Oʻgʻil yoki qiz deb emas, uning salohiyatiga qarab baho bering


Saqlash
15:31 / 30.03.2022 1860 0

Har qanday jamiyatda demokratiya va inson huquqlari taʼminlangani uning xotin-qizlarga boʻlgan munosabatida koʻrinadi. Shu bois ham davlat rahbarlari bu borada qilingan ishlar haqida katta minbarlarda turib hisobot beradilar. Xoʻsh, gender tengligi nima va uni taʼminlash uchun mamlakatimizda nimalar qilinmoqda? Urf-odatlarning xotin-qizlar hayotidagi oʻrni, ayollarning siyosat, tadbirkorlikdagi ishtiroki qanday boʻlishi kerak, ularga nisbatan maishiy zoʻravonlikka qarshi choralar nimalardan iborat? Oʻzbekistonda Prezident farmoni bilan yaqinda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tashkil qilindi. Bungacha ham xotin-qizlar huquqlarini himoya qiladigan yuzdan ortiq qonunlar qabul qilingan. Yangi qoʻmita koʻplab masalalarga yechim topish, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida faoliyatini boshladi.

 

Bilim olish, kasb tanlash, lavozimga koʻtarilishda ayollar va erkaklarga bir xil imkoniyatlar yaratilishi – gender tengligi deyiladi. Albatta, gender notenglik barcha davlatlarda mavjud. Biroq, darajasi uning sohasi, ijtimoiy mavqei, mentalitet va stereotipiga qarab turlicha. Mamlakatimizda ham yaqin yillarga qadar siyosiy-iqtisodiy, tadbirkorlik sohalarida xotin-qizlarning hissasi deyarli boʻlmagan. Keyingi yillarda gender tenglikni taʼminlash maqsadida yurtimizda ayollarga oʻqish va ishlashlari, jamiyatda faol ishtirok etishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratishga kirishildi. Yuqori lavozimlarda faoliyat yurituvchi ayollar ulushi oshib borishiga eʼtibor qaratilmoqda.

 

Masalan, tadbirkorlik sohasida ayollar ulushini hozirgi 25 foizdan 40 foizga yetkazish boʻyicha 2022—2024-yillar uchun “Biznes ayollar” dasturi qabul qilindi. Dastur ijrosiga jami 8 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Shuningdek, siyosiy jarayonlarda ham ayollar ulushi oshib bormoqda. Eng avvalo, Oliy Majlis Senati raisi birinchi marta ayol kishi saylanganini eʼtirof etish mumkin. Oʻzbekistonda faqat 2020-yildan eʼtiboran hokimlikka ayollarni tayinlash boshlandi. Ayni vaqtda esa Oʻzbekistonning 200ga yaqin tuman va shaharlarning 4 tasiga ayollar rahbarlik qilmoqda.

 

Shunga qaramay, baʼzida xotin-qizlarga nisbatan munosabat asosan patriarxal boʻlib qolayotganini koʻramiz. Bilimli, sohasini yaxshi biladigan ayollarning turmush oʻrtogʻi yoki oila aʼzolarida ham baʼzan ayolning oʻrni faqat uyda degan qarashlarni uchratamiz. Bundan tashqari, fertillik(farzand tugʻish, ularni tarbiyalash) xususiyati va roʻzgʻor tashvishlari ularning mehnat faoliyatida oʻz potensialidan toʻliq foydalana olmasligiga sabab boʻladi.

 

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali oilada ayolga nisbatan zoʻravonlik, doimiy haqorat va ruhiy bosim haqida turli xabarlar tarqaladi. Kaltak va tahqirlashlarga qaramay, oiladagi zoʻravonlik qurbonlari boʻlgan ayollar qoʻrquv, jamiyatdagi qarashlar yoki qanday yoʻl bilan boʻlmasin oʻz oilalarini saqlab qolish istagi tufayli koʻpincha hech kimdan yordam soʻramaydi. Eng yomoni, ayolning oʻz haq-huquqini bilmasligi baʼzan fojia bilan tugaydi. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Samarqandda erning ayoliga farzandining axlatini yeyishga majburlash voqeasi yuqoridagi stereotiplar tufayli, jamiyatda notoʻgʻri qabul qilinishdan qoʻrqish, ayolning iqtisodiy erkinlikka ega emasligi, qaramligi sababli yuz bergan. Natijada koʻp xotin-qizlarda oʻziga ishonch past boʻlib, muvaffaqiyatga erishishda muhim boʻlgan qatʼiyat, iroda, oʻziga ishonch, yetakchilik qobiliyatlari yetishmaydi. Aslida, tadqiqotlarga koʻra, ayolga qaysi sohada imkoniyat berilsa, yetakchilik qobiliyati orqali, albatta, katta natijalarga erisha oladi. Bunga oʻzbek ayollarining salohiyati yetadi.

 

Bunda tashqi omillar ham katta rol oʻynaydi. Ayollar nafaqat davlat tomonidan, balki oilada ham qoʻllab-quvvatlanishi kerak. Oʻzbek ayollarini bir vaqtda ham oʻqimishli, ham uy bekasi, ham itoatkor boʻlishini istaymiz. Biz bolalarga yoshligidan urf-odatga koʻra yoki oʻgʻil va qiz deb emas, uning bilimi va salohiyati orqali baho berishga oʻrgatishimiz lozim. Sharq ayollari oilada farzand ulgʻaytirishda asosiy oʻrinda turadi. Indira Gandining: “Bitta qizni oʻqitsangiz, butun oilani oʻqitgan boʻlasiz” degan gapida aynan shu haqiqat yotadi. Haqiqatan ham, taʼlim har qanday jamiyatda eng katta najotkordir. Turli zoʻravonliklarga duchor boʻlmasligi uchun, eng avvalo, ayollarni taʼlimga jalb qilish lozim, – deydi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti psixologi Indira Rahimova.

 

Turli zoʻravonliklarning oldini olish va gender tenglikni taʼminlash borasida ayni paytda Oʻzbekistonda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2020-yildan boshlab, “Ayollar daftari” tizimi yoʻlga qoʻyilib, unga kiritilgan 900 mingga yaqin xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik koʻmak berilgan. Hozirgi kunda “Ayollar daftari”ida 630 mingdan ziyod xotin-qiz roʻyxatda turibdi, ulardan 200 ming nafari ishsiz. Ayollar oʻrtasida jinoyatchilik, oilada zoʻravonlik va tazyiq holatlari, afsuski, hali ham yoʻq emas.

 

Shuni quvonch bilan aytish kerakki, keyingi oʻquv yilidan boshlab, magistraturada oʻqiyotgan qizlarning kontrakt pullari toʻliq byudjetdan qoplab beriladi. Rahbarlik lavozimiga tanlovda xotin-qizlar va erkaklarning teng ishtiroki taʼminlanadi. Albatta, lavozimda ishlayotgan ayollar va erkaklar sonining nisbati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etish majburiyati ham belgilangan. Oʻylaymizki, gender tenglik boʻyicha qilinayotgan va qilinishi kutilayotgan ishlar amalda oʻz natijasini koʻrsatadi.

 

BMT hisobotiga koʻra, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi musulmon mamlakatlarida ayollar oʻrtasida ishsizlik darajasi kuchli. Oʻzbekistondan ham xorijga ishlashga ketayotgan ayollar talaygina. Ular koʻpincha hech qanday rasmiy shartnomasiz ishlaydi. Masalan, bola qaraydi, farroshlik qiladi. Bu esa ayolning huquqlari buzilgan holatlarda ham oʻzini himoya qila olmasligi, ijtimoiy himoya va boshqa imtiyozlarga daʼvo qila olmasligiga olib keladi. Qolaversa, baʼzida turli zoʻravonliklarga ham duchor boʻladi. Hozirda bu borada ham tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Oʻzbekiston hukumati tomonidan mehnat migrantlariga yordam berish, ijtimoiy himoya qilish, qullikka sotilib ketganlarni qaytarib olib kelish, reabilitatsiya, profilaktika ishlari olib borib, ish bilan taʼminlash boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

 

Gender notenglikka ayollarning fertillik xususiyati yoki eskicha, anʼanaviy dunyoqarash, iqtisodiy omillar sabab boʻlmasligi kerak. Davlatning qoʻllab-quvvatlashi, ayollar taʼlim olishi uchun universitetlardagi qoʻshimcha kvotalar, biznes yuritishda joriy yilda ipoteka kreditlari boʻyicha beriladigan subsidiyalarning 40 foizi xotin-qizlar uchun ajratilgani kabi imkoniyatlardan unumli foydalanish fursati keldi.

 

Oilada ayollarni kamsitmaslik, taʼlim olish, ishlashda oʻgʻil va qiz farzandlarga teng imkoniyatlar yaratilishiga ota-onalar ham masʼul boʻlishi lozim. Bu shubhasiz, qizlarimizning muvaffaqiyatini taʼminlaydi. Oʻz oʻrnida, ayollar ham qonunlardan xabardor boʻlib, oʻz kelajagi uchun kurashsa, ishonsa, oʻz ustida ishlasa jamiyatda oʻrnini topadi. Zero, biz oʻzimizga ishonsakgina, boshqalarni ishontira olamiz.

 

 

Nazokat IBRAGIMOVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23706
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//