“...Bu voqealarning qayd qilinishini hech ham istamasdim, ba’zan buni yozish kerakligini tushunsam ham, bir qadam oldinga, ikki qadam ortga otib voz kechardim. Islomning va musulmonlarning o‘lim xabarlari va boshlariga tushgan falokatlarni yozish osonmi? Koshki, onam meni tug‘masa, koshki, bu dahshatli falokatlardan oldin o‘lib ketsam. Kimdir “Alloh taolo tomonidan Odam atoning yaratilganidan to bugungacha bu kabi dahshatga o‘xshashi yo‘qdir” desa mutlaqo haq gapni aytgan bo‘lar edi” – Ibn al-Asir.
Bu so‘zlar XIII asrning birinchi choragida mo‘g‘ullarning Islom Sharqidagi xalqlar ustiga uyushtirgan shafqatsiz bosqini haqida yozgan tarixchi Ibn al-Asirning “Komil tarix” asaridan olingan. Haqiqatdan ham bu davrda musulmon dunyosi katta falokatlarni boshdan kechiradi. Jaloliddin Manguberdi mo‘g‘ullarning bu bosqinchilik harakatlariga qarshi o‘n yil davomida kurash olib boradi va musulmon dunyosining ozodlik harakatiga yetakchilik qiladi.
Qardosh va dindosh davlatlar hukmdorlari esa Jaloliddinga yordam berish o‘rniga, unga qarshi kurash olib boradilar. Natijada mo‘g‘ullar va islom dunyosi o‘rtasida devor sifatida turgan Jaloliddin Manguberdi ikki frontda – sharqda mo‘g‘ullar bilan, g‘arbda Bag‘dod xalifasi, ayyubiy shahzodalar, gurjilar, alamut hashshoshiylari, Ko‘niya saljuqiylari bilan kurashishga majbur bo‘ladi.
Jaloliddin Manguberdining bevaqt halokatidan so‘ng mo‘g‘ullar Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida ayovsiz qirg‘inlarni amalga oshiradilar. Biroq, Xorazmshohlar davlatini boshqargan anushteginiylar xonadoni vakillari butkul yo‘q bo‘lib ketmadilar. Ularning mo‘g‘ullar, Ko‘niya saljuqiylari, Misr va boshqa davlatlardagi siyosiy faolligidan manbalar guvohlik beradi.
Masalan, Xorazmshoh Alovuddin Muhammadning qizi Xonsulton asir olinganidan so‘ng shahzoda Jo‘jiga nikohlanadi. Ayrim manbalarga ko‘ra, Jo‘jining farzandi Berkaxon Oltin O‘rdaning xoni va birinchi musulmon bo‘lgan chingiziy sifatida tarixga kiradi. Xorazmshohlardan bo‘lgan Sayfiddin Qutuz esa Misr sultoni bo‘lib, mo‘g‘ullarning Yaqin Sharqdagi g‘alabali yurishlarini to‘xtatadi. Anushteginiylarning izlari sulola taalluqli davlat qulaganidan so‘ng ham tarix sahifalarida porlab turdi. Buni qarangki, faqat sulola shahzodalari emas, malikalari ham tarixda nom qoldirishga astoydil harakat qilganlar. Shu paytgacha biz ko‘p eslaydigan Alovuddin Muhammadning onasi Turkon xotun, Sayfiddin Qutuz bilan eslanadigan onasi Xonsultonlar yoniga endi Anushteginiylardan bo‘lgan yana bir malika, Jaloliddin Manguberdining Turkon ismli qizini ham qo‘shish mumkin.
Manbalarda Jaloliddin Manguberdining Kaymakarshoh va Mankatuyshoh ismli o‘g‘il farzandari bo‘lib yoshligida vafot etganligi eslatiladi. Biroq bugungi kungacha uning Turkon ismli qizi haqida ma’lumot uchramagan edi.
Ma’lumotlarga qaraganda, 1231-yilda Jaloliddin Manguberdi halokatidan keyin, uning Turkon ismli ikki yashar qizi Jurmogun ismli mo‘g‘ul no‘yoni qo‘liga asir tushadi. Bu voqeadan o‘n yil oldin mo‘g‘ullar 4 oylik qamaldan so‘ng Kaspiy dengizi janubidagi Ilol qal’asini egallashgan, bu yerda yashiringan Xorazmshohlar davlati malikasi ulug‘ Turkon xotun va uning oilasini Chingizxon huzuriga jo‘natishgan edi. Chingizxon Turkon xotun va oilaning bir-nechta ayollaridan tashqari barchani qatl ettiradi. Xuddi shu tartibda mo‘g‘ul no‘yoni Jurmagon Jaloliddin Manguberdining kichkinagina qizchasi malika Turkonni ham buvisi Turkon xotun singari mo‘g‘ullar davlati poytaxti Qoraqurumga jo‘natadi. Malika Turkonning Qoraqurumda qanday tarbiya ko‘rgani haqida bizda ma’lumotlar mavjud emas. Balki, buvisi Turkon xotun bilan ham uchrashgandir.
Keyinchalik, Rashididdin, Juvayniy, Abul Faraj ma’lumotlariga ko‘ra, Yaqin va O‘rta Sharqni butunlay bosib olish uchun jo‘natilgan shahzoda Hulagu bilan birga Xorazmshohlar davlatining so‘nggi malikasi Turkon ham jo‘natiladi. Hulagu XIII asrning 50-yillarida o‘zining Yaqin Sharqdagi yurishlarini boshlaganligini hisobga olsak, bu paytda malika 23 yoshdan oshgan edi. Fikrimizcha, Turkon mo‘g‘ul saroyida hech qanday azob-uqubatlarsiz ulg‘ayadi. Zero, sulola vakillari malikadan mo‘g‘ullarning Yaqin Sharqdagi davlatlar bilan siyosiy-diplomatik aloqalarini o‘rnatish va ularni o‘z izmiga solish uchun foydalanishni ko‘zlagan. Chunki, Jaloliddin Manguberdi halok bo‘lsa ham shu davrgacha uning harbiy qismlari Yaqin Sharqdagi eng asosiy yetakchi kuch edi. Bunga qadar Jaloliddinning sarkardalari Kayirxon, Barakatxon (Berkaxon), Saruxon kabilar boshchiligidagi xorazmliklar Ko‘niya saljuqiylariga munosib raqib bo‘lgan, Yaqin Sharq mintaqasidagi salibchilarni o‘nglab bo‘lmas darajada mag‘lubiyatga uchratgan, ularning bosh shahri Quddusni ham tortib olgan, bir-birining yerlariga ko‘z olaytirayotgan ayyubiy shahzodalarni ham jilovlab olgan edilar.
Bundan tashqari, xorazmliklar o‘zlarining davlatlari mo‘g‘ullar tomonidan bosib olingan bo‘lsa ham, haligacha ular bilan murosasiz kurashga tayyor edilar. Mintaqadagi arablarda esa mo‘g‘ullarga qarshi ozodlik kurashini olib borgan yetakchi kuchlar bo‘lmaganligiga tarix guvoh.
XIII asr o‘rtalariga kelib Yaqin Sharqda xorazmliklarning obro‘si nihoyatda oshib ketgan ediki, ayrim shu davr tarixchilari 1245-yilni xorazmliklar yili sifatida e’tirof etishgan. Hattoki, mintaqadagi hukmdorlar o‘z hokimiyatining legitimligini ko‘rsatish yoki ta’minlash uchun o‘zlarini xorazmshohlardan deb e’lon qilar yoki ular bilan quda-andachilik rishtalarini bog‘lardilar. Bizning fikrimizcha, aynan mana shu sabablarga ko‘ra, malika Turkon kelgusida Yaqin Sharq mamlakatlariga yurish qilishdagi diplomatik aloqalar yo‘lida foydalanish uchun saroyda saqlangan. Lekin 1247-yildan so‘ng xorazmliklar Misr hukmdori Malik Solih Najmiddin Ayyub boshchiligidagi katta qo‘shinga mag‘lub bo‘lganidan so‘ng mintaqaning turli hududlariga tarqab ketishadi. Xullas, Hulagu Eronda mo‘g‘ullarning yangi davlatiga asos solish yo‘lida bosqinchilik yurishlarini olib borib, 1258-yilda xalifalik poytaxti Bag‘dodni qamal qiladi. Qamalga xalaqit qilmaslik uchun atrofdagi hokimlar bilan muzokaraga kirishadi. Shu maqsadda Mosul hukmdori Badriddin Lulu bilan ham ittifoq tuzadi. Ittifoqchilikni mustahkamlash uchun esa Mosul shahzodasi Solih Ismoilga Jaloliddin Manguberdining qizi Turkonni juda qimmatli zeb-u ziynatlar bilan shariat qoidalari asosida nikohlab bergan edi. Mosulning bo‘lg‘usi hukmdori Solih Ismoil uchun Jaloliddin Manguberdining qizini o‘z nikohiga olishi Chingiziylar kuyovi bo‘lishdan kam ahamiyat kasb etmasdi.
Voqealar rivoji haqidagi ma’lumotlar Abul Faraj va Rashididdin tomonidan keltiriladi. Unga ko‘ra, malika Turkon Mosulda katta mavqega erishib, shahardagi tinchlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Jaloliddin Manguberdining kuyovi Solih Ismoil mo‘g‘ullar bilan kurashish uchun Misrga, Sayfiddin Qutuz yoniga jo‘nab ketadi. Sayfiddin Qutuz bu paytga kelib, ya’ni 1260-yilda mo‘g‘ullarning katta qo‘shinini Falastindagi Ayn-Jalut maydonida mag‘lubiyatga uchratgan edi. Mo‘g‘ullardan ozod qilingan Halab shahri Qutuz tomonidan Solih Ismoilga topshiriladi. Misr sultoni Beybars Bunduqdoriy davrida esa unga mo‘g‘ullarga qarshi kurashish uchun harbiy yordam beriladi.
Malika Turkon eri Malik Solih bilan Misrga ketmagan ko‘rinadi. Hulagu butun Eronni bo‘ysundirganidan so‘ng hududlarga o‘zining ishonchli odamlarini hokim qilib jo‘natadi. Rashididdinga ko‘ra, Malika Turkonga Eronning janubi-sharqidagi katta hudud – Kermon tegadi. U Kermonga ketib o‘zining hokimlik vazifasini bajaradi.
Juda qiziq taqdir... Malikaning taqdiri bo‘yicha hozircha boshqa manbalar ma’lum emas.
O‘ylaymizki, bu mavzu ham yosh tadqiqotchilar uchun o‘lkamiz tarixida o‘ziga xos iz qoldirgan – To‘maris, Xonsulton, Saroymulkxonim, Xonzodabegim, Nodirabegim singari malikalarimiz qatorida chuqurroq o‘rganiladi va yoshlarimizga tariximizning nozik hamda mavhum sahifalarini yoritishda xizmat qiladi.
Bekzod ABDIRIMOV,
Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Xorazm viloyati bo‘limi rahbari
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
2 Izohlar
Bexruz
17:02 / 29.02.2024
Yaxshi malumot raxmat
Asal
12:01 / 01.01.1970
Juda ham qiziqarli ma'lumot. Menga yoqdi.