘lgani bilan qiyinchiliklarga ham uchradim. Sekin-sekin brend yaratish istagi ham paydo bo‘ldi.

 

– Jamiyatda o‘rnimni topolmagandek bo‘ldim dedingiz, Fransiyada maqsadlaringizga qanchalik erishdingiz? Lion jamiyatidagi maqomingiz sizni qoniqtiryaptimi?

 

– Bilasizmi, Fransiyada erishilgan muvaffaqiyatlar hammasi noldan boshlangan edi. O‘zbekistondan ketayotganimda uydagi oxirgi sigirni sotib, bilet olgandik. Aeroportdan tushganimda qo‘limda atigi 200 dollar mablag‘ bor edi.

 

Siz ko‘rib turganingiz – hammasi katta mehnat evaziga amalga oshdi. Bu yerda ham maqsadlarimga ortig‘i bilan erishdim deyolmayman. Chunki tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni boshlasangiz, yana yangi maqsadlar tug‘ilaveradi, jamiyatga ko‘proq foydangiz tegishini xohlaysiz. Menimcha, hech bir tadbirkor “Hamma narsaga erishdim”, deyolmaydi. Bu tadbirkorning moddiy jihatdan to‘kisligiga bog‘liq emas. Ishtiyoqiga, yangi marralarni ko‘zlashiga borib taqaladi.

 

 

– Moda olamiga kirib kelishingiz qanday bo‘ldi? O‘zingiz asos solgan “Bahor” brendining yaratilishi, qiyinchiliklar, muvaffaqiyatlar, Fransiyadagi boshqa brendlardan farqli jihatlari haqida gapirib o‘tsangiz.

 

– Toshkentda o‘qib yurgan paytlarim uyg‘ur oilasi bilan yashaganman. Esimda, ular bilan lag‘mon cho‘zib, Askiya bozoriga olib chiqib sotardik. O‘shanda ijarachimiz seni Bahor deb atayman degandi… Bu nom keyinchalik brendimga aylandi. Marketing bilan ham bog‘liq jihati ham yo‘q emas. Chunki fransuzlarni unli tovushi bor so‘zlar o‘ziga tortadi.

 

“Bahor”ning fransuz brendlaridan farqiga kelsak. Turmush qurgandan so‘ng boshqa bir hududga ko‘chib o‘tdik. 42 millat vakili yashaydi bu tumanda. Murakkab sharoitda kun kechirayotgan migrant ayollarni uchratdim, ularning til bilmasdan, ish topolmay qiynalayotganiga guvoh bo‘ldim. Shunda turmush o‘rtog‘imning tavsiyasi bilan ularga ish topish bo‘yicha loyiha boshladim. Bu brendimizning boshqalardan ajralib turadigan jihatlaridan biri deb aytolaman.

 

2018-yili “Eco Couture” assotsiatsiyasini tashkil etdim va ishsiz migrant ayollarga til va tikuvchilikni o‘rgatishga kirishdim. Bizga bu masalada yordam so‘rab ko‘plab ayollar murojaat qiladi.

 

 

“Bahor” brendi ham jamiyatdagi insonlarga yordam beradi, ham tabiatni asrashga o‘z hissasini qo‘shadi. Kuzatsangiz, biz ishlab chiqarayotgan mahsulotlar shunchaki kiyim emas. Liboslarda innovatsiya yo‘q. Ya’ni bizda oshiqcha materiallar sarflanmaydi. Odatda, zavod-fabrikalarda ortib qolgan matolarni sotib olamiz, keyin ularni qayta ishlaymiz, o‘z liboslarimizni yaratamiz. Buning boshqa fabrikalar ishiga qaraganda mehnati ko‘proq. Lekin asosiy maqsadim iqtisodiy qoniqish emas, inson sifatidagi vazifamni bajarish. Fransiya hukumati loyihamni yaxshi qabul qildi. 2018-yili mamlakatning eng yaxshi olti loyihasidan biri sifatida e’tirof etildi.

 

– Bugungi kundagi o‘zbek brendlarini ham kuzatib turasizmi? Sizningcha, o‘zbek dizaynerlari yildan yilga rivojlanib borayotgan dunyo modasi bilan raqobatga tayyormi?

 

– Kuzatib turaman, lekin biror brend bilan yaqindan tanish emasman, to‘g‘risi. Menimcha, o‘zbek brendlari ham o‘ziga xos qadriyatlari haqida ozgina o‘ylab ko‘rishi kerak. Shunda dunyo bilan raqobatlashishga tayyor bo‘ladi. Asosiy maqsad ustida ishlansa, dunyo bozorlari o‘zbek brendlari uchun ochilaveradi. Chunki Yevropa biror brendni tan olishdan avval uning tarixiga va maqsadiga, jamiyatga beradigan foydasiga albatta qaraydi. Yana, bularning barchasi tabiiy bo‘lishi kerak, yasama emas. Hech kim birdaniga “Dior” yoki “Chanel” bo‘lib qolmaydi.

 

 

– Tushunishimiz bo‘yicha dizaynerlik bu faqat tashqi ko‘rinish va bezaklardan iborat emas demoqchisiz?

 

– Ha, aynan shunday, libos yaratish – kiyimni yaxshi tikish va unga ikki-uch kilo tosh osish emas. Har bir brend tarixi va maqsadi orqali o‘zini ko‘rsatib, tushuntirib berishi kerak. Shunda odamlar sizni chin ma’noda taniy boshlaydi. Biror mamlakat bozoriga kirish arafasida turibsizmi, o‘sha xalqning madaniyatini o‘rganishingiz kerak. Masalan, Sharq alohida, G‘arb alohida olam, dizayner o‘z kolleksiyasini shunga moslab yaratishi kerak. Aytmoqchimanki, bir xillikni hamma madaniyat ham qabul qilolmaydi.

 

– Sizningcha, ayol kim, o‘zbek ayoli bo‘lish nimani anglatadi? Fransiyada uning o‘rni qanday? Bugun ayol sifatida qanday ovoz bilan yashayapsiz? Yevropada muvaffaqiyatga erishib kelayotgan o‘zbek ayolining kechinmalariga quloq tutsak…

 

– Avvalo, ayolligimdan faxrlanaman! Lekin xotin-qizlarga hech qachon hech qayerda oson bo‘lmagan. Uning kuchi esa ichki ruhiy quvvatiga bog‘liq, xoh O‘zbekistonda bo‘lsin, xoh Fransiyada. Hozirda men yashayotgan davlatda ham ayollarga ko‘plab imtiyozlar yaratilmoqda, ayniqsa, xotin-qizlar tadbirkorligiga e’tibor katta. Moliyaviy yordam berish, qo‘llab-quvvatlash takliflari tez-tez uchrab turadi va, albatta, birin-ketin amalga oshiriladi.

 

 

Bilasizmi, biz ayol bo‘lib yaratilganmiz va shunday qolamiz. Bu degani past darajadamiz degani emas. Agar har bir jinsdoshimiz jamiyatda o‘z o‘rnini topsa, gender tengligiga o‘xshash gaplar, bu mavzu tegrasida tortishuvlar kamayadi. Aksariyat dizaynerlar ayollar bilan bejiz ishlamaydi. Atrofga qarasangiz, yaratilayotgan liboslarning qahramonlari asosan ayollar. Ular dunyoda go‘zallik timsoli hisoblanadi.

 

Xullas, qiyinchiliklar oldida o‘zimni ojiz sezib ayolligimdan afsuslanmayman, erkak bo‘lsam ish osonroq ko‘chardi, demayman. Bugun ayol sifatida shaxsan mening o‘z ovozim bor deb hisoblayman.

 

– Kelgusidagi rejalaringizni qanday, “Bahor” brendining kelajagini O‘zbekiston bilan bog‘laysizmi?

 

– Nasib bo‘lsa, “Bahor” brendi yaqin yillarda O‘zbekistonda ham faoliyatini boshlaydi.

 

Zulxumor ORIFJONOVA

suhbatlashdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19274
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16340
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi